Ma'naviyat

12 Yanvar 2012 22:13
MILLIY MULTFILMLAR BOLALAR UCHUN
Gazetamizning 2012 yil birinchi sonida chop etilgan muallif Vosit Ahmatxonovning «Multfilmlar kimlar uchun?» maqolasi gazetxonlar, xususan, multfilm ijodkorlari e’tiborini tortganidan mamnunmiz. Zotan, haqiqat jamoli bahs va munozaralar ko‘zgusidagina yorqinroq namoyon bo‘ladi.
Quyida berilayotgan aks sado ham bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni yanada jadallashtirishda, sohada kechayotgan o‘zgarishlardan jamoatchilikni boxabar qilishda muhim ahamiyat kasb etadi, deb o‘ylaymiz.
Tahririyat
 
«Multfilmlar kimlar uchun?» maqolasini o‘qib, unda bildirilgan ayrim fikrlar yuzasidan tug‘ilgan bir qator mulohazalarni qog‘ozga tushirishga harakat qilindi. Muallif unda bugun chindan ham eng dolzarb masalalardan biri haqida, ya’ni multfilmlar va ularning yoshlar ongiga ta’siri xususida kuyunchaklik bilan o‘z fikrlarini bayon etgan.
Darhaqiqat, multiplikatsion filmlar aksariyat hollarda hajman kichik bo‘lsa-da, yoshlar dunyoqarashiga juda katta ta’sir ko‘rsatadi. Ularni dadil bo‘lishga, hayotda o‘z o‘rnini topishga, har qanday chigal masalani ham ko‘ngilni cho‘ktirmay quvnoqlik va aql bilan yengishga o‘rgatib boradi. Yaxshilikning yomonlik, adolatning nohaqlik ustidan g‘alabasi muqarrar ekanini ongiga chuqur singdiradi, muayyan ko‘nikmalar, odatlar hosil qiladi, ma’naviy oziq beradi. Muallif haqli ravishda ta’kidlaganidek, ayni paytda nusxa ko‘paytirib-sotish shoxobchalarida savdoga chiqarilayotgan, telekanallarda namoyish etilayotgan ayrim xorij multfilmlari ur-yiqit, shovqin-suron voqealarga asoslangan bo‘lib, bolalar tarbiyasi uchun zararli namunadir. 
Ammo bu yurtimizda ularning o‘rnini bosa oladigan milliy multfilmlar yaratilmayapti, degani emas. Muallif bir o‘rinda keyingi yigirma yil ichida «bor-yo‘g‘i» saksonta multfilm yaratilgani, u yiliga to‘rttadan to‘g‘ri kelayotgani hamda “O‘zbek­film”ning bolalar uchun ishlayotgan studiyalari mas’uliyatni his qilishlari zarurligiga e’tiborni qaratadi. Vaholanki, shu saksondan ortiq multfilmning yarmidan ko‘pi keyingi besh yil ichida dunyo yuzini ko‘rgan.
Hozirda bolajonlar dunyoqarashining shakllanishida annimatsion kino mahsulotlarining o‘rni beqiyosligini hisobga olib, o‘zbek multfilm ustalari milliy motivlar asosida ko‘plab asarlar yaratmoqda. Keyingi yillarda shu maqsadda “O‘zbekkino” Milliy agentligi tasarrufidagi “O‘zbekfilm” qoshida maxsus birlashma tashkil etildi. Unda taniqli multiplikatorlar O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Mavzur Mahmudov, bir necha xalqaro festivallar sovrindori Dmitriy Vlasov, ko‘plab mohir rassomlar, operatorlar hamda iqtidorli yoshlar bir maqsad yo‘lida faoliyat olib bormoqdalar. Multbirlashmaning tashkil etilishi ijodiy kuchlarni markazlashtirish va birlashtirish imkonini berdi. Natijada, o‘zbek