Muammo va tanqid

12 Oktabr 2011 16:29
JINOYATCHILIK PSIXOLOGIYASI
yoki korrupsionerlar qanday paydo bo‘ladi?
Har qanday jinoyatga qarshi kurashda uni sodir etganlarning shaxsini o‘rganish muhim ahamiyat kasb etadi. Kriminologiyada jinoyatchi shaxsi ikki aspektda – ijtimoiy munosabatlar va ta’sirlar ob’ekti hamda maqsadga yo‘naltirilgan, takrorlanuvchi faol fao­liyat sub’ekti sifatida o‘rganiladi.
Jinoyatchi shaxsini ilmiy jihatdan o‘rganish asosan shaxsda jinoiy xulqni keltirib chiqaradigan xususiyat va sifatlarni aniqlash, ularni baholash hamda shunga muvofiq ravishda jinoyat sodir bo‘lishining oldini olish choralarini ishlab chiqish va amalga tatbiq etishni maqsad qilib qo‘yadi. Jinoyatchilar, shu jumladan, korrupsionerlarning psixologik (ruhiy) xususiyatlarini o‘rganishda ularning individual sifatlari, turli sharoit va vaziyatlarga moslashuvchan axloqi, o‘zi to‘g‘risidagi tasavvurlari, shaxslararo munosabatlari va ijtimoiy ta’sirlar tavsifiga e’tibor qaratiladi. Korrupsionerlar shaxsini emperik o‘rganish va ularni qonunga itoatkor fuqarolar bilan qiyoslash natijalari shundan dalolat beradiki, ularda bir qator farq qiluvchi (jumladan, psixologik jihatdan farq qiluvchi) xususiyatlar mavjud. Xususan, korrupsionerlar qonunga itoatkor fuqarolardan me’yoriy tizimlarga nisbatan salbiy munosabati bilan farqlanadi. Biroq bu axloqiy-ruhiy shakllanishida ularning ijtimoiy munosabatlar ta’siri ostida bo‘lishini inkor etmaydi.
Shunisi aniqki, korrupsioner shaxsi boshqa jinoyatchilar shaxsidan farq qiladi. Bunday odamlarning aksariyati yaxshi oiladan kelib chiqqan, ishchan, oliy ma’lumotga ega, ruhan kuchli, dunyoqarashi keng kishilar sanaladi. Moddiy ta’minlanganlik jihatdan ham ularning ko‘plari yuqori daromad manbalariga ega. Ko‘pchiligida vatanparvarlik tuyg‘usi yo‘q, deb ham bo‘lmaydi. Shu tufayli ham korrupsionerlar shaxsini tadqiq etishda umumiy, odatiy yondashuvlar asosida emas, balki ko‘proq ijtimoiy va yuridik-psixologik jihatdan o‘rganish maqsadga muvofiqdir.
Korrupsiyaviy jinoyatlar sodir etilishiga rag‘bat bo‘ladigan holatlardan biri jamiyatda bunday turdagi aksariyat jinoyatlarning latent jinoyatchiligicha qolishi hisoblanadi. Qator davlatlardagi amaliyot shundan guvohlik beradiki, odatda quyi darajadagi va nari borsa, o‘rta darajadagi korrupsionerlar jinoiy jazoga tortiladi. Mutaxassislar fikricha, buning sabablari quyidagilarda ko‘rinadi:
— korrupsiyaviy jinoyatlar sodir etuvchi uyushmalar, shaxs­larning professionalizmi oshib bormoqda;
— amaldagi qonunchilikning takomillashmagani;
— korrupsiyaviy hodisalarga nisbatan aholining toqatliligi va loqaydligi;
— jinoiy yo‘l bilan topilgan yirik miqdordagi pul mablag‘lariga ega bo‘lgan shaxslar bilan yuqori lavozimlarda ishlovchi, hokimiyat vakolatlariga ega bo‘lgan mansabdor shaxslarning uzviy aloqalar o‘rnatilgani.
Huquqshunos olim L.Gauxman «Umumijtimoiy mazmunda korrupsiya mansabdor shaxsning unga berilgan vakolat va undan kelib chiqadigan imkoniyatlardan shaxsiy boylik orttirish yo‘lida foydalanishini anglatadi. Har qanday mansab va unga bog‘liq bo‘lgan hokimiyat katta yoki kichik darajada o‘zida noqonuniy boylik orttirish imkoniyatini qamrab oladi. Bu imkoniyatdan foydalanish yoki uning aksi insonning axloqiy jihatlariga, halolligi, o‘zini, jamiyat va davlatni hurmat qilishiga, burchiga munosabatiga bog‘liq”, deb fikr bildiradi. Shuni hisobga olish lozimki, korruptsiyalashgan shaxslar nafaqat davlat vakolatlari va professional bilimlargagina emas, balki muayyan jinoiy tajribaga ham ega bo‘lishadi, ular o‘zlari tashabbus ko‘rsatib, o‘zlarini sotib olayotgan shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab u yoki bu harakat (harakatsizlik)ni bajarishi mumkin.
