XXI asr — axborot asri, globallashuv jarayonlarining misli ko‘rilmagan darajada tezlashuvi davri, yuksak texnologiyalar zamoni. Bularning barchasi to‘g‘ri. Bu yutuqlarning hammasi insonning baxtu kamoli uchun xizmat qilishi lozim.
Lekin yana bir inkor qilib bo‘lmaydigan tomoni shundaki, agar biz ogoh va hushyor bo‘lmasak, qudratli axborot oqimidan ham, globallashuv jarayonlaridan ham, yuksak texnologiyalardan ham katta xatarlar sodir bo‘lishi turgan gap. Buning tasdig‘ini soxta axborotlarning tarqatilishi oqibatida dunyoning ba’zi mamlakatlarida qonli to‘qnashuvlar, janjal va to‘polonlar kelib chiqayotgani, ishlab chiqarish, sanoat sohalarining, jahon iqtisodiyotining globallashuvi tufayli tabiatga, atrof-muhitga jiddiy zarar yetkazilayotgani, bu o‘z navbatida, globallashuvga qarshi kuchlarning qattiq noroziligiga sabab bo‘layotgani, texnogen falokatlar soni tobora ko‘payib borayotgani (masalan, Yaponiyaning Fukusima shahridagi atom elektr stantsiyasidagi portlashlar, Rossiyaning Sayano-Shushensk GESidagi halokat, GLONAS tizimida muvaffaqiyatsizliklar) va boshqa ko‘plab misollarda ko‘rish mumkin. Shu ma’noda, bugungi davrni axborot zamoni, globallashuv zamoni yoki yuksak texnologiyalar zamoni deyishdan ham ko‘ra, ogohlik zamoni, deb atash, bizningcha, har tomonlama o‘rinli va asoslidir.
Mamlakatimiz Prezidenti Islom Karimov 1996 yildayoq «O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari» kitobida «Ogoh bo‘ling, odamlar!» degan so‘zlar bilan bejiz insoniyatni hushyorlikka va sezgirlikka chaqirmagan edi. Bu — kelgusi, XXI asr ogohlik zamoni bo‘lmog‘i zarur ekani haqida Yurtboshimiz tomonidan bildirilgan haqqoniy da’vat edi. Keyingi voqealar rivoji, dunyo taraqqiyotidagi bugungi ijobiy va salbiy tendensiyalar bu da’vatning naqadar to‘g‘ri ekanini isbotlamoqda.
Haqiqatan ham, bugungi murakkab zamonda odamzot har qadamda hushyor bo‘lmasa, avvalo, uning o‘zi kashf etgan texnik yangiliklar foyda emas, zarar keltirishi mumkin. Eng yomoni, insonlar o‘rtasidagi loqaydlik va beparvolikdan g‘arazli kuchlar foydalanib, o‘zlarining yovuz niyatlarini amalga oshirishi hech gap emas.
Eng yomoni shundaki, loqaydlik va beparvolikning o‘zi bugungi kunda katta xatarga aylanmoqda. Ana shunday e’tiborsizlik, loqaydlik natijasida bugun butun dunyoga «ommaviy madaniyat» bemaza qovunning urug‘idek tez tarqalib ketmoqda. Agarda har bir odam «ommaviy madaniyat» namunalarida qanday katta xavf-xatar borligini sezsa, o‘ziga o‘zi «Axir, insoniylik mezonlaridan uzoq, soxta bunday «madaniyat» menga hech qanday foyda bermaydi-ku? Uning turgan-bitgani zarar-ku?» degan haqqoniy savollarni berib, ularga javob topib yashasa edi, albatta, hozirgi xavotirga hojat qolmagan bo‘lardi. Lekin odam bunday savollarni o‘ziga berishi va sergak tortishi uchun hayotga, uning sinovlariga ruhiy-ma’naviy jihatdan tayyor bo‘lmog‘i lozim. Buning uchun oiladan boshlab maktab, mahalla va mehnat jamoasigacha — jamiyatdagi barcha tarbiya institutlari o‘zaro hamjihatlikda, izchil ish olib borishi zarur. Zero, Prezidentimiz «Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch» kitobida aynan ana shu institutlarning ma’naviyatni shakllantirish va yuksaltirish borasidagi o‘rni va ta’siri haqida alohida to‘xtalgani bejiz emas. Xususan, Yurtboshimiz oila haqida quyidagi fikrlarni ta’kidlaydi: «Hammamizga ayon bo‘lishi tabiiyki, oila sog‘lom ekan — jamiyat mustahkam, jamiyat mustahkam ekan — mamlakat barqarordir».