xalq ertaklari, mumtoz adabiyotimiz vakillari asarlari asosida multfilmlar yaratish nisbatan ko‘paydi. Bolajonlarga manzur bo‘lgan “Dugonalar”, «Spitamen”, “Do‘st­lar”, “Oq bo‘taloq”, “Charxpalak”, “Semurg‘ — baxt qushi”, “Chiroq ko‘targan mushuk”, “Hunarmand Shahzoda”, “Mushuk va jin”, “Egrivoy bilan To‘g‘riboy” hamda buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy asarlari asosida suratga olingan “Far­hod va Shirin”,  “Sher bilan durroj” singari multfilmlarni ana shular sirasiga kiritish mumkin. Ular badiiy-g‘oyaviy saviyasi, texnik ijrosi, annimatsiyasining sifati jihatidan xorijnikidan aslo qolishmaydi.
Hozirda har yili davlat tomonidan 10 ta multifilm uchun mablag‘ ajratilayapti. Har tomonlama qulay sharoitlardan ilhomlangan multkino ijodkorlari yangi-yangi mavzular ustida ishlashni davom ettirmoqdalar. Birgina o‘tgan — 2011 yilning o‘zida “O‘zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga muvofiq, kichkintoy kinomuxlislar ongida milliylik va vatanparvarlik tuyg‘ularini singdirishda muhim rol o‘ynaydigan “Zumrad va Qimmat”, tariximizda mislsiz jasorat namoyon etgan xalq qahramoni jasoratidan hikoya qiluvchi “Shiroq haqida afsona”, Navoiyning “Sab’ai-sayyor” dostoni motivlari asosida “Mehr va Suhayl” multfilümlari yaratildi. Shuningdek, do‘stlik, hamjihatlikning qadriga yetishga chaqiruvchi “Sohibjamol qo‘g‘irchoq”, bolajonlarga yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatishni ko‘zda tutgan “Yo‘l va bolalar”, lofchilik san’atiga asoslangan “Aytsam ishonmaysiz”, mardlik, halollik va mehnatsevarlik g‘oyalari ilgari surilgan xalq dostoni asosidagi “Jo‘raxon” singari annimatsion asarlarda ham hayotiylik, qiziqarlilik singari jihatlar asos qilib olingan. Zamonaviy mavzudagi yumorga boy, yosh ijodkorlar ishtirokida yaratilgan “Charxpalak-2” asarini ham yosh tomoshabinlar qizg‘in kutib olishdi. Bunda, albatta, “O‘zbekfilm”, “Oltin Me’yor” MChJ, “Karavan sinema” MChJ, “Futurist” MChJ, “VRS” studiya­si, “Sinema servis” kabi kinostudiyalar, sohada barakali mehnat qilayotgan N.To‘laxo‘jayev, M.Mahmudov, M.Kudrina, S.Murodxo‘jayeva, K.Ro‘zmetova kabi rejissyorlar, G‘.Eshmuhammedov, O.To‘xtash, J.Is’hoqov, E.Hasanova kabi ssenariynavislar, Faniya Mutigullina, A.Gvardin, E.Shoyimqulov, B.Ismoilov, A.Safin kabi rassomlar, J.Izomov, F.Yanov — Yanovskiy kabi bastakorlarning xizmati beqiyos.
Albatta, bu bilan sohada kamchilik yo‘q, degan fikr ilgari surilmayapti. Professional animatr kadrlar, stsenariynavislar, rejissyorlarga ehtiyoj har doim katta bo‘lib kelgan. Negaki, multfilüm yaratish juda katta bosqichni o‘z ichiga oladigan mashaqqatli jarayon hisoblanadi. Rejissyor mahorati, komp­yu­ter grafikasi, rassomlik ishi, yaxshi ssenariy, yoqimli musiqa, jozibali ovoz... Bularning barchasi birdek o‘ringa ega va bir-biriga vobasta bo‘lishi