Shu sabab dos Santos va maymunlar o‘rtasida kechgan olishuv qiziqarli tomoshaga aylanib ketdi. Keyinchalik shifoxonaga yotqizilgan dos Santosning aytishicha, u hayvonot bog‘iga mast holda kelgan va birdan xayolida maymunlar bilan o‘ynash fikri paydo bo‘lgan. Biroq 64 yoshli voqea qahramoni kutilmaganda maymunlar hujumiga uchraydi. Dos Santos esa ularning hujumiga ko‘p ham qarshilik ko‘rsatolmasa-da hujum qilganlardan birining ko‘ziga jarohat yetkazishning uddasidan chiqdi.
Dos Santos hozir hayvonlarga shafqatsizlarcha munosabatda bo‘lganlikda ayblanmoqda. Shuning uchun unga katta miqdorda jarima belgilangan.
Hammasiga tuman aybdor
Germaniyaning Shimoliy Reyne-Vestfaliya hududidagi avtomobil trassasida 52 ta mashina o‘zaro to‘qnashib ketdi. Natijada 3 kishi voqea joyida hayotdan ko‘z yumdi. Yo‘lovchilarning 35 nafari yengil, 14 nafari og‘ir tan jarohati oldi. Halokatga uchragan mashinalar bir necha yuz metr yo‘lni butunlay to‘sib qo‘ydi. Bundan zarar ko‘rganlarning ayrimlari qutqaruv xizmatisiz mashinani tark etolmadilar. Yo‘lni shikastlangan mashinalardan tozalash ishiga bir kundan ortiq vaqt ketdi.
Aniqlanishicha, avtomobillar to‘qnashuviga kuchli tuman sabab bo‘lgan. Ammo sodir bo‘lgan voqeaning asl sabablari hozircha noma’lum. Politsiya xodimlari voqea joyiga oid havodan tasvirga olingan suratlar yordamida aybdor haydovchilarni topish niyatida.
Omadsiz ayg‘oqchilar
AQSh Markaziy razvedka idorasi so‘nggi oylarda Livan va Eron mamlakatlariga yuborilgan maxfiy ayg‘oqchilar guruhidan mahrum bo‘ldi. Bu haqda «Gareets» nashri xabar tarqatdi.
Ma’lumotlarga qaraganda, AQSh Markaziy razvedka idorasini Livandagi radikal shialar rejalaridan xabardor etib turgan mazkur maxfiy guruh maxsus kontrrazvedka bo‘limi tomonidan asirga olingan. Xuddi shu holat Eronda ham kuzatildi. Mamlakatga yuborilgan AQSh, Buyuk Britaniya va Isroil ayg‘oqchilari ham birin-ketin izsiz yo‘qolishdi.
Livan va Eron hududida bedarak ketgan ayg‘oqchilar soni bir necha o‘n nafarni tashkil etadi. Amerikalik ayg‘oqchilarining bu omadsizliklariga sabab ularning o‘z ishiga nisbatan loqayd yondashuvida, deb qaralmoqda.
Darvozabon yarim million yevro yutdi
Myunxenning «Bavariya» va Germaniya terma jamoasi darvozaboni Manuel Noyer «Kim millioner bo‘lishni istaydi?» televiktorinasida yarim million yevro yutib oldi. Bu haqda Goal.com internet nashri ma’lumot beradi.
Noyer qo‘lga kiritilgan pul mablag‘ining hammasini xayriya ishlariga sarflashini ma’lum qildi. Televiktorinada Noyerdan tashqari germaniyalik mashhur shaxslar — qo‘shiqchi Mayte Kelli, aktrisa Gabi Kester va komik Mixael Mittermayerlar qatnashdi.
Noyer ko‘rsatuvda geografiya, botanika va boshqa turli mavzulardagi savollarga aniq javob berib, raqiblariga qaraganda ancha bilimdon ekanini isbotladi.
Novosibirskda “xavfsizlik mayog‘i”
“YevroSMI” gazetasining 21 noyabr soni muqovasida Rossiyaning Novosibirsk shahrida o‘rnatilgan art-ob’ektning surati chop etilgan. Sariq rangdagi ushbu “xavfsizlik mayog‘i” 900 dona shisha idishdan yasalgan. Uning asosiy vazifasi yo‘l harakati ishtirokchilarini ogohlikka, alkogolli ichimlik iste’mol qilgan holda mashinani boshqarmaslikka chorlashdan iborat.
Ta’kidlash lozimki, sariq belgi 20 noyabrda nishonlanadigan Butunjahon yo‘l harakati hodisasi qurbonlari xotirasi kuni munosabati bilan o‘rnatilgan. “Forpost” jamoatchilik tashkiloti rahbari Irina Morozovaning aytishiga qaraganda, shisha idishlar shahar zavodlaridan birida ishlab chiqarilgan, “xavfsizlik mayog‘i” esa “Elkraf” kompaniyasi tomonidan yasalgan.
