1971 yili Qarshi shahrida tug‘ilib voyaga yetgan Baxtiyor Nurillayev ham ana shu olti nafar jinoyatchidan biri. Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumani sudida bo‘lib o‘tayotgan sud jarayonida ana shu kimsaning jinoiy qilmishlari ko‘rib chiqilmoqda.
Baxtiyor Nurillayev qirqni qoralagan. Ammo ana shu qirchillama yoshida oilasi, olti nafar farzandi davrasida emas, qora kursida o‘tiribdi. Uning qilmishlari ro‘yxati uzun. Dunyo yaralibdiki, odamzod turli omillar tufayli goh adashib, goh qasddan jinoyatga qo‘l uradi. Xulosalar shuni ko‘rsatadiki, ana shu omillar orasida eng asosiysi, moddiy manfaatdorlik, boylik, pul vasvasasidir. Hatto arzimagan pul uchun inson hayotiga zomin bo‘lganlar haqida eshitganmiz. Biroq Baxtiyor Nurillayev kam emas, naqd 10 ga yaqin katta-kichik korxonaning egasi edi. Istiqlol sabab, yurtimizda tadbirkorlar, mulk egalari uchun yaratib berilgan imkoniyatu imtiyozlar sharofati bilan qo‘li jaraq-jaraq pul ko‘rdi, oddiy novvoydan kimsan «Baxtiyor boyvachcha»ga aylandi. Ming taassufki, mustaqillik, Vatan in’om etgan ne’matlarni jig‘ildoniga urib, yana yurtga, yurtdoshlariga qarshi urush ochgan kimsalarni kim deb atash mumkin?! Vatanfurushmi yoki odam qiyofasidagi jirkanch maxluq?
Baxtiyor 1986-1989 yillarda Qarshi shahridagi kasb-hunar bilim yurtini oshpazlik mutaxassisligi bo‘yicha tamomlab, avval novvoy, keyin Qarshi shahridagi buyum bozorida tijoratchi bo‘lib ishlayotgan kezlarida hali navqiron yigit edi.
2003 yilga kelib omadi chopdi — «Ideal invest» xususiy korxonasini tashkil etib, o‘rtog‘i Anvar Raimovni unga rahbar qilib qo‘ydi. Oradan uch yil o‘tib Qarshi shahrida «Luck Spring» nomli yana bir xususiy korxona ochdi va uning qoshida «Barakat» savdo majmuasi faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Majmuani onasi nomiga xatlab berdi. Shuningdek, Qarshi shahrida o‘zi tashkil etgan ishlab chiqarish sexiga «Madina-Mebel» deb nom berdi. Ammo barcha moliyaviy ishlar jilovini o‘z qo‘liga oldi.
Xullas, mo‘may pul daragi chiqdi-yu, novvoylik, tujjorlikda chekkan zahmatlari unutildi: o‘rtaga harom luqma, g‘irromlik, qalloblik aralashdi. Naqd pul orqali shakar sotishni maqsad qilgan Baxtiyor Nurillayev o‘rtog‘i Anvar Raimovga uning nomiga firma ochishni, Qozog‘iston Respublikasidagi tanishlari ko‘magida ushbu firma orqali naqd pulga shakar keltirib sotishni taklif qildi. Shu tariqa «Ideal invest» xususiy korxonasiga asos solindi. Garchi korxona 2003 yilda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa-da, 2005 yilgacha uning hisob raqamiga pul tushirilmadi. Shakar savdosi naqd pul orqali amalga oshirilib, soliqdan qochildi. 2005 yilga kelib, «Ideal invest» orqali moliyaviy amaliyotlar bajarila boshlandi. Baxtiyor Nurillayev hamtovog‘i Anvar Raimov bilan shartnoma asosida shakar xarid qilib, naqd pulga sotishni avjga chiqardi. Buxgalteriya hisobotlarida soxta ko‘rsatmalar ko‘paydi. Bundan tashqari, Baxtiyor Nurillayevga tegishli «Nurillayev Ro‘zi» fermer xo‘jaligi ham moliyaviy qallobliklarga aralashtirildi.
