Ma'naviyat

28 Dekabr 2011 22:06
SAHNADA SAYQAL TOPGAN ISTE’DOD
O‘zbek kinosi va teatri tarixida o‘z o‘rniga, yuksak mavqega ega bo‘lgan bu aktyorning ijro etgan rollari judayam rang-barang. Garchi ularning aksariyati salbiy obrazlar bo‘lsa ham, kuchli dramatizmga boyligi, mohirona ijrosi bilan ajralib turadi. Masalan, birgina “O‘tkan kunlar” filmidagi Homid obrazini olaylik. U kamgap, chuqur mulohazali, ayni paytda o‘ta makkor, qasoskor odam.
Aktyor uning qiyofasini yuksak mahorat bilan ochgan. Tomoshabin hali-hanuz uni xotirlasa, Homid bilan yuzma-yuz kelganday bo‘laveradi.
Ha, anglaganingizdek gap yuksak iste’dod sohibi Hamza Umarovning ijodiy mahorati haqida ketyapti. Mushohadasi keng, fantaziyasi kuchli bu aktyorning Muqimiy nomli o‘zbek davlat musiqali drama va komediya teatri, milliy kino va dublyaj, radio hamda televideniedagi sermahsul ijodi san’at muxlislariga va teatr muhiblariga yaxshi ma’lum.
Bo‘lajak aktyor bolaligidan Qo‘qon adabiy muhiti ta’sirida san’atga, teatrga ayricha mehr qo‘ydi. O‘zbekiston xalq artisti Saboxon Karimova jiyanidagi iste’dod va havasni ko‘rib, unga alohida e’tibor qaratdi. U ammasi bilan Qo‘qon teatrida bo‘ladigan repetitsiya va tomoshalarga borib, san’at sirlarini o‘rgandi. Ammo to‘satdan boshlangan mash’um urush uning hayotini boshqa o‘zanga solib yubordi. Yosh Hamza frontga otlandi.
Urushdan qaytgach, “O‘zbekfilm” qoshidagi aktyorlar tayyorlash studiyasida, keyin esa Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutida tahsil oldi. 1951 yili bu dargohni muvaffaqiyatli yakunlab, faoliyatini o‘zi ishlab turgan Muqimiy teatrida davom ettirdi. Shu maskanda tajriba orttirdi, o‘sdi, kamol topdi.
San’atkor “Armug‘on” spektaklidagi razvedkachi Ja’far rolidan boshlab butun bir obrazlar galereyasini yaratib, elga tanildi. Ammo dastlabki rollari — Huzurxo‘ja (“Nurxon”), Shopur (“Farhod va Shirin”) obrazlarini talqin etishda hali so‘z bilan qo‘shiqni bog‘lab ifoda qilishni yaxshi bilmasdi. Keyinchalik sahnaviy xarakter yaratishda mana shu uzviylikka intildi. Natijada Asqarali (“Muqimiy”) va G‘ani (“Oltin qo‘l”) rollarida so‘z va qo‘shiqni xatti-harakat bilan organik bog‘lashga erishdi.
San’atkor milliy dramaturgiyada obraz yaratish bilan kifoyalanmay, klassik asarlarda ham o‘ziga munosib rollarni ijro etdi. Jumladan, Shekspirning “O‘n ikkinchi kecha” komediyasidagi qiziqchi Feste rolini o‘ynadi. Ma’lumki, Shekspirning ko‘pgina pyesalarida qiziqchi obrazi mavjud bo‘lib, ular doimo sodda va tentaknamo ko‘rinishda falsafiy fikrlarni bayon qilishadi. Feste ham shundaylardan. Boshqalarni kuldirsa-da, o‘zi kulmaydi. U behad aqlli va ziyrak. Hamza Umarov Festeni xuddi shu mezonda gavdalantirishga muvaffaq bo‘ldi.
Taniqli san’atkor o‘zini dramaturgiyada ham, rejissor­likda ham, kinoaktyorlikda ham sinab ko‘rdi. Chunonchi, 1963 yili u “Ishqing bilan” asarini yozib, undagi Shukur rolini o‘zi o‘ynadi. I.Radun bilan birgalikda spektaklga rejissorlik ham qildi. 1970 yilda osetin dramaturgi Georgi Xugayevning “Xotinimning eri” pyesasini ruschadan o‘zbek tiliga tarjima qilib, B.Ixtiyorov rahbarligida sahnalashtirdi va o‘zi bosh qahramon Aziz (Kazbek) timsolini yaratdi.
Zabardast san’atkor kinoda ham bir-biridan jozibali o‘nlab obrazlar yaratishga muvaffaq bo‘ldi. “Qutlug‘ qon” filmida Salimboyvachcha, “Qora konsulning halokati”da Madaminbek, “Shiddat” filmida agronom, “O‘tkan kunlar”da Homid, “Yettinchi o‘q” filmida Xayrulla rollarini o‘ynab, tomoshabinlar olqishini oldi.
Tabiatan improvizatsiyaga boy bo‘lgan Hamza Umarov har bir rol ustida jiddiy ish olib borardi. U o‘ziga topshirilgan obrazning qaysi mezondaligidan qat’i nazar, ishni avvalo puxta o‘rganib, keyin o‘sha personaj xarakteri va xatti-harakati hamda “oliy maqsadini” sinchiklab tadqiq qilgani seziladi. Qahramonning xarakteridan va xatti-harakatidan kelib chiqib, individual nutqini va nutqiy talaffuzini topa olgani fikrimiz tasdig‘idir.
San’atkorning yana bir yorqin fazilati — badiiy so‘zning qadriga yetadigan aktyorligida edi. Tomoshabinga so‘zni “chaynamasdan” butun shirasi va mazmuni bilan yetkazishga, uning tub ma’nolarini to‘liq ochishga intilardi. Binobarin, Hamza Umarov ijrosi va talaffuzida har bir so‘z mo‘ljalga aniq tegardi. Yetuk san’atkor yaratgan obrazlar hali-hamon barchamiz uchun qadrli, yuragimizga yaqinligi shundan.
Mirislom BADALOV

Hurriyat Copyright

Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo

gzt.uz

press-uz.info



Sizga saytimizning qaysi bo'limi ma'qul bo'ldi?











Natijalar

GISMETEO.RU: ïîãîäà â ã. Òàøêåíò

Ïîäðîáíåå íà www.nbu.com -->





Hosting by UZINFOCOM