Bo‘lajak hamkorining kelishidan darak bo‘lavermagach, qo‘ng‘iroq qildi. “To‘rt daqiqada o‘sha yerda bo‘laman” degan javobni olgach, xushmuomalalik bilan uni kutajagini aytdi. Ammo harchand sabrli bo‘lmasin uning halovati buzila boshladi. Axir, to‘rt daqiqadan to‘rttasi o‘tib ketdi-da.. Hayoli qochdi: «Nima bo‘ldi ekan? Favqulodda biror hodisa yuz berdimikan? Unday bo‘lsa, ogohlantirishi kerak edi... Yoki fikri o‘zgarib qoldimikan? Yo‘q, bo‘lishi mumkin emas. Axir, o‘zi bilan gaplashdim-ku...»
Ular birgalikda shokolad ishlab chiqaruvchi sex ochishga kelishish uchun uchrashuv belgilagan edilar. Rejaga ko‘ra biri mahsulotni iste’mol uchun tayyorlash, ikkinchisi esa uni qadoqlash bilan bog‘liq texnologiyalarni ta’minlashi ko‘zda tutilgan edi. Qiziq, mavqei jihatidan o‘zaro teng bo‘lgan ikki sub’ekt bu zaylda kelisha olarmikan?..
Kutishdan yomoni yo‘q, deyishadi. Xoh katta yoshda bo‘lsin, xoh kichik, kasbi-kori, obro‘-e’tiboridan qat’i nazar, inson bekorga vaqt sarflashni istamaydi. Aslida kutishdan ko‘ra kuttirishdan yomoni yo‘q.
Inson insondan, millat millatdan, davlat davlatdan har doim ham nimadir yaxshi jihatlarni o‘rganadi. O‘zbeklarning mehmondo‘stligi, fransuzlarning shirinso‘zligi, xitoyliklarning vatanparvarligi butun dunyoda e’tirof etilgan fazilatlar. Lekin bu safar e’tiboringizni nemislarning punktualligiga qaratish niyatida qo‘lga qalam oldim. Butun kunini rejali taqsimlashi, belgilangan ishni aniq vaqtda bajarishi, hatto sherigiga nisbatan ortiqcha vaqt ajratmasligi, qat’iy ovqatlanish tartibiga rioya etishi o‘rnak olsa arziydigan sifatlardir.
Bizga hamisha “to‘rt daqiqa” yetishmaydi. Beqarorlikka, hafsalasizlikka, loqaydlikka barham berishimiz kerak. Yangi zamon kishilarimiz axir!
Lavhamiz qahramoni — kutayotgan korxona rahbari esa shunday qarorga keldi: “Hozir ishga nisbatan mas’uliyatsizlik qildimi, keyinchalik ham uning “to‘rt daqiqasi” yetishmaydi. Uzrli sababi bo‘lgan taqdirda ogohlantirgan bo‘lardi. Nima bo‘lgan taqdirda ham bu uning muammosi. Mening vaqtimni o‘g‘irlashga esa haqqi yo‘q”. Imzolanishi kerak bo‘lgan bitimdan ikki taraf ham manfaatdor edi. Ammo bu tashkilot rahbari punktuallikka ahamiyat qaratdi va ish pishmasligini ko‘ngli sezgach, oppoq qog‘ozga to‘rtta so‘zni yozib qoldirdi: “Keldim, kutdim, kelmadingiz, ketdim”.
Kamola ALIBEKOVA
|