Muammo va tanqid

03 Noyabr 2011 19:59
BAYONOTLAR BILAN AMALIY ISHLAR
BIR-BIRIGA ZID KELGANDA
“Xovar” agentligi 2011 yil 26 oktyabr kuni Tojikiston Respublikasi hukumatining Rog‘un GESi qurilishidagi ishlarning borishiga oid rasmiy bayonotini e’lon qildi.
Bayonotning asosiy ma’no-mazmuni Tojikiston tomoni Rog‘un GESi loyihasini xalqaro ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha Jahon banki bilan tuzilgan bitimga qat’iy amal qilishda davom etayotganini va loyiha xalqaro ekspertizasining yakuniy natijalarini kutmasdan Amudaryoning irmog‘i — Vaxsh daryosi oqimini to‘sish bo‘yicha dastlabki bos­qichdagi ishlarga kirishmoqchi emasligini ta’kidlashga qaratilgan.
Xalqaro ekspertlar ishiga go‘yoki hech qanday to‘sqinlik qilinmayapti, Rog‘un GESi inshootida amalga oshirilayotgan barcha ishlar esa  faqat ta’mirlash-tiklash xususiyatiga ega.
Keling, aniq faktlarga murojaat etaylik. Tojikiston Respublikasi hukumatining mazkur bayonotida “Rog‘un GESining texnik imkoniyatlari, iqtisodiy samaradorligi, ekologik xavfsizligi ko‘p marta tekshiruvdan o‘tkazilgan va ushbu loyiha biror marta ham salbiy baho olmagan”, deb ta’kidlanadi. Biroq bu haqiqatga  mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi.
Ma’lumki, Rog‘un GESi qurilishiga oid loyiha o‘tgan asrning 70-yillari, ya’ni sho‘rolar davrida tayyorlangan va hech qanday ekspertizadan, chunonchi, xolis xalqaro ekspertizadan o‘tkazilmagan. Ob’ekt qurilishi 1976 yilda KPSSning XXIV s’ezdi direktivalariga muvofiq boshlangan, qurilish bo‘yicha hech qanday muhokama yoki taftish  o‘tkazilmagan. SSSR parchalanib ketgach, ushbu ob’ektdagi ishlar ham to‘xtatilgan. Aynan shuning uchun ham Tojikiston tomoni ob’ektni ekspertizadan o‘tkazish masalasi yuzasidan hozirgi kunga qadar hech qanday hujjat taqdim eta olmayotir. 
Rog‘un GESi loyihasi bilan tanish bo‘lganlar uchun sir emaski, balandligi 335 metrlik ulkan to‘g‘on qurilishi uchun tanlangan maydon yer qobig‘ining seysmotektonik yorig‘ida joylashgan bo‘lib, mazkur hududda yer qatlamining siljishi kuzatiladi hamda yuvilib ketish ehtimoli kuchli bo‘lgan qalinligi qariyb 100 metrni tashkil etuvchi ulkan tuz qatlami mavjud.
Tabiiyki, bunday sabablar, boshqa ko‘pchilik singari, ekspertiza o‘tkazayotgan xalqaro konsortsium mutaxassislarida ham lo­yihaning xavfsizligi borasida jiddiy shubha uyg‘otmoqda. Xususan, to‘g‘on barpo etilishi mo‘ljallanayotgan joy  — maydon seysmotektonik yorig‘da, tuz qatlami ustida joylashganini hisobga oladigan bo‘lsak, mazkur hududning mustahkamligi va ishonchliligini tekshirmasdan turib  u yerda to‘g‘on qurish haqida o‘ylashning o‘zi ham mantiqqa ziddir. Boz ustiga, Rog‘un GESini barpo etish ko‘zda tutilayotgan zona Rixter shkalasi bo‘yicha 8-10 balli zilzilalar tez-tez sodir bo‘ladigan seysmik faol hududda joylashgan. Ekspertlarning bunday asosli va qonuniy talablari Tojikiston tomonidan qo‘yilayotgan turli to‘siqlarga duch kelmoqda. Chunonchi,  Tojikiston tomoni  ekspertiza jarayonida razvedka burg‘ilash ishlarini istisno etishga jon-jahdi bilan urinmoqda. O‘z navbatida, bu xalqaro konsortsium ekspertlari bilan Tojikiston hokimiyat organlari o‘rtasida jiddiy kelishmovchiliklarni keltirib chiqarmoqda.
