Tajribalar vaqtida laboratoriya hayvonlari oshqozoniga etonal spirti yuborilgan. Bu jarayongacha o‘n kun davomida qulupnay mevasini yeb kun ko‘rgan kalamushlar oshqozoni deyarli kasallanmagan.Olimlarning ta’kidlashicha, qulupnayning ijobiy ta’siri nafaqat uning antioksid xususiyati va fenol moddasiga boyligida, balki u organizmda antioksid himoya va fermentlar harakatini kuchaytirishidadir.
Birinchi, ammo oxirgi sinish emas
AQShning yirik brokerlik xoldinglaridan biri — MF Global kompaniyasi Yevropa qimmatli qog‘ozlar bozoriga katta miqdorda investitsiya kiritishi oqibatida kasodga uchradi. Bu Amerika moliyaviy bozoridagi birinchi eng yirik sinishdir.
Kompaniya 40 milliard dollarlik qarzlaridan qutulish uchun yordam so‘rab kreditorlarga murojaat etgan. O‘z navbatida, kreditorlar huquqlarini himoya qilish uchun AQSh Federal zaxira tizimiga «MF Global Holdings» brokerlik uyining davlat obligatsiyalarini sotish taklifi bilan chiqqan.
Iqtisodchilar ishonch bilan MF Global kompaniyasining kasodga uchrashini qarzdorlik bo‘hronining oxirgisi emas, deya ta’kidlashmoqda.
120 yoshli kuyov
«The Time of India» nashrining yozishicha, Hindistonning Assam shtati Karimganj okrugining 120 yoshli fuqarosi yoshlar singari barcha urf-odatlarni joyiga qo‘yib uylangan. Uning sevgilisi o‘zidan ikki barobar kichik. Visol oqshomiga 500 dan ziyod mehmon taklif etilgan.
G‘ozi Abdulla Nur 2005 yilda birinchi turmush o‘rtog‘i vafot etganidan so‘ng farzandlariga murojaat qilib, yana uylanish niyati borligini bildirgan. «100 dan oshgan cholga xotin topish oson ish emas, Tangrining marhamati bilan biz buni uddaladik», — deydi Noorning farzandlaridan biri.
Sharqiy Tripur okrugida yashaydigan 60 yoshli Samon Bibi 120 yoshli qariyaning mahbubasiga aylandi. Kelin-kuyov uchun mazkur nikoh ikkinchisi hisoblanadi.
Avvalgi turmushidan farzand ko‘rmagan Bibi eri vafot etgach, ancha yillar bevalikda kun kechirgan. Nihoyat, u endi 122 kishilik oila a’zosiga aylandi. Bibi o‘gay farzandlarining aksariyatidan yoshligini hisobga olmasak, hammasi joyida.
Uzoq umr ko‘rishning 7 siri
Amerikalik taniqli kardiolog Klayd Yansining qayd etishicha, har bir inson uzoq umr ko‘rish borasida 90 foizlik imkoniyatga ega. Bu haqda «RBK Daily» nashri xabar beradi.
K. Yansi uzoq umr ko‘rish uchun 7 ta oddiy qoidaga amal qilish kerak, deb hisoblaydi. Ularning birinchisi, sog‘lom turmush tarziga amal qilish bo‘lib, jismoniy mashqlarni bajarmaydigan kishilar yurak va insulüt kasalliklariga boshqalarga nisbatan ikki barobar ko‘p chalinadilar. Shuningdek, organizmdagi xolesterin miqdorini nazorat qilish, to‘g‘ri ovqatlanish, qon bosimini me’yorda ushlash, ortiqcha vaznni yo‘qotish, diabet kasalligiga oid tahdidlardan boxabar bo‘lish va qondagi qand miqdorining ko‘payishiga yo‘l qo‘ymaslik va chekmaslik uzoq yashash shartlaridan hisoblanadi.
Shifokor kimki ushbu qoidalarga amal qilsa, uzoq umr ko‘rishini ta’kidlamoqda. Ammo, afsuski, bu bilan umr uzayishining 50 foizini belgilab beruvchi inson genetikasiga ta’sir etib bo‘lmaydi.
3 million aholi chiroqsiz qoldi
Kuchli qor bo‘roni AQShning shimoli-sharqiy qismini tashqi muhitdan uzib qo‘ydi, deb xabar beradi «Associated Press» axborot agentligi. Tabiiy ofat sabab bir necha kishi hayotdan ko‘z yumdi, 3 million aholi elektr quvvatisiz qoldi.
Mamlakatning Nyu-York, Nüyu-Jersi, Konnektikut va Massachusets shtatlarida kuzatilgan yog‘ingarchiliklar so‘nggi 100 yilda rekord natijaga ko‘tarildi. Ayrim avtomagistrallarda yo‘l harakati batamom to‘silib qolgan, poezdlar qatnovi to‘xtatilgan. Nüyu-Yorkning Nyu-Ark va Kennedi xalqaro aeroportlari, shuningdek, Filadelüfiya aeroportida reyslar ko‘p soatga kechiktirilgan. Ayni paytda ushbu hududlarda favqulodda holat e’lon qilingan. Hukumat fuqarolarni yashash joylarini tark etmaslikka chaqirmoqda.
Xulosalar shuni ko‘rsatmoqdaki, qor bo‘roni bir-ikki kun ichida tinadi, ammo tabiiy ofat yetkazgan zararni qoplash uchun ancha vaqt kerak bo‘ladi.
