Jahon tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan Sharq madaniyati, falsafasi, ma’naviyati, ma’rifati, ijtimoiy-siyosiy tafakkuri azal-azaldan adolat, ezgulik, tenglik, haqiqat mezonlariga tayanib rivoj olgan. Chunki adolat inson hayoti, uning qadr-qimmatini belgilovchi, ulug‘lovchi o‘lchov. |
Adolat shamchirog‘i lovullab yonib, nur taratib turmagan, u qaror topmagan mamlakatda ijtimoiy barqarorlik bo‘lmaydi, ziddiyatlar avj oladi, yurtdan xayr-baraka ko‘tariladi. Insoniy qadr-qimmatga putur yetadi.
Elu yurtning obodligi, tinchligi ezgulik va saxovatning ustuvor bo‘lishi, odamlarning shodu xursandligi — bularning hammasi adolatga bog‘liqligiga tarixdan bir qator misollar keltirish mumkin. “Kishining olijanobligi, — deb yozadi Alisher Navoiy, — saxiyligining ziyodaligidandir. Mehribonligi esa o‘ta g‘amxo‘rligining natijasidandir. Agar kimsani buyuk va sharafli deb e’zozlasang-u, uning qilmishida odillik uchramas ekan, xalq uni adolatli demaydi.
Navoiyning adolat va haqiqat haqidagi ta’limoti Qur’oni Karim va hadisi shariflar asosida talqin qilinadi. Buni Navoiyning quyidagi so‘zlaridan ham bilish mumkin: “Ikki dunyo shohi Rasuli Akram o‘zining hadisida adolat ahliga shunday bashorat qilgan edi: “Adolat bilan o‘tgan bir soat insoni jin xaylining toat-ibodatidan afzalidur”.
Navoiy Suqrot, Aflotun, Arastu kabi yunon faylasuflarining hikmatlari, adolat haqidagi ta’limotlari, Iskandarga bergan yo‘l-yo‘riqlari va maslahatlaridan yaxshi xabardor bo‘lgan. Bunga uning “Farhod va Shirin”, “Saddi Iskandariy” va boshqa asarlaridagi adolat, tenglik, ma’rifat haqidagi qimmatli fikr-mulohazalari misol bo‘ladi.
Navoiy “Xamsa”sida Iskandarning adolat natijasida qanday ishlarni amalga oshirish mumkin, degan so‘rog‘iga Arastuning javoblari keltirilgan. Arastu shunday deydi: “Agar shohga adolatli bo‘lish kundagi odatga aylansa, unga butun olamu din taslim bo‘ladi. U bu dunyoda jahonni egallagan bo‘lsa, dunyodan o‘tgach, jannat taxtini egallaydi. Agar shoh har bir ishda adolat bunyod etar ekan, buning natijasida uning mulki — mamlakati ham obod bo‘ladi. Mamlakati obod bo‘lib, xalqi boyidimi, demak, xazinasi to‘lib-toshadi.
“Xamsa”ning hamma dostonlarida, ayniqsa, mutafakkirning “Saddi Iskandariy”, shuningdek, “Tarixi muluku Ajam”, “Tarixi muluku Anbiyo va hukamo”, “Vaqfiya”, “Munshoot”, “Mahbub ul qulub” kabi qator asarlarida, g‘azallari, ruboiylarida adolat mezonlari haqida o‘z qarashlari bayon etilgan.
Xulosa shuki, adolat, uning ijtimoiy-falsafiy mohiyati ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy asarlarida bu qadar chuqur tahlil etilishi, haqiqatga intilish kurrai zamindagi barcha el-uluslarning odob-axloq mezonlariga mustahkam tayanch bo‘ladi.
Shokir RaHimov,
huquqshunos |