Ahmad al-Farg‘oniy taxminan 797 yili Quvada tavallud topgan. Vatandoshimiz G‘arbda Alfraganus nomi bilan juda mashhur. Umuman, uni g‘arb dunyosi munajjimlar otasi maqomida qadrlashadi. Avvalambor, buyuk olimning yunon astronomlari, chunonchi, Ptolomeyning “Yulduzlar jadvali asari”dagi ma’lumotlarni ko‘rib chiqish, qiyosiy o‘rganish tadqiqotlarida faol qatnashgani e’tiborga molik. Farg‘oniy mazkur asarga mutlaqo yangilangan maxsus jadval kiritadi. Unda ma’lum jug‘rofiy manzillarning yetti iqlim asosidagi sharqdan g‘arbga qarab joylashuv nuqtalari mufassal belgilangan tarzda aks etadi. Bundan tashqari, alloma Bag‘dodagi rasadxonada samoviy jismlarni kuzatishlari natijasi o‘laroq quyosh yuzidagi dog‘lar mavjudligini aniqlaydi va bu haqdagi fikrini aniq dalillar bilan isbotlashga muyassar bo‘ladi. Chunonchi, yilning eng uzun kuni 22 iyunga, eng qisqasi esa 23 dekabrga to‘g‘ri kelishini, 832 yilda esa o‘sha paytda hisoblab chiqarish amrimahol sanalgan “Quyosh tutilishi” hodisasini oldindan oy, sanasi, vaqti bilan bashorat qiladi. Ayrim osmon yoritqichlari turli vaqtda ko‘tarilishi, tutilishi va bu hol har joyda turli ko‘rinishda namoyon bo‘lishi, masofalar o‘zgarishi bilan ularning ko‘rinishi ham o‘zgarib borishi xususidagi ilg‘or fikr-mulohazalarni o‘rtaga tashlaydi.
Ayniqsa, uning bebaho astronomik asari “Kitob al-harakot as-samoviya va javomi’ ilm an-nujum” (Samoviy harakatlar umumiy ilmi nujum) kitobi o‘z jozibasi bilan ushbu fanni jahonda eng qiziqarli, sirli, insonga ilhom va hayrat bag‘ishlaydigan fanga aylantirdi. Ushbu asar XII asrda ikki bor lotin hamda ivrit tiliga o‘grilgan. Kastil va eski fransuz tillariga tarjima qilingan. 1669 yilda golland arabshunosi va matematigi Yakob Golius asarni arabcha matni va yangidan amalga oshirgan lotincha tarjimasi bilan birga nashr etganidan so‘ng dunyoda Farg‘oniy shuhrati yanada ortdi.
Faxr-iftixor ila shuni qayd etish lozimki, allomaning asari “Astronomiya asoslari haqidagi kitob” Yevropada 700 yil mobaynida muttasil o‘qitilgan astronomiyaga oid muhim o‘quv qo‘llanma sifatida tarix zarvaraqlaridan joy oldi. Axir yer yuzida yetti yuz yil foydalanilgan va bugun ham ahamiyatini yo’qotmagan ilmiy asarlar kamdan-kam topiladi.
Qahkashon bilan sirlashgan al-Farg‘oniy o‘z vatanida ayricha mehr va e’zoz ko‘rdi. Istiqlol tufayli o‘zligiga ega bo‘lgan koinot bilan yuzlashish baxtiga muyassar bo‘lgan xalqimiz allomaning 1200 yillik to‘yini shunday bir miqyosda o‘tkazdiki, uning ta’rifi olamga taraldi. Xususan, 1998 yil 24 oktyabr kuni Quvadagi tantanalar al-Farg‘oniy haykalini ochilish marosimiga ulanib ketgani qalblarimizni cheksiz sevinchlarga to‘ldirdi. Ana shu marosimda Yurtboshimiz nutq so‘zlab, uning sha’nini shunday ulug‘lagandi: “Qadim Qubo tuprog‘ida bunyod etilgan muhtasham yodgorlik majmui, Ahmad al-Farg‘oniyning qarshingizda qad ko‘tarib turgan bu ulug‘vor haykali vatandoshlarimizning ulug‘ bobokalonimizga hurmat-ehtiromi hamda ezgu maqsadlarimiz ramzi bo‘lishi tabiiydir”.
Darhaqiqat, biz osmonga, koinotga, yulduzlarga nigoh qadagan yurt farzandlarimiz. Orzu-niyatlarimiz ham osmon qadar keng, koinotdek buyuk, yulduzlardek shu’lavor. Shubha yo‘qki, bu pok va xayrli mudaolarimizda al-Farg‘oniy siymosi bizga ham ibrat, ham g‘ayrat-shijoat manbai bo‘lib qolaverajak.
Ma’suma Abdulla qizi,
Sirg‘ali Tibbiyot kolleji o‘qituvchisi
|