Muammo va tanqid

12 Oktabr 2011 16:39
O’YNAB GAPIRSANG HAM O’YLAB YOZ
O‘zbek tilining davlat tili maqomiga ko‘tarilishi ona tilimizning ijtimoiy hayotdagi qo‘llanish doirasini keskin darajada kengaytirdi: mahalladan tortib Oliy Majlis yig‘ilishlarigacha davlat tilida o‘tkaziladigan bo‘ldi. Radioeshittirishlar, teleko‘rsatuvlarning deyarli hammasi davlat tilida olib borilmoqda, gazeta va jurnallarning aksariyati o‘zbek tilida chop etilayotir. Eng muhimi, davlat tili haqidagi qonun bizga o‘zligimizni to‘la anglash uchun keng imkoniyatlar eshigini ochib berdi.
Ayni paytda u bizning zimmamizga katta mas’uliyat yuklaganini ham ta’kidlash o‘rinli. Endi mazkur qonun ijrosini ta’minlash har bir ongli fuqaroning muqaddas burchi bo‘lib qolishi kerak.
Poytaxtimiz, viloyatlar markazlarining ko‘cha va maydonlaridagi yozuvlarga hech e’tibor berganmisiz? Ko‘cha nomida ham, yo‘l ko‘rsatkichlarida ham, reklama matnlarida ham hamon imloviy xatolar uchrab turadi. Odamlarning bunday holatlarga ko‘nikib qolishi yomon. Gap shundaki, bu ularning savodxonlik darajasiga putur yetkazadi. O‘sib kelayotgan yosh avlod “Shu to‘g‘ri yozilgani uchun osib qo‘yishibdi” deb o‘ylashi yoki “Xato yozsa ham bo‘laverarkan-da” deb tushunishi mumkinligi hadeganda e’tibordan chetda qolayotganday.
Quyidagi misollar orqali fikrimni tasdiqlasam. Poytaxtimiz ko‘chalarida aholiga beminnat xizmat qilayotgan avtobuslarda ona tilimizda, chiroyli tarzda yozib qo‘yilgan manzil nomlarini ko‘rganda har qanday kishining bahri dili ochiladi, ko‘zi quvnaydi. Ammo yo‘nalishli taksilardagi manzilni ko‘rsatuvchi taxtachalardagi imloviy xatolar, chala-chulpa bitilgan jumlalar odamning dilini g‘ash qiladi: Kara-Su, Nalogovaya, Kotelnaya, Zoopark, inst. Svyazi, Universam, Yunus-Abad. Bu — birgina 192-yo‘nalish taksilaridagi ahvol... Darvoqe, mazkur turdagi ulovlarda bir bitikni ko‘rib, nima deyishni ham bilmay qoldim: Litsenziyasiz yo‘lovchilarni tashish qonunga xilof. Ayni shu jumlalar rus tilida ham takrorlanadi: perevozka passajirov bez litsenzii nezakonna. Nazarimda, ushbu matn aslida ruscha tayyorlangan, chunki rus tilidagi matn ham grammatik, ham mantiq jihatidan to‘g‘ri tuzilgan: “bez litsenzii” jumlasi “perevozka” so‘zi bilan bog‘lanadi. Qandaydir chalasavod tarjimon o‘zbekchaga o‘girishda kulgili holatni keltirib chiqargan: “litsenziyasiz yo‘lovchilar”. Aslida litsenziya — ruxsatnoma haydovchilarga beriladi. Demak, uning yo‘lovchilarga hech qanday daxli yo‘q.
Bir necha yillar O‘zbekiston televideniesining “Alifbo saboqlari” ko‘rsatuvi boshlovchisi sifatida o‘zim ham ishtirok etganim bois radioeshittirish va teleko‘rsatuvlar uchun sarflanadigan mehnatni, bu jarayonning azoblarini boshdan kechirganman. Ammo hozir ayrim eshittirish va ko‘rsatuvlarda muxbir yoki boshlovchilarning so‘zga e’tiborsizligini ko‘rib hayratga tushaman. Aniqrog‘i, suhbatdosh yoki intervyu beruvchilarning nut­qida juda qo‘pol xatolar, ya’ni adabiy me’yorlardan chekinish, sheva unsurlarini o‘rinsiz qo‘llash, ruscha so‘zlarni pala-partish ishlatish hollari ko‘p uchraydi. Ehtimol, suhbatdosh bularga befarq bo‘lishi yoki masalaning asl mohiyatini anglab yetmasligi mumkin. Biroq muharrir unga ayni shu holatni tushuntirishi, u qo‘llagan ruscha yoki sheva so‘zining o‘zbekcha muqobilini aytishi va qaytadan yozib olishi joiz emasmi? Shu sababli bosh muharrirlar va sinchkov nazoratchilarning nigohi yuqoridagi nuqsonlarga qaratilsa, ayni muddao bo‘lur edi.
Nazarimda, til to‘g‘risidagi qonun talablarini to‘liq bajarish uchun, avvalo, hokimliklar huzurida faoliyat ko‘rsatadigan atamalar komissiyalari ishini jonlantirish zarur. Har bir nomning yozilishi va to‘g‘ri qo‘llanishi mutasaddi shaxslar, tilshunoslarning nazoratida bo‘lishi ham maqsadga muvofiqdir. Inchunun, ona tilimizning kelajagi haqida qayg‘urish elim deb, yurtim deb yonib yashayotgan har bir yurt­doshimizning qalb amriga aylanishi lozim.
Ravshan JOMONOV,
Abdulla Qodiriy nomidagi Toshkent davlat madaniyat institutining
“O‘zbek va jahon filologiyasi” kafedrasi mudiri, dotsent

Hurriyat Copyright

Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo

gzt.uz

press-uz.info



Sizga saytimizning qaysi bo'limi ma'qul bo'ldi?











Natijalar

GISMETEO.RU: ïîãîäà â ã. Òàøêåíò

Ïîäðîáíåå íà www.nbu.com -->





Hosting by UZINFOCOM