Millat qalbiga nur tushdi

“O'zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganligining 30 yilligini nishonlash to'g'risida”gi davlatimiz rahbarining joriy yil 4 oktyabrda imzolagan qarori yuksak azmu shijoat bilan olamshumul islohotlarni amalga oshirayotgan millatdoshlarimiz ma'naviy hayotiga alohida shukuh olib kirdi.

Menimcha, bu hujjat o'zida milliy g'urur va iftixorni saqlab yashayotgan har bir vatandoshimizni befarq qoldirmadi. Zero, til masalasi millat uchun eng bosh masaladir. Til millatning tashqi belgilaridan birigina emas, uning nomi, boshqa madaniyat unsurlariga o'xshamagan o'ziga xosligidir. Olaylik, madaniyatning bosh­qa yo'nalishlarida (masalan, san'at turlari, kiyinish yoki oshxona tizimi singari xususiy ko'rinishlarda) o'zga madaniyatlar bilan qorishiqlik, uyg'unlik bo'lishi mumkin, til esa faqat o'sha millatning o'zigagina mansubdir va uning boyligiga hech kim da'vo qila olmaydi.

Shuning uchun ham Abdulla Avloniy o'z vaqtida “Tilning yo'qolmog'i millatning yo'qolmog'idir” deb eslatgan edi.

Dilimizga ravshanlik olib kelgan ushbu qaror haqida o'ylaganda bundan o'ttiz yil oldingi voqeliklar ko'z oldimizga keladi. Haqiqatan, davlat tili maqomining nisor etilishi millatning erk yo'lidagi ilk qadami edi, bu yaqinda erishilajak mustaqillikning xabari edi go'yo. Istiqlol yillarida suveren davlatning rasmiy aloqa vositasi sifatida ona tilimiz yangicha maqom kasb etdi, yuqori darajaga erishdi. Chunonchi, tarixda birinchi marta bu tilda davlatning asosiy bosh qonuni — Konstitutsiya yozildi. Davlat madhiyasi shu tildagi matn asosida ijro etildi. Juda ko'plab rasmiy hujjatlar, qonunlar, umumdavlat miqyosidagi ish qog'ozlari shu tilda yozildi. Pul kupyuralarida o'zbekcha so'zlar paydo bo'ldi. Milliy qomus, ko'plab lug'atlar nashr etildi. Bularning barchasi misli ko'rilmagan hodisalar edi.

Shuningdek, tilimizning mavqeini mustahkamlash, uning so'z boyligini oshirib borish, sofligini ta'minlash borasidagi sa'y-harakatlar bir zum to'xtamadi. Qarorda ta'kidlanganidek, Alisher Navoiy nomidagi o'zbek tili va adabiyoti universitetining tashkil etilishi, mashhur yozuvchi va shoirlar nomidagi ijod maktablarining ochilishi ham ona tilimizning nufuzini oshirish, mavqeini yuksaltirish, malakali xodimlar tayyorlash borasidigi jahonshumul qadamlar bo'ldi. Zero, “So'z mulkining sultoni” Alisher Navoiy ijod qilgan til ana shunday e'tiborga, hurmatga loyiqdir. Ayni pallada, mustaqillik sharofati bilan tilimizning dunyodagi do'stlari ko'paymoqda. Bu o'ziga xos jarangdorlik va ohangga ega bo'lgan, boy adabiy-ilmiy xazinani jamlagan tilning muhiblari uni ishtiyoq bilan o'rganmoqdalar, tarovatini o'z qalblarida his etmoqdalar. Axir ming yillar oldin Mahmud Qoshg'ariy bobomiz “Bu tilni o'rganing, turkiylar o'z tilini o'rganganlarga shafqatlidir” deb bekorga qayd etmagan.

Shu zaylda yillar o'tdi, bu yo'nalishda yutuqlar hammamizga ayon, shu bilan birga, kamchiliklar ham ko'zga ko'rinib turibdi. Bir omil bor — til hushyor posbon kabi mamlakat hududlarini qo'riqlashi mumkin, ya'ni shu tilni bilganlar, unda muomala qilish layoqatiga ega kishilargina uning hududlarida erkin bo'la oladilar. Dunyo tajribasidan ma'lumki, qaysi davlatda bo'lmasin, o'sha joyning tiliga munosabat mehmonning shu xalqqa, mamlakatga hurmatini va e'tirofini aks ettirgan. Tilga davlat tili maqomi berilishi faqat hujjatlar shu tilda yuritilishigina emas, balki ijtimoiy faoliyatning barcha jabhalarida fuqarolar tomonidan uning baravar qo'llanilishi majburiyati hamdir. Agar bu talab bajarilmasa, Qonun to'la amal qilmayotgan bo'ladi.

Qarorda joylarda keng miq­yosli tadbirlar o'tkazilishi, uchrashuvlar tashkil qilinishi barobarida amal qilinishi lozim bo'lgan talablar ham qat'iy belgilab berilgan. Ayniqsa, bunday tadbirlarning Alisher Navoiy haykallari poyida o'tkazilishi alohida ta'kidlanganida o'zgacha ma'no bor. Negaki, buyuk so'z san'atkori bu tilning sharafi uchun butun iqtidorini sarfladi. Ul zot “Xamsa”dek muhtasham asarni yozib tugatganida mamlakat podshosi Sulton Husayn shoirni otga o'tqazib, o'zi jilovbardor bo'lgani aytiladi. Bu hol til masalasi azaldan davlat darajasidagi yumush bo'lganini ta'kidlab turadi. Bugungi qaror mohiyatida ham ana shunday yuksak e'tibor mujassam. Axir, o'ttiz yilda tilimizga davlat tili maqomi berilgan sanaga bu tarzda e'tibor qaratilmagan edi.

Qarorning mohiyatidan yana shu narsani anglash mumkinki, bu boradagi yumushlar endi yangi sifat bosqichiga qadam qo'yadi, o'tgan yillarda boy berilgan imkoniyatlar o'rni qoplanadi, tilimizni yuksaltirish borasidagi sa'y-harakatlar yangi ko'lam kasb etadi. Jumladan, o'zbek tilining akademik grammatikasini yaratish, sheva va dialektlar hisobidan lug'at tarkibini boyitib borish, atamalar qo'mitasining ishini qayta yo'lga qo'yish va boshqa yetilgan masalalar endi kun tartibiga keskinroq qo'yiladi. Albatta, til bayrami tadbirlari bu boradagi yumushlarga yangicha omil va sur'at bag'ishlashi, shubhasiz.

Hakim Sattoriy,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × four =