Ma'naviyat

03 Noyabr 2011 19:05
TASALLI
Uyqusi qochgan mo‘ysafid to‘shakda o‘zini o‘zanda qolgan baliqday his qilsa-da, yonida yotib uxlagan nabirasining oromini o‘ylab qimir etmas, xayolini o‘g‘li Sulton band etgan edi. «Bugungi qilig‘ing yuragimga og‘ir botdi, bolam. Seni shu umidda katta qildimmi, o‘qitdimmi?
Shuncha gaplar, nasihatlar... Havoga uchganmidi hammasi?! O‘qimishli, zukko, hamma havas qiladigan bir ziyoli shunday ishni o‘ziga ravo ko‘rarkan, uning tarbiyasini olgan bola ertaga qanaqa odam bo‘ladi?»
...Kechqurun ota-bola tortishib qolishdi. Mo‘ysafid xunob. Keliniga yozg‘irib, yuragini biroz bo‘shatmoqchi edi, u ham eri tomonga o‘tib oldi. — E-e, xafa bo‘lmang, — dedi astagina erining yelkasidagi changni mehribonlik bilan qoqarkan. — O‘z otangiz, endi ko‘rayotganingiz yo‘q-ku!..
Kelinidan tasalli kutgan mo‘ysafid bo‘shashdi. Badaniga sovuq narsa tekkanday titrab ketdi. «Himm, bu erini ovutyapti-ku. Mengamas, eriga dalda bo‘lyapti!»
Kelin nima dedi? «Endi ko‘rayotganingiz yo‘q?» Ha-da, bir gapni ming marta qayta-qayta  gapiradigan, qarigani sayin ezma va injiq bo‘lib borayotgan cholni Sulton endi ko‘rib turibdimi?
...Shahnoz qaynotani iliq kutib olgan edi. Ko‘rgan zahoti bobosi tomon talpingan bolalarining ortidan peshvoz chiqarkan:
—   Yaxshi keldingizmi? — dedi ochiq chehra bilan.
Samimiy kutib olinganidan ko‘ngli tog‘dek ko‘tarilgan mo‘ysafid so‘ridagi muloyim  ko‘rpachalar ustiga o‘tirgach, nabiralari Umid va Naima unga yopishdilar. Shahnoz ham yoniga kelib o‘tirdi.
—   Xush kepsiz, dadajon!
Ha, kelinning kayfiyati yaxshi edi. Lekin keyinroq... Er-xotin pichirlashdilar. Shahnozning gapi qaynotaning qulog‘iga kirdi. «Birov so‘rab qolsa, rostini gapirib berib, sharmanda qip qo‘ymasin-da, deb boladan qo‘rqqandim, dadasi. Mahmadona Umiddan! Lekin otangiz... Kelib-kelib, shu paytda kep qolganlarini qarang!»
Ko‘ngli ezilgan mo‘ysafid esankirab qoldi. «Kelib-kelib, shu payt kep qolganlarini qarang!» Shivirlab aytilgan so‘zlar mo‘ysafidning qulog‘ida jaranglab eshitilgandek tuyuldi. «Ha-ya, nega keldim o‘zi? Nega «kep qoldim?!»
Hammasi Sultonning hovliqib kirib kelganidan boshlandi. U otasi bilan sarosimada so‘rashdi-yu, xotiniga yuzlanib:
—   Kelishyapti, — dedi. — Osh nima bo‘ldi?
—   Hozir damlayman.
Shahnoz oshxona tomon ketdi. Mo‘ysafid: — Kim kelyapti? — so‘radi o‘g‘lidan.
—   Komissiya. Sug‘urta ins­pektsiyasidan, — javob qildi Sulton.
Sulton otasining hayron qolgan nigohini ko‘rib,  unga yaqinroq o‘tirdi-da: — Eski uyning bir tomonini ag‘darvordim, — dedi ovozini pasaytirib. — Ichkari  hovliga kirmadingiz-a? Yog‘ingarchilikdan  qulab tushdi, deb ariza tashlab qo‘yuvdim. Ana, kelishyapti ko‘rgani.
