AQShning okean va atmosferani tadqiq qilish Milliy boshqarmasiga qarashli kosmik ob-havoni oldindan aytish markazi olimlarining ta’kidlashlaricha, hozirda quyoshdagi faol hududdan ajralib chiqayotgan 1339 ta energiyaga ega dog‘lar yoritgichning Yerga teskari tomoniga otilmoqda. Ammo o‘tgan haftada quyoshdagi faollik kurrai zaminimizning Yevropa va Amerika qit’alariga ma’lum darajada ta’sir etdi. Natijada ushbu qit’alarda radioto‘lqinlarni uzatishda ma’lum o‘zgarishlar qayd etildi.
«Quyosh dog‘lari» mazkur ulkan yulduz ichida sodir bo‘layotgan yuqori magnitli bosim ta’sirida sodir bo‘lmoqda. Bunday ichki portlashlarning eng kuchlisi 2013 yilda ro‘y berishi kutilayapti. Agar bu sodir bo‘lsa, «quyosh dog‘lari»ning sayyoramizdagi navigatsiya va aloqa tizimiga jiddiy xavf solishi, odamlar sog‘ligiga salbiy ta’sir etish ehtimoli yuqori, deyishmoqda olimlar.
Qallob dorifurushlar
Xitoy politsiyasi qalbaki dori vositalarini ishlab chiqarayotgan jinoiy guruhni qo‘lga oldi. Katta miqdordagi sifatsiz dori vositalari musodara qilindi. Xenan viloyatida istiqomat qiladigan xaridor ayolning murojaati yuzasidan olib borilgan surishtiruv ishlari 4 oy davom etdi. Natijada firibgarlar Xitoyning 8 ta viloyatida qalbaki dori vositalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygani ma’lum bo‘ldi. Bunday dorilar tarkibida kraxmal va makkajo‘xori uni, shuningdek, inson salomatligiga xavf tug‘dirishi ehtimoli bo‘lgan hayvonlar uchun mo‘ljallangan yem, kimyoviy bo‘yoqlar va boshqa birikmalar topilgan. Jinoyatga aloqadorlikda gumon qilinayotgan 114 kishi qamoqqa olindi.
Hozircha qanday dori vositalari qalbakilashtirilgani va bu preparatlar qaysi davlatlarga eksport qilingani haqida aniq ma’lumotlar yo‘q.
2,4 milliard dollarga sug‘urta qilindi
«The Daily Telegraph» nashrining yozishicha, kuni kecha London milliy ko‘rgazmalar zalida namoyish qilinishi mo‘ljallangan Leonardo da Vinchining ko‘rgazmasi 2,4 milliard AQSh dollari miqdorida sug‘urta qilindi. 3 oy davom etadigan mazkur ko‘rgazmada suratlarga putur yetishi yoki o‘g‘irlanish ehtimoli yuqoriligi tufayli sug‘urta miqdori oshib ketdi.
«Milan xonadonining musavviri» nomli mazkur ko‘rgazma yilning markaziy loyihalari sirasiga kiradi. Uning o‘ziga xosligi shundaki, shu kungacha musavvirning kartinalari bir joyning o‘zida namoyish qilinmagan. Hozircha to‘qqizta noyob asarning 8 tasi Londonga keltirilgan. Britaniyaliklar suratlarning aksariyatini birinchi marta tomosha qilish imkoniga ega bo‘lishmoqda.
Muzey xodimlarining aytishicha, milliy galereya allaqachon chiptalarni rekord natija bilan sotib ulgurgan.
Bitta tishga shunchami?
«BBC News» tarqatgan xabarlarga qaraganda, Jon Lennon tishi kimoshdi savdosida 22,6 ming yevroga sotildi. Tish shifokori, stomatologiya kosmetikasiga oid kitob muallifi Maykl Zuk afsonaviy «The Beatles» guruhi asoschilaridan birining tishiga ega bo‘lib turibdi. «Tish sotuvga qo‘yilganini bilganim hamono, u meniki bo‘lishini tushunib yetdim», — deydi M.Zuk. U qo‘lga kiritilgan tishni keyinchalik o‘zining ish joyida va boshqa stomatologiya klinikalari hamda kollejlarida qiziquvchilarga namoyish etishni rejalashtirmoqda.
