Ma'naviyat

18 Yanvar 2012 19:48
MITTI GIYOH MO‘‘JIZASI
So‘nggi paytlarda quloqlarim ostida o‘z-o‘zidan g‘alati ovoz eshitiladigan bo‘lib qoldi. U hech kutilmagan damda jaranglaydi. Atrofimga alanglab, diqqat bilan tinglayman: ovoz bor, ammo hech kimni ko‘rmayman. O‘zimga tanishday tuyuladi bu sas, biroq eslolmayman. Bu sado kimdan, qayoqdan kelyapti, deya hayron bo‘laman.
Hadiksiramayman, hayratlanaman, xolos. Negaki, bu ovoz shunchalik toza, shu qadar tiniq va musaffoki, butun borlig‘imni qamrab, sehrlab oladi. Xuddi alla eshitayotgan go‘dakday vujudimga bemisl orom inadi. Eng qizig‘i, men borgan sari bu ovozga, ohangga o‘rganib, bog‘lanib qolayapman. U eshitilmay qolsa, betoqat bo‘la boshlayman, tinchim yo‘qoladi. Ba’zan tuni bo‘yi mijja qoqmasdan, ko‘zlarim qizarib, intiqlik bilan uni kutib chiqaman. Ammo u hech qachon rejali tarzda, belgilangan jadval bo‘yicha kelmaydi.
Keyin esladim: uni dastlab tushlarimda eshitgan ekanman. Faqat, bu tush-da, unga nimalar kirmaydi, deb e’tibor bermagan bo‘lsam kerak. Qolaversa, bu ovoz o‘ngimda tushimdagidan ko‘ra o‘n hissa jozibaliroq edi.
Kunlarning birida ilg‘ab qoldim, bu ovoz boshqa yoqdan emas, o‘zimdan, aniqrog‘i, qalbimdan kelayotgan ekan. Tuyqus angladim: tanish va notanish bu sado Bolalikning Ovozi edi! Ha-ha, aynan o‘zi – Bolalikning Ovozi! Shunda men uning maqsadini tushundim: u meni – turmushning o‘nqir-cho‘nqir ko‘chalarida uloqib ketgan odamni yana so‘zlar oppoq samanlarga aylanib, o‘tlab yurgan yam-yashil vodiyga qaytarmoqchi edi! Men bir bosib o‘tgan masofamga, bir kuyuk yuragimga, bir qo‘limdagi turmush to‘rvaxaltasiga qaradim-u, o‘zimcha mushohada qildim: “Endi u musaffo vodiyga qaytishga kuchim yetarmikan?!” Ikkilanganim sari Bolalikning Ovozi kuchaya boshladi. Nihoyat, unga tan berishdan, taslim bo‘lishdan boshqa ilojim yo‘qligini angladim, bu men uchun hayot-mamot masalasi ekaniga iqror bo‘ldim. Va sekingina burilib, uning izmiga tushdim...
***
Xurshid Davron deyilganda ko‘z o‘ngimizda ko‘proq ijtimoiy ruhda she’r bituvchi shoir, tarixiy mavzularning bilimdoni bo‘lgan adib qiyofasi gavdalanadi. Vaqtli matbuotda e’lon qilingan she’r­lari va eng asosiysi, munaqqid-adabiyotshunoslarning shoir ijodi haqidagi maqolalari muxlislarda shunday tasavvurni shakl­lantirgan. Mazkur maqolalarda mutaxassislar shoirning ijtimoiy “men”i, she’rlarida ilgari surilgan jamiyatga daxldor g‘oyalar haqida xo‘b va ko‘p yozishgan-u, ammo eng asosiy jihat, shoirning asl shoir ekanini belgilovchi xususiyat uning poetik dunyosi, nozik va nafis idroki, hayotbaxsh tuyg‘ulari aks etgan obrazlari haqida kam to‘xtalishgan. Ehtimol, bu mavzu ulkan ijtimoiy masalalar oldida ko‘rimsiz, mayda tuyulgan bo‘lishi mumkin. Ammo vaqt o‘tgan sari ayon bo‘lyaptiki, bir paytlar o‘ta dolzarb bo‘lgan, katta-katta g‘oyalarni o‘zida aks ettirgan publitsistik, jangovar she’rlar va ular haqidagi maqolalar o‘z ahamiyatini, mavqeini asta-sekinlik bilan yo‘qotib borayotir. Negaki, ijtimoiy-publitsistik she’rlarda ko‘tarilgan muammolar, masalalar hayotda o‘z yechimini topishi bilanoq bunday asarlarning xizmati ham, umri ham yakun topadi.