Sulton omonatgina o‘tirarkan, noxush xabar eshitganday qotib qolgan otasining ko‘nglidan nimalar kechayotganidan bexabar, xush kayfiyatda qo‘shib qo‘ydi:
—   Inspektor o‘zimizniki. Odamgarchilik qilsa, anchagina pul chiqishi mumkin. Harna-da, ota. Hech bo‘lmasa, yangi uyning shiferiga yetar?!. Nima dedingiz?
Avzoyi o‘zgarib ketgan mo‘ysafid: — Nima ham derdim, — deya dardli jilmaydi. — Balli, o‘g‘lim! Barakalla!
Sulton bir seskandi va: — Dada! — dedi o‘qrayib qararkan.
—   Nima, dada?
—   E, nimaning tashvishini qilyapsiz?
—   Sen qilgan ishning tashvishini, bolam! Eshitgan quloq nima deydi?
—   Kim bilib o‘tiribdi?
— Kim bilib o‘tiribdi, degin. Hech kim ko‘rmadi bu ajabtovur tomoshani deylik. Xo‘-o‘p, hech kim xabardor bo‘lmadi. Lekin shuni o‘zingga ravo ko‘rasanmi?
—   Axir...
— Bas! Hoziroq nazoratchi oshnangning yoniga jo‘na. Qaytarvor. To‘g‘risini gapirishga uyalsang, biror bahona top!
Gangib qolgan Sulton harakatsiz o‘tirardi:
—   Tura qolsang-chi! — o‘dag‘ayladi mo‘ysafid. — Men nima dedim? Hoy, seni halol luqma bilan  boqqandim-ku. Arzimagan harom pulni deb...
—   Nima? — tutaqib ketdi Sulton.
Mo‘ysafid cho‘ntagiga qo‘l solib: — Senga qancha kerak? — dedi ko‘zidan o‘t chaqnab.
—   Hah, sizdek puli ko‘payganni... — olayib qaradi o‘g‘il.
—   Menga unaqa qarama!
Sulton istar-istamas o‘rnidan turdi-da, ortiga qaray-qaray ko‘cha eshigi tomon ketdi. Darvozani sharaqlatib yopgan edi, mo‘ysafid bir qalqidi. Ancha vaqt iztirob bilan yopiq darvoza tomon tikilib o‘tirdi. Kelini yaqinlashgan edi, dardli nigohini unga qadab: — Zardasini ko‘rdingizmi? — dedi shikoyatomuz.
Shahnoz yerga qaradi. Nimadir demoqchi bo‘ldi, ammo botinolmadi. Va qovog‘i solingan kuyi qaynotadan uzoqlashdi. Umidvor mo‘ysafidning ko‘z o‘ngida dunyo battar qorong‘ulashdi. Omon bo‘lgur, bir og‘iz «xafa bo‘lmang» ham demadi-ya!
Ko‘p o‘tmay mo‘ysafid hovuridan tushdi, ammo yuragi hamon g‘ash edi. «Xafa qip qo‘yding bolani. Yotig‘i bilan, muloyimlik bilan tushuntirsang ham bo‘lardi-ku!»  malomat qildi o‘ziga-o‘zi.
Sulton tushkun kayfiyatda darvozadan kirib kelar, nigohida «Qaytarvordim, ko‘nglingiz joyiga tushdimi?» degan malomatomuz  ifoda aks etardi. Buni anglagan mo‘ysafid: — Kechir o‘g‘lim, — dedi xijolatli jilmayarkan.
Sulton otasining yoniga o‘tirdi.
—   Dada-e...
Mo‘ysafid o‘g‘lining qo‘lini kaftlariga olib:
— Qo‘y, xafa bo‘lma. Bilasan-ku, xasdek «vag‘g‘» etib yonganimda ranjitib qo‘yaman-da, keyin pushaymon bo‘laman.
Mo‘ysafid hammasiga o‘zi aybdorday boshini egdi. Va o‘ta soddalik, mehribonlik bilan davom ettirdi:
