Xalqaro voqealar

21 Dekabr 2011 19:24
OSMONDA OSILGAN OFAT
Al Farg`oniy, Ibn Sino, Beruniy, Ulug`bek, Navoiy, Nodira, Uvaysiy... Bu ulug` nomlar qatoriga yana ikki bor Samarqand nomini ham tirkab qo`yish mumkin. Mazkur ketma-ketlikdan mantiq axtarishga shoshilmang. Agar niyatingiz sarhadlari zaminga tutash bo`lsa, suvsiz quduqqa chelak tashlagan bo`lib chiqasiz. Chunki yuqorida zikr etilgan nomlarni  cheksiz fazo birlashtiradi, xolos.
Ha, bugun Quyosh tizimidagi 37 ta sayyora va kometalarning 7300 dan ziyod tuzilmalariga turlicha nomlar berilgan. Ularning bir nech­tasi buyuk ajdodlarimizning nomlari bilan yuritiladi. O`tgan yili yurtimiz olimlari tomonidan kashf etilgan yangi kichik sayyora esa Samarqand deya atalgani barchaga yaxshi ma’lum. Undan oldinroq bu tabarruk nom Saturn sayyorasining yo`ldoshi bo`lmish «Entsila»dagi muzliklardan biriga berilgandi. Bularning bari shu yurt farzandlarining jahon ilm-fani xazinasiga ulkan ulush qo`shgani, tafakkurlari ila samoga narvon yasay olganlarining e’tirofi. Bu faqat va faqat ezgu maqsadlarda amalga oshirilgan ilmiy izlanishlar hosilasidir.
Tushovining narxi qancha?
Inson yer farzandi bo‘lsa-da, uning nigohlari doimo samoga qadalgan. Odamlar azal-azaldan Quyoshdagi o‘zgarishlar, Oyning to‘lishi, sayyoralarning bir-biriga yaqinlashishi, dumli yulduzlar — kometalarning paydo bo‘lishi zamindagi voqea-hodisalar bilan uzviy aloqador ekanini his etib yashaydi.
Samoviy kuchlar haqidagi tasavvurlar turli davrlarda turlicha mif va afsonalarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgan. Garchi hozir zamon shiddati bir necha barobar tezlashib, inson zakovati avvalgilaridan birmuncha charxlangan bo‘lsa hamki, hanuz lojuvard osmon, undagi son-sanoqsiz sayyoralar, kometalar va boshqa osmon jismlari olimlarning es-hushini o‘g‘irlab kelmoqda. Faqat bugun zamon shiddatiga mos ravishda tadqiq etish vositalari ancha murakkablashgan.
O‘tgan asrning elliginchi yillari o‘rtalarida dunyo olimlari bor e’tiborlarini samoni zabt etishga qaratdi, desak xato bo‘lmaydi. Uzoq bormaylik, qo‘shni mamlakat hududiga «joylashtirilgan» Boyqo‘ng‘ir kosmodromining o‘ziyoq shu maqsadlar sari qo‘yilgan «mustahkam» qadamlardan biridir. 1955 yilda dunyodagi birinchi va eng katta bo‘lgan mazkur kosmodromni barpo etish uchun poydevor qo‘yildi va u tez sur’atlarda qurib bitkazildi. 1961 yil 12 aprel kuni soat to‘qqizdan yetti daqiqa o‘tganda mashhur fazogir Yuriy Gagarin Boy­qo‘ng‘ir kosmodromidan koinot bag‘riga ko‘tarildi. Ayni paytda Rossiya Federatsiyasi kosmodromni 2050 yilgacha ijaraga olgan. Buning uchun yiliga 115 million dollar miqdorida haq to‘lanadi.
Endilikda bu yerdan yiliga o‘nlab raketalar, sun’iy yo‘ldoshlar uchiriladi. Birgina 2010 yilning o‘zida Boyqo‘ng‘irdan Amerikaning barcha kosmodromlaridan uchirilgan raketalardan ham ko‘proq, ya’ni 31 marta parvoz amalga oshirildi. Gap kimning nima maqsadda raketa uchirishida emas, balki bu sa’y-harakatlar  qaysidir ma’noda kelajakni o‘ylab qilinayotganida. Negaki, bugun sayyoramizda taraqqiyot degan «mashina» sarflayotgan tabiiy resurslar yana bir necha o‘n yildan so‘ng barham topishi ehtimoli ham yo‘q emas. Samoda, xususan, Quyosh tizimida Yer bilan bir safda baqamti harakatlanayotgan yetti sayyora esa Mendeleev jadvalidagi moddalarga juda ham boy. Lekin kishini bir savol o‘ylantiradi: bu jarayonlarning shu kunlarda atrof-muhitga ta’siri qay darajada kechmoqda? Xalqimizda «Eshagidan tushovi qimmatga tushdi», degan ibora bor. Dunyo olimlari ertani o‘ylab bugunimizni qurbon qilishmayaptimi?!.