Xurshid Davronning bundan chorak asr oldin she’riyatda ijtimoiy-publitsistik ruh rosa gurkirab turgan pallada chop etilgan “Bolalikning ovozi” kitobini qayta varaqlarkanman, shoirning haqiqiy boyligi davr ruhi aks etgan she’rlarida emas, balki shabnamday tiniq, yoqutday bebaho tuyg‘ulari yarqirab turgan tizmalarida ekan, degan xulosaga keldim. Eng qizig‘i, shoir ijodining asosiy qismini xuddi shunday toza she’rlar tashkil qilishini anglab, yanglish tasavvurimdan xijolat chekdim, o‘zining aldanganini sezgan boladay alam tuydim. Va daf’atan O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron ko‘z oldimda bor bo‘y-basti bilan namoyon bo‘ldi. Uning o‘ta nafis va serjilo obrazlari meni hayratga ko‘mdi, lol qoldirdi. Chinakam she’riyatning qudratini, sehrini his qildim: uning ta’sirida zamon va makon qarshiligini yengib, o‘zligimga bolaligimga qaytdim...
***
Bolalik Ovozi qo‘limdan yetaklab, meni zangori osmon ostidagi yam-yashil sayhonlikka olib chiqdi. Bundagi go‘zal, maftunkor manzarani ko‘rib, qay darajada o‘zimdan uzoqlashganimni, aslida men ham shu tabiiy uyg‘unlikning ajralmas bir bo‘lagi ekanimni ich-ichimdan his qildim. Va iqror bo‘ldim:
Tabiatdir mening davomim,
Tutash erur bag‘rim bag‘riga.
Umrim bog‘liq oyu oftobi,
Daryolaru daraxtlariga...
Shunda yana avvalgi sezimlarim uyg‘onganday bo‘ldi. Avval eshitmaganim minglab ovozlarni ilg‘ay boshladim. Ular orasida kapalakning qo‘shig‘ini, giyohlarning shivirini, yulduzlarning jarangini, oyning kishnashini farqlash qiyin emas edi. Go‘yo tomirimda oqayotgan qon qizil emas yashilday, ko‘zlarimda yosh emas shabnam aylanayotganday, ikki yonimda qo‘l emas — qanot borday tuyulaverdi. Nogoh yalpizlarni quchoqlab sarxush, muhabbatga chulg‘anar qalbim” deya, ishq asiriga aylandim. Endi boshim uzra uchib o‘tgan qush ham xayolimning davomiday tuyular, tunlari entikkanimdan nafas olmay yotar, daraxtlarning kulgisini tinglab, labimga quyilgan ko‘zyoshlarini yalar edim. Ha, oppoq edi boshda bu dunyo: ko‘cha oppoq, kechalar oppoq, qanday yaxshi ekan bolalik, oppoq ranglar bilan yashamoq...
Bu beg‘ubor olamdan sira ketgim kelmay qoldi. Endi avvalgiday chala tushgacha mudrab yotmasdim: tong-sahardan turvolib, oppoq ko‘ylagimni kiyardim-da, dalalarni kezishga tushardim. Yashil maysalarning barglariga lab bosib, eng inja sirlarimni quloqlariga shivirlardim, ularni qizaloqday erkalagim kelar, hayajonimni bosolmasdan toychoqday to‘rt tomonga irg‘ishlar, xullas, yon-atrofimdagi hamma narsa shitirlagan kechki yomg‘ir ham, tumanlarni quchoqlagan tong, qop-qoraygan dalayu qir ham, bari menga tanish, qadrdon ekanini anglab, baxtdan masrur edim. Har kunim shu taxlit kechar, keyin tun asirasi oyning yelkasiga qo‘limni qo‘yib, Yuragimni ochardim. Va shunda birdan mo‘‘jiza sodir bo‘lardi: xira tun yorishib, olam oppoq oydinlikka chulg‘anar edi...
***
Xurshid Davron she’riyatida bir-biridan go‘zal, betakror obrazlar ko‘p uchraydi. Ularning har biri haqida alohida-alohida yozish mumkin. Men ular orasidagi eng mitti va nozik timsollar maysa, giyoh va yalpiz haqida qisqacha to‘xtalmoqchiman. Mohiyatan olib qaraydigan bo‘lsak, ular bir maqsad yo‘lida tizilib turgan opa-singillarga o‘xshaydi.
