Xalqaro voqealar

26 Oktabr 2011 14:04
ZILZILA: OLAM TASHVISHI
11 mart — Yaponiya, 20 iyul — O‘zbekiston, Qirg‘iziston, 23 avgust — Sumatra oroli, 18 sentyabr — Hindiston, 14 oktyabr — Rossiya, 19 oktyabr — Eron, Sharqiy Timor, 20 oktyabr — Qirg‘izis­ton, 21 oktyabr — AQSh, Yaponiya, Argentina, 23 oktyabr — Turkiya...
Sezib turganingizdek, bu birgina joriy yilning o‘zida yer yuzining turli hududlarida sodir bo‘lgan kuchli yer silkinishlarning eng qisqartirilgan ko‘rinishi. Agar zaminning har bir  tebranishi Rixter shkalasi bo‘yicha qayd etib borilsa, 365 kunda mingdan, yiriklari esa yuzdan oshsa kerak.
Zilzilalar, ayniqsa, ofat bilan tugagan kuchli yer silkinishlari mamlakatlar tarixiga qora kun sifatida bitiladi. Minglab boshpanasiz insonlar, yaqinlaridan judo bo‘lgan kishilar, qo‘rquvdan sarosimaga tushib, fig‘oni ko‘kka o‘rlayotgan bolalar... Buni hatto tasavvur qilish ham ko‘ngilga tuganmas dahshat soladi.
Ha, taraqqiyot sari dadil odimlab ketayotgan insoniyat o‘z ehtiyoji va xohishi yo‘lida ko‘ngliga nima kelsa sidqidildan bajardi. Zamin bag‘rini ayovsizlarcha o‘yib, neft, gaz, ko‘mir kabi energiya manbalarini, oltin, kumush, temir singari boshqa rudalarni yiliga ming-ming­lab tonna hajmida qazib olmoqda. Hayot yumushlarini yengillashtirish uchun yaratilgan texnika vositalari, metallurgiya zavodlari kuniga minglab tonna zaharli moddalarni atmosferaga purkab turibdi. Ta’bir joiz bo‘lsa, bularning barchasi tabiiy muvozanatni buzib yubormoqda. Tilsiz tabiat zaboni bo‘lmasa-da, o‘z isyonini, norozilik va ogohlik chaqirig‘ini suv to‘fonlari, toshqinlar, kislotali yomg‘irlar, o‘rmon yong‘inlari, vul­qonlar, yer silkinishlari ko‘rinishida namoyon etmoqda.
Shu yilning o‘zida biz birgina zilzila deb ataydigan hodisa misolida tabiatning qudratli kuchi oldida inson naqadar ojiz ekaniga bir necha bor amin bo‘ldik. Yurtimizda  ham 21 mart, 15 may, 20 iyul kunlari yer silkinishlari qayd etildi. Ayniqsa, so‘nggisini hozir ham ko‘pchiligimiz yurak hovuchlab eslaymiz. Taassufki, shu kuni 15 ga yaqin yurtdoshimiz yorug‘ dunyodan bevaqt ko‘z yumdi...
Kuni kecha Turkiyaning janubi-sharqiy qismida kuchli yer silkinishlari sodir bo‘lganini eshitganimizda ham yuragimiz bir uvushdi, beixtiyor, jabr ko‘rganlarning joniga to‘zim tiladik. Chunki seysmik jihatdan tektonik hududda joylashgan mamlakat ahli 1976, 1999 yillarda ham zilziladan qattiq aziyat chekkan, undan qolgan zahalar haligacha to‘la bitib ulgurmagandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Rixter shkalasi bo‘yicha 7,2 ballga teng bo‘lgan yer silkinishi oqibatida 23 oktyabr kuni Van va Erkis shaharlarida 300 dan ziyod kishining yostig‘i quridi, mingdan ortiq odam jabr ko‘rib, yuzlab kishilar bedarak yo‘qoldi. Keyingi yillarda Gai­ti, Yaponiya, Hindiston, endi esa Turkiyada sodir bo‘lgan bu mash’um fojia boshqa turli muammolarni ham keltirib chiqarayotgani achinarli hol. Sohani yaxshi bilgan mutaxassislarning guvohlik berishicha, Yer o‘z trayektoriyasidan o‘nlab santimetrga siljigan. Eng yomoni, bejiz bo‘lmayotgan bu kulfatlar beiz ham ketmayapti. Zaminimizda fasllar almashinuvidagi mo‘‘tadillikka darz yetmoqda. Buni anglab yetish uchun dunyo xabarlarini tinglashning o‘zi kifoya qiladi. Birgina misol, shu yil 21 oktyabrning o‘zida yuqorida qayd etganimiz yer silkinishlaridan tash­qari, kuchli jala oqibatida Rim markazi tizza bo‘yi suv bilan qoplandi, suv toshqini tufayli Myanmada yuzdan ortiq kishi vafot etdi, muttasil yoqqan yomg‘irdan Bangkok ahli milliardlab zarar ko‘rdi, Kanar orollaridagi El-Yerro vulqoni va Rossiyadagi Kizimen vulqoni ancha faollashdi, Finlandiyada o‘nga yaqin samolyotni chaqmoq urdi, Rossiyaning Krasnodar o‘lkasida ilk bor Afrikada topilgan cho‘chqa o‘lati viruslari aniqlandi... Bu bor-yo‘g‘i bir kunda sodir bo‘lgan ekologik ko‘rguliklar. Paradoksni qarangki, Yer yuzining bir chetida yashovchilar o‘rmon yong‘inlari va qurg‘oqchilikdan aziyat cheksalar, boshqa qismida suv toshqinlari, to‘fonlar minglab insonlarning holini zabun etmoqda, hayotiga zomin bo‘layapti.
