Ma'naviyat

01 Dekabr 2011 18:19
MEHR VA RAHM
Har bir mo‘min inson o‘zining xayrli ishlarini gohida oshkora, gohida dilda “Bismillohir rahmonir rahiym, ya’ni “Mehribon va rahmdil Alloh nomi bilan” deb boshlaydi.  Bu gap har birimizning tilimizdagi eng birlamchi qutlug‘ kalomdir.
Nega shunday? Chunki qudrati cheksiz, yuzlab sifatlarga ega Alloh Taoloning eng birlamchi sifatlari, darhaqiqat, mehribonlik va rahmdillikdir. Shuning uchun mehribon va rahmdil Allohdan o‘zimizga birinchi galda mehr-shafoat, mehr-muhabbat, mehr-oqibat, mehr-saxovat va rahm-shafqat so‘raymiz.
sli arabcha “mehr” so‘zi, deylik, rus tiliga ikkita so‘z bilan “nejnoe chuvstvo”, ya’ni “nafis tuyg‘u” tarzida tarjima qilinadi. Naqadar boy bo‘lishiga qaramay, rus tilida bu so‘zning butun ma’no tovlanishlarini o‘zida ifodalaydigan birgina so‘z yo‘q! Arab va fors tillarining jamiki jozibasiyu tarovatini puxta o‘zlashtirgan ona tilimizda esa, asli otlashgan sifat va sifat bo‘lgan mehr va mehribonlik, rahm va rahmdillik yuqorida keltirilgan bir qator juft so‘zlarimizda yanada aniqroq sifatlanadi: mehr-shafoat, mehr-muhabbat, mehr-muruvvat, mehr-oqibat, mehr-saxovat, rahm-shafqat... Chunonchi, mehr-shafoat — Yaratganga, mehr-muhabbat — ham Yaratganga, ham U zot yaratgan jamiki bandalarga, mehr-muruvvat — kattaning kichikka, mehr-oqibat esa, aksincha, kichikning kattaga munosabatiga xos sifatlar bo‘lsa, mehr-saxovat — rizq-ro‘z ulashuvchi Parvardigor bilan bu rizq-ro‘zni bunyod etuvchi sohibkorning, rahm-shafqat — Panohning xos sifatlari hisoblanadi.
Binobarin, so‘z san’atida tarannum etiluvchi eng birlamchi tuyg‘u — mehr bilan rahm­dir. Zotan, bu olamdagi jamiki ezgulikning ibtidosi mehr bilan rahm bo‘lganidek, jamiki yovuzlikning ibtidosi bemehrlik bilan berahmlikdir.
Nima uchun alla she’riyatning ham, qo‘shiq san’atining ham o‘ziga xos sarchashmasi va har ikkisining eng yuksak cho‘qqisi hisoblanadi? Chunki unda boshqa jamiki she’rlar va qo‘shiqlarga nisbatan onaning bolaga mehri o‘zining eng go‘zal, eng mukammal, eng bevosita ifodasini topgandir! Nima uchun, deylik, Mirtemir domlaning “Onaginam” she’ri XX asr o‘zbek she’riyatining eng yuksak namunalaridan biri hisoblanadi? Chunki xalq yaratgan alla bilan bir qatorda tura oladigan bu she’rda, aksincha, bolaning onaga mehri o‘zining eng go‘zal, eng mukammal, eng bevosita ifodasini topgandir.
Agar onaning bolaga mehri allada yorqin ifodalangan bo‘lsa, otaning bolaga bo‘lgan mehri o‘zining eng yorqin ifodasini topgan asarlar bizning adabiyotimizda buyuk G‘afur G‘ulomning “Sen yetim emassan” va “Sog‘inish” she’rlari hisoblanadi. Bemehrlik va berahmlik misli ko‘rilmagan darajaga chiqqan Ikkinchi jahon urushi yillarida yaratilgan bu she’rlarning har bir satrida mehr va rahm tuyg‘ulari baayni quyoshdek balqib­-nur sochib turibdi, deyish mumkin. Bu she’rlarning o‘z davrida misli ko‘rilmagan darajada dovruq qozonishiga bosh sabab ham aynan mana shu edi. U mash’um urush tufayli diydalari qotib ketgan odamlarning baayni toshga aylangan yuraklarini mumdek eritib yuborishga qodir bo‘lgan taftga, ajib bir yolqinga ega edi. Bu she’rlarning har bir satri mehr, rahm, intizorlik, sog‘inch va boshqa eng nurli tuyg‘ularga limmo-lim edi. Ular bugungi kunda ham ne bir ko‘ngli qattiq dilozorlarning tosh ko‘ngillarini yumshata oladigan ta’sir qudratiga ega. “Sog‘inish” she’rining dastlabki to‘rt satrini yodga olib, unda yorqin ifodalangan ruhiy holatni teranroq his qiling:
Zo‘r karvon yo‘lida
etim bo‘tadek,
Intizor ko‘zlarda
halqa-halqa yosh.
Eng kichik zarradan
Yupitergacha,
O‘zing murabbiysan,
javob ber, quyosh!
Karvon yo‘liga mo‘ltirab, intizorlik bilan ko‘z tikib turgan yetim bo‘taloqning mung­li ko‘zlarini, bu bo‘ta ko‘zlardan oqayotgan shoshqator yoshni ko‘rganmisiz?  “Qatrada quyosh aksi” deganlari, aslida, mana shu! Bolaning onaga mehri va sog‘inchi bundan-da yorqinroq aks etishi amrimahol! Bo‘tadek bo‘zlab turgan odam bolasi, ongli mavjudot bo‘lganidan keyin, bo‘taloqdan farqli ravishda, ko‘zdagi halqa-halqa yosh bilan  ko‘kka boqishi tabiiy va endi qatrada quyosh aksini emas, quyoshning o‘zini ko‘radi! Murabbiylar murabbiysi, mehribonlar mehriboni, mehr nuri bilan butun borliqni yayratib-yashnatib turgan Momo Oftobdan najot kutib, javob so‘raydi. Ko‘rinib turibdiki, dastlabki satrlardayoq kichik bir bo‘taloq mehridan boshlangan mehr va sog‘inch tuyg‘ulari tarannumi mehrning eng yuksak timsoli bo‘lmish quyoshga — Momo Oftobga tutashib, she’r nainki umumbashariy, balki jahoniy, samoviy mohiyat kasb etadi. Lirik qahramonning ayni shu bir ruhiy holatini Alpomish, ya’ni Hakimbekning o‘z onasi, volidai mukarramasi-yu murabbiysi Kuntug‘mishga munosabatiga ham nisbat berish mumkin...
“Sog‘inish” she’rining keyin­gi bandlarida, ayniqsa, “Sen yetim emassan” she’rida quyosh yuksakligida ifodalangan, baayni quyoshdek bal­qib turgan otalik va murabbiylik mehri o‘quvchini loqayd qoldirmaydi. Uning ham ko‘nglida mehr, muruvvat, shaf­qat, saxovat hislarini uyg‘o­tadi.
O‘zbek romanchiligining ikki mustahkam tayanchi-yu tamal toshi “O‘tkan kunlar” bilan “Kecha va kunduz” asarlariga xos eng birlamchi qudrat avvalo shundaki, ularning birinchisida mehr tuyg‘usi, ikkinchisida rahm tuyg‘usi adabiyotimizda misli ko‘rilmagan darajada yorqin ifodalangan. “O‘tkan kunlar” romanida muallif O‘zbek oyim, Yusufbek hoji, Oftob oyim, Mirzakarim qutidor, qo‘ying-chi, jamiki qahramonlar, hattoki xizmatkor Hasanalini, tabiiyki, ayniqsa, bosh qahramonlar Otabek bilan Kumushni, ularning har bir qadamlari-yu qalbining nozik tebranishlarini o‘ta nozik did, mahorat va mehr bilan tasvirlaydiki, yozuvchining o‘z qahramonlariga mehr-muhabbati bu qadar yorqin ifodalangan asar adabiyotimizda haligacha namoyon bo‘lmayapti, deyish mumkin. Quyidagi bosh qahramon  Otabekning onasi — “O‘zbek oyim”, yana bir bosh qahramon Kumushning onasi — “Oftob oyim” deb atalishiga e’tibor beraylik. O‘zbek xalqi ham, Momo Oftob ham mehrning o‘ziga xos timsollari-da, axir! Agar tilimizdagi “oyim” so‘zining o‘zagi “oy”ligini nazarda tutsangiz, ayniqsa, Oftob oyimning ko‘nglidagi o‘z qizi Kumushbibiga bo‘lgan onalik mehri boshqa jamiki onalar, jamiki insonlar mehridan kamida ikki hissa kuchliroq! Zero, uning qalbida ham to‘lin oy, ham oftob mehri mujassam! Ayniqsa, Oftob oyimning beqiyos mehri bilan o‘sib-ul­g‘aygan Kumushbibi tasvirida yozuvchining o‘z qahramoniga o‘zgacha mehri-muhabbati hayotbaxsh nasimdek ufurib turadi. Bu sevimli qahramon o‘limini tasvirlar ekan, muallif chekkan iztiroblaru to‘kkan ko‘z yoshlar to qiyomatga qadar inja ko‘ngillarni jamiki gard-g‘uborlardan tozalab-poklab, pokiza ko‘ngillar qa’rida mehr va rahm chechaklarini undirishga qodir!..
 Agar “O‘tkan kunlar” romanining har bir satridan mehr-muhabbat hissi  ufurib tursa, “Kecha va kunduz” romanida esa mehr-muhabbatga nisbatan rahm-shafqat hissi yorqinroq ifodalangan.
To‘g‘ri, asarning dastlabki sahifalarida bosh qahramon Zebiniso tasvirida, xususan, uning dugonasi Saltanat bilan supurgi talashish asnosidagi xatti-harakatlari tasvirida, xuddi Kumushbibi tasviridagi kabi, muallifning o‘z qahramoniga o‘zgacha bir mehr-muhabbati yaqqol zuhur ko‘rsatib turibdi. Lekin, umuman olganda, butun asar mobaynida muallif o‘zi ko‘ngil qo‘ygan qahramonlarining xor va abgor ahvoliga rahmi kelib qaraydi. Butun asar mustamlaka sharoitida ayanchli qismatga giriftor etilgan jafokash xalq va uni tashkil etuvchi nochor-notavon, sodda-bechora jonlarga rahm-shafqat hislariga limo-lim! Bu rahm-shafqat sevimli qahramonlarini  shunday aftoda ko‘yga solgan zamona zo‘rlariga va, umuman, mustamlaka tuzumga nisbatan muallif qalbida bosh ko‘targan nafrat tuyg‘usiga shu qadar yo‘g‘rilib-qorishib ketganki, ayni shu hol asarda aks etgan  rahm-shafqat hissini ikki baravar kuchaytirib turgandek!..
OTAULI

Hurriyat Copyright

Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo

gzt.uz

press-uz.info



Sizga saytimizning qaysi bo'limi ma'qul bo'ldi?











Natijalar

GISMETEO.RU: ïîãîäà â ã. Òàøêåíò

Ïîäðîáíåå íà www.nbu.com -->





Hosting by UZINFOCOM