—   Ha, aytmoqchi, o‘zim bersam-chi, o‘sha davlat beradiganini? Chin yurakdan aytyapman, bolam. Pulim bor.
Sulton qo‘lini tortib olarkan:
— Bilaman, puldorsiz, — dedi istehzo bilan. — Lekin bir oz undirib olsak davlat kambag‘al bo‘p qolarmidi? Sug‘urta badalini to‘layapman-ku!
Qo‘llari muallaq qolgan mo‘ysafid tag‘in mulzam tortib: — O‘g‘lim-a!.. — boshini sarak-sarak qildi. — Nima, o‘sha pul bilan sen boyib ketarmiding? Muallim bolam! Tushunsang-chi, mo‘ysafid otangni.
—   Tushunyapman, dada!
—   Tushunib turib ham...
—   Hamma shunaqa qiladi!
— Hamma shunaqa qiladi? — jahli chiqdi mo‘ysafidning. — Hammani o‘z toshing bilan tortma, bolam! Darvoqe, sug‘urtachilar kimnikida?
—   Hasan kirakashnikida. Nima edi?
—   Hasan kirakash ham sendek...
—   Bilmadim, — cho‘rt kesdi Sulton. — Boshqalar bilan nima ishim bor?
— O‘zing hamma shunday qiladi, deb aytding-ku. Boshqalar shunday qilgan taqdirdayam sen qilma, uqdingmi? Til va adabiyot muallimisan. Adabiyot, Odob...
— Zor qolgurning bahridan o‘tdim-ku, — baqirib yubordi Sulton avzoyi tundlashib. — Qutulmadimmi?!
Taom tayyor bo‘lgan ekan, Shahnoz suv olib keldi.
— Kam bo‘lmang, qizim, — titroq qo‘llarini yuvarkan, mo‘ysafid duo qildi. Va kelinning ta’bi g‘oyat tirriqligini angladi. «Bunisi ham xafa».
Osh ham keldi. Ota-bola dasturxonga qaradilar. Darvoza taqilladi-yu, ostonada qo‘shni bolakay ko‘rindi: — Sizni bir odam so‘rayapti, Sulton aka!
Xuddi shuni kutib o‘tirganday Sulton darhol qo‘lini artib, o‘rnidan turdi. U ketdi-yu, mo‘ysafid ham sochiqqa qo‘l uzatdi.
Tez ortiga qaytgan o‘g‘liga «Kim ekan?»  deganday qaradi mo‘ysafid.
—   Abbos amaki.
Mo‘ysafid taraddudlandi: — Abbos?!. O‘rtog‘immi?
Qo‘zg‘algan edi, Sulton shashtidan qaytardi. — Ketib qoldi, qo‘shnisining mashinasiga o‘tirib. Kiring dedim, unamadi.
—   Dadam shu yerda demabsan-da...
—   Shoshib turgan ekan. Uyi — to‘yxona!  O‘zingiz ham borgan ekansiz.
— Ha, boruvdim. Voy, esimdan ko‘tarilibdi! Sulton bolamga yetkazarsan, endi o‘zi oqshom bazmiga bosh-qosh bo‘lsin, deb iltimos qiluvdi, boyaqish. Ovora bo‘p o‘zi ham kepti-ya. Borarsan, «rais bolam?»
Otaning beozor jilmayishi Sultonga istehzodek tuyuldi va: — Xotirjam bo‘ling, bormayman, — dedi sovuqqina ohangda.
Tabassum mo‘ysafidning labida yaxladi.
— Bu nima deganing? «Rais»­liging, va’zgo‘yligingga qarshimidim? Aksincha, faxr­lanaman suxandon o‘g‘limdan.
—   E, qo‘ying!
Mo‘ysafidning yuziga xavotirlik soya soldi: — Aytmoqchi, yo‘q demadingmi Abbosga?
—   Mensiz ham o‘tadi to‘yi.
— Yaxshi emas. Abbosning o‘zi kepti-ya, muhtoj bo‘lib. To‘y sensiz ham o‘tadi, lekin...
