Auktsion tashkilotchilari bergan ma’lumotga qaraganda, kitobni qo‘lga kiritgan amerikalik xususiy kollektsioner o‘z ism-sharifini sir saqlash istagini bildirgan.
2000 yili «Amerika qushlari» kitobi nusxalaridan biri Chritie’s auksionida 8,8 million dollarga sotilgan bo‘lsa, 2010 yilning dekabrida kitobning yana bir nusxasi Sotheby’s auksionida 11,5 million dollarga baholangandi.
2010 yil yakunidagi ma’lumotlarga ko‘ra, tarixdagi 9 ta eng qimmatbaho kitoblar ro‘yxatining yarmi «Amerika qushlari» kitobi nusxalari hisoblanar ekan. Shu kungacha kitobning 119 ta nusxasi saqlanib qolgan bo‘lib, faqatgina 11 tasi xususiy mulk hisoblanadi.
Import taqiqlanadimi?
AQSh Braziliyaning tsitrus mahsulotlaridan voz kechmoqchi. Bunga mamlakatdagi apelüsin daraxtining inson salomatligi uchun ziyoni bor bo‘lgan karbendazim kimyoviy moddasi bilan ishlov berilgani haqidagi mish-mishlar sabab bo‘lgan.
AQSh qishloq xo‘jalik vazirligi bergan ma’lumotlarga qaraganda, 2009-2010 yillar mavsumida mamlakat aholisi 4,5 million litr apelsin sokini iste’mol qilgan. Bu mahsulotlarning 40 foizi Braziliya ulushiga to‘g‘ri keladi.
10 yanvar kuni Nüyu-York bozorida apelsin sokining narxi oxirgi 34 yil mobaynida eng yuqori ko‘rsatkichga ko‘tarildi. Shu kuni yarim litr hajmdagi sokning narxi 2,13 AQSh dollariga baholandi. Ammo bir necha kun o‘tgach, bu ko‘rsatkich 1,95 dollarga tushdi.
Braziliya sitrus mevalarini eksport qilish assotsiatsiyasi qator tekshiruvlardan so‘ng mahalliy apelsinlardan tayyorlanayotgan soklar zararsiz ekanini ta’kidladi. Shuningdek, braziliyaliklar mevalarni yetishtirishda karbendazim kimyoviy moddasidan foydalanilishini inkor etmadi. Ma’lum bo‘lishicha, karbendazim yordamida apelsin daraxti mog‘orlashining oldi olinadi va shu yo‘l bilan hosil saqlab qolinadi.
Yasama oyoqli echki
Ukrainaning Vinnitsa shahri hayvonot bog‘idagi echkiga yasama oyoq qo‘yildi. U o‘tgan yilda brakonerlar tuzog‘iga tushib, oldi o‘ng oyog‘idan ayrilib qolgandi, deb yozadi «Ukraina ovozi» gazetasi.
Jonivorga moslab yasalgan sun’iy oyoq mahalliy zavodda ishlab chiqarildi. «Bizning amaliyotda bu kabi holatga duch kelinmagandi. Ammo biz bu boradagi o‘z imkoniyatlarimizni sinab ko‘rdik,» — deydi zavod rahbari Vasiliy Lesak.
Jonivor Ukrainada maxsus protezga ega birinchi echki sifatida dovruq qozondi. Hozir u o‘zini juda yaxshi his etib, odatdagi hayot tarziga qaytgan.
Eng yosh dengiz sayyohi
«France-Presse» axborot agentligi tarqatgan ma’lumotlarga qaraganda, gollandiyalik 16 yoshli Lora Dikker yakka tartibda dunyo bo‘ylab sayohat qilgan eng yosh sayyoh sifatida tan olindi. Bir yil davom etgan dengiz sayohati Karib orolida o‘z yakuniga yetdi.
Dikkerning aytishicha, sayohat ko‘ngildagidek kechgan. «Men ko‘p bor delüfinlar to‘dasiga duch keldim, ularning go‘zal xatti-harakatidan zavqlandim. Bu kunlar men uchun unutilmas bo‘lib qoladi,» — dedi u.
