O'quvchini aldab tarbiyalab bo'lmaydi

Mamlakatimizda ta'lim tizimini isloh qilish, o'quvchi-yoshlarning zamon talablari asosida bilim olishlarini ta'minlash, ona tilimiz barobarida xorij tillarini o'rganib, dunyoni zabt etish davlatimiz tomonidan bosh maqsad qilib belgilangan. Samarqand viloyati, Urgut tumani Xalq ta'limi bo'limi mudiri vazifasini bajaruvchi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga O'zbekiston Liberal demokratik partiyasi nomzodi G'ayrat Abdiyev bilan suhbatimiz aynan tumanda ta'lim sohasida olib borilayotgan ishlar hamda saylovoldi dasturi xususida bo'ldi.

— Avvalo, bugungi kun kechagi davrdan tubdan farq qiladi. Bugungi o'quvchi ichki qobiqdan chiqib, tashqi dunyo bilan yuzma-yuz muloqot qilayapti, xalqaro miqyosda sodir bo'layotgan global o'zgarishlardan xabardor avlod hisoblanadi. Aytingchi, siz bevosita rahbarlik vazifasini bajarayotgan Urgut tumanidagi ta'lim tizimida qanday yangilanishlar bor, ustozlar va o'quvchilar o'rtasidagi “Ustoz-shogird” an'anasiga rioya qilinayaptimi? Darslar globallashuv jarayoniga mosmi?

— Urgut azaldan ilm ahli maskani bo'lib kelgan, hozirgi kunda ham yurtimizdagi nufuzli ilm dargohlarida, ziyo maskanlarida faoliyat olib borayotgan urgutlik olimlar talaygina. Baribir har qanday ilm qonda bo'lmasa avlodga yuqmaydi. Ta'lim-tarbiya oiladan boshlanishi to'g'ri, ammo o'zing yashab turgan maskanda el nazaridagi o'rnak bo'lgulik insonlar borligi ham o'quvchida ichki ishtiyoqni uyg'otadi. Ularga o'xshagisi keladi, o'qiydi, izlanadi.

Savolingizga kelsak, haqiqatan bugun kechagi kungi dars o'tish uslubi bilan o'quvchini aldab, tarbiya­lab bo'lmaydi. Zamonga qarab ta'limga yangicha yondashishni davr talab etayapti. Biz, birinchi nav­batda, o'rta umumta'lim maktablarimizda qotib qolgan, qolipdagi eskirgan dars soatlarini bir muncha takomillashtirdik. Buning uchun, har bir maktabning ichki tuzilmasi o'rganib chiqildi. Yangilikni xushlamaydigan, dars soatlarida amaliy o'quv qurollaridan foydalanmaydigan, o'zining ustida ishlashga xohishi bo'lmagan rahbarlar faoliyatiga keskin baho berildi.

Shu tariqa, 2019 yilning fevral oyiga qadar, ya'ni 2018 yilning noyabridan o'tgan 4 oyda tumandagi o'rta umumta'lim maktablariga 63 marta uslubiy yordamlar ko'rsatildi. Shuningdek, yangilanishga intilmagan 6 nafar maktab direktori, 7 nafar o'quv, 5 nafar ma'naviy-ma'rifiy, 17 nafar xo'jalik ishlari bo'yicha direktor o'rinbosarlari o'z lavozimidan olindi.

— Albatta, har bir dars o'quvchining qiziqishiga qarab o'tilishi kerak. Deylik, adabiyot darsida Alisher Navoiy g'azaliyoti haqida o'quvchiga tushuncha berilar ekan, ulug' shoir yashagan davr haqida, ya'ni madaniy hayot, davlat boshqaruvi, turkiy til shevalari, atamalar borasida yetarlicha aytilsa o'quvchida g'azal haqida tushuncha paydo bo'ladi, anglash qobiliyati uyg'onadi. Yoki fizik Isaak Nyuton olmaning boshiga tushishi bilan butun olam tortishish qonunini yaratmagan, bu bir sabab xolos.

Sotsializm­dan qolgan bu falsafaga hozirgi o'quvchi ishonmaydi. I.Nyuton o'zi kim edi? Tortishish qonunini yaratguncha nima ish bilan mashg'ul bo'lgan? Uning olib borgan tajribalari haqida, albatta, aytib o'tilishi kerak, nazarimda. Aytingchi, darslar qanday o'tilayapti?