«Hosildor yer»ning zaharli «meva»lari
1960 yilning 24 oktyabr kuni Boyqo‘ng‘ir kosmodromi tarixidagi eng qora kunlardan biri hisoblanadi. O‘shanda samoga uchirilishi kutilayotgan R-16 qit’alararo raketaning texnik nosozlik tufayli portlab ketishi oqibatida 150 ga yaqin kishi halok bo‘ldi, hudud ekologiyasiga jiddiy shikast yetadi. Afsuski, bunday ko‘rgiliklar hozir ham tez-tez sodir bo‘lib turadi va bu hammasi emas. Masalan, birgina raketa uchirilishi jarayonini olaylik. Bu paytda minglab tonna chang to‘zg‘ib, havoni qoplaydi. Yer qattiq silkinadi. Shuningdek, ozon qatlami umumiy hajmining 0,00002-0,003 foizi yemiriladi. Azot oksidi, is gazi va boshqa bir qator zaharli gazlar atmosfera havosini ifloslantiradi. Yaqin hududda yashovchi aholida qon bosimi ortishi, bosh og‘rishi holatlari ko‘payadi. Ko‘pincha yoz kunlari ham daf’atan ob-havo o‘zgarib qolsa, yoki yoshi o‘tinqirab qolgan odamlar boshiga og‘riq kirsa, to‘satdan o‘zini lohas seza boshlasa: «Yana raketa uchirilgandir-da!» deb qo‘yishlari shundan.
Eng yomoni esa, AQSh va Yevropadan samoga ko‘tarilayotgan kosmik kemalarning qoldiqlari dengiz yoki okeanga tushishi mumkin. «Boyqo‘ng‘ir»niki esa yerga, aynan Oltoy o‘lkasi va janubiy Sibir hududiga qulaydi.
Bundan bir necha muddat avval Buyuk Britaniyada nashr etiladigan «Nature» («Tabiat») jurnalida Boyqo‘ng‘ir kosmodromiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilingandi. Unda Rossiyaning «Vektor» virusologiya va biotexnologiya markazi olimlari 1998-2000 yillarda kosmik chiqindilar bilan ifloslangan Oltoy o‘lkasining ikki, Janubiy Sibirning bitta hududidagi mingdan ziyod bolalarning tibbiy kartalarini o‘rganganlarida bu yerda yashayotgan yoshlar boshqa joylarda istiqomat qilayotgan tengdoshlariga nisbatan kasalliklarga uch barobar ko‘proq chalingani qayd etilgan. Buning sababi esa o‘sha paytda raketalarga ishlatilgan «gidrazin» yonilg‘isi deb ko‘rsatiladi. Uning o‘n ikki litri bir necha kilometr hududni zaharlaydi. Yoki bu yonilg‘i bilan ifloslangan o‘rtacha kattalikdagi hovuzning bir qoshiq suvi ham kishini o‘ldirish quvvatiga ega.
Shunisi achinarliki, insoniyat manfaatlari yo‘lida izlanishlar olib borayotgan olimlar nimagadir bunday ma’lumotlarni rasman tan olishmaydi. Ular bu holatlarni o‘tgan asrning 70-yillarida mazkur hududlarda o‘tkazilgan yadroviy sinovlar bilan bog‘lashadi va bu joylarda istiqomat qilayotgan aholiga sun’iy yaratilgan ekologik fojialar uchun tovon puli to‘lashdan bosh tortishadi. Taraqqiyotning dumidan tutib, uning oqibati, zarari, ko‘lami haqida bosh qotirish go‘yo ularning muammosi emasday.
Darvoqe, «Boyqo‘ng‘ir» so‘zi qozoqchadan tarjima qilinganda «hosildor yer» ma’nosini anglatishiga nima deysiz? Taassufki, bugun mazkur kosmodromga yaqin 165 ming kilometr radiusdagi hududda yashayotgan aholi ana shu singari ekologik muammolardan aziyat chekmoqda.
«Metall yomg‘ir»lari — kashfiyot «natija»simi?