Voyaga yetmagan gollandiyalik qizaloq 2009 yili bor-yo‘g‘i 14 yoshida dunyo bo‘ylab sayohat qilish xohishini bildirgandi. O‘shanda Loraning ota-onasi uni qo‘llab-quvvatlagan, biroq bolalar huquqini himoya qilish xizmati talabiga ko‘ra, sud dengiz sayohati o‘smir qiz kamolotiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, degan vaj bilan bunga qarshilik qilgandi.
2010 yil ish qayta ko‘rib chiqilgach, sud bu safar yosh Dikkerga yon bosdi va u 2011 yilning 20 yanvarida sayohatga otlandi. Natijada Lora o‘zidan 8 oylik katta hisoblangan avstraliyalik Jessika Uotsan rekordini yangiladi.
Miyaga sanchilgan mix
Amerikalik fuqaro bexosdan o‘zining boshiga 8 santimetrlik mixni sanchib qo‘ydi. Qizig‘i, u pnevmatik bolg‘a zarbasidan biroz jarohatlandim, deya bir kundan ortiq vaqt shifokorga murojaat qilmadi.
Illinois shtatining Orlend-Park shahrida yashovchi 32 yoshli Dante Otullo o‘z ustaxonasida mix otuvchi «pistolet»dan foydalanayotgan bir paytda uskuna boshiga zarb bilan urilgan. Bunga unchalik e’tibor bermagan usta ish tugagach, uyga qaytadi. Xotini jarohatni vodorod peroksidi bilan yuvib, unga shifokorga uchrashni maslahat beradi, ammo u buni rad etadi.
Rentgen suratlari Otulloning miyasida 8,25 santimetr uzunlikdagi mix borligini ko‘rsatdi. Mix jarrohlik yo‘li bilan olib tashlandi.
Shifokorlardan biri Mayk Maggioning aytishicha, 2 soat davom etgan operatsiyada bosh suyakning teshik qismi titan qoplamasi bilan yopilgan.
Kelajak mashinasi
Qo‘llar yordamisiz, o‘y-xayol orqali boshqariladigan avtomobilga qanday qaraysiz? Ko‘pchilik buni uzoq kelajak mahsuli deyishadi. Ammo yaqin istiqbolda Yaponiyaning dunyoga mashhur «Nissan» kontserni Shveytsariya kompanisi bilan hamkorlikda qo‘l yordamisiz harakatlanadigan avtomobilni yaratish niyatida.
Shu paytga qadar bir nechta kompaniya bu borada ko‘plab izlanishlar olib borgan. Biroq, eng murakkab jarayon shundan iboratki, miya faoliyatidagi signallarni aniqlaydigan maxsus datchiklar avtomobil boshqaruvini me’yorga soladi. Bu esa kishidan fikrni bir joyga jamlashni talab etadi.
Tasavvur qilaylik, bizda o‘y orqali boshqariladigan avtomobilü bor. To‘satdan harakatlanish vaqtida noodatiy bir ob’ektga duch keldik, bu vaqtda miyamiz unga nisbatan qanday munosabat bildiradi va buning oqibati nima bilan yakunlanadi. «Nissan» kompaniyasi mutaxassislari ana shu muammo yechimini topishdi. U haydovchining bajarish ehtimoli bo‘lgan xatti-harakatlarni oldindan ko‘ra biluvchi statistik analizlarda namoyon bo‘ladi. Bundan tashqari, tizimga u yoki bu buyruqlarni amalga oshirish uchun haydovchining ko‘z harakati va tashqi omillar ta’siri ostidagi parametrlarni aniqlaydigan funktsiyalar kiritilgan.
Albatta, hali bu qarashlar xomligicha qolmoqda. Chunki soha mutaxassislarining so‘zlariga qaraganda, tayyor prototipni testdan o‘tkazishga hali erta. Buning uchun hali ko‘p savollarga javob topish kerak.