Ma’lumki, jamiyat turli yosh va kasb-kordagi, har xil qarash va e’tiqoddagi odamlar uyushmasidan iborat. Ana shu odamlarning barchasi yuqorida zikr etilgan ijtimoiy institutlar tarbiyasidan o‘tadi. Binobarin, bugungi kunda insonning qalbi va ongini egallashga urinayotgan yot, zararli ta’sirlarga, ekstremistik oqimlarga qarshi turishda ana shu ijtimoiy tuzilmalarning ahamiyati tobora ortib bormoqda.
Hozirgi vaqtda inson hayotiga, uning his-tuyg‘ulari, ma’naviy olami, tushuncha va tasavvurlariga ta’sir etishning yangi-yangi makkorona usullari o‘ylab topilmoqda. Ba’zan oddiy va beozor tuyuladigan kompüyuter o‘yinlari, qo‘l telefonidagi klip va lavhalar, badiyatdan mutlaqo yiroq musiqiy shovqin-suronlar, almoyi-aljoyi gap-so‘zlar orqali xalqimiz hayotida ming yillar davomida shakllangan yuksak qadriyatlarni qo‘porishga, yoshlarning endigina kuchga to‘lib kelayotgan ruhiy dunyosini, hissiyotlar olamini egallashga qaratilgan urinishlar sezilib qoladi. Masalan, Rossiyaning «Primera» telekanali orqali namoyish etilgan bir filmda erta-indin nikoh to‘yi bo‘ladigan qizni otasi boshqa bir notanish yigit bilan uchrashib yurgani uchun jazolamoqchi bo‘ladi. Shunda onasi o‘rtaga tushib: «Jonim, sen ko‘p ham bezovta bo‘laverma, yaxshisi, u bilan o‘zim gaplashaman. Ayol zoti, harqalay, bir-birini yaxshi tushunadi, shunday emasmi?» deydi. Er rozi bo‘ladi. Onasi qizning xonasiga kirib, unga nasihat qilish o‘rniga o‘zining «yoshlik sarguzashtlari»ni aytib, uning ko‘nglini ovutmoqchi bo‘ladi: «Otangni qo‘yaver. To‘g‘risini aytsam, men ham to‘ydan bir kun oldin tunni ketvorgan bir yigit bilan o‘tkazganman. To‘ydan keyin ham ko‘nglim qurg‘ur boshqalarni tusab turardi. Nima qipti, tuyg‘ularimga tez-tez erk berib turardim! Ha, yashash kerak-da! Lekin go‘l otang bu gaplardan mutlaqo bexabar». Ona bilan bola miriqib kulishadi. Boyaqish ota ko‘kragini changallab, nima qilarini bilmaydi. Mana sizga, soxta «ommaviy madaniyat»ning haqiqiy basharasi, «erkin axloq» deb atalayotgan «madaniyat»ning chirkin mohiyati!
Boshqa bir misol. «Argumentû i faktû» gazetasining shu yilgi 19-sonida e’lon qilingan xabarda jamoatchilik o‘rtasida mashhur ikki ijodkor shaxs — taniqli qo‘shiqchi shoir Ilüya Rezinik va estrada xonandasi Lyubovü Uspenskaya o‘rtasida bo‘lib o‘tgan dahanaki jang tafsilotlari hikoya qilinadi. Albatta, hayot bor joyda kelishmovchilik bo‘ladi. Tabiiyki, bundan nozikta’b ijodkorlar ham mustasno emas. Agar ma’naviyatga, axloqqa bog‘liq nozik bir jihati bo‘lmasa, bu mojaroga e’tibor berib o‘tirishning hojati ham yo‘q edi. Gap shundaki, janjalga Ilya Rezinik she’rlari bilan aytiladigan 18 ta qo‘shiq muallifning ruxsatisiz L.Uspenskaya tomonidan o‘zlashtirib olingani sabab bo‘lgan. Rossiyaning NTV telekanali orqali beriladigan «Davayte, mirit’sya» («Kelinglar, yarashaylik») ko‘rsatuvi ikki ijodkor o‘rtasida qozilik qilish uchun maxsus teleko‘prik tashkil etadi. Shunda Lyubov Uspenskaya osmondan kelib nima deydi deng? «Avval Rezinik mening ...dan o‘psin, yarashish haqida keyin gaplashamiz». O‘zingiz tasavvur qiling, millionlab teletomoshabinlar o‘rtasida (ularning orasida yoshlar ham, keksalar ham, ayollar ham, erkaklar ham bor, albatta) o‘zining axloqsizligini targ‘ib etayotgan bu san’atkorning ma’naviyati g‘arib va jirkanch bo‘lsa, qo‘shiqchilik iste’dodi sariq chaqaga arziydimi? Odamlar uchun ibratli, ularning ichki dunyosi, didi va tuyg‘ularini tarbiyalashga xizmat qiladigan ko‘rsatuvlar o‘rniga ko‘pchilikning e’tiborini mana shunday bo‘lmag‘ur, beparda mojarolarga tortayotgan telekanalning, bu jamoada xizmat qilayotgan jurnalistlarning jamiyat oldidagi mas’uliyati, fuqarolik pozitsiyasi qayerda qoldi? Ana shunday «mashhur»lar ortidan borayotgan yoki boradigan yosh «yulduzcha»lar kammi?!