Xayolchan o‘tirgan Shahnoz:  — Bu kishi «raislik»ni allaqachon tashlagan, ota, — dedi zaharli kulimsirarkan.
—   Bilaman, kayfiyating yo‘q.
Sulton ichkari tomon qadam bosgan edi:
— Bolam, — dedi mo‘ysafid. — Ha, yana nima? — og‘rinib so‘radi Sulton. Ota: — «Abbosni pisand qilmaysan, biron boyvachcha yoki mansabdorning to‘yi bo‘lganida va u kattaroq xonanda opkeganida, «ucharding!» demoqchi bo‘ldi-yu, ammo tilini tiydi.
 — Bolam, bor!.. — dedi yolvorgan ohangda. — O‘zi ovora bo‘p kepti-ya, qariya... Yosh o‘tgan sari ko‘ngil nozik bo‘p ketarkan. Arzimagan narsaga boshi osmonda, arzimagan narsaga yuragi chilparchin. Xafa bo‘p qolmasin, to‘yiga bor. Bora qol, jon bolam...
...Allamahalda mikrofon orqali butun mahallaga eshitilayotgan kuy-qo‘shiq, tantanali so‘zlarga ulanib ketgan suxandon o‘g‘lining va’zgo‘yligi nihoyasiga yetdi-yu, mo‘ysafid yengil tortganday «xayriyat-ey!» — dedi ichida. Xotirjam uxlamoqchi edi, bo‘lmadi. Kunduzgi manzara hamon ko‘z oldida jonlanar, xunobi oshib borardi. «Avlodimizda aldamchi yo‘q edi. Bolam, kimga tortding? Bergan tarbiyam, shuncha pand-nasihatlarim qayoqqa ketdi? Qayoqqa? Sen shunday pastkashlikni o‘zingga ravo ko‘rsang, ertaga sen tarbiyalagan zurriyod qanaqa odam bo‘larkin?»
Nabirasining oromini buzmaslik uchun qimirlamasa-da, ich-etini yeb adoyi tamom bo‘layotgan mo‘ysafid beixtiyor chuqur uf tortib, boshqa tarafga ag‘anadi.
—   Buva, — Umidning ovozi qulog‘iga kirdi.
—   Ey, buvang tasadduq!.. Mo‘ysafid nabirasi tomon qaytdi va uni bag‘riga bosarkan: — Uyg‘oqmiding? — dedi mehribonlik bilan.
Nabirasi: «Nega xafasiz?» — so‘radi bo‘g‘iq ovozda.
Mo‘ysafid hayajonlangan holda boshini ko‘tardi va: — Yo‘g‘-e! — deya yuzida mung aks etgan nabirasiga mehrli tikildi. — Nega xafa bo‘larkanman, shirintoyim?
— Dadamlar... — bolakay yig‘lamsiragan kuyi bir zum jimib qoldi va: — Siz xafa bo‘lmang, buvajon! — bobosini mahkam quchoqladi. — Iltimos, xafa bo‘lmang!
Bolakay yuragi dard-hasratga to‘la bobojonga tasalli berardi. Bunday yupatish va hamdardlikni kutmagan mo‘ysafid bir nafas o‘zini yo‘qotdi. Qattiq ta’sirlanganidan ko‘ziga yosh keldi. Tor kulbadan yorug‘ dunyo, musaffo havoga chiqqanday bo‘ldi. O‘zanda tipirchilab qolgan baliq o‘zini daryoi ravonda his etdi. Yengil nafas oldi.
—   Sendan ko‘nglim to‘q, bolajonim. Aqlli bolam! O‘g‘lonim!..
Muhammad SHODIY

Hurriyat Copyright

Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo

gzt.uz

press-uz.info



Sizga saytimizning qaysi bo'limi ma'qul bo'ldi?











Natijalar

GISMETEO.RU: ïîãîäà â ã. Òàøêåíò

Ïîäðîáíåå íà www.nbu.com -->





Hosting by UZINFOCOM