O‘rni kelganda yana bir narsaga alohida to‘xtalmoq joiz. E’tibor bergan bo‘lsangiz, keyingi paytlarda nojo‘ya axborot tarqatib kishilarni qo‘rquvda ushlab turish, o‘z izmiga bo‘ysundirish, shu orqali mo‘may daromad orttirishni maqsad qilgan qalloblarning ham bozori urchib qoldi. Ular internet nashr­lari yordamida tez orada oxirzamon kelishi haqida tinmay ayuhannos solayaptilar. Qanchalik kulguli tuyulmasin, ibtidoiy tuzum davrida yashab o‘tgan va yuksak tsivilizatsiyaga erishgan Maya xalqi istifoda etgan kalendarning  aynan 2012 yil bilan intiho topgani bunga dastak qilib ko‘rsatilmoqda. Boshqa birorta asos yo‘q. Vaziyatga real baho berib, yon-atrofga tiyran nigoh bilan boqadigan har bir kishi buning nechog‘li uydirma ekanini anglab yeta oladi.
 Xo‘sh, bu kabi tabiiy ofatlar xurujining oldini olish, jillaqursa, yer silkinishini oldindan bilish mumkinmi? Afsuski, bu borada dunyoning hech bir seysmologiya instituti jo‘yali fikr bildira olmayapti. Faqat ekstrasens va bashoratchilarning taxminlari orqali bir qadar ma’lumotga erishish mumkin. U ham 50 foizdan ortiq emas. Shuningdek, yovvoyi hayvonlarning tabiiy instinktlarini tahlil etish foyda berishi mumkin. Masalan, yer silkinishlaridan oldin timsohlar o‘zini boshqacha tutadi, fillar to‘qayzorlarga ketib qoladi. Ilonlar inidan chiqadi, baliqlar o‘zini qirg‘oqqa uradi, sug‘urlar raqs tusha boshlaydi, qushlar jo‘r bo‘lib chirqillaydi, itlar yoppasiga vovullaydi. E’tiborli tomoni, zilzilani faqat yovvoyi hayvonlargina oldindan sezishadi. Xonakilashtirilganlarining aksariyati bu tuyg‘udan mahrum. Yaponiya­da shu maqsadda maxsus timsoh fermasi tashkil qilingan. Lekin bu ishlar nechog‘li «samarali» ekanini, joriy yilning bahorida aynan Kunchiqar mamlakat misolida ko‘rdik. Endi tasavvur qiling, ayni paytda Qirg‘iziston va Tojikistonda qurilayotgan suv omborlariga yaqin hududda mabodo shunday yer silkinishlari sodir bo‘lsa, nima bo‘ladi? Qurbonlar va ko‘rilgan moliyaviy zarar ko‘lami Yaponiya fojiasidan o‘n barobar oshib ketmasligiga kim kafolat beradi? Chunki o‘tgan asrda rejalashtirilgan eski loyihalar asosida barpo etilayotgan bu gidrotexnik inshootlar kuchli yer silkinishlariga qay darajada bardoshli, degan savol hanuz ochiqligicha qolmoqda...
Ko‘rinib turibdiki, bugun insoniyat ­ikki yo‘l qarshisida turibdi. Biri farovon hayotga, ikkinchisi muqarrar halokatga olib boradi. Birining yakuni saodat, ikkinchisiniki falokat. Bittasining nihoyasi taraqqiyot, narigisiniki tanazzul. Shu ikki yo‘ldan birini tanlash insoniyatning savodlilik darajasiga bog‘liq. Bir narsa ma’lum, aqlsizlik qilinsa, mashhur olim Tsialkovskiy ta’biri bilan aytganda, «Tabiatning o‘ch olishini kutishdan bosh­qa choramiz qolmaydi!»
Inomjon ABDIYEV

Hurriyat Copyright

Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo

gzt.uz

press-uz.info



Sizga saytimizning qaysi bo'limi ma'qul bo'ldi?











Natijalar

GISMETEO.RU: ïîãîäà â ã. Òàøêåíò

Ïîäðîáíåå íà www.nbu.com -->





Hosting by UZINFOCOM