Xalqaro voqealar

26 Oktabr 2011 13:56
QALLOBLARNING NIQOBI YIRTILDI
Jinoyatchilar AQShning avvalgi prezidenti Jorj Bush qiyofasidagi niqob ostida Sietl shahridagi bankka hujum uyushtirishdi. Voqea Washington Federal moliya idorasi bo‘limlaridan birida sodir etildi. Politsiya xodimi bergan ma’lumotlarga qaraganda, qurollangan ikki yosh yigit bank binosiga bostirib kirib, xodimdan pul talab qilgan. Jinoyatchilar talabi qondirilgach, «Bushlar» voqea joyidan qochib, berkinishgan. Yetkazilgan zarar miqdori hozircha sir saqlanmoqda. O‘g‘rilar esa hali ham qidiruvda.
So‘nggi paytlarda AQShda siyosatdonlar tasvirlangan niqoblardan foydalanib bu kabi o‘g‘riliklarni sodir etish keng tus olmoqda. Yaqinda Texas shtatida bosqinchi Jorj Bush nomi bilan mashhur bo‘lishga ulgurgan jinoyatchi Gabrielü Kabello qo‘lga olingan edi. U shu paytgacha AQSh  eks-prezidenti niqobi ostida yettita bankni o‘margan.
 
«Obro‘si baland» aeroportlar
Keyingi paytda dunyo miqyosida aviareyslarning kechikishi tez-tez kuzatilmoqda. Bundan, tabiiyki, eng avvalo, yo‘lovchilar aziyat chekdi. Xo‘sh, ularning dam olishi uchun aeroportlarda qanday sharoitlar yaratilgan? Bu savolga yaqinda e’lon qilingan dunyoning eng qulay va noqulay aeroportlari ro‘yxatidan javob topish mumkin.
The Guide to Sleeping in Airoports maxsus portali tomonidan o‘tkazilgan kuzatuv xulosalariga asoslanib tuzilgan reytingda reys kechikkan holatlarda dam olish yoki vaqtni maroqli o‘tkazish bo‘yicha Singapurning «Changi» aeroporti yetakchilik qilmoqda. Bu yerda bepul Wi-Fi tarmog‘i, ibodat qilib olish uchun xonalar va internet-kafe mavjud. Shuningdek, basseyn, o‘yin uchun xona, kinoteatr, ko‘rkam bog‘lar va boshqa xizmatlar yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi. Bu ro‘yxatning ikkinchi pog‘onasidan Gonkong xalqaro aeroporti joy olgan. Aeroportning o‘ziga xos jihati shundaki, bu yerda ko‘rgazma zali, 4D — kinoteatr va golf o‘ynash uchun alohida maydon hamda bolalar vaqtini maroqli o‘tkazish uchun maxsus xona va bog‘ bor. Janubiy Koreyaning «Inchxon» aeroporti uchinchi o‘rinni egalladi.
Reyslar kechikkanida yo‘lovchilar uchun o‘ta noqulay hisoblangan aeroportlar ro‘yxatini esa Manili boshlab beradi. Odatda bu yerda yo‘lovchilar uzundan-uzun navbatga duch kelishadi. Ishchi-xodimlarning poraxo‘rligiyu o‘g‘irlikning avj olgani aeroportni antireyting yetakchisiga aylantirdi. Parijning «Bove» aeroporti 24 soat davomida to‘liq ishlamasligi sababli ro‘yxatning ikkinchi o‘rnini band etdi.
Iqlimi sovuq hisoblangan Islandiyaning «Keflavik» aeroportida yo‘lovchilar ertalab uchadigan samolyotlarni binoning ichki qismida kutishi mumkin emas. Ana endi, bu yerga tunda kelgan yo‘lovchining ahvoli qanday bo‘lishini tasavvur qilavering. Shu bois, bu aeroport uchinchi o‘rinni egalladi.
 
