Muammo va tanqid

21 Dekabr 2011 19:30
G‘IYBAT HAQIDA “G‘IYBAT”LASHAMIZ
Ko‘pincha qulog‘imizga chalinib qoladigan g‘iybatomuz gaplarga e’tibor qilmaymiz. Aslida e’tiroz bildirgimiz keladi. Ammo og‘iz ko‘pirtirayotgan o‘sha odamga razm solib, bundaylarga pand-nasihatlar kor qilmasligiga amin bo‘lamiz. G‘iybat insonga xos bo‘lmagan illat sifatida azaldan qoralangan.
Muqaddas Islom dinida ham g‘iybat va g‘iybatchilik nechog‘li gunoh ekanligini isbotlovchi hikoyat va rivoyatlar mavjud. Ulardan birida shunday deyiladi:
Anas (r.a)dan rivoyat qilinadi: Rasuli Akram (s.a.v) aytadilar: Me’roj kechasi bir guruh kishilarga duch keldim. Tirnoqlari bilan yuzlarini timdalardilar. Ey, Jabroil, bular kimlar? — dedim.
— Ular insonlarni g‘iybat qilganlar, yaxshilarning or-nomusiga til tekkizganlar! — dedilar”.
Nahotki, buning davosi bo‘lmasa? Axir, g‘iybat qilayotgan odam nafaqat g‘iybat qilinayotgan insonga, balki nazardan qolib undan ham ziyod darajada o‘ziga zarar yetkazadi-ku!..
Yaqinda ko‘pdan beri ko‘rmagan dugonamni uchratib qoldim. U yashab turgan mahallasidan ko‘chib ketish uchun uy qidirayotganini aytib qoldi. Qayerdan olishni mo‘ljallayapsiz, deb so‘rasam “g‘iybat kamroq joydan” deb alam bilan kulib qo‘ydi. Bu istehzoning sababini keyinchalik bildim. U xo‘rsinib, ko‘z yoshi aralash boshidan o‘tganlarini aytib berdi:
“Men “Odnoklassniki” deb nomlanuvchi saytga kirgan edim. Bu bilan ota-onam sha’niga dog‘ tushiradigan ish qilganim yo‘q, faqat zerikkan paytlarimda do‘stlarim bilan suhbatlashardim va u yerga bir-ikkita suratlarimni ham joylashtirgandim. Kunlarning birida otam uyga ranglari o‘chgan holda kirib keldi. Menga “Qizim, rasm­laringni qayerga joylashtirgan bo‘lsang, olib tashla!”, dedi. Shu kuni otamning ahvoli og‘irlashib qoldi, shifoxonaga olib ketishdi, o‘ta qattiq siqilishdan miyaga qon quyilgan ekan. O‘sha yerda vafot etdi. Keyin bilsam, mahallamizdagi bir kishining o‘g‘li “odnoklassnik”dan mening rasmlarimni “topib olgan” va otasiga ko‘rsatib: “Qarang, G‘ayrat akani qizi” degan. Otasi esa mahallada “bitta qizini eplay olmapti”, “qandaydir saytda rasm­lari bor ekan”, “qizi o‘zini o‘zi reklama qilmoqchi” degan bo‘lmag‘ur gaplar tarqatibdi. Bu gaplar esa, tabiiyki, otamning qulog‘iga yetgan ekan.
Endi ko‘chamizdan o‘tayotganimda bo‘g‘zimga nimadir tiqiladi... Balki, ehtiyotsizligim, soddaligim tufayli bunga o‘zim ham sababchidirman. Ammo aslida haqiqiy aybdorlar — g‘iybatchilardir.
Dugonamning kuyunib ayt­gan gapida jon bor edi. Bilib-bilmay aytilgan «gap-so‘z»lar tufayli bir inson hayotdan ko‘z yumgan. Nahotki, birovning ortidan yomonlab, uning illatlarini to‘lib-toshib gapirgandan biror naf bo‘lsa? Hech shu savolni g‘iybat qilayotganlar o‘ylab ko‘rarmikin?!
Xalqimiz — mehribon, mehmondo‘st va ochiqko‘ngil.  Avvallari  “g‘iybatchi” degan nomni ayollarga nisbatan ishlatishardi, endilikda erkaklar ham bu borada ulardan qolishmaydigan ko‘rinadi.
Barcha nojo‘ya ishlar bekorchilik sabab kelib chiqadi. Shu bois, birovning ortidan gapirgandan ko‘ra foydali ishlar bilan shug‘ullangan ma’qul. G‘iybat kam joyni qidirgandan ham foyda yo‘q, chunki bunday joy avvalambor ko‘ngilda paydo bo‘lishi lozim. Demak, birinchi galda ko‘ngilni poklash kerak. Shunda til ham g‘iybat qilishdan «uyaladi». Zero, joy odamni emas, odam joyni obod qiladi, deb bejizga aytilmagan.
Nodira INOG‘OMOVA,
O‘zDJTU talabasi

Hurriyat Copyright

Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo

gzt.uz

press-uz.info



Sizga saytimizning qaysi bo'limi ma'qul bo'ldi?











Natijalar

GISMETEO.RU: ïîãîäà â ã. Òàøêåíò

Ïîäðîáíåå íà www.nbu.com -->





Hosting by UZINFOCOM