2006 yil iyun oyida Baxtiyorning taklifi bilan Anvar Raimov xususiy tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tib, ushbu tadbirkorlik sub’ekti orqali moliyaviy jinoyatlar amalga oshirila boshlandi.
«Barakat mebel» savdo majmuasida ham xuddi shunday qing‘ir yo‘llar bilan daromad olinardi. Bu yerda ham savdo naqd pulga amalga oshirilib, kirim qilinmasdi.
— Men 2007 yilning kuz oylarida Madina shahriga, “Umra” ziyoratiga borib o‘sha yerda Ravshan To‘rayev ismli kishi bilan tanishdim, — deb bayon qiladi B.Nurillayev o‘z ko‘rsatmasida. — Shundan keyin safardan qaytgach, u bilan Toshkent shahrida uchrashib turdik. Ravshan aka uy-joy sotish bilan shug‘ullanar edi. 2008 yilning boshlarida Toshkent shahriga ko‘chib keldim. Shundan keyin savdodan tushgan naqd pullarni ishchilarim poytaxtga qatnovchi kirakashlar orqali menga jo‘natib turishdi. Ushbu mablag‘larni Toshkent shahrida uy qurish, ko‘chmas mulk sotib olish uchun sarflaganman.
Shundan so‘ng, 2009 yilning taxminan bahor oylarida Ravshan To‘rayev meni Shavkat Mahmudov degan kishi bilan tanishtirdi. Uni «Umar» deb atashar ekan. Oradan taxminan bir yoki ikki hafta o‘tgach, Ravshan aka meni uyiga taklif qildi. Shu kuni tanishim Alisher Nuritdinovni uchratib qolib, mehmonga u bilan bordik. Shavkat Mahmudov ham shu yerda ekan. Taomdan so‘ng u bizga Qur’on, hadisdan so‘z ochib, sahobalar hayoti, ularning qilgan ishlari to‘g‘risida gapirib berdi va so‘zi oxirida, davramizni kengaytirishimiz kerakligini aytdi. Shunda men ukalarim borligini, keyingi gal ularni ham olib kelishimni aytdim. Bu taklif ma’qul tushdi.
Bir-ikki hafta o‘tgach, aprel oyida Ravshan To‘rayevga Shavkat aka bilan uchrashishni taklif etdim. Bu gal biznikida yig‘ildik. Ukam Bahodir va tanishim Alisher ham keldi. Umar aka ovqatlanib bo‘lganimizdan keyin Qur’on, hadis va jihod xususida misollar bilan gapirib berdi.
Bunday uchrashuvlar navbati bilan boshqa-boshqa manzillarda ham o‘tkazildi. Safimiz yangi yigitlar hisobiga boyib boraverdi. Ukam Bahriddinni ham davramizga qo‘shdim. Shavkat Mahmudov, ya’ni Umar bizga jihod xususida ta’limotlar berdi.
2009 yilning avgust oyi edi. Ukam Bahodir Nurillayevni huquq-tartibot xodimlari hibsga olishibdi. Undan qurol-yaroq chiqibdi. Meni ham qamab qo‘yishlari mumkinligini o‘ylab, yashirindim va Ravshan To‘rayevga qo‘ng‘iroq qildim. U Qozog‘iston Respublikasiga ketayotganini aytdi. Meni birga olib ketishini so‘radim, u rozi bo‘ldi. Ravshan aka meni chegara postiga olib keldi va u yerda tanishlari yordamida noqonuniy ravishda Qozog‘iston Respublikasiga o‘tdik. 2010 yilda Qozog‘istonda bizni 9 iyun kuni qamab qo‘yishdi...
«O‘zingdan chiqqan baloga...» deganlaridek, bugun Baxtiyor Nurillayev temir panjara ortida o‘tiribdi. U har qancha urinmasin, o‘z qilmishlarini oqlash uchun hech qanday asos ayta olmaydi.