Yalpiz deganimizda, shaksiz, dimog‘imiz hayotbaxsh iforga, ko‘zlarimiz yashil yog‘duga to‘ladi. Go‘yo o‘z mehri bilan dardimizni arituvchi munis hamshirani ko‘rganday mayin tortamiz. Shoir she’rlarini o‘qirkanmiz, u bizga umid chirog‘iday tuyuladi.      
Tokchada dasta yalpiz,
Huzur berar bemorga.
Doridan dim xonamiz
Go‘yo to‘ldi bahorga.
Bir dasta yalpiz turli-tuman dori-darmonlarning hididan dimiqqan xonaga Bahorni ­— Hayotni boshlab keladi. Kunlar, oylar davomida bir joyda yotaverib, dunyo­dan umidini uzib qo‘ygan bemor nimanidir eslaydi, urinadi kulishga, va lekin yalpiz hidi to‘kiladi bolishga. U endi boshidagi jonsiz yostiqdan ter va badbo‘y dori hidlarini emas, sehrli, mo‘‘jizakor iforni tuya boshlaydi. Xira tortgan tasavvuri birdan “yarq” etib yorishib ketadi. Endi dunyo ham ko‘zlarida — go‘yo yalpiz ko‘kati, kechalari uyg‘onib, u yalpizni o‘padi! Tasavvur qiling-a! O‘shanda, qanday ahvolga tushasiz?! Ko‘ksingizda ko‘ngil degan narsa bo‘lsa, albatta, ko‘zingizga yosh to‘ladi va ayni paytda qadrdon odamingiz bilan ertaroq vidolashib qo‘yganingizni, unga qo‘shilib hali kurashishingiz lozimligini, bemor sizda ko‘rmayotgan umidu ilinjni bir dasta yalpizdan topganini, tashrifi sizga sezilmayotgan bahorning har lahzasini u yillarga cho‘zib yashagisi kelayotganini anglab yetasiz. Bor-yo‘g‘i 33 ta so‘z ishtirok etgan she’rda shoir bu haqda hech narsa demaydi, sizga nasihatu tavsiyalar bermaydi, yalpiz va hayotga muhabbatning mo‘‘jizakor sehri haqida lof urmaydi — shoirning mahorati ham shunda! Qaqshab yotgan yuragingizda nimadir g‘imirlaganday, ehtimolki, g‘aflatning tosh qatlamlarini yorib, bir tup yalpiz ildiz otayotganday bo‘laveradi.
Navbatdagi she’rga o‘tarkansiz, beixtiyor o‘zingiz ham yalpizga aylangingiz, maysa-giyohlar qatorida xush bo‘y taratib, shamol bag‘rida o‘ynagingiz keladi: o, o‘sha on istayman juda, maysalarga qo‘yib boshimni, mangu yashay o‘tlar ichida, yalpizlar hidiga ko‘milib... Lirik qahramon mangu yashay deyapti, holbuki maysa, yalpiz deganlari bizning nazdimizda tezda zavolga yuz tutuvchi, zaif o‘simliklardir. Ammo shoir ularning ildizidagi mangulikni, kuch-qudrat manbaini ko‘ra biladi. Yo‘qsa, u “Qor ketdi va zaminda bo‘rtdi ilk giyoh — qorong‘i, siyoh tunda sham yondi go‘yo; bargin yozib talpindi u quyosh sari, osildi ildiziga ulkan yer shari”, deb yozmasdi. Ha, shoir o‘z she’rlarida qayta-qayta maysa, giyoh, yalpiz timsoliga murojaat qiladi. Goh ularni erkalab bag‘riga bossa, goh ulardan najot tilaydi. Eng qiyin pallada ham, xira tumanlar erib ketgach, albatta yalpiz kapalakday uyg‘onishiga ishonadi. Va u o‘zi tug‘ilib o‘sgan jonajon qishlog‘ini sog‘inar ekan, eng avvalo, tushiga yalpiz kiradi. Nega?!  Negaki, yillar mobaynida uning o‘zi ham, yaqinlari ham, bosh­qa narsalar ham bir qadar o‘zgardi. O‘zgarmagan, asliga sodiq qolgan Yalpiz! U hamon ko‘ngillarga iliqlik, yorug‘lik baxsh etmoqda, hanuz olamga xushbo‘y, musaffo nafaslarini ulashmoqda.
Bilasizmi, asl she’riyatning sehri nimada? U hech kuch ishlatmasdan, bosim o‘tkazmasdan ongu shuurlarni zabt etadi. Yuraklardagi yaralarni davolaydi. Uning quroli ham, malhami ham bitta mehr-muhabbat! Yalpiz, Boychechak va boshqa ma’sum giyohlar ana shu mehr-muhabbatning, Ezgulik va Abadiyatning munisu mushtipar, shu bilan birga, yengilmas qo‘shinidir.
