Shu sababli undagi havo harorati Tselsiy bo‘yicha o‘rtacha 220 haroratni tashkil etadi. Olimlar ushbu sayyorada suv ham bor deb taxmin qilishmoqda. Agar tusmol tasdiqlansa, u yerda hayot borligi o‘z isbotini topadi. Shu paytgacha yakkayu yolg‘iz hayot bor maskan deb sanalgan Yerning bu egizagini tekshirib taxminlarga amin bo‘lish juda murakkab ish. Sababi «qo‘shnilarimiz»ning sayyorasigacha bo‘lgan masofa 600 yorug‘lik yiliga teng, deb ta’kidlanmoqda.
Bundan avval ham astronomlar Yerga o‘xshash 54 ta sayyorani kashf qilishgan, ammo ular o‘z yulduziga nisbatan tezroq aylanishi va yuzasi o‘ta issiqligi sabab inson yashashi uchun xavfli sanalgan. Shu bois kashfiyotlar olimlarga kutilganidek shuhrat keltirmagan edi.
Har uchinchi bolaning kitobi yo‘q
Buyuk Britaniyadagi har uchinchi bola bironta ham kitobga ega emas. Mamlakatning milliy savodxonlik fondi 8 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan 18 ming nafar bola o‘rtasida so‘rov o‘tkazib, ana shunday xulosaga kelgan.
Fond bundan 7 yil muqaddam o‘tkazgan so‘rovnomada 8 ming nafar bola qatnashgan, o‘shanda bu ko‘rsatkich bolalarning o‘ndan biriga to‘g‘ri kelgan edi. Bu gal o‘g‘il bolalarga nisbatan qizlarda kitob ko‘proq borligi, darslikdan tashqari shaxsiy kitobiga ega bo‘lgan o‘quvchilar a’lo baholarga o‘qishi isbotlandi. Shuningdek, so‘rovnomada 19 foiz o‘spirinlarga hech qachon kitob sovg‘a qilinmagan, ularning 12 foizi shu kungacha kitob do‘koniga kirmagan, 7 foizi esa kutubxonada umuman bo‘lmagani aniqlandi.
Britaniya milliy savodxonlik fondi yoshlar o‘rtasida kitobxonlik ko‘rsatkichlarini yanada yaxshilash maqsadida yangi yil arafasida «Adabiyot sovg‘asi» xayriya aktsiyasini tashkil etmoqchi. Unga ko‘ra, joylarda o‘tkaziladigan bayramoldi tadbirlarda o‘spirin yoshlarga sovg‘a sifatida kitoblar taqdim etiladi.
Chorasiz choralar
«Agence France Presse» nashrining ma’lumot berishicha, Italiyaning yangi bosh vaziri Mario Monti davlat qarzlarini qisqartirishga qaratilgan hukumat rejasini oqlash maqsadida o‘z maoshini olishdan bosh tortdi.
Monti «Biz muammolarni hal qilish yo‘lida italiyaliklarni fidoyilikka chorlar ekanmiz, oylik maoshimdan voz kechish eng to‘g‘ri ish deb hisoblayman», deya ta’kidladi. Shu bilan birga, Bosh vazir hozir Yevrohududda eng yuqori ko‘rsatkich — 1,9 trillion yevroga yetgan davlat qarzlarini jilovlashga va’da berdi.
Byudjet xarajatlarini 30 milliard yevroga qisqartirish rejasiga soliqni oshirish va nafaqa yoshini ko‘tarish kabi masalalar kiritildi. Avvallari italiyaliklar 60 yoshda nafaqaga chiqishgan bo‘lsa, endi bu ko‘rsatkich 66 yoshga ko‘tariladi. Bundan tashqari, hukumat ortiqcha dabdabaga moyil mol-mulk, qo‘shimcha yer-joy hamda daromad uchun soliq joriy etishni rejalashtirmoqda.
Bomba zararsizlantirildi
Germaniyaning Koblints shahridan topilgan yirik aviabomba mutaxassislar tomonidan zararsizlantirildi. Bu jarayon uch soat davom etdi.
Bomba aniqlangan hududdan 2 kilometr radiusda joylashgan uylarda yashovchi aholi evakuatsiya qilindi. Shifoxona va qariyalar uyidagi bemorlar, qamoqxona mahbuslari, jami bo‘lib 45 ming kishi xavfsiz joylarga ko‘chirildi. Operatsiya chog‘ida Koblintsdagi vokzallarda poezdlar to‘xtashi uchun ruxsat berilmadi, shaharga olib boruvchi asosiy avtomobil yo‘llari to‘sib qo‘yildi. Mutaxassislar Reyn daryosi sathi pasaygani tufayli hali portlab ulgurmagan yana bir nechta snaryad topilishi mumkinligini taxmin qilishmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, Koblintsga 1943-1945 yillarda 250 ta ana shunday yirik aviabomba tashlangan.