Albatta, Novosibirsk bu kabi belgilarni ko‘chalarga o‘rnatish bo‘yicha Rossiyada yoki dunyoda birinchi shahar emas. Shu yilning bahorida BMT Bosh assambleyasi tomonidan 2011-2020 yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash o‘n yilligi” e’lon qilingan edi. Shunga ko‘ra, may oyidan e’tiboran BMTga a’zo mamlakatlar yo‘llarida sariq rangli belgi-ramz paydo bo‘la boshladi, ammo ularning hech biri Novosibirsk shahridagidek odamlar e’tiborini torta olgani yo‘q.
Nyu-york o‘n yildan so‘ng (“Corriere Della Sera” gazetasi)
Havoning global isishi va okeanda suv sathining ko‘tarilishi oqibatida “Katta Olma” tabiat oldida yana ojiz qolishi mumkin, deb yozadi Franchesko Tortora o‘zining “Corriere Della Sera” gazetasi saytida e’lon qilingan maqolasida.
“10 yildan keyin kuchli dovul Nyu-Yorkni g‘arq qilish ehtimoli bor. Bu zamonaviy Gollivud kinolaridagi ssenariy emas, balki haqiqatga ancha yaqin ilmiy ma’lumotdir. Bu ma’lumotni Nyu-York shtati Energiya resurslari departamenti buyurtmasiga ko‘ra Kolumbiya va Kornell universitetlari olimlari ma’lum qilgan”, — deya yoziladi maqolada.
Ilmiy ma’ruzada ta’kidlanishicha, iqlimning global isishi va dengiz suv sathining ko‘tarilishi oqibatida “Uyqu bilmas shaharni” o‘n yildan so‘ng kutilayotgan dovulning ilk to‘foniyoq “supurib tashlashi” mumkin. F.Tortora esa maqolasini shunday yakunlaydi: “Mutaxassislar fikricha, Nyu-York ko‘chalarining uchdan bir qismi dovul boshlangach bir soatga yetar-etmas suv ostida qoladi. Bu esa Manxettenga boruvchi barcha tunellarni suv bosadi, degani. Manxetten hozircha shaharning eng mashhur va boy hududi hisoblanib, dovul vaqtida juda xavfli joyga aylanadi. Shaharning qolgan qismiga yana boshqa tabiiy ofat — ob-havoning keskin isib ketish muammosi ko‘z tikib turibdi”.
Adolatsiz jazo (“The New York Times” gazetasi)
Rossiya Federatsiyasi hukumati bundan bir yarim yil avval 7 yoshli Ivan Skorobogatovning o‘limida ayblanib, qamoqqa olingan amerikalik er-xotinga juda yengil hukm chiqarilganidan noroziligini bildirdi, deb yozadi “The New York Times”.
Er-xotin Maykl va Nonnet Kreyverlar o‘tgan juma kuni Pensilvaniya shtatida mazkur qotillik uchun 16 oyga qamoq jazosiga hukm qilingan edi. “Hukm chiqquncha esa ular 19 oy qamoqda yashashga majbur bo‘lishgan. Endi ular soqchilar nazorati ostida ushlab turilmaydi” Devid Xerzenxornning maqolasida shunday ta’kidlanadi.
“Kreyverlar 7 yoshli bolani juda og‘ir qiynoqlarga duchor qilgan bo‘lishsa-da, bir yarim yillik qamoqdan so‘ng ozodlikka chiqishgan, — deydi Rossiya Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Aleksandr Lukashevich. — Sud hukmi mutlaqo adolatsiz bo‘lgan”.
Ispancha o‘zgarish (“Le Figaro” gazetasi)
Yakshanba kuni Ispaniyada bo‘lib o‘tgan saylovlarda Mariano Raxoy mutlaq ko‘pchilik ovozga ega bo‘ldi. U boshdanoq mamlakat byudjet intizomiga qat’iy amal etishini ma’lum qilgan edi. Bu, o‘z navbatida, hukumatga bo‘lgan ishonchni tiklashga va Yevropa rekonstruktsiyasida qatnashishga imkon yaratadi.
“Italiya va Gretsiyadan farqli o‘laroq, Ispaniya hozir ancha murakkab vaziyatni boshdan kechirmoqda. Bu vaziyatdan chiqib ketish chora-tadbirlari hukumat va xalq tomonidan ommaviy qo‘llab-quvvatlanmoqda. Albatta, bu iqtisodiy siyosatni amalga oshirish uchun parlamentga qulay imkoniyat yaratadi. Bu o‘ta muhim siyosiy ustunlik”, — deb yozadi “Le Figaro” gazetasi sharhlovchisi Per Russelen.
Shuningdek, maqolada yozilishicha, hozirda Ispaniya iqtisodiyoti og‘ir qiyinchiliklarni boshdan kechirmoqda. Ammo tobora rivojlanib borayotgan sayyohlik tizimi va eksport sektori mamlakat iqtisodiyotining xaloskori bo‘lishi mumkin. Mariano Raxoyning bosh vazir lavozimidagi dastlabki qadami ko‘pchilikda ijobiy taassurot uyg‘otmoqda.
Internet materiallari asosida tayyorlandi. |