Bu nafis timsollar qatidan yana ko‘p ma’ni izlab topishimiz mumkin. Biroq ularning butun  sirini ochishga ojiz ekanimizni tan olmog‘imiz kerak. Chunki bizdan-da daqiq olimlar bu haqda oldin ham ko‘p bosh qotirishgan:
Anglash uchun mitti giyohni,
Ochilsin deb uning sirlari –
O‘yga botib turar dunyoning
Eng donishmand mutafakkiri...
***
Bolalik Ovozi meni rang-barang gullar, chechaklar bilan qayta tanishtirdi. Ularning yillar davomida esimdan chiqib ketgan, bir paytlar meni mastu mustag‘riq etgan iforlarini to‘yib-to‘yib hidladim. Ammo kutilmaganda o‘z e’tiborsizligimdan uyalib qoldim. Men pisand qilmaydigan, qo‘lu ko‘ylagi dag‘al har kuni eridan kaltak yeb, yuzi ko‘karib yuradigan Ayol menga nafosatdan dars berib qo‘ydi. Kecha nogoh yo‘lning chetida ko‘rib qoldim o‘sha ayolni: u hidlardi men sezmay o‘tgan mittigina marvaridgulni... Shunda uning qalbi nihoyatda nozik, go‘zallik, nafosatga oshufta ekanini tushunib yetdim. Go‘yo unga muhim gapim borday, nimanidir so‘ramoqchiday, izidan ergashdim. Ammo buni payqab, qadamini tezlatdi, men bilan gaplashishni istamadimi, ishqilib, shoshilgancha uyiga kirib ketdi. Men shom pardasiga o‘ralgan ko‘yi ko‘chada qaqqayib turib qoldim. Shu payt ro‘paradagi ochiq darvoza e’tiborimni tortdi. “Bu yerda beva ayol yashaydi, dedi Bolalikning Ovozi mahzun tortib. — Eri urushda halok bo‘lgan...” Sezdim: beva hovlisiga tun oldin kirar, quyuqlashib borar dilda xotira; devorda, suratda — bir yigit kular, yonida jilmayar bir qiz bokira. Men eng chiroyli ko‘ylagini kiyib, ochiq derazadan tashqariga termulib turgan ­g‘amgin ayolni kuzatarkanman, yuragimni g‘ussa buluti qopladi. Ammo shu lahza bexosdan boya meni ergashtirib kelgan ayol kirib ketgan hovli derazasiga nigohim tushdi-yu, hayratdan lol qotdim. Janjaldan bezor bo‘lgan, haqoratu yig‘idan zada xonadonda bu tun butunlay o‘zgacha, favqulodda holat hukm surardi: qarshida deraza so‘ylaydi ertak, unda ikki soya baxtiyor, malul — oh, naqadar ulkan u sirli erkak, qo‘llarida ayol sevgan qizil gul. Va nihoyat Ayol qalbini musht bilan emas, Gul bilan zabt etish mumkinligini anglab yetgan Erkakni xayolan olqishladim.
Bu  manzara meni qanchalar xursand qilgan bo‘lsa, ro‘paradagi beva ayol bag‘rini shu qadar tilkalaganini sezish qiyin emasdi so‘lg‘in yonog‘iga tomgan ko‘zyosh tomchisida uning butun iztirobi, armoni mujassam edi. Shunda ilk bor anglab qoldim: baxtli odamlar agar ehtiyot bo‘lmasalar, o‘z baxtlari bilan baxtsiz kimsalarni battar baxtsiz qilishlari mumkin ekan! Ikki qarama-qarshi deraza oralig‘ida turarkanman, yoriga ichikkan ayolni qanday qilib yupatishni, tasalli berishni bilmasdim. Xuddi shu soniya sog‘inchli hayqiriqdan jimlik piyolasi chil-chil sindi. Garchi ayolning lablari jips, ochilmay turgan bo‘lsa-da, bu ovoz uniki ekaniga shubham yo‘q edi. Kimnidir chaqirar. Ayol ovozi — havoda qalqinib-qalqinib uchar; devorda uy­g‘onar qo‘llarning izi — Erkakning qo‘llari... va uni quchar. Qalbimga taskin inganday bo‘ldi. Ortiq bu yerda turish odobdan emasligini anglab, izimga burildim. Ortimdan Bolalikning Ovozi ergashdi:
Bizning deraza ham so‘ylasin ertak,
Oqshom ranglariga singsin hikoya.
