Bu, bir jihatdan, har bir xalq ma’naviy xazinasini yanada boyitadigan omil, ikkinchidan, adabiyot maydoni tomon qimtinib qadam tashlayotgan yoshlar uchun ijobiy ma’nodagi sinov hamdir. Undan o‘ta oladigan darajada bilim, iqtidorga ega bo‘lganlar esa sanoqli. Agar bo‘lsa... Bo‘lmasa-chi?!
Bugun biror yosh yozuvchining «Men hikoyachilikda Shukur Xolmirzayevga tenglasha olmasam-da, bundayroq yoza olaman», deyishi qanchalik samimiy bo‘lsa, shunchalik kulguli hamdir. Qolaversa, yosh yozuvchi oldida o‘rta avlod vakillari shu paytgacha duch kelmagan, bir qarashda juda oddiy, aslida nihoyatda murakkab jarayon turibdi. Bu jarayonga kirishishdan avval ular bugun adabiyot bilan basma-bas rivojlanib kelayotgan badiiy publitsistika bilan o‘zlari yaratayotgan asarlar o‘rtasidagi chegarani bilib olishlari kerak bo‘ladi.
“Hikoya, — deb ta’kidlaydi amerikalik adib Jek London, — bu hayotning yakunlangan epizodi: kayfiyat, vaziyat, harakat birligidir”. Dominikan yozuvchisi Xuan Bosh esa “Hikoya, shubhasiz, qandaydir muhim faktning tasviridan iborat. Agar asosda yotgan hodisa arzimas bo‘lsa, uning ifodasi hikoya emas, shunchaki bir lavha, o‘tgan voqeaning bayoni bo‘lib qolaveradi”, deydi.
Nazariy adabiyotlarda ham hikoyaga xos bir qator xususiyatlar ko‘rsatilgan. Chunonchi, rus olimi L.Timofeevning fikricha, hikoya inson hayotidagi alohida bir voqea asosiga quriladi, asar qahramonlari ko‘p bo‘lavermaydi, ular birgina voqeada ishtirok etadilar. Shu bois, hikoya hajman kichik janr sanaladi. Syujet asosida yotgan voqea, odatda, o‘ziga xos tugun, kulminatsiya va yechimga ega bo‘lib, bularning bari hayotiy bir ko‘rinishda yuz beradi.
Amaliyotchi va nazariyotchilarning fikrlaridan shunday xulosaga kelish mumkinki, hikoyada hayot roman yoki qissadagidek keng ko‘lamda tasvirlanmaydi. Bu adabiy janr rivoyatning intensivligi va qisqaligi bilan xarakterlanadi, fikrni aniq, lo‘nda ifodalash (lakonizm) asosiy mezon sanaladi. Qahramonning muayyan vaziyatdagi holatini voqeaning keskin burilish nuqtasida, voqealar rivoji, kuchli dramatizm, kutilmagan yechim asosida ko‘rsatish hikoya uchun xarakterli xususiyatlardir.
Badiiy publisistika xususida soha fidoyisi, marhum Ochil Tog‘ayev shunday fikr bildirgan: “Badiiy publisistika gazeta janrlariga xos aktuallik, operativlikni o‘ziga singdirgan eng hozirjavob janrdir. Shu bilan birga, badiiy publisistika eng ta’sirchan adabiyot hamdir. Uning ta’sirchanligi, birinchi navbatda badiiy adabiyot unsurlaridan foydalanishda ko‘rinadi. Shunday qilib, badiiy publisistika mantiqiy muhokama va obrazlar bilan ish ko‘ruvchi chinakam so‘z san’ati, fikr poeziyasidir”.
Demak, badiiy publisistikada adabiy unsurlardan foydalanilish mumkin va zarur. Buning uchun muallifni hech kim ayblamaydi. Bizningcha, badiiy publisistikadagi birlamchi mezon bu maqolaning voqeabandligi, ya’ni muallif aytmoqchi bo‘lgan fikr voqeada o‘z aksini topishi lozim. Izoh va sharhlarda esa qissadan hissa chiqariladi, asosiy fikr rivojlantiriladi.
Hikoyada odatda voqea-hodisalarning o‘zini berish bilan cheklaniladi. Qanday xulosaga kelish o‘quvchi ixtiyorida qoldiriladi. Badiiy publisistika tilining hissiy-bo‘yoqdorligi ba’zida o‘quvchi tugul, ijodkorlarni-da chalg‘itib qo‘yishi mumkin. Agar hikoyaning talabi mana shu qoidalar qolipidan chiqmaslikdangina iborat bo‘lganida, ehtimol, dunyoda hikoya yozmagan odam qolmasdi. Hikoya bitmoq uchun yozuvchida ozgina xohishu bir chimdim hafsaladan tashqari, ozgina o‘kinch va, albatta, talant bo‘lishi kerak.
Erkin A’zamning “Anoyining jaydari olmasi” hikoyasini olaylik. Menimcha, mazkur asarni ko‘pgina yosh adiblarimizga ibrat namunasi sifatida ko‘rsatish mumkin. Hikoyada Ramazon personajining xarakteri shu qadar mohirlik bilan chiziladiki, go‘yo siz uni bir necha o‘n yillardan buyon bilasiz. Siz uning, u esa sizning dardingizga sherik bo‘lgandek, taassurot qoldiradi.
Keling, nazariy qiyoslashlarni shu yerda muxtasar qilgan holda, aniq misollarga o‘tsak. Nazarimizda, yaqinda “Noshir” nashriyotida chop etilgan “Oltin ko‘prik” to‘plami bugun nasr, nazm va badiiy tarjima bilan shug‘ullanayotgan yosh qalamkashlarning ijodi haqida muayyan tasavvur bera oladi. Mutolaa asnosida tengqurlarimizning badiiy ijoddagi intilish va izlanishlari bizni umidlantirdi. Kitobning “Nasr” bo‘limida 11 ta ijodiy ish hikoya sifatida taqdim etilgan. Ularning aksariyati janr talablariga ko‘p jihatdan javob bera oladi. Biroq to‘plamdagi barcha bitiklar haqida bunday fikr aytib bo‘lmaydi. Misol uchun, “Nasr” bo‘limidagi ilk material — “Tugallanmagan sayohat”ni (Abu Bakir) olaylik. “Hikoya” bir ijodkorning g‘alatiroq jo‘rasi haqidagi fikrlaridan iborat. G‘alatiligi shundaki, u juda ko‘p kitob yig‘adi va o‘qiydi, yozuvchi do‘stining qoralamalari haqida “buyuk munaqqid”dek fikr bildiradi. Ammo og‘aynisiga “Haliyam yozayapsanmi?” degandek ta’na qilib, ustidan kuladi. Bizningcha, ko‘p kitob yig‘adigan, o‘qiydigan va undan xulosalar chiqara oladigan odamning adiblarga bepisandlik bilan qarashi umuman tushunarsiz tasvir. Voqea so‘ngida yosh yozuvchi (ya’ni, birinchi shaxsdagi qahramon) do‘sti o‘z kitoblarini uyiga kutubxonani to‘ldirish uchun emas, balki somsapaz onasi foydalanishi uchun jo‘natganini bilib qoladi. Sirasini aytganda, pistachiyu somsachi xolalarning kitoblarni idish o‘rnida ishlatishi matbuotda obdon chaynalgan mavzulardan sanaladi. Qolaversa, hayot haqiqati shundaki, bugun bu borada yelim xaltalar ancha qulay va foydaliroq bo‘lib qoldi. Shu singari soxtaliklar hikoyaning biqiniga tepib turibdi.
Darvoqe, Abu Bakirning “Tugallanmagan sayohat”i qaysi janrga mansub? Uni hikoya desa bo‘ladimi? Afsuski, materialda syujetdan tashqari holat, ruhiyat, to‘qnashuv va hokazolar kabi adabiy unsurlarni topish mushkul. Shu bois, boya sanab o‘tilgan kamchiliklar hisobga olinmasa, bu yaratiqni badiiy publitsistika namunasi deb atash mumkin. Ehtimol, shunda ham haqimiz ketar! Sababi, badiiy publitsistika ham ha±tdagi real voqea-hodisalarga asoslanadi.
Mutolaa chog‘ida e’tiborimizni tortgan asarlardan yana biri Farrux Jabborovning “Qaytish”i bo‘ldi. Shaxsan men uni badiiy publitsistikamizning eng go‘zal namunalari qatoriga qo‘shgan bo‘lardim. Epigrafning o‘ziyoq kishida shirin entikishni uyg‘otadi.
“Qishloqning chang ko`chasi bo`ylab
ketib bormoqda,
bir mahzun,
bir g`amgin,
bir bashang yigit.
O`sha sen bo`lasan, o`sha — MeN!”
Mubolag‘asiz aytish mumkinki, bir dunyo orzu-umidlar bilan katta shahardagi oliy dargohda ta’lim olayotgan yosh yigitning ona qishlog‘iga qaytganidagi holati maromiga yetkazib ifodalangan. Asar tili qanchalik sodda bo‘lsa, shunchalik ravon va mazmunli hamdir. Mazmuni qanchalik samimiy bo‘lsa, shunchalik ibratlidir.
Ammo shunday ajoyib asarni ham hikoyalar qatoriga kiritib bo‘lmaydi. Albatta, asarning qimmati qanday janrda yozilganiga emas, balki qanday mahorat va yurak yolqini bilan bitilganiga qarab baholanadi. Farrux Jabborov bu badiiy lavhani ko‘nglidagi orzu-armonlarining, quvonchu qayg‘ularining in’ikosi o‘laroq qog‘ozga tushirgan. “Qaytish” hikoya deb atalishi uchun ijtimoiy yoxud psixologik konfliktni xarakter bilan uzviy bog‘liq holda tasvirlash yetishmaydi. Bu bilan uni qayta yozish yoki qayerinidir tahrir qilish kerak, degan fikrdan yiroqman. Faqat berilgan rutba — sifatni o‘zgartirish kerak. “Qaytish”ni kitobxonlarga hikoya deb taqdim qilish mehmonning oldiga shaftoli qo‘yib, “Oshdan oling!” deyish bilan barobar. Agar tengqur hikoyanavislarimizning barchasi hechqursa shu saviyada ijod qilganida edi, azza-bazza qog‘oz qoralab o‘tirmasdik.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 2010 yil 16 iyul conidagi ikki material — “Anna Karenina”ni o‘qigan qizga uylanaman” va “Sirdaryoliklar”ning “Hikoya” rukni ostida chop etilgani ajablanarli. Ochig‘ini aytganda, bu qoralamalarning na hikoyaga, na badiiy publitsistikaga daxli bor.
O‘zbektosh Qilichning bunday «hikoya»lar yozishi va shu holatda katta nashrda e’lon qilishni o‘ziga ep ko‘rishi ustoz yozuvchilarimiz asarlarini tuzukroq o‘qimagani, o‘qiganda ham uqmagani oqibati bo‘lsa kerak. Axir, hech bir zamonda ikki kishining u qadar saviyali bo‘lmagan suhbatidan hikoya yasaladimi? Materiallarga sarlavha qo‘yishda ham badiiylik mezonlariga umuman amal qilinmagan. «Anna Karenina» romanini o‘qishning ahamiyati haqida qanchadan-qancha ilmiy maqolalar yozilmagan, qanchadan-qancha dissertatsiyalar yoqlanmagan, deysiz. Modomiki, muallif shunday da’vo bilan qo‘liga qalam olgan ekan, durustroq hikoya yozolmagan taqdirda ham shugina ishni qoyillatib amalga oshirishi kerak edi.
To‘g‘ri, bugun iste’dodli tengdoshlarimiz ko‘p. Ammo, bizningcha, ularda adabiyotni qismat deb bilish printsipi yetishmayapti. Maqolamiz boshlanishida ijodda maktab yaratgan ustoz ±zuvchilarimizning tog‘day salohiyati haqida gapirgandik. Tog‘larda sayr qilish yaxshi, ammo hamma gap undan o‘tishda.
Darvoqe, chegara qayerdaligini bilmoqchi edik. U ortda qoldi, shekilli. Istiqbolda esa tog‘lar turibdi. Ular juda baland va ulug‘vor...
Elbek JUMANOV
|