O'zbekiston Respublikasi Prezidentining «Ozodlikdan mahrum etish jazosini o'tayotgan, qilmishiga chin ko'ngildan pushaymon bo'lgan va tuzalish yo'liga qat'iy o'tgan bir guruh shaxslarni afv etish to'g'risida»gi farmoniga sharh

Bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko'lamli islohot va yangilanishlar jarayonida fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, har bir inson o'z orzu-intilishlari va salohiyatini ro'yobga chiqarishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berishga eng ustuvor vazifa sifatida alohida e'tibor qaratilmoqda. Chunki, islohotlarimizning asosiy maqsadi ham butun jamiyatning kuch va imkoniyatlarini xalqimiz farovonligi yo'lida birlashtirish hamda shu orqali barcha yurtdoshlarimiz uchun munosib turmush sharoitlarini yaratib berishdan iboratdir.

Bu jarayonda adashib, turli noto'g'ri yo'llarga kirib qolgan, bugungi kunda o'z qilmishidan pushaymon bo'lib, to'g'ri xulosa chiqarib olgan fuqarolar ham davlatimizning e'tiboridan chetda qolmayapti, ularga nisbatan afv instituti qo'llanib, oilasi va jamiyat oldidagi ma'naviy qarzini uzish uchun imkoniyat berilmoqda. Keyingi uch yilda yurtimizda 7 marta afv e'lon qilinib, 3952 nafar shaxs afv etilgani — xalqimizga xos bag'rikenglik va insonparvarlik, kechirimlilik va olijanoblik fazilatlarining yaqqol amaliy ifodasidir.

Kundalik hayotimizda sodir etilayotgan jinoiy xatti-harakatlar barchamizni ogohlikka undashi, ularning tub sabablarini o'rganib, oldini olish uchun davlat organlari, mahalla, xotin-qizlar, nuroniylar va yoshlar faollari, jamoatchilik tuzilmalari siyosiy-huquqiy, ma'naviy-tarbiyaviy ishlarni tizimli ravishda tashkil etishlari hamda bahamjihat harakat qilishlari zarur.

Ta'kidlash joizki, o'z qilmishiga chin ko'ngildan pushaymon bo'lgan shaxslarni afv etish — bu alohida bir shaxsni kechirishdan iborat bo'libgina qolmasdan, kelajakka umid ko'zi bilan boqayotgan bolajonlar taqdiriga, qalbi vayron bo'lib, jigarbandini kutayotgan otaxon va onaxonlarga nisbatan Prezidentimiz tomonidan ko'rsatilayotgan g'amxo'rlikning yuksak namunasidir.

Ana shunday muhim omillarni hisobga olib hamda xalqimizga xos bag'rikenglik va insonparvarlik tamoyillaridan kelib chiqqan holda bugun O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev eng ulug' va eng aziz umummilliy bayramimiz — Vatanimiz mustaqilligi e'lon qilinganining 28 yilligini nishonlash arafasida davlatimiz tomonidan olib borilayotgan gumanistik siyosatning amaliy tasdig'i sifatida «Ozodlikdan mahrum etish jazosini o'tayotgan, qilmishiga chin ko'ngildan pushaymon bo'lgan va tuzalish yo'liga qat'iy o'tgan bir guruh shaxslarni afv etish to'g'risida»gi Farmonni imzoladi.

Farmonga muvofiq, O'zbekiston Respublikasi Kons­titutsiyasi 93-moddasining 23-bandiga asosan, sodir etgan jinoyati uchun jazo muddatini o'tayotgan hamda qilmishiga chin ko'ngildan pushaymon bo'lgan va tuzalish yo'liga qat'iy o'tgan 65 nafar fuqaro afv etildi.

Afv etilgan shaxslarning 17 nafari jazodan to'liq ozod qilindi, 13 nafari jazoni o'tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi, 20 nafariga esa tayinlangan jazo yengilrog'i bilan almashtirildi. Bir so'z bilan aytganda, 50 nafar shaxs ozodlikdan mahrum etish joylaridan ota-onasi, farzandlari va yaqinlari bag'riga qaytarildi.

Shuningdek, 14 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddati qisqartirildi va 1 nafar shaxs ozodlikni cheklash jazosidan ozod qilindi.

Afv etilganlarning 4 nafarini ayollar, 1 nafarini 60 yoshdan oshgan shaxs, 1 nafarini chet el fuqarosi, shuningdek, 39 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan fuqarolar tashkil etadi.

Farmon ijrosini ta'minlash maqsadida afv etilgan shaxslarning ijtimoiy moslashuvi, ularni foydali mehnatga jalb etish va sog'lom turmush tarzini yo'lga qo'yishiga ko'maklashish yuzasidan mas'ul vazirlik va idoralar hamda hokimliklarga tegishli topshiriqlar berildi.

O'zA

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fourteen + sixteen =