Ekspertlar oltinlarni chindan ham haqiqiy ekanligini tasdiqlashdi. Topilmaning bahosi esa 800 ming yevro. Biroq shunday qimmatbaho yukni qoldirib ketgan yo‘lovchining kim ekanligi noma’lumligicha qolmoqda. Taxminlarga qaraganda, oltinlar noqonuniy yo‘l bilan olib ketilayotgan bo‘lishi kerak, aks holda jomadon egasi uni politsiya tekshiruvi chog‘ida qoldirib ketmagan bo‘lardi.
Agarda topilma egasi aniqlanmasa, oltinlar davlat xazinasiga o‘tadi. Shuningdek, uning katta qismi transport idorasiga, ma’lum bir qismi esa noodatiy yukni topib olgan politsiyachiga tegadi.
Gretsiya yevrohududni tark etadimi?
Gretsiya YEI ko‘magisiz yevrohududni tark etadiganga o‘xshaydi. Hozirda mamlakat YEI va Xalqaro valyuta fondi hisobidan 360 milliard yevro kredit olgan. O‘tgan yilning oktyabr oyida Gretsiyaga ajratilgan kredit yetarli emasligi ma’lum bo‘lgach, yana 130 milliard yevro ajratilgandi.
Chexiya Markaziy banki boshqaruvchisi Miroslav Zingerning ta’kidlashicha, Gretsiyaga katta miqdorda kredit berilgan bo‘lsa-da, rejalashtirilgan ishlar oldinga siljimayapti, balki aksincha, boy greklar uchun mamlakat pullarini tashqariga olib chiqishga imkon tug‘ilmoqda. Shu sabab Yevropa Gretsiyaga qarz berishni istamayapti. Zinger shuningdek, Xalqaro valyuta fondining Yevropa mamlakatlariga yordam tariqasida tuzilgan dasturini ham tanqid qildi. Uning so‘zlariga qaraganda, Gretsiya ikki, Portugaliya va Irlandiya bir martadan qarz olgan. Shunga qaramay, yordam dasturi faqatgina Irlandiyadagina o‘z samarasini bermoqda.
Robot jarrohlik qildi
«Medical Expess» nashrining yozishicha, AQShning Kaliforniya universiteti Tibbiyot markazi shifokorlari jarrohlik texnologiyasi yordamida ilk bor kindik orqali o‘t qopini olib tashlashdi. Jarrohlik bo‘limi rahbari Santyago Xorganning so‘zlariga qaraganda, 1 soat davom etgan jarrohlik amaliyoti kichik bir yoriq orqali tananing tor qismida amalga oshirilgan. Operatsiyadan so‘ng 5 soat vaqt o‘tgach, bemor deyarli hech qanday og‘riq sezmayotganini aytib, mustaqil ravishda shifoxonani tark etgan.
Hozirda yuksak baholanayotgan yangi texnologiya jarrohlarga tananing 2,5 santimetr uzunlikdagi kesilishlar sonini 6 tadan 1 tagacha kamaytirish imkonini beradi. Da Vinchi nomini olgan ushbu robot-jarroh yordamida operatsiyadan keyin bemorning kasalxonadagi davrini qisqartirish va tanadagi chandiqlarni yanada ixcham bitishini ta’minlash mumkin.
Tibbiyot markazi shifokorlari shu kungacha Da Vinchi texnologiyasini o‘t qopchasi, oshqozon va buyrak saratoni, yurak xastaliklari, qizilo‘ngach miotomiyasi, bachadonni olib tashlash hamda tos ostidagi muskullarni davolashda sinab ko‘rishdi.
20 soatlik operatsiya
Belgiya tarixida ilk bor yuz terisini almashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli yakunlandi. Uni Gent universiteti mutaxassislari bajarishdi.
Transplantolog-jarrohlar guruhi rahbari, professor Filipp Blondelning aytishicha, jarrohlik jarayoni ko‘ngildagidek kechgan. «6 kun o‘tgach, bemor gapira boshlagani, mustaqil suv icha olgani bizni ajablantirdi, — deydi u. — Biz buni kutmagandik».
Hozircha mijoz va unga yangi chehra bergan donor oilasi sir tutilmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, shifoxonaga olib kelingan mijoz yuzining markaziy qismi — lab, yuz muskullari va nerv to‘qimalari, shuningdek, ko‘z kosasidan bo‘yingacha bo‘lgan suyaklari yo‘q edi».
20 soatgacha cho‘zilgan operatsiya dunyo bo‘yicha eng uzoq vaqt davom etgan 19 ta jarrohlik amaliyotidan biri bo‘lib chiqdi. Bu kabi murakkab va nozik turdagi jarrohlik ilgari faqatgina Frantsiya, Ispaniya, Xitoy va AQShda amalga oshirilgan.