Shunday ekan, Tojikiston hukumatining bu borada xalqaro konsortsium bilan to‘liq hamfikr ekaniga oid bayonoti haqiqatga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Tojikiston sanoat va energetika vaziri Sh.Gulning ushbu loyihaning ekologik va ijtimoiy ekspertizasi natijalari qanday bo‘lishidan qat’i nazar, Tojikiston tomoni o‘zining Rog‘un GESi qurilishi bo‘yicha ishlarni davom ettirish to‘g‘risidagi qarorini o‘zgartirmasligi haqidagi bayonoti ommaviy axborot vositalarida  ko‘p bor  e’lon qilindi.
Tojikiston rahbariyati joriy yil oxiriga qadar to‘g‘on qurilishi uchun Vaxsh daryosini to‘sish bo‘yicha ishlarni boshlashni rejalashtirayotgani Jahon banki mutaxassislariga yaxshi ma’lum. Ya’ni, xalqaro eks­pertiza yakunlanishini kutmasdan, balandligi 120 metrlik oraliq to‘g‘onni qurib bitkazish va shu tariqa  xalqaro hamjamiyatni tang ahvolga solib qo‘yish ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, Tojikiston hukumatining Rog‘un GESi hududida hozirgi vaqtda faqat ta’mirlash-tiklash ishlari olib borilmoqda, degan bayonoti ham haqiqatga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi.                                       
Aks holda, 2010 yilda «ta’mirlash-tiklash ishlari» deb atalgan ishlarga faqat davlat byudjetidan qariyb 150 million AQSh dollari sarflanganini  qanday izohlash mumkin? Joriy yilda bunday ishlar uchun byudjetdan yana 191 million dollar sarflash nazarda tutilgan. Va, nihoyat, 2012 yil uchun byudjet loyihasida ushbu maqsadlar uchun 223 million dollar ajratish mo‘ljallanmoqda.
Shuningdek, Rog‘un GESi maydonida qariyb besh ming kishi ishlayotgani ham ma’lum. Ta’mirlash-tiklash ishlari uchun bu darajada ko‘p ishchi kuchi talab etilmasligini barcha juda yaxshi biladi.
Tojikiston hukumatining bayonotida yuqorida keltirilgan bunday faktlar haqida lom-mim deyilmagani, mamlakat rahbarlarining xalqaro jamoatchilikdan bu boradagi haqiqiy vaziyatni yashirishga bo‘lgan navbatdagi qaysarona urinishidan va yuz berishi mumkin bo‘lgan halokatli texnogen, ekologik va sotsial oqibatlarga qaramasdan Rog‘un GESi loyihasini amalga oshirish niyatidan qaytmoqchi emasligidan boshqa narsa emas.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Tojikiston rahbariyatiga yo‘llangan mustaqil xalqaro ekspertlarning fikriga quloq tutish va dunyo tajribasida qurilishi allaqachon to‘xtatilgan bunday yirik, jahondagi eng baland to‘g‘on barpo etish niyatidan voz kechish hamda elektr energiyasi ishlab chiqarish borasida muqobil manbalar topish, jumladan, kichik GESlar qurish xususidagi bayonot va da’vatlar e’tiborsiz qoldirilayotgani afsuslanarlidir.

Hurriyat Copyright

Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo

gzt.uz

press-uz.info



Sizga saytimizning qaysi bo'limi ma'qul bo'ldi?











Natijalar

GISMETEO.RU: ïîãîäà â ã. Òàøêåíò

Ïîäðîáíåå íà www.nbu.com -->





Hosting by UZINFOCOM