Keyin ayonlariga mag‘rur nazar tashlab: «Xalqni mana shunday boshqarish kerak», degan ekan. Bu voqea o‘sha davr ruhi va siyosati haqida mukammal tasavvur uyg‘otish uchun kifoya qilsa kerak.
Mamlakatimiz tarixiga «Qatag‘on davri» nomi bilgan kirgan 1934 — 1953 yillarda 100 mingdan ziyod begunoh odamlar sovuq o‘lkalarga surgun qilindi, 13 ming kishi sababsiz qatl etildi... Taniqli kinorejissyor Zulfiqor Musoqovning «Qo‘rg‘oshin» nomli badiiy filmi ayni o‘sha davrda davlat tepasida bo‘lgan kishilarning ko‘ngil kechinmalari, ular atrofida ro‘y bergan voqealar xususida hikoya qiladi. Filmda Stalin vafotidan salgina avval yuzaga kelgan holatlar, sho‘rolar tuzumining kaltabin siyosati mohirlik bilan tasvirlangan. Ayniqsa, xronologik kadrlarning filmga uyg‘unlashtirib yuborilgani «Qo‘rg‘oshin»da o‘sha davr koloritini yaqqol aks etishiga zamin hozirlagan.
Film voqealari respublikaning ichki ishlar rahbari — Rim Marlen (Temur Musoqov) tilidan hikoya qilinadi. Bosh qahramon Umar Qodirov (Bobur Yo‘ldoshev) zavod ishchisi. Uni bir kuni yarim kechasi NKVDga olib kelishadi. Sababi kimsan Stalin telefon qilib, zavod vakillaridan biri bilan gaplashishi kutilayotgandi. «Bular mening ustimdan yozgan», deb o‘ylagan respublikaning bosh kotibi (Otabek Musayev) zavod direktori Piskunov va oddiy xodim Qodirovni tiliga nima kelsa, qaytarmay so‘kadi. «Agar «dohiy» respublika haqida yomon gapirsa, ularning peshonasidan otishini aytib, dag‘dag‘a qiladi. Ammo vaziyat teskari tob oladi. «Birinchi shaxs» birinchi kotibdan paxta hosili haqida axborot olib bo‘lgach, dabdurustdan Qodirov bilan suhbatlashib, uni Moskvaga chaqiradi. Bir lahza ichida Umar hurmatli shaxsga aylanadi.
Kotib — biroz qo‘polroq, tanish-bilishchilikka moyil, lekin qo‘rqoq odam. Shaxsiy manfaati yo‘lida qarindoshlarini ham ayamaydi. «Bu yigitga Stalinning nazari tushishi bejiz emas. Hoynahoy, unga ham biror amal beriladi», deb o‘ylaydi. Hozirgina peshonasidan otishga tayyor turgan odamiga yaltoqlanib, uni olib kelgan zobitga yozg‘iradi:
— Hey, tur o‘rningdan, isming nimaydi?
Voqealar rivojidan bo‘lkillabgina o‘tirgan zobit ham bor hayrati-yu qo‘rquvini tiliga ko‘chiradi:
— Menga aytayapsizmi, pochcha?
Zobit Abdusattor Lutfiev «qo‘pol»ligi uchun Nukusga jo‘natiladi. Umar Qodirov esa Moskvaga ravona bo‘ladi. Mo‘‘jizani qarangki, u o‘sha kundan boshlab Davlat xavfsizligi mahkamasining respublikadagi maxsus vakili lavozimiga tayinlanadi. Voqealar rivoji orqali tomoshabinlar Qodirov Rim Marlen bilan frontdosh ekanligini anglaydi. Rejissyorning bu topilmasi Qodirovning bejiz lavozimga tayinlanmaganini dalillovchi omildir.
Filmga aktyorlar jamoasi did bilan tanlangan. Har bir obrazning o‘z faoliyat yo‘nalishi aniq va ortiqchalikdan xoli. Hatto epizodik rollarda ko‘rinish bergan Ayub Shahobiddinov, Tohir Saidov, Furqat Fayziev va Po‘lat Saidqosimovlarning ijrolari ham esda qolarli. Ayniqsa, Ayub Shahobiddinovning ko‘zlaridagi mung, nigohlaridagi iztirob — ko‘z o‘ngimizda otishga hukm qilingan, muqarrar o‘lim bo‘sag‘asida turgan ziyolining qiyofasini to‘laqonli gavdalantira olgan.
Avval Germaniyada asir tushib, keyin sotqin sifatida Sibir sovug‘ini ham «eb» ko‘rgan, yoriga yubormoqchi bo‘lgan sog‘inchli maktubini badaniga o‘yib yozgan Faxriddin Shamsimatov talqinidagi obraz ham ancha ta’sirchan chiqqan.
Bir o‘rinda Rim Marlenning bo‘lajak rafiqasi Olganing tilidan shunday satrlar yangraydi:
Men haqimda o‘ylama yomon,
Qahri qattiq bevafo zamon.
Ochlik berding, mayli deganman,
Yo‘qlik, sening zayling deganman.
Ha, roziman, bariga tayyor,
Ichga yutdim, bor faryodimni,
Faqat ayla maqsading oshkor?
Qaytar qurbon e’tiqodimni!..
Nazarimizda, hayot tashvishlaridan zada ko‘ngilning nolasi sifatida yangragan bu she’r o‘sha yillarda yashagan har bir inson qalbini sirqiratgan o‘ylarga hamohang jaranglaydi.