Pandalar ijaraga berildi
«Reuters» axborot agentligi tarqatgan ma’lumotlarga qaraganda, Xitoy hukumati Shotlandiyaga 10 yil muddatga ikkita katta panda ayig‘ini ijaraga berdi. Erkak va urg‘ochi ayiqlar Xitoyning Chendu shahridan Edinburg aeroportiga samolyot orqali yetkazildi. O‘zaro shartnomaga asosan Edinburg hayvonot bog‘i Xitoyga pandalar uchun har yili 600 ming funt sterling to‘laydi. Pandalar 10 yil ichida nasl qoldirgan taqdirda, Xitoy o‘zidan ko‘paygan pandalarni qaytarib olish shartini qo‘ygan. Mutaxassislar Shotlandiyada oq-qora ayiqlar ko‘payish ehtimoli kattaligini ta’kidlashmoqda.
Stress ham virus kabidir («La Repubblica» gazetasi)
Jurnalist Sara Fikonchellining maqolasida gap «passiv stress», ya’ni qattiq hayajonga berilish yoki kuchli ruhiy zarba haqida ketadi. Unda aytilishicha, bunday ruhiy holat, ayniqsa, ayollar uchun juda zararlidir.
«Rahbaringiz ishxonaga odatdagidan ko‘ra boshqacharoq — qandaydir jahlnoma kayfiyatda kirib keldi, qalbingizni beixtiyor shubha, g‘ulg‘ula va hayajon chulg‘ab oladi. Buning ustiga kechqurun uyga kelib, xushta’m taom istab dasturxon atrofida o‘tirganingizda turmush o‘rtog‘ingiz ishdagi muammolari haqida gap boshlasa, bunga chidash mumkinmi? Shunday hollar yuz bersa, sizni ruhiy zarba ishg‘ol etgan bo‘ladi. U sizning tanangizga ro‘parangizdagi kishidan xuddi shamollash kabi juda tez yuqadi. Atrofingizdagi odamlarning turli muammolardan hadeb noliyverishi kayfiyatingizga ta’sir etadi va o‘z-o‘zidan asablaringiz charchaydi, ruhiyatingizda noxushlik seza boshlaysiz”, deb yoziladi maqolada.
Maqolada olimlar stress ham gripp infektsiyalari singari o‘z tarqatuvchilariga ega ekanligi aytiladi. E’tiborlisi, u, ayniqsa, ayollar uchun juda xavfli. Chunki ular hissiyotga juda tez beriluvchan, o‘ta ta’sirchan bo‘ladilar. Muammo shundaki, ruhiy zo‘riqishga uchrayveradigan kishilar, xususan, ayollar bora-bora jamiyatning mutlaq ojiz ishtirokchilariga aylanib qolishi mumkin. Hozircha bu kasallik mavjud, ammo unga da’vo topilganicha yo‘q.
Xitoy matbuotining istagi («Chempionat.com» sayti)
Xitoyning “Xinhua” axborot agentligi futbol bo‘yicha 10 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan Madridning “Real” va Kataloniyaning ”Barselona” klublari uchrashuv vaqtidan qoniqmayotganini ma’lum qildi. Ma’lumki, “El-klassiko” deb nomlangan ushbu o‘yin Yevropa vaqti bilan qoq tushda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu vaqtda esa Xitoy sarhadlari oqshom og‘ushida bo‘ladi. “Barselona” klubi prezidenti Sandro Rossel o‘z fikrini o‘zgartirganicha yo‘q. U uchrashuv vaqtini faqat Xitoy teleauditoriyasi uchungina mo‘ljallash ma’qul emasligini bildirgan.
Qorabog‘ muammosi (Ozarboyjon OAV)
Mamlakatning yetakchi nashrlari, xususan, haftada 5 marotaba chop etiladigan ijtimoiy-siyosiy yo‘nalishdagi “Exo” mustaqil gazetasi sahifalarida ozarboyjonliklarning Shvetsiya parlamentida muhokama qilingan Qorabog‘ muammosiga salbiy munosabati bayon etilgan. Matbuot tahlilida aytilishicha, bu muammo oddiy fuqarolar uchun ko‘pgina qiyinchiliklar tug‘dirish bilan birga, kundan-kunga hududda qochoqlar va boshpanasiz aholi vakillari ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda.
Shuningdek, hafta boshida chop etilgan boshqa matbuot nashrlarida 1 dekabrdan 2 dekabrga o‘tar kechasi Kaspiy dengizida yer osti silkinishlari ro‘y berganligi to‘g‘risidagi xabarlarga ko‘zingiz tushishi mumkin. Bu haqda respublikaning seysmologiya markazi rasmiy xabar tarqatgan. Zilzila mahalliy vaqt bilan 01:00 da ro‘y berib, uning kuchi 3,1 ballga teng bo‘lgan. Tabiiy ofat o‘chog‘i voqea joyidan 82 kilometr shimoliy-sharqiy uzoqlikda joylashgan.
|