Xo‘sh, jihod targ‘iboti bilan shug‘ullangan bu jinoiy guruh qayerdan paydo bo‘ldi, ularning maqsadi nima edi?
2009 yilning o‘rtalariga kelib mamlakatimizda sodir etilgan ba’zi xunrezliklar barchamizning yodimizda. O‘shanda «Umar» laqabli kimsa — Shavkat Mahmudov boshliq ekstremistik guruh tomonidan mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan bir qator diniy idoralar vakillari, masjidu madrasalarning imom-xatiblari hamda huquq-tartibot tizimi xodimlari o‘ldirib ketilgan edi. 1999 yil 16 fevralda poytaxtimizda sodir etilgan qo‘poruvchilik harakatlari ishtirokchisi sifatida ayblanib, qidirilgan Shavkat Mahmudov mazkur guruhning rahbari ekan. Checheniston va Dog‘istonda harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan, so‘ngra jinoiy qilmishlari tufayli Ukrainadan ham qochib ketgan Sh.Mahmudov 2008 yilda Qozog‘istonning Chimkent shahriga kelib boshpana topadi va shundan so‘ng O‘zbekistonda jihodchilar guruhini tuzish harakatini boshlaydi. Ko‘p o‘tmay u mamlakatimizga kelib, o‘zining g‘arazli maqsadlarini amalga oshirishga kirishadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Shavkat Mahmudov xalqaro terroristik tashkilotlar bilan aloqada bo‘lib, O‘zbekistonda qo‘poruvchilik harakatlarini amalga oshirish, mamlakatda Islom davlati qurish va buning uchun hukumatni jihod yo‘li bilan egallashga harakat qilgan. U xorijdan turib ko‘rsatmalar olgan hamda o‘zi boshchilik qilayotgan «Islom jihodchilari» tashkiloti faoliyati chet eldagi manfur kuchlar tomonidan moliyalashtirib turilgan. O‘z jinoiy guruhini g‘o‘r, iymoni sust, aldanuvchan, yovuzlikka moyil kimsalar hisobidan kengaytirish va ulardan manqurtlar tayyorlashni maqsad qilgan Shavkat Mahmudov chetdan kelayotgan moliyaviy manbalar bilan kifoyalanmasdan, yurtdoshlarimiz orasidan ham homiylar topishga harakat qilgan.
Sud zalida ko‘rsatma bergan Baxtiyor Nurillayev ham uning tuzog‘iga ilingan kimsalardan biri. U o‘z korxonalari, noqonuniy savdo-sotiq faoliyatidan tushgan daromadlarini terrorizmni qo‘llab-quvvatlashga sarflagan. Xususan, B.Nurillayev jamoat homiylaridan biri sifatida Shavkat Mahmudovga qo‘poruvchilik harakatlarini amalga oshirish va qurol-yaroq sotib olish uchun 100 ming AQSh dollari miqdorida pul berganligi tergov jarayonlarida aniqlangan.
O‘ylab qolasan kishi: ko‘plab begunoh insonlar qonini to‘kib, yurtni vayron qilib “jihod qilish farz” deb ishongan kimsa, nahotki, shariatda odam o‘ldirish gunohi kabira ekanligini bilmasa? Boz ustiga, islom ahkomlarini elga yetkazuvchi din peshvolariga qurol ko‘tarish, ularni chavaqlab tashlashni nima deb atash mumkin? Garchi qonunlarga chap beraman, deb o‘ylasa-da, xalq nafrati-chi? Undan qayerga yashirinish mumkin?
Ko‘r hassasini bir marta yo‘qotadi. Bir jinoyat ustiga yuz jinoyat qilishdan tap tortmagan bunday kimsalarga nisbatan esa shafqatga ham, muruvvatga ham aslo o‘rin yo‘q! Buni esa odil sud hal etadi.
Farrux FURQATOV |