Ushbu kashfiyot SPICAV (Spectroscopy for Investigation of Characteristies of the Atmosphere of Vtnus) nomli spektrometr jamlagan tahlillar negizida yuzaga chiqdi. Ozon qatlami atmosferadan vertikal konvektsiya bo‘ylab 100 kilometr balandlikda joylashgan.
Olimlarning fikricha ozon atmosferaning yuqori qatlamidagi quyosh nurlarining ta’siri natijasida paydo bo‘lgan. O‘z navbatida mazkur birikma xuddi yerdagi kabi xlor bilan sodir bo‘lgan reaktsiya natijasida barham topadi. Kompüyuter tahlillari natijasiga ko‘ra Veneradagi ozon tsikli yerdagiga juda o‘xshash. “Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, yer stratosferasidagi dastlabki kimyoviy reaktsiyalar Venerada ham harakatga ega”, — deya yozadi muallif o‘z maqolasida.
Yer qatlamlarini tekshirishga mo‘ljallangan «Venus Express» apparatini fazoga 2005 yilning noyabrida Boyqo‘ng‘ir kosmodromidan Rossiyaning “Soyuz” nomli raketasi olib chiqqan edi. Zond Venera orbitasiga 2006 yilning aprel oyida yetib borgan. Shundan buyon u sayyoramiz qo‘shnisining atmosferasini o‘rganish bilan mashg‘ul.
Qandli diabetning davosi topiladi?
Yapon olimlari sichqonlarni qand kasalligidan davolab ko‘rishdi. Bunga ular o‘zga kemiruvchilardan olingan asab to‘qimalarini ko‘chirib o‘tkazish yo‘li bilan erishishdi. Tajriba Tomoko Kuvabari boshchiligidagi bir guruh mutaxassislar tomonidan amalga oshirildi.
Ma’lumki, qandli diabet inson organizmida insulin moddasining yetishmasligi bois rivojlanadi. Oshqozon osti bezi — beta-to‘qimalarining garmon ishlab chiqarish tartibi buzilganda birinchi darajali diabet, insulin moddasiga nisbatan terida his etish xususiyati sustlashganda esa ikkinchi darajali diabet kasalligi kelib chiqadi.
Kuvabari guruhi tajribalar chog‘ida sichqonlarga ularning o‘tmishdoshlari bosh miyasidan olingan hid sezuvchi to‘qimalarni ko‘chirib o‘tkazishgan. Olimlar bu to‘qimalarni organizmda insulin ishlab chiqaradigan Wnt3a oqsili, shuningdek, mazkur jarayon to‘xtab qolishining oldini oladigan antitelalar bilan qayta ishlashdi. Oshqozon osti beziga ko‘chirilgan beta-to‘qimalar sichqon organizmida insulin moddasi ishlab chiqarilishini kuchaytirib, qonda glyukoza miqdorini kamaytirdi.
Kuvabari bu yangi usul birinchi darajali diabetlarni davolashda donor organlardan foydalanishga ehtiyoj qoldirmaydi, degan umidda.
Joriy yilning sentyabrü oyida Yevropa diabetlarni o‘rganish assotsiatsiyasi ayni paytda 366 million kishi mazkur kasallikdan aziyat chekayotgani haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, assotsiatsiya ma’lumotlariga ko‘ra har yili 4,6 million nafar inson diabet tufayli hayotdan ko‘z yumadi.
Ko‘prikni o‘g‘irlab ketishdi
AQShning Pensilvaniya shtati hududidagi temir ko‘prik o‘g‘irlangan. Politsiyachilarning taxminiga qaraganda jinoyat sentyabr oyi oxiri oktyabr oyining birinchi haftasida sodir etilgan.
Uzunligi 15, eni esa 6 metrni tashkil etgan bu ko‘prik o‘ta sifatli po‘latdan tayyorlangan edi. Jinoyatchilar uni bo‘laklarga ajratishda bosimli gaz yordamida kesadigan uskunadan foydalangan. Ko‘prik taxminan 100 ming AQSh dollari qiymatiga ega, deb baholanmoqda.