Albatta, buni shu kabi axborot vositalarining rahbarlari tushunishni ham xohlamaydi. Chunki ular uchun tomoshabinlar doirasining kengayib borishi va shuning hisobidan keladigan daromad muhimroq. Boshqa narsa ularni zarracha qiziqtirmaydi. Lekin o‘zining oilasi, farzandlarining kelajagi, ularning ertangi ma’naviy qiyofasini o‘ylagan ming-minglab insonlar-chi? Ular nega bunday holatlarga beparvodirlar? Shu singari holatlar birgina millatning yoki mamlakatning muammosi, deyish xatodir. Chunki axborot, adabiyot va san’atning chegarasi yo‘q. Ulardan «yasalgan» qurol esa har qanday ko‘ngilni yaralashga qodir.
Loqaydlik bor ekan, bizning ma’naviyatimizga qarshi tahdidlar kamayish o‘rniga ko‘payib boraveradi. Prezidentimiz «Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch» asarida aynan ana shunday xavfdan ogohlantirib yozgan edi: «Azaldan ma’lumki, beparvo odam dushmandan ham xavfliroqdir. Chunki dushmanning kimligi, asl qiyofasi siz uchun oldindan ma’lum bo‘ladi. Biroq loqayd va beparvo odamning qiyofasini birdaniga bilib bo‘lmaydi. Shuning uchun u ichingizda yurib, sizga qarshi tish qayraydigan dushmanlar uchun imkoniyat yaratib beradi».
Loqaydlik va beparvolikdan xalos bo‘lish uchun nima qilish kerak? Buning uchun inson yoshligidan boshlab o‘z ustida ishlashi, o‘zini har kuni, har soatda tarbiyalab borishi lozim. Mamlakatimizda nima uchun bolalar sporti rivojiga, har bitta tumanda zamonaviy musiqa va san’at maktablari barpo etish masalasiga katta e’tibor berilyapti. Chunki sport va san’at bilan oshno bo‘lib o‘sgan bola hech qachon beparvo bo‘lmaydi. Uning ichki olami, hissiyotlari doimo yangilikka intiladi. Har kuni, har soatda o‘z qalbida, yon-atrofidagi voqealarda, tabiat va jamiyatda bir yangilik, bir mo‘‘jiza ko‘radi. O‘zi ham, qalbi va vujudi ham ana shu yangiliklarga hamohang tarzda o‘zgarib boradi.
«Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch» kitobida «ma’naviy jasorat» tushunchasi haqida atroflicha fikr yuritilgani bejiz emas. Chunki aynan ma’naviy jasorat insonni loqaydlik, beparvolik kayfiyatidan, o‘ziga, o‘z kuchiga ishonchsizlik va qat’iyatsizlikdan xalos etadi. Umuman, ogohlik va ma’naviy jasorat o‘zaro mushtarak tushunchalar bo‘lib, ma’naviy jasorat egasi bo‘lgan odam beparvo yashay olmaganidek, qalbi hamisha bedor, sergak va ogoh bo‘lgan inson ham har lahzada ma’naviy jasorat ko‘rsatishga tayyor bo‘ladi. Bu Prezidentimizning kitobida birinchi bor chuqur asoslab berilgan g‘oyat muhim falsafiy qarashdir. Uning ma’no-mazmuni, ahamiyatini odamlar, ayniqsa, yoshlarning ongiga singdirish, shu tariqa bugungi kunda ularni har tomonlama ogoh va ma’naviy jasorat egalari qilib tarbiyalash biz — ma’naviyat sohasi xodimlarining muqaddas burchimizdir.
G‘ofurjon SHODIYEV,
Respublika Ma’naviyat targ‘ibot
markazining huquqiy targ‘ibot bo‘limi mudiri
|