Xalqaro voqealar

03 Noyabr 2011 18:37
YETTI MILLIARDINCHI INSON SAFGA QO‘SHILDI
Nihoyat, dunyo ahli yetti milliardinchi inson qayerda tug‘ilar ekan, degan savolga javob izlab turgan bir paytda uning Rossiyada dunyoga kelgani haqida xabar tarqaldi. Sababi BMTning taxminiy hisob-kitoblariga ko‘ra, aynan 31 oktabr kuni sayyoramiz aholisi rasman yetti milliard kishiga yetishi kutilayotgandi. Albatta, bularning barchasi nisbiy xarakterga ega.
 Chunki xalqaro miqyosda tug‘ilish va o‘limning aniq hisob-kitobini olishning imkoni yo‘q. Faqat umumiy gipotezalar va jahon bo‘yicha har daqiqada o‘rtacha 150 ta chaqaloq dunyo yuzini ko‘rayotgani ma’lum, xolos. BMT mutasaddilari «tilla bola» rasman Rus o‘lkasida tug‘ilganini tasdiqlashdi. Chaqaloq Kaliningrad shahrida 31 oktyabr kuni Moskva vaqti bilan tungi 00:02 da dunyoga kelgan. 3 kilogramm 600 gramm vazn bilan tug‘ilgan (bo‘yi 50 santimetr) bolakay ayni paytda shifokorlar nazoratida parvarish qilinmoqda. Ammo murg‘ak Pyotrning raqobatchilari ham yo‘q emas. Masalan, Rossiya Prezidentining Uzoq Sharq mintaqasidagi vakolatli vakilligining matbuot xizmati yetti milliardinchi inson 31 oktabr kuni soat 00:19 da Petropavlovsk-Kamchatka shahrida tug‘ildi, deb xabar tar­qatgan. 3 kilogram 600 gramm vaznda tavallud topgan bolakayga Aleksandr deb ism berishibdi. Bundan tashqari, aynan shu kuni Filippin poytaxti Manilada dunyoga kelgan Dannika May Kamocho ham yetti milliardinchilikka da’vogarlik qilmoqda. Qizig‘i, Belarusda ham tug‘ilish haqidagi guvohnomalariga 2011 yil 31 oktabr sanasi qayd etilgan barcha chaqaloqlarga hukumat tomonidan «Yer yuzining yetti milliardinchi insoni» degan sertifikat berilishi haqidagi xabarlar matbuot sahifalarida «ko‘chib» yuribdi. Garchi tortishuv va bahslar hali-hamon qizg‘in davom etayotgan bo‘lsa-da, bir narsa aniq — yetti milliardinchi inson dunyoga keldi.
Bundan ikki yuz yil avval bir milliard nafarni ham tashkil qilmagan sayyoramiz aholisi bor-yo‘g‘i ikki inson umriga teng vaqt davomida yetti milliardga yetdi. Ularning deyarli teng yarmi Osiyoning ikki ulkan mamlakati — Xitoy va Hindistonda istiqomat qilmoqda. Ahvol shu zaylda davom etadigan bo‘lsa, 2100 yilga borib planetamizda 15 milliard odam bir-birlari bilan murosayu madora qilishga majbur bo‘ladi.
Albatta, insonning dunyoga kelishi quvonchli hodisa. Ammo tug‘ilishning ortishi insoniyat oldiga jiddiy muammolarni ko‘ndalang qo‘yishi tabiiy. Ayniqsa, oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talab kuchayishiga shubha yo‘q. Atmosferani qo‘ya turaylik, qishloq va shaharlarning turli maishiy chiqindilar bilan ifloslanishi ham ortadi. Ayni paytda dunyoning ko‘pgina mamlakatlari, xususan, Italiya va Meksikada davlat rahbarligiga nomzodlar o‘z saylov­oldi dasturlarida birinchi galda shaharlarni chiqindilardan tozalash masalasiga urg‘u berayotgani so‘zimiz isbotidir. Aholi sonining ortishi bunday mamlakatlar yanada ko‘payishi mumkinligini bashorat qilish imkonini bermoqda.
Toza ichimlik suvi ham barchaning bosh og‘rig‘iga aylanishi turgan gap. Chunki yer yuzida to‘rtta muazzam ummon, o‘nlab dengizlar, ko‘llar, yuzlab daryo va suv havzalari bo‘lishiga qaramay, obi hayotning bor-yo‘g‘i 2 foizdan ortig‘igina iste’molga yaroqli. Shu bois, dunyo ahlining teng yarmidan ko‘pi hanuz ichimlik suvi tanqisligi tufayli tashnalikda yashashga majbur.
Albatta, sayyoramizning yetti milliardinchi insoni bo‘lgan chaqaloqqa bu gaplarning dahli yo‘q. Aksincha, jajji Pyotr Alekseevich Nikolayev dunyoning olti milliardinchi insoni deya e’tirof etiladigan 12 yoshli Loriz Gevarra kabi tug‘ilishi bilanoq, barchaning e’tiboriga tushib, allaqachon katta miqdordagi mukofotlarni ham «qabul» qilib oldi. Hudud gubernatori Nikolay Tsukanov chaqaloqning onasi Yelenaga suyunchi puli sifatida 100 ming rubl va BMTning «Yetti milliardinchi inson tug‘ilgan kun» deb nomlangan sertifikatni topshirdi.
                                                                              Inomjon ABDIYEV

Hurriyat Copyright

Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo

gzt.uz

press-uz.info



Sizga saytimizning qaysi bo'limi ma'qul bo'ldi?











Natijalar

GISMETEO.RU: ïîãîäà â ã. Òàøêåíò

Ïîäðîáíåå íà www.nbu.com -->





Hosting by UZINFOCOM