Do‘konga o‘g‘ri tushdi, «guldur-gup»
Tennissi shtatidagi Gatlenburg shahrida shiraga o‘ch o‘rmon ayig‘i shirinliklar do‘koniga hujum qildi. Do‘kon sotuvchilari Gvata Kir va Doroti Robbinslarning aytishicha, ular erta tongdan ishga kelib, har doimgidek do‘konning orqa eshigidan ichkariga kirishgan. Va do‘konni ko‘zdan kechirgach, unda kimdir bo‘lganligini payqashgan. Yerda konfet o‘ramlari, shokoladli pishiriq va boshqa shirinliklar sochilib yotardi.
Shundan so‘ng sotuvchi qizlar tezda o‘z boshliqlariga xabar berishdi. Do‘kon xo‘jayini voqea sodir bo‘lgan joyga yetib kelganida, ayiq hali ham binoni tark etmagan ekan. Yordamga kelgan politsiya xodimlari uni zo‘rg‘a do‘kondan quvib chiqarishdi. Shirinlikka obdon to‘ygan ayiq esa lapanglaganicha o‘rmonga qochib ketdi. Ma’lum bo‘lishicha, «o‘g‘ri» do‘konga 500 AQSh dollari miqdorida zarar yetkazgan.
Mutaxassislarning fikricha, bu yili qish davomida bunday «o‘g‘ir»liklar yanada ko‘payishi mumkin. Chunki mevalar va cho‘chqa yong‘og‘i daraxtlari kam xosil bergani sababli ayiqlarning och qolishi kutilmoqda.
 
«Olimp-2000/213» ko‘zni «tartib»ga soladi
Yaroslavllik shifokorlar jahonda tengi yo‘q ko‘rish qobiliyatini yaxshilovchi asbobni yaratdilar. Ushbu noyob ixtironing og‘irligi 6 kilogramm. Bundan avval ishlab chiqarilgan qurilmaning og‘irligi 48 kilogramm bo‘lib, uni ishlatish uchun 5 kvatt. elektr quvvati sarf etilardi. Endilikda yangi ixtironi ishga tushirish uchun 300 vatt. elektr quvvati kifoya.
Quvonarlisi, jarrohlik operatsiyalari bemorlar uchun anchagina yengil kechadi. Endilikda ko‘rish qobiliyatini yaxshilash uchun ko‘zning lat yegan to‘qimalari bug‘lantirish orqali davolanadi. Ilgari to‘qimalar kuydirilardi.
«Olimp-2000/213» nomini olgan ushbu asbob hozirda texnik sinovlardan o‘tkazilmoqda. Ixtirochilarning aytishicha, ushbu yangilikni nafaqat oftalümologiya sohasida, balki ginekologiya, tomoq, quloq, burun kasalliklari va neyrojarrohlik, shuningdek, aviatsiya va elektr sanoatida ham qo‘llash mumkin.
 
 “The Times”ni jurnalistlar qutqarib qoladimi?
(“The Guardian” gazetasi)
Britaniyaning mash­hur “The Times” gazetasi yuzga yaqin jurnalistini ishdan ozod etish haqida qaror qabul qildi. Bunga asosiy sabab, tahririyatning iqtisodiy ehtiyojlari, deya baholanmoqda. “The Guardian” gazetasining keyingi sonida bu haqda shov-shuvli maqola chop etildi.
“The Times” bosh muharriri Jeyms Xarding (James Harding) o‘z hamkasblari bilan kechgan rasmiy muloqoti chog‘ida, xodimlar qisqartirilishi haqida ochiq fikrni bayon etdi. Janob Xardingning so‘zlariga ko‘ra, gazetada faoliyat olib boruvchi yetti yuz jurnalistning har yettinchisi ishdan ozod etiladi.
Shtatdagi mazkur qisqartirishlar, ayniqsa, nashrning chet mualliflari uchun keskin qo‘llaniladi. Ularga, o‘z xohishlariga ko‘ra ishdan ozod etish to‘g‘risida ariza yozish taklif etiladi. Modomiki, kimdir bu taklifdan bosh tortsa, ularni tahririyat o‘z tashabbusi bilan ishdan chetlatishi ko‘zda tutilgan.
“The Times” gazetasining yakshanba kuni “The Sunday Times” nomi bilan chop etiladigan ilova nashri xodimlari ham “taqdir zarbasi”dan mustasno emas. “The Sunday Times” nashri xodimlari qisqartirishlar ko‘lami haqida tez orada ogohlantiriladi.
— “The Times” gazetasi chekiga tushgan bunday moliyaviy qiyinchiliklarga asosiy sabab, gazeta qog‘ozi bahosining keskin oshishi hamda noqulay iqtisodiy vaziyatning yuzaga kelishidir, — deya baholanadi maqolada. Shuningdek, unda iqtisodiy tanazzuldan nashr sonini qisqartirish orqali ham chiqib bo‘lmasligini, u holda gazeta ko‘zlagan maqsadiga to‘liq yetolmasligi qat’iy e’tirof etilgan.
Eslatib o‘tamiz, bu yilning 19 oktyabrida “britaniyalik” yana bir nashr — “The Daily Telegraph”, moliyaviy muammolar bilan “The Guardian” gazetasining o‘zi ham kurash boshlaganini ma’lum qilgan edi. Jumladan, maqolada bu gazeta Londonda “foydali va chiroyli buyumlar” sotadigan xususiy do‘kon ochish va savdodan keladigan daromad orqali inqirozdan qutulib qolishga umid bog‘layotgani alohida ta’kidlangan.
 
