Ulug‘larning nomi hamisha e’zozda. Buyuk bobokalonimiz, o‘zbek she’riyatining sultoni Alisher Navoiy hazratlarining mangu so‘nmas ijodi butun ellarni, dilxush ko‘ngillarni zabt etgan. Ul zotning muborak nomlari bilan ataluvchi shoh ko‘cha poytaxt Toshkentga zeb berib turibdi. Yaqinda bu ko‘chada Yurtboshimizning sa’y-harakatlari bilan shunday bir koshona — “Ma’rifat markazi” qad rostladiki, bunday go‘zal binoning yaqin va uzoq mamlakatlarda tengi yo‘q. |
Istiqlol tufayli kundan-kunga yasharayotgan shahrimizning ushbu ko‘chasida bir qator homiylar sarmoyasi asosida ko‘p qavatli turar joy binolari ham qad rostlamoqda. Bir-biridan chiroyli va xushbichim uylar hademay ko‘plab oilalarni o‘z bag‘riga oladi. Ana shu uylarning birinchi qavatlari savdo shoxobchalariga mo‘ljallangan.
Bu mo‘‘tabar ko‘chaning mazmun-mohiyatidan hamda ulug‘ shoirimizning ezgu-maqsadlaridan kelib chiqqan holda dilimizda bir taklif paydo bo‘ldi. U ham bo‘lsa, ko‘plab oilalarga boshpana bo‘ladigan ushbu ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatlaridagi savdo shoxobchalari qatoridan kitob do‘konlari ham o‘rin oladi, degan umiddir.
Xalqimiz doim ilmu ziyoga intilib yashagan. Tasavvur qiling, muhtasham, o‘ziga xos me’moriy yechimga ega bo‘lgan mazkur turar joy inshootlarining birinchi qavatlarida “O‘zbekiston”, “Cho‘lpon”, “O‘qituvchi” hamda G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uylari, “Ma’naviyat” nashriyoti, “Sharq” nashriyot-matbaa kompaniyasining maxsus kitob do‘konlari o‘z mahsulotlarini kitobxonlarga havola etib tursa, kitobsevarlarning orzu-umidlari ro‘yobga chiqardi. Chunki poytaxtimizda zamonaviy talablar darajasidagi yirik kitob do‘konlariga ehtiyoj bor.
Bu taklif amalga oshsa, ma’naviyat va ma’rifatni rivojlantirish yo‘lida yanada dadil qadam qo‘yilibgina qolmay, balki ulug‘ bobokalonimiz Alisher Navoiy nomi bilan ataladigan muhtasham ko‘cha fayziga fayz qo‘shilar, allomaning o‘lmas merosidan ixlosmandlarni bahramand etishda ajoyib uyg‘unlik o‘z mujassamini topgan bo‘lardi. Zero, Yurtboshimiz o‘zining “Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch” kitobida alohida tilga olganlaridek: “Alisher Navoiy xalqimizning ongi va tafakkuri, badiiy madaniyati tarixida butun bir davrni tashkil etadigan buyuk shaxs, milliy adabiyotimizning tengsiz namoyandasi, millatimizning g‘ururi, sha’nu sharafini dunyoga tarannum qilgan o‘lmas so‘z san’atkoridir”.
Jabbor RAZZOQOV,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat
ko‘rsatgan jurnalist |