Mamlakatimizda ham odam savdosi oldini olish, bunday jinoyat bilan shug‘ullanuvchi shaxslarni aniqlash va fosh etish, odam savdosidan jabrlangan shaxslarni ijtimoiy-psixologik reabilitatsiya qilish yuzasidan keng ko‘lamli tashkiliy-huquqiy choralar ko‘rilmoqda. Xususan, odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika Idoralararo komissiyasi hamda viloyatlar va tumanlar hududiy idoralararo komissiyalar faoliyati o‘z samarasini beryapti. Respublika Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 5 noyabrdagi “Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish va ularni himoya qilish bo‘yicha Respublika reabilitatsiya markazini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori bilan Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi huzurida Respublika reabilitatsiya markazi tashkil etilishi ham mazkur yo‘nalishda boshlangan xayrli ishlarni to‘laqonli hal etilishida odam savdosiga qarshi mustahkam qalqon bo‘ldi. Ushbu reabilitatsiya markazida odam savdosidan jabr ko‘rgan fuqarolar 30 kun (tegishli hollarda uch oy va undan ham uzoqroq muddat) davomida saqlanib, ushbu davr mobaynida ularga zarur tibbiy, ijtimoiy va psixologik yordam ko‘rsatilmoqda.
Buxoro viloyatida ham odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha viloyat idoralararo komissiyasi tomonidan tasdiqlangan yillik ish rejalariga muvofiq tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlar natijasida 2011 yilning birinchi yarmida odam savdosi bilan bog‘liq 35 ta jinoyat fosh etildi. Odam savdosi va uning salbiy oqibatlari, unga qarshi kurashish borasida mamlakatimizda qabul qilingan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati to‘g‘risida aholi o‘rtasida 119 marotaba huquqiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.
Fuqarolarning odam savdosi hamda uning og‘ir oqibatlaridan qanchalik xabardor ekanligi, ushbu sohadagi qonun hujjatlari mazmun-mohiyatini anglashlari va unga qat’iyan amal qilishlari, bir so‘z bilan aytganda, aholi huquqiy madaniyatining yuksakligiga erishish — odam savdosiga qarshi kurashning eng samarali vositasidir.
2008-2010 yillar davomida kurash samaradorligini oshirish bo‘yicha Milliy tadbirlar rejasiga asosan “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rov yakunlariga ko‘ra, odam savdosidan jabrlanganlarning aksariyati (58,7 foizi) mutaxassisligi bo‘lmagan, qolgan qismi esa (41,3 foizi) mutaxassisligi bo‘yicha umuman ishlamagan shaxslar hisoblanadi. Demak, muayyan ma’lumot va dunyoqarashga ega bo‘lmagan shaxslar ko‘proq odam savdosi girdobiga tushib qolmoqdalar. Shu bois, ijtimoiy tadqiqotlar natijalariga ko‘ra odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati yetarli darajada o‘zlashtirilmagan, tadbiq qilinmagan hududlarda viloyat Adliya boshqarmasi tomonidan huquqiy targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Bu, pirovard natijada, aholining bu boradagi huquqiy bilim va ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qilishi shubhasizdir.
Fuqarolarimizning huquqiy madaniyatini yuksaltirishda vakolatli organlar bilan birgalikda nodavlat notijorat tashkilotlari, ta’lim muassasalari, ota-onalar hamda keng jamoatchilikning faol ishtiroki katta ahamiyatga ega. Bunda odam savdosining salbiy oqibatlaridan jamoatchilikni o‘z vaqtida ogoh qilish va unga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha hamkorlikda aholi o‘rtasida tizimli ravishda uchrashuvlar o‘tkazish, shuningdek, ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlar salmog‘ini oshirish eng asosiy vazifamizdir. Eng muhimi, odam savdosiga qarshi kurashish har birimizning muhim vazifamiz ekanligini anglashimiz zarur. Zero, bu millat kelajagi, xalq salomatligi va yosh avlod taqdiri bilan bevosita bog‘liq masaladir.
Akram XALILOV,
Buxoro viloyat Adliya boshqarmasi boshlig‘i
|