Kulguli va g‘alati mashina
Buyuk Britaniyada dunyodagi eng kulguli va g‘alati ko‘rinishdagi Peel nomli avtomobillarni sotuvga chiqarilish arafasida turibdi. Hozirda birdaniga mashinaning 2 modeli ishlab chiqarilishi rejalashtirilmoqda.
Yagona o‘rindiqqa ega R50 avtomobilining uzunligi 1370, eni 1041 millimetrni, og‘irligi esa 59 kilogrammni tashkil etadi. Qizig‘i shundaki, mashinani xohlagan vaqtda aravadek sudrab ketish yoki ko‘tarib olish mumkin. Avvaliga avtomobilning eng yuqori tezligi soatiga 80 kilometrgacha ko‘tarilish imkoniga ega deb qaralayotgandi, ammo haydovchining xavfsizligini ta’minlash maqsadida ixtirochilar tezlikni soatiga 45 kilometrgacha tushurishdi.
Dunyodagi eng kichik mashina deb, ta’kidlanayotgan P50 avtomobili 10 ming 800 dollarga baholanmoqda.
Trident nomini olgan ikkinchi model juft o‘rindiqqa ega bo‘lib uning og‘irligi 99 kilogrammni tashkil etadi.
Otabek OTAYOROV
tayyorladi.
Yevgeniyaning ibodat nonushtasi
“The Times” gazetasi (Buyuk Britaniya )
Yuliya Timoshenkoni qamoqdan ozod qilish uchun Yevropa Ittifoqi Ukraina prezidentining tashrifini rad etishi lozim, deya fikr bildiradi The Times gazetasiga intervyusida eks-bosh vazir qizi Yevgeniya Timoshenko.
Yevgeniyaning e’tiroficha, amaldagi tuzum Yu.Timoshenkoni agar u Yanukovich bilan kurashni to‘xtatmasa va siyosat maydonini tark etmasa qatl etishi mumkin, — deb ta’kidlaydi jurnalist Toni Xelpin.
Shuningdek, maqolada aytilishicha, Yevgeniya Timoshenko chinovniklarni onasini qamoqda haddan ortiq qiynoqqa solganlikda ayblamoqda. Bu yerda sobiq bosh vazir kunu tun videokuzatuv ostida va doimiy yorug‘likda ushlab turilibdi. Yuliya Timoshenko tanasida og‘riq sezsa ham davolanishdan bosh tortmoqda. U o‘zini zaharlashlaridan cho‘chimoqda.
“Men onamga o‘tirib-turishda yordam berishim zarur. Hozir unga eng oddiy harakat ham kuchli og‘riq olib keladi. Bu esa uning hayoti uchun xavfli”, — deydi Yuliya Timoshenkoga vaqtincha yordam berib turishga ruxsat olgan qizi.
Mehribon qiz Yevgeniya Timoshenko onasini ozodlikka olib chiqish uchun diplomatik tazyiqni tobora kuchaytirmoqda. Shu maqsadda u, yaqinda YeI yetakchisi bilan uchrashdi. Fevral oyida esa Buyuk Britaniya va AQShga tashrif buyurib, Obama ishtirok etadigan “ibodat nonushtasi”da qatnashmoqchi.
“Xalq organizmi” uchun vitaminlar
“Der Spiegel” jurnali (Germaniya)
“Milliy-sotsialistlar vitaminlarning ashaddiy ishqibozlari bo‘lgan”, — deb yozadi Markus Grill gazetaning o‘tgan kungi sonida.
Maqola muallifi Braunshveygdagi farmatsevtika tarixi universiteti olimi Xayko Shtoffadan misol keltiradi: “O‘sha kezlardagi mafkuraga ko‘ra, bu hayotiy muhim modda aholi organizmini baquvvat qilishi kerak bo‘lgan. Milliy-sotsialistlar Birinchi jahon urushidagi mag‘lubiyatning asosiy sababini — aholining sifatli ovqatlanmaslik natijasida kuchsiz bo‘lib qolganligi bilan izohlashmoqda”.