Dunyodagi barcha derazalarda
Baxtiyor yashasin ikkita soya...
***
Yalpiz, Ayol va Muhabbat...
Xurshid Davronning lirik she’rlarini o‘qirkanmiz, mohir rassomning o‘ta nafis natyurmort va peyzajlarini, romantik chizgilarini ko‘rganday bo‘lamiz. Bu manzaralar bir qarashda shoirning o‘zi sevib tarjima qilgan yapon xokku va tankalaridagi holatlarni ham esga soladi. Ammo shakl va ruh o‘ziga xos: shoir shabnamday sil­qib turgan tuyg‘uni misralarga shodaday tizarkan, lirik qahramon botinidagi nozik dramatizmni sezib turasiz.
Chaqmoq chaqnar nogoh dalada...
Chiqib ketging kelar bog‘larga
Uzoq bemor yotgan boladay.
Tiniqlashar havo va olam,
Men dunyoda yashayapman, deb
Quvonasan mana shunday dam.
Shunday damda qudratga to‘lib
Mitti maysa qaddini tiklar
Osmon bilan so‘zlashmoq bo‘lib.
Yana o‘sha tanish timsol ­ mitti maysa... U mahdud dunyo ichida bo‘g‘ilgan odamday yolg‘iz. Nogoh chaqnagan chaqmoq maysaning ham, odamning ham e’tiborini yuksak samo sari tortadi. Oyoqosti bo‘lib boshi egilgan maysa tuyqus tanasida bemisl kuch-qudrat sezadi u endi naq Osmon bilan so‘zlashmoqchi. Tor muhitda nafasi qisilgan odam ham endi Abadiyatga so‘z otadi.
Shoir so‘zni qushga o‘xshatadi. Agar shoir bo‘lsang, ko‘ksingda in qurib, unga yurak qoningdan ichir, deydi. She’r — uchayotgan qushga o‘xshaydi, quyoshni ichadi u uchib-uchib, she’rning to‘rt satri — qafas bo‘lmog‘i, osmon bo‘lmog‘i mumkin so‘z uchun. Mana, haqiqiy shoir bilan qofiyabozning farqi nimada bilinar ekan: iste’dodsiz “shoir” she’rni to‘tiqushday qafasga solsa, chin shoir so‘zlarni turnalarday safga tizib, she’rga mutlaq ozodlik baxshida qiladi.
Xurshid Davronning she’rlari xuddi shunday: ular cheksiz osmon qa’rida parvoz qilib yurgan ozod qushlarga o‘xshaydi...
***
Bolalik Ovozi meni chinakam Shoir bilan tanishtirdi. Yelkasiga og‘ir to‘rva ilib olgancha, suv kechib, tog‘u tosh oshib, So‘z izlab yurgan Shoir bilan uchrashtirdi. Garchi menda undagi sabot bo‘lmasa-da, havas ila izidan ergashdim. Yurtma-yurt, ovulma-ovul kezib, So‘z axtardik. To‘rvasidan to‘kilib qolgan so‘zlarni terib, unga ko‘maklashdim. U duch kelgan odamdan So‘z so‘rardi. Ba’zan dunyo shovqinidan bezor bo‘lib, sukunatga yuz tutgan donishmandlardan ko‘hna va nodir so‘zlarni olarkan, Shoirning og‘ir o‘yga botganini ko‘rdim. Goho endigina tug‘ilgan chaqaloqning hali gard tegmagan so‘zini olib, hayratga ko‘milganiga, o‘ziga sig‘masdan xursand bo‘lganiga guvoh bo‘ldim. Muhimi, yo‘l-yo‘lakay men Shoirdan So‘zni qanday izlashni, qanday topishni, qanday asrashni o‘rgandim. U topgan, kaftimga tutqazgan tansiq so‘zlarni rayhonday hidlar ekanman, yuragim bepoyonlashayotganini, tiniqlashayotganini sezdim.
Endi Bolalik Ovozi meni tark etmaydi. So‘zlar ham...
Ba’zan yo‘qotib qo‘ygan so‘zni izlab,
Toshlarni ko‘chirib, ko‘rib qolaman
Boychechakni quchoqlab yotgan bo‘lar So‘z.
So‘zlarni bag‘rimga bosaman,
Gul hidi qoladi dimog‘larimda...
Nodir JONUZOQ

Hurriyat Copyright

Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo

gzt.uz

press-uz.info



Sizga saytimizning qaysi bo'limi ma'qul bo'ldi?











Natijalar

GISMETEO.RU: ïîãîäà â ã. Òàøêåíò

Ïîäðîáíåå íà www.nbu.com -->





Hosting by UZINFOCOM