Muammo va tanqid

09 Dekabr 2011 20:03
SO‘ZNING OHORI TO‘KILMASIN
Bayram bahona bir tibbiyot muassasasiga taklif qilindik. Ijod mahsuli o‘rtamiyonaroq bo‘lgan shoir ham bizga hamroh bo‘ldi. Bir payt davrani olib borayotgan shifokor ayol:
— Endi so‘z Andijon shahrining buyuk shoiri ...ga! — deb qolsa bo‘ladimi?!
Shoir viqor bilan davra sahniga chiqib, tabrik so‘zlarini ayta boshladi-yu, men unga hamroh bo‘lganimdan xijolat chekdim. So‘zlarning asl ma’nosini tushunadiganlarning istehzoyu ta’naomuz nigohlariga duch kelmasmikanman, deya asta atrofga ko‘z tashladim. Yaxshiki, bu «lutf»­ga hech kim e’tibor bermabdi.
O‘ylab qolaman. Shahar, boringki, viloyatga tanilib-tanilmagan shoirga «buyuk» sifati qo‘llanilsa, butun mamlakatda dong‘i chiqib, xalqaro miqyosda tilga tushgan yurtdoshlarimizni qaysi so‘z bilan ataymiz? Buning uchun «buyuk» so‘zidan-da a’loroq, ustunroq kalom bormi?! Axir, «buyuk» so‘zi ayrim daholargagina nisbat berilganda ishlatilmaydimi?
 Nafsilamrini aytganda, buyuklar bunday atashlarga muhtoj ham emaslar. Xususan, buyuk Beruniy, buyuk Ibn Sino, buyuk Navoiy... Ular qatorida haligi shoirning ham turishi erish tuyulmayaptimi? Balki o‘sha shifokor ayol o‘ylab-o‘ylamay «so‘z buyuk shoirga», deb yuborgandir, ammo so‘zlarning ma’nosini yaxshigina farqlaydigan zukko odamlar ham ba’zan shunday yo‘l tutishlari kishini ajablantiradi.
Bisotimizda «iste’dod» degan so‘z bor. O‘zbek tilining izohli lug‘atida bu so‘zga «ijodiy qobiliyat», «layoqat», «talant» deb ta’rif berilgan. Ammo ke­yingi paytda bu so‘zni ham to‘g‘ri kelgan kimsaga ishlatish urf bo‘lib ketdi. Uch-to‘rtta qo‘shiq «Pul ketsa ketsin, obro‘ ketmasin» qabilida ish tutadigan aytib homiylari orqali kontsert uyushtiradigan xonandaga ham, sal ko‘zga ko‘ringan raqqosaga ham, bir-ikkita kitob chiqargan shoirga ham «iste’dod» so‘zi ila nisbat berish to‘g‘rimikin?! Ularni yulduzlarga qiyoslashlar-chi?! Vaholanki, iste’dodlar aksariyat hollarda dastlabki qadamlaridayoq otilib, yonib chiqadi. Biror xonandaning dast­labki zo‘r qo‘shig‘i tinglansa yoki yosh aktyorning ajoyib sahnaviy ijrosini ko‘rsangiz, birinchi kitobiyoq qalbingizni rom etib olgan yozuvchini beixtiyor «talant!» deb yuborasiz. Biroq biz o‘ylab-netmay, iste’dod yorlig‘ini yopishtirayotgan ayrim ijodkorlar davr­ning uch-to‘rt kunlik lolaqizg‘aldoqlari bo‘lib qolsa-chi?..
Til boyligimizda «hazrat» so‘zi ham borki, buni ham bo‘lar-bo‘lmas joyda ishlatish noo‘rindir. Aslida esa bu so‘z «buyuk» kalomi singari yuqori darajada bo‘lib, yirik din arboblari, buyuk shoiru allomalar, ulkan siyosat arboblariga nisbatan ishlatilsa, to‘g‘riroq bo‘ladi. Navoiy hazratlari, Beruniy hazratlari... muftiy hazratlari... degandek. Duch kelgan joyda, ko‘r-ko‘rona qo‘llash bu so‘zning ham ohorini to‘kishdan bosh­qa narsa emas.
Xullas, bizning so‘z boyligimiz juda boy. Naqadar boyligini buyuklarimiz o‘z asarlarida isbotlab qo‘yishgan. Demak, biroz izlanilsa, bosh qotirilsa, har qanday darajadagi odamga nisbat bera oladigan munosib kalomni tilimiz bisotidan topish mumkin. Mabodo siz ro‘parangizdagi kishining darajasiga yarasha so‘zni topa olmasangiz, yaxshisi, uni yorliqlarsiz ism-sharifi bilan atab qo‘yavering. Ana shunda so‘zlarimizni ohorining to‘kilishidan asrab qolamiz.
Vosit AHmaDxonov,
jurnalist

Hurriyat Copyright

Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo

gzt.uz

press-uz.info



Sizga saytimizning qaysi bo'limi ma'qul bo'ldi?











Natijalar

GISMETEO.RU: ïîãîäà â ã. Òàøêåíò

Ïîäðîáíåå íà www.nbu.com -->





Hosting by UZINFOCOM