Filmda istehzoga yo‘g‘rilgan yumor ham yo‘q emas. U qahramonlarning xatti-harakatlariga, gap-so‘zlariga mohirlik bilan singdirib yuborilgan. Masalan, Rim Marlen yoqtirgan qizi Olüganing «Frantsuzmisiz?», degan savoliga, dastlab hazillashgan ko‘yi «Ha», deb javob beradi. Keyin kulib tushuntiradi: «Rim — «revolyutsiya i mir», Marlen — Marks va Lenin degani». Olga ham jilmayib: «Yaxshiyam «Dazdrapervaya» (Do zdravstvuet pervoe maya) emas», deb hazil qiladi. Yana bir joyda Umar Qodirov Moskvaga ketayotganida onasi bo‘yniga tumor osib, Stalin mahmadonalarni yoqtirmasligini aytadi. «Birinchi shaxs» oldiga kirayotganda ham unga shu gapni takrorlashganda, bo‘sh-bayov yigitcha «Bilaman, oyim aytgandilar», — deb yelka qisadi. Filmdagi bunday kulguli gaplar zo‘rma-zo‘rakilikdan xoli, judayam tabiiy chiqqan.
Kino dramatik lavhalarga boy. Umar Qodirov «yuqori»ning har qanday buyrug‘ini bajarishga majbur sodiq yigit. Ta’bir joiz bo‘lsa, u bor ixtiyori «Miltiq»da bo‘lgan oddiy qo‘rg‘oshin parchasi — o‘q. Hatto Stalinning insult bo‘lganini eshitganda, kipriklariga beixtiyor yosh qalqadi, jazavaga tushadi. Ammo baribir u o‘zbek edi. Aksiga olib tuhmat va ig‘vogarlikni kasb qilgan kazzoblar partiyaviy hushyorlik niqobini kiyib, o‘zlarini shu yo‘l bilan ihotalab olishgan. Nojo‘ya tashlangan har bitta qadam «58-modda» bilan ayblanishga asos bo‘ladi. Ammo, qachongacha ko‘ngilda hadik bilan yashash mumkin? Uning vijdoni har safar begunoh insonlarni qamayotganda g‘alayon ko‘taradi. Qadrdon ammasiga, yozuvchi Zoir Rahmon va boshqa kishilarga qilingan tuhmatlardan u ko‘proq aziyat chekadi. Ojizligidan o‘zini qo‘yarga joy topolmaydi. Ishdan bo‘shamoqchi bo‘lganida do‘sti Rim unga «Chekistni qahramonlarcha o‘lim, yoki chet el razvedkasi bilan aloqada bo‘lganini tan olishi ishdan bo‘shashiga sabab bo‘lishi mumkin»ligini yaxshigina tushuntirib qo‘yadi.
Lekin chor-atrofga qabohat to‘r yoyganda vijdon bilan murosaga kelish mumkinmi? Nihoyat, Umarning yuragida ham «Bomba» portlaydi. Unga bor aybi tashlandiq yerga paxta emas, bug‘doy ekkan kishi — (Fatxulla Ma’sudov)ni qamashni ishonib topshirishadi. Boz ustiga, u o‘zining tug‘ishgan akasi. O‘rtada onaizorining oq suti, yigitlik g‘ururi turibdi. Yo‘q, yuqorining zug‘umiga, bunday sinovlariga uning bardoshi yetmaydi. Darvoqe, filümning nomi ham ayni shu vaziyatda oydinlashadi. Ma’lumki, «qo‘rg‘oshin» Umarning shartli paroli. Biroq uning majoziy ma’nosi ham yo‘q emas. Bu eliment sumbatidan toshdek qattiq ko‘rinadi. Biroq zohiran shunday xolos. U juda tez yumshaydi, ozgina issiqlikka ham bardoshsiz. Umar ham akasini qamash o‘rniga, u bug‘doy ekkan dalada o‘zini otib tashlashni afzal ko‘radi. Taqdirning nayrangini ko‘ringki, Rim do‘stining murdasini quchoqlab yig‘layotgan lahzalarda dohiysining vafot etganidan xabar topadi...
Darvoqe, yuqorida keltirganimiz rivoyatnoma, ammo davr haqiqatiga judayam mos keladigan voqeaning davomi ham bor. Pati yulingach, qip-qizil jishga aylangan, ammo hali tiriklikdan umidvor jo‘ja sovqotgani uchun o‘ziga issiq joy izlaydi. Davlat rahbarining oyoqlariga yukinadi, shimining pochalariga suykaladi.
Filmning eng katta yutuqlaridan biri shundaki, undagi hech bir obraz davrdan nolimaydi. (Agar shunday bo‘lganida uning badiiy qimmatiga katta putur yetgan bo‘lardi). Ha, davr kishilarni shunday abgor va ruhan majruh holga keltirib qo‘ygandi.
Bir so‘z bilan aytganda, «Abdullajon», «Vatan» kabi filmlari bilan xalqimizga yaxshi tanilgan Zulfiqor Musoqovning yangi kartinasi yurtimiz ma’naviy hayotida o‘ziga xos voqea bo‘ldi. Buni uning ikki oy ichida to‘rtta nufuzli mukofotni qo‘lga kiritgani, xususan, yaqinda «Oltin gepard» I Toshkent xalqaro kinoforumining «Eng yaxshi filmi» nominatsiyasida g‘olib bo‘lganidan ham bilsa bo‘ladi. Ne ajabki, aynan shunday kartinalar evaziga o‘zbek kinolari ham jahonga bo‘ylamoqda. Shu kunlarga ham yetayapmiz, «Yaratganga shukur».
Inomjon ABDIYEV |