Xalqaro voqealar

12 Yanvar 2012 20:52
“SUN’IY AQL” VA RUHIYAT
Odatda, aqlli kishilarga nisbatan “kallasi kompyuter” degan iborani ishlatamiz. Ayniqsa, “a’lo” baholarga o‘qiydigan o‘quvchi, talabalar teng­qurlari o‘rtasida shunday nom qozonadi. Biz ta’lim olgan dargohda kursdoshimiz Alisherga nisbatan shu ibora qo‘llanilardi. Uning bir necha tillarni bilishi, fanlarni yaxshi o‘zlashtirishi barchaning havasini keltirardi.
Esimda, qishning ayozli kunlarining birida Alisher darsga kelmadi. Yo‘qlama vaqtida domlaning kim yo‘q, degan savoliga navbatchi talaba “kallasi kompyuter” kelmadi, deb bexosdan aytib yuborgan so‘zini eshitib ustoz: “Yaratgan bilan bandasining ijodini tenglashtirmang”, degan edi.
O‘sha payt domlamning gaplariga unchalik e’tibor qilmagan ekanman. Ammo yillar o‘tib uning mazmunini anglab yetayotgandekman. Gap shundaki, bugungi kunda axborot texnologiya­lari asrida yashab, uning imkoniyatlaridan foydalanmayotgan kishini uchratish dushvor. Dunyoning u yoki bu burchagida sodir bo‘layotgan voqealarni qi­yinchiliksiz bizga yetkazib berayotgan, kosmosga, dengiz tubiga sayr qilib, hayvonot va nabotot olamini tomosha qilish imkonini berayotgan kompyu­ter texnikasi qanchalik rivojlanmasin, baribir, birlamchi manba — elektr energiyasisiz ishlay olmaydi. Shunday ekan, insonni uning o‘zi yaratgan kompyuter texnikasi — “sun’iy aql” bilan taqqoslash mumkinmi?..
Inson azaldan ma’lum bir vazifalarni mustaqil bajara oladigan texnikalar ixtiro qilishga qiziqib kelgan. Ma’lum bo‘lishicha, Abbosiylar davrida yasalgan va gidravlika tamoyiliga asoslangan turli xil avtomatik lo­yihalar, Saljuqiylar davrida Abul Iz yasagan avtomatik mashinalar sun’iy aqlning ilk namunalari hisoblanadi. Soha rivoji ke­yinchalik Andalusiya va Yaqin Sharq orqali Yevropaga ko‘chgan. XVII asrda nemis olimi U.Shikard, keyinroq esa frantsuz matematigi B.Paskal tomonidan ilk kalkulyatorlar yaratilgan. XIX asrda Charlz Bebij yaratgan “chiqarish texnikasi” va “analitik texnika” komp­yuteri “sun’iy aql” tarixidagi muhim ixtirolardir.
“Sun’iy aql”ning fan sifatida rivojlanishi o‘tgan asrning 40-yillaridan ke­yin boshlandi. Bu davrda, aniqrog‘i, 1940 yil oxirida ingliz fizigi va matematigi Alan Tyuring elek­tron komp­yuterlarning asosi bo‘lmish hisoblash nazariyasini yaratdi. U 1950 yilda yozgan maqolasida insonning fikrlashini modellashtirishga harakat qilgan va hozirgi kunda ham “tyuring testi” degan atama mavjud. 1956 yili amerikalik olim H.Simon bu turdagi tadqiqotlarga “sun’iy aql” (artificial intel­ligence) nomini berish taklifi bilan chiqqanda unga g‘arbdagi ba’zi ilohiyotchilar va faylasuflar qarshi chiqishgan. Ammo “sun’iy aql” texnologiyalaridan kundalik hayotda qanday qilib unumli foydalanish mumkin?” degan savol hozirgacha o‘z dol­zarbligini yo‘qotgani yo‘q.
Keyingi yillarda kompyuter texnologiyalari sohasida katta yutuqlar qo‘lga kiritildi. Bu yutuqlardan, ayniqsa, tezkor va to‘g‘ri qaror qilinishi kerak bo‘lgan harbiy loyihalarda unumli foydalanilmoqda. Shuningdek, hozirgi kunda komp­yuter iqtisodiy rejalar, rivojlanish loyihalarini ishlab chiqishda, ta’lim tizimida zarur ma’lumotlarni tez va qulay o‘zlashtirishda insonga yordamchi bo‘lib qoldi.
“Sun’iy aql” izlanishlarida eng muvaffaqiyatli soha — shatranj. Hozirda mutaxassis saviyasida shatranj o‘ynaydigan texnikalar mavjud. Ular o‘yin davomida yuz minglab yurishlarni tezlik bilan amalga oshira oladi. Lekin, shunga qaramay, “sun’iy aql” tizimlari hikoyalarni tushunish yoki tushuntirishdek inson aqlining eng oddiy funktsiyalarini amalga oshirish borasida ojiz. Negaki, insonning moddiy mezonlar bilan boshqarib bo‘lmaydigan ruhiy holati, ma’naviy turimlari, iroda va shuuri mohiyatini kompyuter “salohiyati” bilan aslo tenglashtirib bo‘lmaydi. Inson va texnika bir-biridan farq qiladi. Inson qaror qabul qilishda irodasi va hissiyotlaridan foydalanadi. “Sun’iy aql”ga asoslangan texnikalar esa uni ishlab chiqargan insonlarning bilim saviyasi darajasida ishlaydi. Ya’ni, komp­yuter dasturlarining qaror qabul qilishi dasturlovchi tomonidan qo‘yilgan algoritmlar chegarasida amalga oshadi.
Xullas, kompyuter texnologiyalari qanchalik rivojlanmasin, hatto endigina atak-chechak qilib so‘zlarni tushunsa-tushunmasa bir-biriga bog‘lab gapirayotgan bolachalik tafakkurga ega emas. Zero, hech qachon yaratilgan narsa yaratgan zotdan aslo o‘zib keta olmaydi. Insonning buyuk timsolligi ham shundandir.
Tolibjon NIZOMOV,
jurnalist

Hurriyat Copyright

Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo

gzt.uz

press-uz.info



Sizga saytimizning qaysi bo'limi ma'qul bo'ldi?











Natijalar

GISMETEO.RU: ïîãîäà â ã. Òàøêåíò

Ïîäðîáíåå íà www.nbu.com -->





Hosting by UZINFOCOM