Aksariyat mamlakatlar qonunchiligida korrupsionerlarga ham, ularni sotib olayotgan shaxslarga ham jinoiy javobgarlik belgilangan. Jinoyatning ochilishiga qaysidir ma’noda to‘sqinlik qiladi. Chunki ikki tomon ham jinoyatning fosh etilmasligidan, sir saqlanishidan manfaatdor. Qolaversa, ikkala tomon ham, odatda, guvohlarsiz harakat qiladi, jinoyatni yashirish va izlarini yo‘qotish uchun choralar ko‘radi, agar jinoyat ishi qo‘zg‘atilgudek bo‘lsa, jinoyat ishtirokchilari va guvohlarni sotib olishadi yoki qo‘rqitishadi, hatto bunday harakatlar tergov olib borayotgan shaxslarga nisbatan ham qo‘llaniladi.
Korrupsioner shaxsini o‘rganish uchun, eng avvalo, u sodir etadigan jinoiy qilmish qanday motiv asosida amalga oshirilishiga e’tibor qaratish kerak. Zero, insondagi motiv uning shaxsi qandayligini tavsiflashda asosiy mezonlardan biri sanaladi. Motivning o‘zi jinoiy hisoblanmaydi, faqat xatti-harakat jinoyat bo‘lishi mumkin. Va u motivni amalga oshirishda tanlangan vositaga, shaxsning axloqiy yo‘nalishi, uning mavjud huquqiy normalarga munosibligiga bog‘liq bo‘ladi. Ruhiy hodisa sifatida motiv ijtimoiy zid bo‘lmasligi mumkin. Shundan kelib chiqib korrupsionerlar faqat g‘araz maqsadlarda jinoyatni sodir etadi, deb o‘ylash noto‘g‘ri bo‘ladi.
Ayrim mutaxassislar ko‘pchilik korrupsionerlar ijtimoiy xavfli qilmishlarni hayotda yuqori mavqeni egallash, mansab vakolatlariga ega bo‘lish uchun sodir etadi, degan fikrda. Bunday shaxslar atrofdagilar orasida doimiy obro‘ga ega bo‘lish uchun harakat qiladilar, hamma vaqt odamlar e’tiborida bo‘lishni istashadi. Shaxsiy boylik orttirish ma’nosidagi g‘araz bu yerda faqat qo‘shimcha motiv sifatida namoyon bo‘ladi. Bundan tashqari, soxta ijtimoiy motivlarga e’tibor berish lozim, buning mazmuni ayrim ijtimoiy guruhlar manfaatini qonun bilan qo‘riqlanadigan normalarga, butun jamiyat manfaatlariga zid ravishda ifodalashdir. Shunga o‘xshash motivlarga idoraviy korporativ manfaatlarni kiritish mumkin. Misol uchun aksariyat korruptsionerlar jinoiy qilmishlarni amaliy masalalarni hal etish uchun qonun normalarini buzish orqali sodir etishadi. Bunda aybdor har bir alohida vaziyatda o‘z qilmishi bilan jamiyat manfaatlari o‘rtasida ziddiyat mavjudligini biladi va bu harakatlari bilan jinoiy-huquqiy taqiqlarni buzadi. Shuning uchun motivni bunda korruptsionerning huquqqa xilof qilmishlari nimaga qaratilganidan, u ularni sodir etib, nimaga erishishidan izlash lozim.
Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha ishlab chiqiladigan qonun hujjatlari loyihalarida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan profilaktik choralarga keng e’tibor berish maqsadga muvofiq. Bunda shaxsda korrupsiyaviy jinoiy xulqning shakllanishiga, umuman, korruptsiyaga qarshi kurashda fuqarolarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish masalalari alohida ahamiyat kasb etishi lozim. Shu bilan birga, davlat xizmatchilari ma’naviyatini yuksaltirish, ularga axloqiy-diniy jihatdan tarbiyaviy ta’sir ko‘rsatish, xususan, harom luqma uchun javobgarlikdan hech qachon qochib qutulib bo‘lmasligini ularning ongida qaror toptirish korrupsiyaga qarshi kurashda samarali yo‘l bo‘lib qolaveradi.
Xudoyor MELIYEV,
Adliya vazirligi
boshqarma boshlig‘i

Hurriyat Copyright

Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo

gzt.uz

press-uz.info



Sizga saytimizning qaysi bo'limi ma'qul bo'ldi?











Natijalar

GISMETEO.RU: ïîãîäà â ã. Òàøêåíò

Ïîäðîáíåå íà www.nbu.com -->





Hosting by UZINFOCOM