Ustoz jurnalistlarning barcha xatti-harakatlari men kabi faoliyatini endi boshlayotgan jurnalistlarga o‘rnak. Ammo guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, ayrim hamkasblarimizning o‘rinsiz harakatlarini, beo‘xshov qiliqlarini ko‘rganimizda ko‘nglimiz xijil tortadi.
Yaqinda bir tadbirda ishtirok etdik. Yarim soatlardan so‘ng eshik ochilib yoshi ulug‘roq bir hamkasbimiz kirib keldi va shoshilinch o‘rindiqlardan biriga o‘tirdi. Atrofga alanglab, sal nariroqdagi tanishini ko‘rib qoldi. Baland ovozda unga murojaat qila boshladi. Tanishi qarayvermagach, o‘zi uning yoniga borib o‘tirdi. Ikkalasining suhbati qizigandan qizidi. Chamamda, tadbirga kelganlari ham eslaridan chiqib ketdi. So‘ngra tadbir tugamasdan ikkalasiyam “quyon”ning rasmini chizishdi. Bu holni ko‘rganlar ko‘rmaganga olishdi. O‘ylab qoldim: “Nima uchun bu yerga kelishdiykin? Tahririyatda o‘tirib maqola yozish jonlariga tekkan bo‘lsa kerak”. Yoki o‘tkazilayotgan tadbirlar ular uchun qiziqarli emasmi?
Yana bir misol: yaqinda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanlaridan birida jurnalist akamiz mutasaddilarga savol bera boshladi. Diqqat bilan kuzatdim: u shoshib o‘z shevasida gapirar, to‘g‘risi, savolini o‘zidan boshqa hech kim tushunmasdi. Ko‘pchilik bir-biriga ma’noli nigoh tashlab, yelka qisishdi.
Jurnalistlar o‘zaro muloqotda, kiyinishda, davralarda o‘zini tutishi bilan boshqalarga o‘rnak bo‘lishi lozim. Chunki ular OAV vakillaridir. Odamlar bilan so‘zlashganda o‘zini katta tutish, shevada gapirish, yarashmagan kiyimlarni kiyish kasb etikasiga putur yetkazadi. Eng yomoni, odamlar jurnalistlarning hammasi shunaqa ekan-da, degan noto‘g‘ri xulosaga kelishlari mumkin.
Davronbek ORIPOV,
O‘zMU jurnalistika fakulteti IV kurs talabasi
|