kerak. Qolaversa, annimatsiyada qushlar va hayvonlar qiyofasini gavdalantirish bir qadar oson kechishi mumkin. Insonning qiyofasini yaratish juda murakkab jarayon sanaladi. O‘zbek xalq ertaklarining asosiy qismi esa insoniy munosabatlarga bag‘ishlangan. Bu esa soha ijodkorlari zimmasiga qo‘shimcha mas’uliyat yuklaydi. Qolaversa, mult­film yaratadigan studiya mutasaddilari foydani o‘ylashmaydi va yaratilgan multfilm ommaviy ravishda oylab, kunlab kinoteatrlarda namoyish etilmaydi.
Ma’lumki, bolalarning xorij multifilmlarini yaxshi ko‘rishining asosiy sababi, ularda “ekshn”, ya’ni ekstremal lavhalarning ko‘pligi bilan izohlanadi. Quvonarlisi, bizda ham 3D bichimdagi multfilmlarni yaratish bo‘yicha ishlar izchil davom etirilmoqda. Uning ilk namunasi bo‘lgan «Samoviy mehmon” allaqachon yoshlar tomonidan xushnudlik bilan kutib olindi. O‘tgan yili “Mehr va Suhayl” multfilmi ham ana shunday zamonaviy hajmda tasvirga olingani bizda ham tez orada xorijning mashhur multfilmlaridan-da saviyaliroq, yosh­larbop badiiy asarlar yaratilishiga umidlantiradi.
Muallifning “Multfilm yaratuvchilar ham kichkintoylar olamini yaxshi anglaydigan mutaxassislar bilan hamkorlikda ishlashlari sohaga sifat rivojini berarmidi?!” degan istehzoli gapi ajablanarlidir. Sababi, bu gapdan oldin birorta o‘zbek multfilmi misol tariqasida keltirilib, u bolalarbop emasligi, yoshlar olamidan ancha narida ekani haqida fikr aytilmagan. Balki multfilm ijodkorlari buni o‘zlari uchun yangilik sifatida qabul qilishadi, degan maqsadda shunday deyilgan bo‘lsa, unda bilmadik... Qolaversa, bu zararkunanda, bu yirtqich hayvon, u faqat yovuzlik timsoli bo‘lishi kerak, bu beozor jonivor, u doi­mo yaxshilik timsoli bo‘ladi deya, dunyoni faqat oq va qora rangda ko‘rsatish ham bahsli jarayon hisoblanadi. Axir kattalarni ham o‘zining sehrli olami bilan maftun etadigan rang-barang ertaklarda nimalar sodir bo‘lmaydi, deysiz.
Albatta, bahs bo‘lgani yaxshi. Negaki, har qanday buyuk kashfiyotlar zamirida “nega” degan savol yotgani kabi, taraqqiyotning pillapoyalari ham xolis bahs-munozaralar zaminida barpo etiladi.
Xulosa shuki, yurtimizda ham baholiqudrat bolalarni yaxshilikka, ezgulikka undaydigan ularning murg‘ak qalbida, jajji shuurida ajdodlarga buyuk hurmat, kelajakka yuksak ishonch ruhini shakllantiradigan multfilmlar yaratilayapti. Faqat milliy mentalitetimiz ruhida sug‘orilgan bunday filmlar telekanallarimiz orqali yanada ko‘proq namoyish etilsa, ortiqcha munozaralarga, o‘rinsiz kuyunishlarga hojat qolmasdi. Gap ana shunda.
“O‘zbekkino”
Milliy agentligi
Matbuot xizmati

Hurriyat Copyright

Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo

gzt.uz

press-uz.info



Sizga saytimizning qaysi bo'limi ma'qul bo'ldi?











Natijalar

GISMETEO.RU: ïîãîäà â ã. Òàøêåíò

Ïîäðîáíåå íà www.nbu.com -->





Hosting by UZINFOCOM