Qo‘shiqchi Jon Lennon tishini o‘zining xizmatkori bo‘lmish Dot Jarlettning qiziga «The Beatles»ning ashaddiy muxlisi bo‘lgani uchun sovg‘a qilgan. Tishni sotuvga qo‘yganlar ham Jarlettning qarindoshlaridir. «Omega Auctions» vakillari Lennon tishiga ta’rif berar ekan, «U kimoshdi savdosiga qo‘yilgan narsalar ichida eng noyobi va g‘alatisidir», — deb fikr bildirishdi.
Sud ishi nihoyasiga yetdi
Sud hay’ati bir ovozdan Maykl Jekson o‘limiga uning avvalgi shifokori Konrad Myurreyni aybdor deb topdi. Ushbu ish bo‘yicha chiqarilgan hukm 7 noyabr kuni Los-Anjeles sudida e’lon qilindi. Konrad Myurrey endi 4 yillik qamoq jazosini o‘tashi mumkin. Buning ustiga, u shifokorlik litsenziyasidan ham mahrum etiladi. Shuningdek, sud qaroriga ko‘ra, Myurrey to‘lov evaziga ozodlikka chiqolmaydi, u jazo muddatini to‘liq o‘tashi shart.
Eslatib o‘tamiz, shifokor 2009 yilning 26 iyunida Maykl Jeksonga tinchlantiruvchi propofol preparatini ko‘p miqdorda bergani bois uning o‘limiga sababchi bo‘lganlikda ayblangan edi. Myurreyning advokatlari esa dori vositalariga bog‘lanib qolgan Maykl Jekson uyqusizlikdan qiynalib, preparatni o‘ziga o‘zi jo‘natganini isbotlamoqchi bo‘lishgandi.
Yolg‘izlik — yomon tushlar sababchisi («Reuters» gazetasi)
Yolg‘iz kishi tunda yomon uxlaydi — shu mazmunda gazetaning navbatdagi sonida tadqiqotchi muallifning maqolasi chop etildi. Unda ta’kidlanishicha, yolg‘izlik insonni nafaqat baxtsiz qiladi, balki uning sog‘ligi uchun ham katta xavf tug‘diradi.
Chikago universiteti tadqiqotchisi Lian Kurina va uning hamkasbi mamlakatning Janubiy Dakota shtatida tanho yashovchi fuqarolar misolida tush modellarini o‘rganib chiqishdi. Tadqiqot natijalarining batafsil sharhi «Sleep» jurnalida e’lon qilingan.
«Tush tadqiqotlari uchun 95 ta bilak datchiklaridan foydalanildi. Yolg‘iz odamlarning tushi tez-tez uzilib qoladi. Ular tush ko‘rish jarayonida ko‘p bezovta bo‘lishadi, baqirish va terlash holatlari kuzatiladi», — deyiladi maqolada.
Endi haqiqiy parvozni kutishadi («Daily Mail» gazetasi)
Xuddi Mars sayyorasida yashagan kabi maxsus kamerada 520 kun davomida «istiqomat» qilgan 6 kosmonavt bu hafta o‘z tajribalarini nihoyasiga yetkazadi. «Daily Mail» gazetasi shu haqda maqola e’lon qildi. Unda bayon qilinishicha, kosmonavtlar juma kuni Moskva shahridagi Rossiya biomeditsina muammolari institutida joylashgan «kosmik kemalari»dan tashqariga chiqishadi va sabr-toqat bilan «qizil sayyora»ga bo‘ladigan haqiqiy parvozni kutishadi.