Yirik avtohalokat yuz berdi
AQShning Texas shtatida yirik avtohalokat yuz berdi. «Houston Chronicle» agentligi tarqatgan ma’lumotlarga qaraganda, Port-Artur shahri yaqinidagi shosseda 79 ta mashina to‘qnashib ketgan. Natijada 54 kishi jarohatlangan, ulardan uch nafarining ahvoli og‘ir. Jabrlanganlar voqea joyidan tezda eng yaqin shifoxonalarga yotqizildilar.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, quyuq tuman tufayli avtomashinalar boshqaruvi izdan chiqqan. CNN agentligining ta’kidlashicha, yo‘l halokatiga o‘rmon yong‘inlari tufayli avj olgan tutun ham sabab bo‘lgan. Shuningdek, ko‘plab haydovchilar yo‘l yoqasiga ogohlantiruvchi belgilar o‘rnatilganiga qaramay, tezlik me’yorlariga rioya qilishmagan.
13 ming politsiyachi qidirmoqda
«China Daily» nashrining yozishicha, Nankine shahridagi Markaziy bankdan 31,7 ming AQSh dollari o‘g‘irlab ketilgan. Xitoy politsiyasi jinoyatchini topish uchun 13 ming nafar xodimini jalb qilgan.
«Global Times» agentligi tarqatgan ma’lumotlarda aytilishicha, qurollangan o‘g‘rilikda 42 yoshli Tszen Kayguy gumon qilinmoqda. Bundan tashqari, sobiq harbiy so‘nggi 8 yil mobaynida xuddi shu ko‘rinishdagi 6 ta jinoyatda aybdor, deb topilgan. Unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan. 7 kishi hayotiga zomin bo‘lgan jinoyatchi shu kungacha 44,3 ming dollar pul o‘g‘irlagan. Politsiya jinoyatchini oshkor etuvchi ma’lumot evaziga 16 ming dollar mukofot e’lon qildi.
«Fobos-grunt» qayerga qulaydi?
Rossiyaning «Fobos-Grunt» sayyoralararo stantsiyasi 15 yanvar kuni Yerga qulashi kutilmoqda. Bu haqda havo kosmos mudofaa qo‘shini xabar berdi.
Kosmik kema o‘tgan yilning noyabr oyida Boyqo‘ng‘irdan fazoga uchirilgandi. U Marsning yo‘ldoshidan tuproq namunasini olib qaytishi kerak edi. Biroq «Fobus»ning dvigatelü tizimi ishdan chiqqanligi sababli u belgilangan joyga yetib bormagan. Ayni paytda og‘irligi qariyb 14 tonnani tashkil etuvchi kosmik laboratoriya boshqaruvni yo‘qotgan holda Yerga yaqinlashib kelmoqda.
AQSh strategik qo‘mondonligining taxminiy xulosalariga ko‘ra, «Fobos» Afg‘onistonning shimoli-sharqiy qismiga kelib tushadi.
Ma’lum bo‘lishicha, tashqi omillar ta’siri ostida kosmik kemaning qulash joyi va vaqti o‘zgarishi mumkin. AQSh, Xitoy, Hindiston, Afrika, Avstraliya, Braziliya, Yaponiya, Yevropaning janubiy qismlari va Ukraina hududi ham bundan mustasno emas.
Virus tashuvchi chivinlar
Shu kunlarda «Murrey vodiysi entsefaliti» nomini olgan infektsiya Avstraliya aholisiga xavf solmoqda. Uning o‘chog‘i mamlakatning Viktoriya va Janubiy Uels shtatlarida ekani aniqlangan.
«Murrey vodiysi entsefaliti» bilan ommaviy kasallanish holati so‘nggi marta 1970 yilda kuzatilgandi. O‘shanda 80 ga yaqin kishi kasallikka chalingandi. O‘tgan yili esa bu virus sababli ikki avstraliyalikning salomatligi yomonlashgan.
Har qanday holatda chivin chaqishi orqali yuqadigan bu kasallik ayrim kishilarda yengil kechadi, ba’zilarda esa uzoq nevrologik muammolarni keltirib chiqarib, kishining o‘limiga ham sabab bo‘ladi. Isitmaning keskin ko‘tarilishi, kuchli bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, hushdan ketish va alahsirash kasallik alomatlaridir. Hukumat virus aniqlangan ikki shtat fuqarolariga sog‘lig‘iga nisbatan o‘ta ehtiyotkor bo‘lishlarini, kasallikning ilk alomati sezilgan taqdirda shifokorga murojaat etish zarurligini maslahat berishmoqda.
Oqibati o‘lim
(“The New York Times” gazetasi, AQSh)
Gazetaning navbatdagi sonida shov-shuvli maqola chop etilgan. Unda yozilishicha, gollandiyalik olimlar parranda grippini qo‘zg‘atuvchi viruslar ustida tajriba o‘tkazayotib inson hayoti uchun xavfli bo‘lgan virusni yaratganlar. Tadqiqotni AQSh Sog‘liqni saqlash milliy instituti moliyalashtirgan. Maqola mualliflarining fikricha, bu tadqiqot mutlaqo keraksiz. Chunki “u insoniyat uchun halokatli, virusni o‘rganishdan keladigan potentsial foyda esa haminqadardir”.
