Muammo va tanqid

12 Yanvar 2012 21:16
BESHIK TO‘YI
— Otangga ayt, beshik to‘yi qilsin!
Qaynonasining kutilmagan iddaosidan Zamira kalovlanib qoldi.
— Axir... — deb og‘iz juftlagandi, qaynonasi bobillab berdi.
— Mendayam orzu-havas bor. Bugun bor  bo‘lsam, ertaga... Salima opadan qayerim kam, udli-shudli to‘rt o‘g‘lim bor...
Zamira chirillab yig‘layotgan o‘g‘lini beshikdan olayotib, ko‘zidan duvillab yosh quyuldi. Kechki ovqatdan so‘ng Sobir dasturxonni yig‘ishtirayotgan Zamiradan so‘radi:
— Ha, buncha qovoq-tumshug‘ing soliq?
Zamira jilmayishga urindi-yu, uddasidan chiqolmadi. Aksiga olgandek, qoshlari chimirilib ketdi. Indamadi. Shundan keyin Sobir savol nazari bilan onasiga qaradi.
— O‘qrayma, — dedi unga Halima opa. — Beshik to‘yi qilamiz degandim, yoqmadi.
— Beshik to‘yi, deysizmi?
— Ha, nega angrayasan?
— Axir, onasining yili ham o‘tgani yo‘q-ku!
— Ishing bo‘lmasin, ana Nodir do‘konchi onasining yili tugul, qirqi o‘tmasdan o‘g‘lini uylantirdi.
Bu gapdan so‘ng Sobir shasht bilan o‘rnidan turib, hovliga chiqdi.
— Bu uyda baribir mening aytganim bo‘ladi, — deb qichqirdi Halima opa uning ortidan.
Ertasiga Zamira onasinikiga bordi. Hamidulla aka qizining kelganidan ko‘ngli tog‘dek ko‘tarildi. Kuyovi, nevarasi va qudalarining sihat-salomatligini surishtirdi.
Tushga yaqin novvoyxonada ishlaydigan singlisi Gulbahor keldi. Zamira ilgari bilmasmidi yoki razm solmaganmi, harqalay, singlisining bo‘yi cho‘zilib qolibdi. Ko‘zlari qurmagurni qarang, har qanday yigitning aqlini shoshiradi. Naq beliga tushgan ikki o‘rim sochi go‘yo ilondek to‘lg‘anib yotibdi. Uzun, bir-biriga tutashgan qoshlari misoli bir kamondek. Zamira sing­lisiga qaragancha, chuqur xo‘rsindi.
— Nima bo‘ldi? — deb so‘radi Gulbahor opasining shashti pastligini ko‘rib. — Pochcham xafa qildilarmi?
— Qiziqsan-a.
— Qaynonangizmi? — o‘smoqchilab so‘radi yana u.
Zamira «yo‘q» degandek bosh chayqadi.
Gulbahor nimanidir sezgandek, yuragi g‘ashlandi. Opasini zimdan ko‘zdan kechirdi. Hali yosh bo‘lsa-da, yumshoq qo‘llari dag‘allashibdi, peshonasiga ajin tushibdi. Ustidagi qora duxoba kiyimi ham uniqqan. Nima bo‘ldi, ekan? Gulbahor anchagacha opasidan gap ololmagach, tushlik uchun kelgan otasiga opasining mashqi pastligini aytdi.
— Zamira, ona qizim, nima bo‘ldi?
Otasining mehr to‘la ko‘zlariga qarab, Zamira yorildi.
— Beshik to‘yi deyishyapti.
— Beshik to‘y?! — Hamidulla aka o‘zi aytgan so‘zni takrorlarkan, bo‘g‘ziga nimadir kelib taqalgandek bo‘ldi. Beixtiyor o‘rnidan turdi. Xonaning u boshidan bu boshiga bir necha bor borib qaytdi, so‘ng joyiga o‘tirdi.
— Oilang tinch bo‘lsin, ko‘nglingga olma qizim. Beshik to‘y qilamiz.
— Oyimni yili o‘tgani yo‘q-ku, — dedi Gulbahor labini tishlab.
— Shunga kuyaman-da, bolam. Hay, mayli. Opang tinch bo‘lsa, biz ham tinchmiz.
— Uch ukamdan qanday orttirasiz, bu yoqda Gulbahorni bo‘yi yetib turgan bo‘lsa, — dedi Zamira.
— Xudoyim hammani rizqli qilib yaratgan. Bir gap bo‘lar, qizim...
Oradan bir oycha vaqt o‘tdi. Kunlarning birida ko‘chada karnay-surnay ovozi eshitildi. Odamga liq to‘la avtobus Zamiralarning uyi oldiga kelib to‘xtadi.
Beshik to‘yi boshlandi. Hovli yoshu qarining qiy-chuviga to‘ldi.
Zamira mashinadan yuklarni tushirayotib, qizil duxoba yostiqlarni ko‘rib qoldi. Onasi ikki qiziga ikkitadan yostiq olgan edi. Yostiqni ushlagan Zamira lablari pir-pir ucha boshladi. Gulbahor opasining tirsagidan ushladi-da:
— Xafa bo‘lmang, opajon, bular topiladi, ishlayapman-ku, — dedi.
Zamiraga bu so‘zlar uzoq-uzoqdan eshitilgandek bo‘ldi. Qaynonasi bo‘lsa, hech narsa bo‘lmagandek, bir uy xotin-xalajga gap bermay o‘tirardi...
Xolxo‘ja MIRZAYEV

Hurriyat Copyright

Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo

gzt.uz

press-uz.info



Sizga saytimizning qaysi bo'limi ma'qul bo'ldi?











Natijalar

GISMETEO.RU: ïîãîäà â ã. Òàøêåíò

Ïîäðîáíåå íà www.nbu.com -->





Hosting by UZINFOCOM