— Shuning uchun, — davom etadi muallif, — milliy-sotsialistik tuzum 1940 yildan buyon aholini vitaminli preparatlar bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratgan. Bu vitaminlar esa birinchi navbatda chaqaloqlarga, onalarga, og‘ir jismoniy ish bilan shug‘ullanuvchilar va askarlarga berilgan.
Ikkinchi jahon urushi davrida Genrix Gimmler qo‘l ostidagi Daxau kontslagerida S vitamini xususiyatlari ustida tadqiqotlar olib borilgan. Tadqiqotning asosiy mavzusi bir odamga aynan qancha vitamin zarur, qaysi mahsulotlar tarkibida vitaminlar ko‘p va ularni qaysilari bilan almashtirish mumkinligi kabi savollar atrofida kechgan.
“O‘ttizinchi yilar oxiriga kelib mahalliy o‘simliklarga ham e’tibor qaratila boshlandi, masalan na’matakka”, — deya xabar qiladi M.Grill. Urush boshlanmasidan ilgariroq, na’matakni qayta ishlash yo‘lga qo‘yilgan edi. Ayollar na’matakni terib kelib, undan qiyom qilishgan.
Germaniya sog‘liqni saqlash vazirligining shu kabi harakatlari natijasida urush eng avjiga chiqqan 1942 yilda nemis xalqining sog‘ligi anchayin yaxshi ahvolda edi.
1944 yilda Germaniya qurolli kuchlari 200 tonna S vitaminini buyurtma qilishgan. Buyurtmaning 65 tonnasi neytral hudud hisoblangan Shveytsariya farmatsevtika firmasi Roche tomonidan yetkazib berilgan. Bu haqda shveytsariyalik tarixchi Beat Bexi “S vitamini hamma uchun” nomli kitobida yozib qoldirgan. Kitobda e’tirof etilishicha, Roche garchi dunyoda sintetik S vitaminini ishlab chiqaruvchi ilk firma bo‘lsa-da, dastlab bu mahsulotning kimgadir kerak bo‘lishiga shubha bilan qaragan.
“Bugun esa bir juft nayrang ko‘rsatish uchun ham S vitamini iste’mol qilinadi”, — deb yoziladi maqolada.
Vatikan: spektakl qoldirildi
“Corriere Della Sera” gazetasi (Italiya)
Milanda “Tangriga tik boqib” spektaklining premera bo‘lishi arafasida turli ehtiroslar, ziddiyatli munosabatlar avj oldi, deb yozadi gazeta muxbiri Jon Guido Vekki.
“Bu teatr namoyishi Iso bilan xristianlar o‘rtasidagi munosabatlarni haqoratlaydi”, — deyiladi umumiy masalalar bo‘yicha Vatikan davlat kotibiyati a’zosi, monsenüor Piter Brayn Uells Romeo Kastelluchchining “Tangriga tik boqib” spektakli haqida yozgan maktubida. Xat www.riscossacristiana.it saytida mazkur teatr postanovkasi haqida salbiy fikr bildirgan teolog, xristianlar rahnamosi Jovanni Kavalükoli nomiga bitilgan.
“Premera 24 yanvar kuni Franko Parenti teatrida o‘tishi kerak edi. Ammo shaharda vaziyat murakkablasha boshladi: bu yerda Militia Christi ekstremistik assotsiatsiyasi norozilik aktsiyasiga tayyorgarlik ko‘ra boshlagani ma’lum bo‘lgan. Teatr direktori Andre Rut Shammaning so‘zlariga qaraganda, bu spektaklda hech qanday shakkoklik yo‘q. Kastelluchchi kardinal Skola bilan uchrashishga tayyor va shundan umidvor. Ana shu uchrashuvni kutgan holda, permüerani boshqa kunga qoldirishga tayyormiz. Biz arxiepiskop bilan asar voqealarining asl mohiyatini aniqlashni istaymiz.
Ulug‘bek Asrorov tayyorladi.
|