Fazoga chiqarilayotgan kosmik stantsiyalar «metall yomg‘ir»lari ko‘rinishida yana yerga qaytib tushayotgani bugun butun dunyo ahlini boshi berk ko‘chaga solib qo‘ydi, desak yanglishmaymiz. Koinotga chiqarilgan kosmik jism­larning yerga qulashi ilk bor 1979 yilda kuzatilgan. O‘shanda AQShning «Skayleb» kosmik kemasi qoldiqlari Hind okeaniga va Avstraliyadagi fermerlardan birining yeriga tushgan. E’tibor bergan bo‘lsangiz, keyingi paytlarda ham ommaviy axborot vositalarida kosmik chiqindilarning yerga qulashi haqidagi gap-so‘zlar ancha ko‘payib qoldi. Masalan, shu yilning o‘zida jahon hamjamiyati kamida ikki-uch bor bu masalaga e’tibor qaratdi. Sentyabr oyi so‘nggida AQSh milliy aerokosmik agentligi (NASA)ga tegishli ozon qatlami, quyosh energiyasi va harorat bo‘yicha ma’lumotlar yig‘ish bilan shug‘ullangan UARS tadqiqot sun’iy yo‘ldoshining bo‘laklari Tinch okeani hududiga kelib tushdi. O‘shanda kattaligi avtobuscha keladigan, og‘irligi 500 kilogramm kosmik chiqindilar taxminan Moskva, Shimoliy Yevropa va Kanada hududlariga tushishi aytilgandi.
Yaqinda 1990 yili Kanaveral burunidan koinotga chiqarilgan va 1999 yilgacha fazoda tadqiqot ishlarini bajargan nemis sun’iy yo‘ldoshi — ROSATning boshiga ham shu kun tushdi. Shu yil noyabr oyida uning 30 ga yaqin bo‘laklari sharqiy Shri-Lanka sarhadlariga yaqin joyga — Hind okeaniga yog‘ildi.
Lekin yuqorida nomlari qayd etilgan hududlarda istiqomat qilayotgan aholi «metall yomg‘irlari»dan qanday xavotirga tushganini, yurak hovuchlab tong ottirganini barcha birdek tasavvur qilolmasa kerak. Xayriyatki, hammasi yaxshilik bilan tugadi. Har holda ularning aholi yashaydigan hududga yog‘ilgani haqidagi ma’lumotlar yo‘q. Ammo mulohaza qilgan sayin ko‘ngilda ozgina ishtiboh ham tug‘ilmay qolmaydi. Ayrim hududlarda onkologik va allergik kasalliklarning to‘satdan ko‘payishi-yu aksariyat o‘rmon yong‘inlarining bosh sababchisi ham aynan zaharli kosmik chiqindilarining yerga qulashi emasmikan? Bundan tashqari, «metall yomg‘ir»larining okeanlarda yashovchi jonzotlarning hayotiga salbiy ta’siri hali hech bir tadqiqotning ob’ekti bo‘lgan emas. Agar zamindagi barcha narsa uzviy bog‘liqligi rost bo‘lsa, bugun dunyoda kechayotgan ekologik bo‘hronlar, suv toshqinlari, to‘fonlar, o‘rmon yong‘inlarining sabablari ham bir qadar oydinlashadi, nazarimizda...
Inomjon ABDIYEV
Eskartish: Yaqinda Boyqo‘ng‘ir kosmodromidan fazoga ko‘tarilgan va Mars sayyorasi yo‘ldoshi sanalmish «Fobos»ning tuproq qatlamidan namuna olib kelishi kerak bo‘lgan «Fobos-Grunt» planetalararo stantsiyasi bilan ham aloqa uzilgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Hozir yerdan taxminan 200 kilometrga yaqin masofada aylanib yurgan ushbu ob’ektni binokl orqali ham ko‘rish mumkin. Mutaxassislar 2012 yilning 6-19 yanvar kunlari oralig‘ida har biri 200 kilogramm og‘irlikdagi kosmik chiqindilar yer yuzining xohlagan nuqtasiga, hatto millionlab odamlar yashaydigan shaharlar markaziga tushishi mumkinligini aytishmoqda. Bundan ham aniqroq taxmin yo‘q emas: Himolay tog‘i yoki Qoraqum sahrosi... Ammo bir savol hamon ochiq qolmoqda: bunday talafotlar uchun mas’uliyatni kim o‘z zimmasiga oladi?
 

Hurriyat Copyright

Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo

gzt.uz

press-uz.info



Sizga saytimizning qaysi bo'limi ma'qul bo'ldi?











Natijalar

GISMETEO.RU: ïîãîäà â ã. Òàøêåíò

Ïîäðîáíåå íà www.nbu.com -->





Hosting by UZINFOCOM