Topilmalar hali to‘la o‘rganilmagan bo‘lsa-da, g‘ovvoslar suyaklarni o‘ta qadimgi hayvonlarga tegishli ekanini ishonch bilan aytishmoqda. Bunga sabab shuki, ilgari ham Tobolda shunga o‘xshash hayvon suyaklari uchragan.
O‘ta noyob deb baholanayotgan ushbu topilmalar ayni paytda suv osti dengizi markazida saqlanmoqda.
8 yoshida vazni 80 kilogramm
AQShning Klivlend shahrida ortiqcha vazndan qiynalayotgan 8 yoshli bolakay oilasidan ajratib olindi. Ijtimoiy markaz vakillarining ta’kidlashicha, bolaning onasi o‘g‘liga ortiqcha vazndan qutulish uchun yetarlicha yordam ko‘rsata olmagan.
Tekshiruvlar shuni ko‘rsatdiki, ijtimoiy markazga olib kelingan 3-sinf bolasining og‘irligi hozirda 80 kilogrammga yetgan. Bu ketishda yaqin kunlarda bola tanasida qandli diabet va gipertonik kasalliklar rivojlanishi mumkin.
Ma’lum bo‘lishicha, ijtimoiy ishchi guruhi bolani oilasidan ajratib olish to‘g‘risidagi sud orderini qo‘lga kiritgunga qadar bir yil mobaynida onaning xatti-harakatlarini kuzatib borgan va bolaning ozishi uchun shifokor bergan tavsiyalarga e’tiborsizlik qilgani aniqlangan.
Qat’iy cheklovlar zarur!
Germaniyalik sotsiologlar aholining erkin turmush tarziga bo‘lgan munosabatini o‘rganib chiqishdi. Ma’lum bo‘lishicha, aksariyat aholi turmushning barcha jabhalarida muayyan bir chegara yoki taqiq hukm surishini qo‘llab-quvvatlar ekan.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, ularning 92 foizi giyohvandlikni, 84 foizi odamlarni klonlashtirishni ma’n etish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rilishi tarafdori. Uchinchi o‘rinda shafqatsizlik va zo‘ravonlik aks etgan filmlar, kompyuter o‘yinlari qoralangan. Shuningdek, ko‘pchilik pornografiyaning tarqatilishini davlat siyosati darajasida taqiqlash masalasini ilgari surgan. Har to‘rtinchi kishi dahriylikni, dinni tahqirlashni, har beshinchi kishi esa o‘tkir alkogol mahsulotlari sotuviga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishini istaydi.
So‘rov ishtirokchilari ushbu cheklovlar «insonning o‘z-o‘zidan himoyalanishi uchun kerak» degan to‘xtamga kelishgan.
Bezori «qorbobo»
Merilend shtatining Chestertaun shahrida yangi yil oldidan o‘tkazilgan an’anaviy bayramda tadbir ishtirokchilardan biri qamoqqa olindi. Mahalliy «Secil Whig» nashrining yozishicha, bayramga qattiq qoplamali Qorbobo kiyimida kelgan Kevin Maykl Uolsh ismli fuqaro huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ygan. Aniqrog‘i, 52 yoshli «Qorbobo» to‘satdan politsiya tasarrufidagi Xenzo ismli itni tepgan. Voqeani kuzatib turgan politsiyachi Uolshni bayram qahramonlari orasidan olib chiqqan. «Qorbobo» esa bunga javoban kostyumining tepa qismini yechib, u bilan politsiyachining yuziga tushirgan. Yordamga yetib kelgan ikkinchi politsiyachi ham huquqbuzar mushtidan «bahramand» bo‘lgan.
Hozir bezori «Qorbobo» politsiya xodimlari va itga hujum qilganlikda ayblanmoqda.
239 million yevro havoga sovurildi
Germaniya dorishunoslari «cho‘chqa grippi»ga qarshi ishlab chiqarilgan vaktsinalarni yo‘qotishga kirishdi. Kuni kecha Magdeburg shahrida tibbiy dori vositalarining bir qismi yoqib yuborildi.
2009 yil hukumat «cho‘chqa grippi»ga qarshi emlash uchun ishlatiladigan 34 million quti vaktsina sotib olgandi. Ammo shundan 28,7 million qutisi yaroqlilik muddati tugaguncha, ya’ni 2 yil mobaynida omborxonalarda saqlab kelindi. Chunki o‘sha yili «cho‘chqa grippi» haqidagi vahimali gap-so‘zlar o‘z isbotini topmadi. Natijada hukumat hammasi bo‘lib 239 million yevroni havoga sovurgan bo‘lib chiqdi.
Ma’lum bo‘lishicha, mutasaddilar vaktsinalarni boshqa davlatlarga sotishga urinishgan, biroq anqovroq xaridor topisholmagan. |