Erazma Tibbiyot markazi (Rotterdam) olimlari yangi A(H5N1) virusining tez yoyilishi va qanchalik xavfli ekanini sassiqko‘zanlar misolida o‘rganib chiqdilar. Tajribadan ma’lum bo‘lishicha, dahshatli virus havo tomchilari orqali yuqish xususiyatiga ega ekan. Eng yomoni, har bir jonli organizmga virusning yuqishining oqibati o‘lim bilan yakun topadi.
Yana yil bashoratlari
(“Foreign Policy” gazetasi, AQSh)
Gazeta haftaning dushanba kungi sonida 2012 yilda yuz berishi kutilayotgan tahlikali voqea-hodisalar ro‘yxati bayon etilgan maqola chop etdi.
Unda jahon bozoridagi iqtisodiy tanazzul, geosiyosat — milliy xavfsizlik masalalari ko‘tarilgan. Aytaylik, 2008 yilgi moliyaviy inqirozdan keyingi vaziyat, Usama ben Ladenning yo‘q qilinishi va Amerika harbiylarining Iroq hududidan olib chiqib ketilishining ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy oqibatlari, yevrohududdagi moliyaviy tanazzul, Xitoyning jahon iqtisodiyotiga o‘tkazayotgan ta’siri borasida fikr-mulohazalar bildirilgan.
Shuningdek, gazeta tahlikalari ro‘yxatidan Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqdagi siyosiy vaziyat beqarorligining yanada kuchayishi, Afg‘oniston hududidan AQSh qo‘shinlarini olib chiqib ketish natijasida Pokistonda boshlanadigan boshboshdoqliklar, Ugo Chavesning kasalligi tufayli oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan saylovlarda qatnasha olmasligi mamlakatda siyosiy vaziyatni yanada murakkablashtirishi kabi taxminlar o‘rin olgan.
“Foreign Policy”ning bu yildagi eng shov-shuvli maqolasida yozilishicha, 2012 yilda yevrohududning parchalanib ketish xavfi ham yo‘q emas.
Belorus internetni milliylashtirmoQda
(“La Stampa” gazetasi, Italiya)
Belorus prezidenti Aleksandr Lukashenko internetdan foydalanuvchilarga aloqador shov-shuvli qaror qabul qildi. Bu haqda gazeta muxbiri Federika Guerrini yozadi.
“Prezident Aleksandr Lukashenko o‘zining aqlni shoshtiradigan qarori bilan mamlakatda internetni milliylashtirish niyatida. 6 yanvardan kuchga kirgan “Ma’muriy va protsessual javobgarlik kodekslariga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi qaror respublika aholisini xorij saytlariga, chegara tashqarisida ishlab chiqilgan serverlarga kirish huquqidan mosuvo etdi. Bu talabga bo‘ysunmagan shaxsning 96 yevro miqdoridagi jarimaga tortilishi ko‘zda tutilgan”, — deya yoziladi maqolada.
Yangi tartib-qoida faqat jismoniy shaxslargagina emas, balki mamlakat hududida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga ham tegishli. Endi ular faqat qattiq nazoratga olingan milliy domenlar xizmatidan foydalanishga majburlar.
Bu “qattiqqo‘llik” mezoni wi-fi tarmog‘iga ham o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Qaror kuchga kirgan kundan e’tiboran wi-fi hududiga ega kafe sohiblari o‘z mijozlarining noqonuniy xatti-harakatlari uchun ham javob beradilar.
“Oyoq kiyimlar” noroziligi
(“New Zurcher Zeitung” gazetasi, Germaniya)
“O‘tgan shanba kuni yuzlab odamlar Germaniya federal prezidenti Kristina Vulf qarorgohi oldiga to‘planishdi”, deb yozadi gazeta. Ularning maqsadi, prezident olib borayotgan siyosatdan noroziliklarini bildirish bo‘lgan. Namoyish “Prezidentga oyoq kiyimlarimizni ko‘rsatamiz” shiori ostida uyushtirilgan.
Shu o‘rinda, bir voqeani eslash joiz. Bir necha yillar oldin AQSh eks-prezidenti Jorj Bushga iroqlik jurnalist o‘z oyoq kiyimini yechib uloqtirgani anchayin gap-so‘zga xamirturush bo‘lgandi. Bunday xatti-harakati bilan o‘z fikrini ifodalamoqchi bo‘lgan jurnalist tez orada butun dunyoga mashhur bo‘lib ketgan edi. Shanba kungi “oyoq kiyimlar” namoyishi esa GFR prezidentining iste’fosini talab qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2011 yil dekabr oyi o‘rtalarida Kristina Vulf o‘ziga imtiyozli kredit olgani va bu dalilning oshkor etilmagani sabab turli noxushliklar girdobida qolgan edi.
Internet materiallari asosida tayyorlandi. |