Rossiyalik uchuvchilar uchun alkotest
(“Le Point” jurnali)
“Ruslar aroqni yoqtirishadi, ammo usiz yanada yaxshi natijalarga erishish holatlari ham mavjud”, — deya yozadi Le Point nashri, Rossiya hukumatining aviatsiya xavfsizligi masalalarini o‘rganib chiqish yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishi xususida. — Bunga asos bor, — ta’kidlaydi jurnalist Viktoriya Geren. — Keyingi oylarda mamlakatda tez-tez aviahalokatlar sodir bo‘lmoqda. Ko‘p holatlarda bunga asosiy sabab, ayrim uchuvchilarning spirtli ichimliklar iste’mol qilishi, deyilmoqda. Ekspertlarning fikricha, noxush hodisalar “xamirturushi” faqat bugina emas, balki samolyotlarning eskirib qolganligida hamdir.
Har qalay, uchuvchilarning alkogol iste’mol qilishining oldini olish maqsadida samolyot kabinasiga alkotest uskunasini o‘rnatish taklif etilmoqda. Bu matohning vazifasi bitta, u ham bo‘lsa, ekipaj a’zolarining muvaffaqiyatli parvozga tayyor yoki aksi ekanini aniqlab berishdir. Bungacha esa ekipaj a’zolaridan birining (masalan, styuardessa) alkogol ta’sirida sarxushligi haqida xabar berilgandagina ularni tekshiruvdan o‘tkazishardi.
Jurnalistning ta’kidlashicha, bu “ko‘rgulik” faqat rossiyalik uchuvchilarning chekiga tushgan emas. Yaqinda Ams­terdam-Nyu-York yo‘nalishi bo‘yicha qatnovchi “Delta Airlines” aviakompaniyasiga tegishli samolyot boshqaruvchisining ham parvoz oldidan spirtli ichimlik iste’mol qilgani ma’lum bo‘lgan edi. Oqibatda amerikalik uchuvchi 700 yevro jarima to‘lashga majbur bo‘lgan va yo‘lovchilar o‘rindig‘ida Nyu-Yorkka qaytib kelgan. Yevropa aviakompaniyalariga xos qat’iy tartib-qoidalarga ko‘ra, ekipaj a’zolariga parvozgacha bo‘lgan so‘nggi 8 soat davomida spirtli ichimlik ichish mutlaqo taqiqlanadi.
 
Nemis kosmik sputnigi yerga qulab tushdi
(“Associated Press” axborot agentligi)
AQSh universiteti olimi Jonatan Mak Dauella dalillariga asoslangan holda Associated Press tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, ROSAT nomli nemis kosmik sputnigi janubi-sharqiy Osiyo yerlariga qulab tushgan. “Ammo, agar u aholi istiqomat qiladigan hududga qulaganida, hozir bu haqda hammaga ma’lum bo‘lar edi”, — deydi astrofizik agentligi.
Amerika harbiylari ma’lumotiga ko‘ra, sputnik bo‘laklari sharqiy Shri-Lanka sarhadlaridagi Hind okeaniga ham yog‘ilishi ehtimoli bor.
Taxminlarga qaraganda, atmosferada yonib ketgan sputnik bo‘laklari katta furgon avtomashinasidek kelgan. Shuningdek, uning 30 ga yaqin bo‘laklari yerga tushishi xavfi bor. Parchalarning umumiy og‘irligi 1,8 tonnagacha bo‘lishi mumkin, — deya hisoblashmoqda Germaniya aviatsiya va kosmonavtika markazi tadqiqotchilari.
ROSAT 1990 yili Kanaveral burunidan koinotga chiqarilgan va 1999 yilgacha fazodagi qora tuynuklar holati va shunga o‘xshash boshqa tadqiqot ishlarini bajargan.
Eslatib o‘tamiz, bu yilning sentyabr oyida Tinch okeaniga Amerikaning UARS sputnigi bo‘laklari qulab tushgan edi. O‘shanda ham bo‘laklar aholi yashash punktlariga, xususan, Kanada zaminiga tushishi ehtimoli borligi to‘g‘risida ancha shov-shuv bo‘lgan.
Internet materiallari asosida tayyorlandi
 