— To'g'ri, hozirda tumanda faoliyat ko'rsatayotgan 778 nafar o'rta-maxsus ma'lumotli o'qituvchilarning 119 nafari oliy ta'lim muassasalarida sirtdan o'qimoqda. Qolganlarining ham oliy ma'lumotli bo'lishi rejamizda bor. Albatta, ma'lumot oliy bo'lgani bilan qo'shimcha fanlarni o'zlashtirmagan o'qituvchi mukammal dars o'tolmaydi. Shuning uchun, ularning bilimlarini oshirib borish loyihasi ishlangan bo'lib, yetuk olimlarni jalb qilgan holda malaka oshirish kurslari tashkil qilmoqchimiz.

Men o'ylaymanki, o'qituvchidan talab qilishdan oldin sharoit yaratish lozim bo'ladi. Bu borada tumandagi o'rta umumta'lim maktablarini zamonaviy texnologiyalar bilan ta'minlash, amaliyot dars­larini jihozlangan sinfxonalarda o'tilishini tashkil etish uchun moddiy-texnika bazasini yaxshilash maqsadida mahalliy va investitsiya mablag'lari asosida mavjud maktablarni kapital ta'mirlash, yangisini qurish uchun birgina 2019 yilda 11 495 million so'mlik mablag' sarflandi.

Maqsadimiz ham tumanimizdagi har bir o'qituvchi o'z o'quvchisini barkamol qilib voyaga yetkazsin, o'quvchining maktabda olgan bilimi mustahkam bo'lsa, har qanday oliy o'quv yurtiga kirish imtihonlarini a'loga topshiradi.

— O'zbekiston yangilanish, yuksalish bosqichida turgan bir pallada mamlakatimiz hayotida muhim voqea — 22 dekabrda bo'lib o'tadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga O'zLiDePdan nomzod ekansiz. Albatta, o'z dasturingiz ham bor, siz deputat bo'lsangiz yurtning taraqqiy topishi, aholining farovon turmush kechirishi yo'lida qanday maqsadlarni saylov oldi dasturingizga kiritgansiz?

— O'zbekistonimizning kelajakda bundanda qudratli, ochiq va raqobatbardosh bo'lishi yo'nalishida dastur ishlab chiqqanmiz. Partiyamizning ham asosiy maqsadi, qat'iy pozitsiyasi amalda ishlaydigan qonunlar tarafdorligi, qonunosti hujjatlar bilan umummajburiy normalar belgilashga chek qo'yishdir. Biz xalq vakillik organlarining fuqarolar uchun ochiqligini qo'llaymiz, “Elektron parlament”, “Elektron Xalq kengashi deputatlari” singari tizimni hayotga izchil tatbiq etish tarafdorimiz.

Yangi O'zbekiston — qonun va adolat ustuvorligi tamoyillariga amal qiladigan mamlakat. Shunday ekan, korrupsiyani butunlay tugatish, “Toza qo'llar” siyosatini ma'qullash burchimiz.

Tadbirkorlikka to'sqinlik — davlat siyosatiga to'sqinlik, deb tushunamiz. Kuchli va farovon jamiyat qurishda raqobatbardoshlikka erishish muhim hisoblanadi. Bunda har bir tadbirkorning erkin faoliyatiga yo'l ochish, import va eksport salohiyatini oshirish maqsadga erishishning eng dolzarb yo'lidir. Ularning o'sish va rivojlanishiga qo'yilgan har qanday to'siq jamiyatdagi barqarorlikka putur yetkazadi.

Eng muhimi, biznes yuritishning istiqbolli xalqasi mustahkam bo'lsa, kelajagi ishonchli bo'ladi. Tadbirkorlik sohasini tartibga soluvchi yuzlab qonun hujjatlari imzolangan, endilikda “Tadbirkorlik kodeksi”ni ishlab chiqishda kamarbasta bo'lish ham asosiy maqsadlarimizdan biri hisoblanadi.

Men o'ylaymanki, 2020-2025 yillarda respublikada xizmat ko'rsatish sohasini rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish vaqti keldi. Shu ma'noda, tumanimizni dunyo turizm markaziga aylantirish, jahondagi eng ilg'or turis­tik shaharlar qatoriga olib chiqish ham harakat dasturimizga kiritilgan.

Qachonki, inson maqsad sari intilar ekan, yo'lda uchraydigan baland-past­liklardan hayiqmasdan, olg'a harakat qilishi, albatta, ko'zlagan manziliga yetib borishida tirgak vazifasini bajaradi.

Betakror yurtimiz, mehnatkash xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilish har birimiz uchun muqaddas burch, yuksak sharafdir.

“Hurriyat” muxbiri

Ubaydulla Xo'janiyozov cuhbatlashdi.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × 3 =