Ekipaj a’zolaridan biri, fransuz injeneri Roman Sharl o‘z kundaligiga quyidagi so‘zlarni yozib qo‘yibdi: «Xalqaro ekipajimiz o‘z ishini muvaffaqiyatli yakunlamoqda. Biz bundan yarim yil avval berilgan savolga ijobiy javob berayotganimizdan mamnunmiz». O‘shanda kosmonavtlarga «Marsga parvoz vaqtida inson fiziologik va ruhiy jihatdan bardosh bera oladimi?» degan savol ko‘ndalang qo‘yilgan edi.
«Albatta, hammasi bir maromda bo‘lgani yo‘q, — deydi Yevropa kosmik agentligi mutaxassisi Patrik Sandblend. — Avgust ruhiy nuqtai nazardan eng og‘ir oy bo‘ldi: bu eng zerikarli vaqt, chunki bu vaqtda barcha yaqinlarimiz ta’tilga chiqishdi va bizga ulardan juda kam SMS xabarlar yetib keldi. Ovqat tanlash masalasi ham maqtangulik bo‘lmadi».
«Ekipaj lyukdan tushgach, kamida uch kun karantinda bo‘ladi», — deb ma’lum qiladi maqola so‘nggida muallif.
Xitoylik bo‘ydoqlarning kirdikorlari («La Stampa» gazetasi)
«La Stampa» gazetasining yozishicha, «Xitoy Xalq Respublikasining bundan 30 yil avval aholi ko‘payib ketishining oldini olish maqsadida qabul qilgan «Bir oila — bir farzand» demografik siyosati bugun kutilmagan oqibatlarga sabab bo‘lmoqda.
«Nikoh agentligining ma’lum qilishicha, mamlakatda qizlar sonining kamayib ketishi sababli xorijlik qizlarga uylanish niyatidagi bo‘ydoq yigitlar tobora ko‘pchilikni tashkil etmoqda. Xitoy qonunlariga ko‘ra, bunday nikoh yigitlardan anchagina mablag‘ talab qiladi, ya’ni ma’lum miqdorda pul to‘lovlari amalga oshiriladi. Bu yerda gap Xitoy qishloqlarida yashovchi yigitlarga Vetnam qizlarini tavsiya qilayotgan agentliklar faoliyati haqida ketmoqda. Ular hatto qizlar qochib ketgan taqdirda boshqasini taklif qilishadi. Qonuniy amalga oshirilayotgan ana shu biznesning rivojlanishi natijasida yashirin ayollar savdosi tobora avj olmoqda», — deb yozadi maqola muallifi.
Gazetaning xabar qilishicha, so‘nggi ikki yil davomida mahalliy politsiya Xebey provintsiyasida tirik tovar sifatida sotib yuborilgan yoki o‘g‘irlangan 3500 nafar ayollar va bolalarni ozod qilgan. Jabrlanuvchilar asosan Xitoy qo‘shnilari — Mo‘g‘uliston, Shimoliy Koreya, Birma va Vetnam fuqarolaridir.
— Noqonuniy odam savdosi bilan kurashish agentligi 2009 yildan e’tiboran politsiya bilan hamkorlikda 429 ta uyushgan jinoiy guruhni fosh qilib, 556 qonunbuzarni jazoga mahkum etgan, — deya ma’lum qiladi Xebey provintsiyasi davlat xavfsizligi kengashi a’zosi Yang Tse Li.
Shandun provintsiyasi politsiyasi yaqinda yana bir ana shunday uyushgan jinoyatchilar guruhining kirdikorlarini ochib tashlagani haqida ma’lumot tarqatdi. Bu guruh ayollarni noqonuniy ushlab turgan va farzand tug‘ib bergani hamda vaqtincha ona bo‘lgani uchun pul to‘lagan. Ular har bir yangi tug‘ilgan o‘g‘il bola uchun 50 ming yuan (taxminan 6 ming yevro), qiz bola uchun esa 30 ming yuangacha (taxminan 3 ming 500 yevro) pul mablag‘i to‘lashgan.
Internet materiallari asosida tayyorlandi |