Bundan esa televizorlar savdosi bilan noqonuniy shug‘ullanuvchi kimsalar foydalanib qolishga urinishadi.
Respublikamiz bojxonachilari va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida ana shunday kimsalar fosh etildi.
Qamchiq dovonining Namangan viloyati hududida harakatlanayotgan “KamAZ” yuk mashinasi bojxona nazoratidan o‘tkazilganda unga ortilgan va muqaddam noqonuniy yo‘llar bilan olib kirilgan 46 million so‘mlik tovar-moddiy boyliklar orasida “Super Slim”, “Hairun” markali 76 ta televizor ham borligi aniqlandi. Yuk egasi V.Tojiboev ushbu tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvini tasdiqlovchi bironta ham hujjatni taqdim qila olmadi.
Toshkent viloyati bojxonachilari tomonidan O‘rtachirchiq tumanida harakatlanayotgan “AGB-PAZ3672-SPG” rusumli avtobus to‘xtatilib ko‘zdan kechirilganda salonda xorijda ishlab chiqarilgan, ammo tegishli hujjatlari bo‘lmagan 79 ta “Samsung” televizori olib ketilayotgani fosh qilindi. Aniqlanishicha, muqaddam Tojikistondan olib kirilgan salkam 80 million so‘mlik bu tovarlar bekobodlik A.Saidovga tegishli ekan.
Hozir yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Husen TANGRIYEV,
Davlat bojxona qo‘mitasi Matbuot xizmati inspektori
YASHIRIN SEX FOSH ETILDI
Yashirin iqtisodiyot taraqqiyot kushandasidir. Shuning uchun ham unga qarshi kurashish bugungi kunning muhim vazifalaridan biriga aylangan. Bu borada bo‘limimiz xodimlari tomonidan bir qator ishlar olib borilmoqda. Ko‘rilgan chora-tadbirlar tufayli noqonuniy ishlab chiqarish yo‘liga keskin g‘ov qo‘yilib, uning payi qirqilmoqda.
Tuman hududida faoliyat yuritayotgan yashirin sexlarni aniqlash yo‘nalishida o‘tkazilgan tadbir natijasida “Ulug‘bek” fermerlar uyushmasi hududida yashovchi Karimjon Jo‘rayev o‘z uyida hamtovoqlari Mirkomil Yuldoshev, Murod Berdiqulov, Zokir Shamsuddinov va Sardor Abduhamidovlar bilan birga mo‘may daromad topish ilinjida xonaki usulda yog‘ ishlab chiqarayotganligi aniqlandi. O‘tkazilgan tezkor tadbirda bu yerdan umumiy bahosi 3495296 so‘mlik moyjuvoz uskunalari va xomashyo mahsulotlari topildi. Mazkur holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, aybdorlar ayblariga yarasha jazo olishdi.
Bir donishmanddan “Eng kuchli odam kim?” so‘raganlarida, u: “O‘z nafsini yenga olgan kishi”, deb javob bergan ekan. Haqiqatan ham halollik bilan topilgan mol-davlatga shukrona keltirib yashash kishiga obro‘-e’tibor keltiradi. Aksincha, nafs jilovini bergan kimsalarning oxir-oqibat el-yurt oldida yuzlari shuvut bo‘lishi turgan gap. Yuqoridagi misol so‘zimiz isbotidir.
Ravshan JABBOROV,
Bosh prokuratura
huzuridagi SVOJJDLQK
departamenti Bekobod tuman bo‘limi boshlig‘i
MO‘MAY FOYDA ILINJIDA...
Sifatsiz mahsulotlar, ayniqsa, spirtli ichimliklar inson salomatligi uchun nihoyatda katta xavf tug‘diradi. Bu barchamizga ayon haqiqat. Ammo ayrim kimsalarning mo‘may daromad ko‘rish maqsadida sifatni kafolatlovchi hujjatlari bo‘lmagan alkogolli mahsulotlar savdosi bilan shug‘ullanishayotgani achinarli holdir.
Tumanimizda spirtli mahsulotlar noqonuniy savdosining oldini olish maqsadida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ana shunday tadbirlardan birida fuqaro M.Mirxo‘jayevga qarashli savdo shoxobchasi faoliyati tekshiruvdan o‘tkazildi. Tekshiruv yakunida ushbu fuqarodan umumiy qiymati 159700 so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari, shu jumladan, 80000 so‘mlik spirtli ichimliklar olib qo‘yildi va huquqbuzar shaxsga nisbatan tegishli jazo choralari ko‘rildi.
Tumandagi “Tropikanka” MCHJga qarashli savdo tarmoqlarida o‘tkazilgan tekshiruvlarda nazorat-kassa mashinalari xotirasiga 12282500 so‘m miqdoridagi savdo tushumi pullari kiritilmagani, korxona do‘konlari savdosiga qo‘yilgan umumiy qiymati 16368100 so‘mlik alkogolli mahsulotlar kirim hujjatlari va muvofiqlik sertifikatlariga ega emasligi ma’lum bo‘ldi. Tekshiruv yakunida ushbu mahsulotlar vaqtinchalik olib qo‘yildi va korxonaga nisbatan aniqlangan qonunbuzarlik holatlari yuzasidan tegishli moliyaviy jazo choralari ko‘rilishi nazoratga olindi.
Sh.SHOMANSUROV,
Chilonzor tumani DSI bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari |