O‘z navbatida, ularning bunday yutuqlari barchamizning qalblarimizni faxr-iftixorga to‘ldiradi. Ammo, sohaning rivoji barobarida uning targ‘iboti qay darajadaligi haqida o‘ylab ko‘rganmisiz?
E’tibor berib qaralsa, ayni paytda mamlakatimizda “Sport” telekanali, “Mash’al” radiokanali va ko‘plab sohaga oid gazetalar, internet saytlari jadal faoliyatga kirishganini ko‘ramiz. Shu o‘rinda “Sport” telekanalida xizmat qilayotgan mutaxassislarning axborotni tezkorlik bilan taqdim etishdagi mohirliklarini alohida ta’kidlab o‘tish joiz. “Mash’al” radiokanali ijodkorlari faoliyati xususida ham mana shunday iliq fikrlarni aytish mumkin. Bundan tashqari sportni targ‘ib etishni maqsad qilgan “Chempion”, “Futgol”, “Football+”, “Stadion”, “FIFA+” kabi nashrlar ham borki, bir qarashda ularning ko‘paygani raqobatni vujudga keltiradi. Raqobat esa, o‘z navbatida, sifat o‘zgarishlarini hosil qiladi. Sohaning yanada rivojlanishiga ko‘mak beradi. Nazariy jihatdan shunday. Biroq ushbu nashrlarda e’lon etilayotgan materiallarning barchasini sifat jihatdan ko‘ngildagidek, deb bo‘lmaydi. Sababi ularda bir-birini takrorlash mavjud. Misol tariqasida “Stadion”, “Futbol info” va “Asr Futboli” gazetalarining 6 dekabr sonlari, “Futbol ekspress” va “Inter Futbol” gazetalarining 9 dekabr sonlarini solishtirib, qo‘limizdan kelgancha tahlil qilib ko‘rdik.
Joriy yilning 11 dekabrida futbol bo‘yicha Ispaniya chempionatining navbatdagi turida “Real” — “Barselona” jamoalari o‘zaro bellashganidan ko‘pchilikning xabari bo‘lsa kerak. “El-Klassiko” nomini olgan ushbu o‘yin oldidan turli internet saytlarida ulardan qaysi biri g‘alaba qozonishi mumkinligi to‘g‘risida va jamoalarni zafarga undovchi beshta sabab e’lon qilingan edi. Buni qarang, “Inter Futbol” va “Futbol ekspress” gazetalari ana shu manbani boshidan oxirigacha so‘zma-so‘z ko‘chirib, ommaga havola etdi.
Shuningdek, ushbu gazetalarning boshlang‘ich sahifalarida chop etilgan o‘zbek futboliga oid materiallar ham deyarli bir xil mazmunga ega. Masalan, har ikki nashrda Osiyo Chempionlar Ligasi va OFK Kubogi musobaqalarining kelgusi yilgi bahslarining qur’a natijalari (hatto suratlari ham bir xil) berilgan. Eng qizig‘i, ushbu qur’a natijalari borasida futbolchilar va murabbiylar tomonidan bildirilgan fikrlar ham ikki tomchi suvdek o‘xshash.
Yana “egizak” xabarlarni “Stadion” va “Futbol info” gazetalarida ham o‘qish mumkin. Jumladan, “Kasilyas faoliyati haqidagi kitob” nomli yangilik ikki nashrda deyarli o‘zgarishlarsiz e’lon qilingan.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: internet rivojlangan bugungi kunda unda e’lon qilinayotgan yangilik va xabarlarni yana gazetalarda chop etish yaxshimikin? Ularning o‘rniga mamlakat va qit’a sporti xususida tahliliy maqolalar tayyorlash maqsadga muvofiq emasmi?
Mazkur gazetalarni varaqlash jarayonida ularda so‘zlardan noto‘g‘ri foydalanish hollari ham ko‘zga tashlandi. Masalan, “Futbol info” gazetasida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Server Jeparovdan olingan intervyuda futbolchining nomidan: “Bu safar mundialga boramiz”, deb yozilgan.
