Yurtimizda biz, yoshlarga katta imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Bundan unumli foydalanishimiz, a’lo o‘qishimiz, yaxshi xulqli bo‘lishimiz, ongimiz va tafakkurimizni boyitmog‘imiz, mustaqil, ozod Vatanga sodiq farzand bo‘lib voyaga yetmog‘imiz kerak. Maktabda a’lo baholarga o‘qish esa darsliklarimiz, daftar va boshqa o‘quv qurollarimiz bilan chambarchas bog‘liq. Biroq... |
Hozirgi kunda ishlab chiqarilayotgan “Umumiy daftar” va “Kundalik reyting daftar”larining muqovasiga estrada xonandalari, rok va rep ijrochilari, chet ellik yengiltak qo‘shiqchilarning turli kliplaridagi suratlari aks etgan. Estrada xonandalarimiz va boshqa ijodkorlar, ayniqsa, ayol ashulachilar sochlarini yoyib, yuzlariga turli xil bo‘yoqlarni chaplagan holda tor shim kiyib olishgan. Boz ustiga qornining bir qismi ochiq. Mini yubkalar, yupqa matolardan tikilgan, badani ko‘rinib turadigan ko‘ylaklarni egniga tashlab olgan “mashhur”larning suratlarini aytmaysizmi?
Bir qarashda bu holat unchalik yomon illat sifatida ko‘zga tashlanmas, ammo bunga ko‘z yumib ham bo‘lmaydi. Negaki, daftarlar muqovasidagi har xil suratlar o‘quvchini bilim olishdan chalg‘itish bilan birga, ularning ma’naviy dunyosiga ham daxl qiladi. Ko‘pchilik qizlarimiz suratlardagi aktrisa va qo‘shiqchilarni ko‘rib, ularga ko‘r-ko‘rona taqlid qilishmoqda.
Bugun yurtimizda ishlab chiqarilayotgan daftarlar muqovasida matematika formulalari, karra jadvali, og‘irlik va uzunlik o‘lchovlari, harflar va so‘zlarning yozilish qoidalari kabilar berib borilsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi.
Iroda SOBIROVA,
Xiva tumanidagi
4-sonli litsey o‘quvchisi |