Yangicha usul va natijalar

“Olmaliq KMK” AJ mamlakatimizdagi yirik kon-metallurgiya kombinatlaridan biridir. Korxonaning ishlab chiqarish quvvati Toshkent, Jizzax, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida joylashgan mis-porfir, qo'rg'oshin-rux va oltin-kumush konlari zaxiralariga tayanadi.

Kombinat tarkibida 6 ta ma'dan qazib oluvchi korxona, 5 ta boyitish fabrikasi, ikkita metallurgiya, 2 ta sement, mis quvurlari, ta'mirlash mexanika hamda ohak zavodlari, nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish bo'yicha ilmiy ishlab chiqarish markazi, sanoat temir yo'l transporti boshqarmasi, 8 ta avtobazaga ega avtomobil transporti boshqarmasi, iste'mol mollari ishlab chiqarish boshqarmasi, 20 dan ortiq yordamchi sex va laboratoriyalar mavjud.

O'tgan yili iyul oyida Vazirlar Mahkamasining qarori bilan “Olmaliq KMK” AJ ustav kapitalida davlat ulushining ishonchli boshqaruvchisi sifatida “SFI Managament Group” jalb qilindi. Ayni paytda ishonchli boshqaruvchi bilan birgalikda rangli, qimmatbaho va nodir metallar ishlab chiqarishni sezilarli darajada oshirishni nazarda tutuvchi asosiy quvvatlarni rekonstruksiya qilish va barqarorlashtirish bo'yicha ustuvor chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan.

O'zbekiston Respublikasi  Prezidenti Administratsiya­si huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo'lib o'tgan matbuot anjumanida shular xususida so'z bordi.

Ta'kidlanganidek, bugun kombinatda investitsion lo­yihalarni jadallik bilan olib borish, texnologik jarayonlarni optimallashtirish va korporativ boshqaruvning ilg'or usullarini bosqichma-bosqich tatbiq etish borasida keng ko'lamli ish olib boril­yapti. Ushbu o'zgarishlar hisobiga ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar hajmi va turlari ko'paymoqda. Joriy yilning sakkiz oyi davomida mahsulotlar hajmi o'tgan davrga nisbatan 130,9 foizni tashkil etdi. Katod misi 124,1, metalli rux 122,6, affinajlangan oltin 106,7, affinajlangan kumush 168,9, mahsulot eksporti esa 156,8 foiz qilib bajarilgan.

— Shu yilning o'zida kombinat ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilishga qaratilgan ikkita yirik xalqaro anjuman o'tkazdik, — deydi kombinat boshqaruvi raisi o'rinbosari Azimjon Mirzajonov. — Yaqin yillar ichida kombinat xomashyo bazasini kengaytirish va ishlab chiqarish quvvatlarini yuksaltirishga qaratilgan jami 3 milliard 349,8 million dollarlik investitsiyani o'zlashtirish ko'zda tutilmoqda. “Yoshlik–1” konining o'zlashtirilishi va Mis bo­yitish fabrikasining qurilishi bo'yicha qabul qilingan qarorlar respublikamizda rangli metallar ishlab chiqarishni ikki barobar ko'paytirish va hududda yangi ish o'rinlari ochilishiga imkon yaratadi. Kombinatimizda kadrlar tayyorlashga ham alohida e'tibor qaratilayotir. Yettita oliy o'quv yurti bilan shartnomamiz bor. Hozirgi kunda jami 300 nafar talaba korxonamizning ehtiyoji, kelajakdagi kadrlari sifatida ta'lim olmoqda. Shu yilning o'zida 200 dan ziyod oliy ma'lumotli kadrlar mana shu katta oilamizga kirib keldi. 110 dan ziyod talabaning kontrakt pullarini to'lab berdik. Bundan tashqari, kombinat hisobidan 10 ta ko'p qavatli uy qurilib, egalariga topshirildi. Ayni paytda Nizomimizga javob beradigan 408 yosh oilaga yangi uylardan ajratilgan. Ular bu uylar uchun mablag'ni 15 yil davomida imtiyozli narxda to'lab boradi. “Yoshlar bog'i” tashkil etildi. Sog'lom turmush tarzini targ'ib qilish maqsadida korxonamiz xodimlari uchun sport majmualarimizda bepul shug'ullanish imkoni yaratilgan…

Anjumanda jurnalistlarning xomashyo zaxiralari, kadr­larni ishga qabul qilish shart­lari, kombinatning OAVga va davlat tiliga munosabati, ishonchli korporativ boshqaruv bilan bog'liq ko'plab savollarga atroflicha javob berildi.

Kombinatning tashkil etilganiga bu yil 70 yil to'ldi. Ushbu sana 24 oktyabr kuni Olmaliq shahrida katta tantana sifatida nishonlandi. 25-26 oktyabr kunlari esa tarmoqlararo yarmarka o'tkazildi.

X. Ahmadjonova.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen − 17 =