“Asr Futboli” gazetasida esa internetdan shundoqqina olib tarjima qilingan suhbatda braziliyalik futbolchi Junino Paulisga “Mundialga bormaslik qanday ekan?” deya savol berilgan.
E’tibor qilinsa, keyingi yillarda sport jurnalistikamizda “Mundial” so‘zi ko‘p ishlatilmoqda. Ammo afsuski, ko‘p hollarda noto‘g‘ri qo‘llanilmoqda. Ma’lumki, “mundial” so‘zi ispan tilidan olingan, uning ma’nosi esa “jahon”. Bundan oydinlashadiki, yuqorida keltirilgan misollarda mazkur so‘z o‘z o‘rinida ishlatilmagan.
Shuningdek, “Interfutbol” va “Futbol ekspress” gazetalarning 2011 yil 25 oktyabr sonidagi materiallarda “Arablar” g‘arb mintaqasida uchinchi o‘rindan joy olganlar orasida eng yaxshi ko‘rsatkichga egalar”, degan jumla bor. Rostini aytganda, bu mujmal ifodani, hadeganda, anglab olish qiyin. Chunki biz “Arablar” deganda bir qator Osiyo davlatlarining aholisini nazarda tutamiz. Jumladan, Qatarliklar ham arab, Saudiya Arabistonining futbolchilari ham arab.
Yoki nomlari ta’kidlangan nashrlar sahifasidagi yana bir jumlaga e’tibor bering: “Myunxenliklar turning markaziy uchrashuvi sifatida e’tirof qilingan bahsda “Bayer”ga hech qanday imkon qoldirmadilar”. Bu qanday gap?
Ma’lumki, Germaniyaning Myunxen shahrida minglab, millionlab kishi yashaydi. Ularni “myunxenliklar”, desa bo‘ladi. Yuqoridagi gapda «myunxenliklar» iborasidan, afsuski, noto‘g‘ri foydalanilgan. Gap shundaki, futbol uchrashuvlarida bir jamoa tarkibida 11 nafar o‘yinchi maydonga tushadi. Har holda Myunxen aholisi emas. Bundan tashqari, nemis jamoasi tarkibida faqat myunxenliklar to‘p surmasligi ma’lum.
Tahlil jarayonida yana bir holat e’tiborimizni tortdi. Bugun mamalakatimizdagi ko‘plab sportga ixtisoslashgan ommaviy axborot vositalarida futbolchilar va klublarning nomlari to‘g‘ri yozilmayapti. Masalan, shvetsiyalik mashhur futbolchi Zlatan Ibrohimovichni “Zlatan Ibragimovich, Qatarning “As-Sadd” jamoasini “Al-Sadd”, “Ash-Shabob”ni esa “Al-Shabab” deb yozishmoqda. Televidenie dasturida shunday o‘qishmoqda.
Ma’lumki, sport nashrlarida faoliyat yuritayotgan jurnalistlar ham mushtariylarga tushunadigan sodda, ravon tilda maqola va sharhlar yozishni istaydi. Ammo bunga harchand urinishmasin, maqsadga yetishish qiyin kechmoqda. Sababi hanuzgacha sport iboralarining sof o‘zbekcha ifodasi yaratilmagan, sohaga oid lug‘atlar yo‘q. Ilmiy, amaliy qo‘llanmalar xususida gapirish esa ortiqcha. Sohani yaxshi bilgan mutaxassislar o‘z malakalaridan kelib chiqib, mazkur muammo xususida bosh qotirishsa, bu ishlarni amalga oshirish uchun turli loyihalar ishlab chiqilsa, homiylar bosh qo‘shib, zarur adabiyotlarning yaratilishiga hissa qo‘shsalar, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Usmon Abdurasulov,
O‘zDJTU talabasi |