Xitoy Yevropani xalos eta oladimi? (“Financial times” gazetasi)
Gazetaning yozishicha, Xitoy hukumati inqirozga yuz tutayotgan Yevropa davlatlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Yevrohududni qutqarish fondiga kattagina mablag‘ ajratish haqida bosh qotirmoqda. Buning uchun Yevropa mamlakatlari bir qancha shartlarni bajarishi lozim bo‘ladi.
Xitoy Markaziy bankining valyuta siyosati bo‘yicha qo‘mitasi a’zosi Li Daokun va qo‘mitaning sobiq a’zosi Yu Yundinlarning ta’kidlashicha, Pekin o‘z sarmoyasi kafolatiga to‘la ishonch hosil qilishi shart. “Yevropa bizning doimiy va yirik savdo sherigimiz bo‘lgani uchun ham hukumatimiz uni qo‘llab-quvvatlashdan manfaatdor. Ammo Xitoy hukumatini bu qarorni o‘z xalqiga qanday tushuntirish masalasi jiddiy xavotirga solayotir, — deydi professor Li. — Xitoyning istagi o‘z sarmoyalarini qisman sarflash yo‘li bilan pul bulog‘ining ko‘zini ochishdir.” Xitoy rahbariyati rejalari bilan tanish manbashunoslarning fikricha, ular Yevropa fondiga moliyaviy barqarorlikni ta’minlash maqsadida 50 milliard dollardan 100 milliard dollargacha mablag‘ ajratishi kutilmoqda.
Virtual olam Shimolga shoshilmoqda (“The Independent” gazetasi)
«Facebook» korporatsiyasi shimoliy qutb doirasiga yaqin joylashgan Shvetsiyaning Luleo shahrida ma’lumotlarni qayta ishlovchi uchta yirik markaz qurishni rejalashtirmoqda. Sababi, bu yerda yarim yil davomida havo darajasi noldan past bo‘ladi. Bu esa serverlarni tashqi havo bilan sovutish imkonini beradi. Natijada anchagina elektr quvvatini tejash mumkin.
Ekspertlarning ma’lum qilishicha, haroratning 2-3 gradusga pasayishi natijasida bir yilda 250 ming AQSh dollari qiymatidagi elektr quvvatini tejab qolish mumkin. Qolaversa, Luleodagi mahalliy GES Yevropadagi eng arzon energiya yetkazib beruvchi stantsiya sanaladi.
Rejalashtirilgan qurilish maydonining hajmi 11 ta futbol stadioni bilan teng. Shartnoma qiymati esa 121 million dollarni tashkil etadi. Qurilish ishlari 2014 yilgacha yakunlanishi ko‘zda tutilgan. Demak, iqlim sharoitidan kelib chiqib, tez orada Skandinaviya dunyoning yetakchi ma’lumotlarni qayta ishlash tarmog‘iga aylanishi mumkin.
Turkiya qutqaruvchilari qidiruvni to‘xtatdi (RIA “Novosti” axborot agentligi)
23 oktyabr kuni Turkiyaning Van provintsiyasida ro‘y bergan dahshatli zilzila oqibatida jabrlanganlarni qidiruv-qutqaruv ishlari to‘xtatildi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, tabiiy ofatdan 4150 kishi jarohat olgan, 601 kishi hayotdan ko‘z yumgan.
Qutqaruvchilar o‘z ishini zilziladan eng ko‘p talafot ko‘rgan Erjish shahrida yakunlashdi. 28 oktyabr kuni bu yerda bino bo‘laklari ostida 108 soat qolib ketgan 12 yoshli bola qutqarib olindi. Bu voqeadan bir kun oldin esa 19 yoshli talaba vayronalar ostidan chiqarib olingandi. Yana bir mo‘‘jizaviy qutqaruv ishi ikki haftalik chaqalok bilan bog‘liq. U deyarli ikki sutka ovqatsiz va suvsiz yashagan.
Eslatib o‘tamiz, zilzila 23 oktyabr kuni soat 13:40 da Turkiyaning janubi-sharqida joylashgan Van shahrida boshlangan edi. Uning kuchi Rixter shkalasi bo‘yicha 7,2 ballga teng bo‘lgan. Shuningdek, yer osti silkinishlari qo‘shni Armaniston, Ozarboyjon va Eronda ham kuzatilgan. Dushanba tunida esa Van provintsiyasida zilzila yana qaytalangan. Bu safar uning kuchi 6,1 ballga teng bo‘lgan.
Afsuski, hali Turkiya fojiasi talafotlari bartaraf etib ulgurilmay, 1 noyabr kuni Xitoyning Sintszyan-Uyg‘ur avtonom rayonida ham 6 ballik yer silkinishi sodir bo‘ldi. Zilzila markazi Inin (G‘ulja) shahridan 95 kilometr uzoqlikda. Ma’lumotlarga qaraganda, xitoylik seysmologlar bundan sal oldin ham mamlakatning janubi-g‘arbiy qismidagi ikki provintsiyada Rixter shkalasi bo‘yicha 5,4 ballga teng yer silkinishini qayd etishgan.
Qurbonlar va jabr ko‘rganlar xususidagi ma’lumotlar hozircha ma’lum qilinmayapti.
Internet materiallari asosida tayorlandi |