Ko‘priklarni o‘g‘irlash holatlari vaqti-vaqti bilan turli mamlakatlarda uchrab turadi. Hatto bundan bir yil muqaddam Avstraliyada yog‘ochdan yasalgan ko‘prikni o‘marishgan edi.
Uyquchi fil yo‘l harakatini buzdi
«Beshinchi» laqabli Afrika fili uyqusi kelgani sababli asfalt yo‘lga yotib oldi. Natijada avtomobillarning yo‘li to‘silib qoldi. Voqea London ko‘chalaridan birida sodir bo‘ldi, deya xabar tarqatdi «The Daily mail» nashri.
Hayvonot bog‘i nazoratchisi Endi Plamning aytishicha, oktyabrning birinchi o‘n kunligida kuzatilgan jazirama «Beshinchi»ni holdan toydirgan. Boz ustiga, fil tabiatan o‘ta injiq, shu bois uning bu xatti-harakatidan taajjublanmasa ham bo‘ladi.
Filning mizg‘ib olishi uchun qancha vaqt ketgani noma’lum. Ammo bu vaqt mobaynida avtomobil haydovchilari uni chetlab o‘tishning ilojini topisholmadi. Nihoyat, og‘irligi 5,5 tonna keladigan jonivor o‘rnidan turgach, yo‘l qatnovi izga tushdi. «Qahramon» esa hordig‘ini davom ettirish uchun hayvonot bog‘iga yo‘l oldi.
Okeaniyada ichimlik suvi muammosi
Okeaniya fuqarolari ichimlik suvisiz qolish xavfini boshdan kechirmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, Tokelau orollarida bor-yo‘g‘i bir haftalik chuchuk suv zaxirasi qolgan. Hududda favqulodda holat e’lon qilingan.
Bundan bir necha kun oldin Tinch okeani markazida joylashgan, 12 ming aholiga ega bo‘lgan Tualu orolida ham ichimlik suvi tugayotgani haqida xabar tarqatilgan edi. Dushanba kuni esa Yangi Zelandiya hukumati o‘ziga bo‘ysunuvchi Tokelau va qo‘shni Tuvalu orollariga samolyotlarda ichimlik suvi ortilgan konteynerlarni yetkazib bera boshladi. Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga qaraganda mamlakatdan Tinch okeanining boshqa orollari ham ko‘mak so‘ragan.
Tinch okean orollari hududida bironta ham chuchuk suv havzasi mavjud emas. Mahalliy aholi asosiy ichimlik suv manbaini yomg‘ir suvlari hisobiga g‘amlaydi. Yomg‘ir suvi maxsus asboblar yordamida yig‘ib olinadi va keyinchalik undan foydalansh maqsadida asrab qo‘yiladi.
Changlar tarkibi o‘rganib chiqildi
(«The Journal of Physical Chemistry C» jurnali)
«Ogayo universiteti fiziklari chang tahlillarini o‘tkazish natijasida ularning 63 turini identifikatsiya qilishdi. Olimlarning fikricha, changlar katalogini tuzishda bu ilk qadam, xolos». «The Journal of Physical Chemistry C» jurnalida chop etilgan maqola aynan shunday boshlanadi.
Olimlar tadqiqotlar davomida ob’ektning infraqizil spektrini olishda 2003 yili amaliyotga joriy etilgan asbobdan foydalanishgan. Bu asbob metall nanoseti, plazmali effektlar yordamida infraqizil spektrlarni deyarli yaxlit olish imkoniga ega.
Olimlar to‘plangan ma’lumotlardan foydalangan holda 3-5 mikrometrli changlar tarkibini tahlil qilishga muvaffaq bo‘ldilar. Aniqlanishicha, changlar tarkibida organik materiallar eng ko‘p tarqalgan ekan. Ikkinchi o‘rinni mineral kvarts, uchinchi o‘rinni esa karbonadlar band qilgan.
Mutaxassislarning so‘zlariga qaraganda maksimal o‘lchamdagi changlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, ular o‘pka uchun zararlidir. Yuqoridagi tadqiqotlar esa changlarning inson sog‘ligi uchun xavfli yoki xavfsiz ekanini aniqlashga yordam beradi.
Ulug‘bek ASROROV tayyorladi |