Xitoyning silikon vodiysi
Xitoy hukumati tomonidan o‘tgan asrning 90-yillarida sanoat korxonalari uchun tamal toshi qo‘yilgan Chjunguantsun shahri bugungi kunda dunyoning eng yirik elek­trotexnika sanoati markazlaridan biriga aylanmoqda. Hatto mutaxassislar uni Xitoyning silikon vodiysi, deya ta’riflashayotir.
Aslida, “Silikon vodiy” tushunchasi AQShning Kaliforniya shtatida joylashgan sanoat vodiysidan kelib chiqqan bo‘lib, o‘shanda Stenford universiteti ma’muriyati iqtisodiy qiyinchilik tufayli tasarrufidagi yerlarni ijaraga bera boshlagan. Keyinchalik bu yerda ko‘plab zamonaviy kompaniyalar vujudga keldi. 1957 yili vodiyda yarim o‘tkazgichlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Yarim o‘tkazgichlar kremniy moddasidan (inglizcha “silicon”) tayyorlangani bois, elek­trotexnika sohasida qi­lingan ko‘plab ixtirolar maskaniga “Silikon vodiy” nomi berildi.
Pekin shahri g‘arbida joylashgan Chjunguantsun shahrining ilmiy-tadqiqotlar va texnologiyalari parkida 8 mingdan ortiq elektrotexnika korxonalari faoliyat olib bormoqda. Ularning 50 foizini axborot texnologiyalari ishlab chiqaradigan korxonalar tashkil etadi. Park­da sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish va ularni eksport qilish uchun qulay sharoit yaratilgan. Shuning uchun bu yerda nafaqat Xitoy korxonalari, balki dunyoning mashhur 23 ta transmilliy korporatsiyasi ham o‘z mahsulotlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘y­gan. Bundan tashqari, sanoat markazida dunyoning 500 dan ortiq firma va kompaniyasining ilmiy-tadqiqot markazlari hamda ishlab chiqarish bo‘limlari faoliyat olib bormoqda.
Chjunguantsunda faoliyat olib boradigan tashkilot va korxonalarda 361 ming nafar yuqori malakali ishchi-xodim mehnat qiladi. Xususan, 5 mingdan ortiq fan doktori, 25 mingdan ortiq magistrant va 180 mingdan ortiq bakalavr darajasidagi ishchi faoliyat olib bormoqda.
Yuqori darajadagi innovatsion ixtirolarga asoslangan ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish Xitoy sanoatida yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Jahonda axborot texnologiyalarini dasturlash bo‘yicha hindistonlik mutaxassislar yetakchilik qilayotgan bo‘lsa-da, keyingi yillarida xitoylik dasturchilar ham o‘z mavq­elarini tobora mustahkamlab borishyapti. «Len­o­vo», «Baidu», «Sohu» kompaniyalari bozorgir mahsulotlari bilan 1,3 milliard iste’molchiga ega bo‘lgan Xitoy ichki bozorida «Google», «Mic­rosoft» va «Intel» kabi jahonning yetakchi kompaniyalari mahsulotlarini siqib chiqarmoqda. «Huawei» kompaniyasi high-tech mahsulotlari bilan jahon bozoriga shiddat bilan kirib borayotgan bo‘lsa, «Foxconn» «I pad» (Elektron kitoblar jamlanmasi)lari hamyonbop bo‘lgani uchun o‘rta qatlam orasida tez ommalashmoqda.
Xullas, axborot texnologiyalari taraqqiyoti butun dunyo iqtisodiyotini quvvatlovchi kuchga aylanib bormoqda. Zamonaviy Ma’mun akademiyasini eslatuvchi “Silikon vodiy”larining ko‘payishi esa ilm-fan, texnika taraqqiyotida yana ko‘plab ixtirolarga zamin yaratishi, shubhasiz.
Ozoda ABDUSAMADOVA,
SamDU qoshidagi 1-akademik litseyi o‘quvchisi

Hurriyat Copyright

Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo

gzt.uz

press-uz.info



Sizga saytimizning qaysi bo'limi ma'qul bo'ldi?











Natijalar

GISMETEO.RU: ïîãîäà â ã. Òàøêåíò

Ïîäðîáíåå íà www.nbu.com -->





Hosting by UZINFOCOM