Obro'ni sotib olib bo'lmaydi

Xalqimizning hikmatga to'la gaplari ko'p. Ma'nosi yombidek bebaho maqol va naqllari ham bisyor. Ulardan biri “Ustoz – otangdan ulug'” degan maqol bor.

Qarang-a, ustozni nechog'li sharaflovchi gap.

Ba'zida bu maqolni aynan, ya'ni so'zma-so'z talqin qilib: “Otadan ham ulug' bo'larkanmi, otangdek ulug' deb aytaylik”, deb qolishadi. Aslida maqol aynan shunday, ya'ni “ustoz otangdan ulug'”deyiladi. Bu yerda ota nomi aslo kamsitilayotgani yo'q. Balki ustoz maqomining xalqimiz tomonidan nechog'li qadri baland ekanligiga katta urg'u berilmoqda. Mayli-da, nima bo'lganda ham ustoz, murabbiy, muallim zotini elimiz azal-azaldan otadek mo''tabar, ulug' ko'rib, hamisha hurmat va ehtiromga munosib deb biladi. Buyuk bobomiz Alisher Navoiy ham bejiz:

“Kim sanga bir xarf o'qitmish ranj ila,

Aylamak bo'lmas ado, oning haqin yuz ganj ila”,

– deya yozmagan edi.

Chindan ham ulug' bobolarimizdan meros qadriyat bo'lmish ta'lim-tarbiya masalasi millatimizning nafaqat buguni, balki ertasi, kelajagidir. Shu boisdan, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar, yangilanishlarda ta'lim-tarbiya sohasi davlat siyosati darajasiga ko'tarilayotgani shunchaki bir islohot emas, balki bu davlatimizning ustuvor vazifasi deb belgilanganidan darak beradi.

Ehtimol, bu siyosatni kimdir tiyranroq, kimlardir sayozroq anglayotgandir, ammo ta'lim-tarbiya sohasidagi so'nggi uch yil ichidagi o'zgarishlarda – tarixiy qadamlar mujassam. Yaxshi bilamizki, mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev davlat Yo'lboshchisi sifatida dastlaboq, nomi ulug' bo'lsa-da, uzoq vaqt birov “xoling nima”, deya so'ramagan, O'zbekiston FAsi akademiklari, taniqli ilm-fan namoyandalari vakillari bilan uchrashgan edi. Ular bilan dildan suhbat qurib, fikr almashgandi. O'shanda olimlarni qiynab kelayotgan ko'plab masalalarga ijobiy yechim topilgandi. Shundan so'ng, o'tgan qisqa vaqt davomida maktabgacha ta'lim muassasalari tarmog'ini kengaytirish, maktab ta'limida 11 yillik tizimga o'tish, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari faoliyatiga o'rinli baho berish, nodavlat ta'lim xizmatlarini rivojlantirish va albatta, oliy ta'lim sohasini ham keng isloh qilishga yo'l ochildi.

Buning uchun avvalo, ta'lim dargohlarida xizmat qilayotgan insonlar mehnatini qo'llab-quvvatlash muhim edi. Shu boisdan, tizimda faoliyat olib borayotgan o'qituvchilar maoshlari keskin oshirildi. Mehnat qilish uchun zaruriy shart-sharoitlar yaratilmoqda. Ammo… tizimda, xususan, yurtimiz oliy ta'lim sohasidagi professor-o'qituvchilarning ishga bo'lgan munosabatida bugungi davr­ga mos o'zgarish sezildimi?

Yurtimizda olib borilayotgan ochiq-oshkora adolatli siyosat, ta'lim muassasalarida qay darajada o'z aks-sadosini bermoqda?

Ochig'i, bu savollarga sohada garchi oldingi yillardagidan ko'ra ancha ijobiy o'zgarishlar sezilgan bo'lsa-da, hamon ko'ngilni to'ldiradigan, xushnud etadigan javobni aytish mushkul…

Xo'sh, oldingi yillarda, aytaylik, oliy ta'limda ahvolimiz qanaqa edi?

“Bu savolga xojat bormikan, hamma biladi-ku” deysizmi? Mutlaqo haqsiz. Oliy ta'limimiz butkul korrupsiya o'chog'iga aylangan, bitta-yarimta bola “adashib” o'z bilimi bilan o'qishga kirmasa, qabul jarayonlari ochiqchasiga “bozor”ga aylangan edi. “Rektor guruhi”, “bunker” degan atamalarni odamlar shunchaki o'ylab topishmagan edi-ku, axir!

Shuning uchun ham farzandlarimiz o'qishga kirish uchun qancha tayyorlanmasin, “bali yetmas”, “omadi chopmay” qolaverar, oldindan gaplashgan, ro'yxatga tushganlargina talaba bo'lish baxtiga erishishi mumkin edi.

Eng yomoni, bu botqoq jarayon butunlay ta'lim tizimini jar yoqasiga olib kelib qo'ygandi.

Fojia shundaki, pora bilan o'qishga kirgan talabalarning o'qishi, semestr yopishi, ya'ni sinov imtihonlarni ham pul bilan yopishiga nima deysiz?

Yer sharining Osiyo va Sharq mintaqasidagi ayrim davlatlar o'tgan qisqa vaqt ichida dunyoning yetakchi davlatlarini ortda qoldirib, eng rivojlangan mamlakatlar safiga qo'shildi.  Bugunga kunda ishlab chiqarishda, texnik taraqqiyotda va boshqa eksportga ehtiyoji baland tovarlarni sifatli ishlab chiqarishda bu qadar oldinlab ketganini dunyo ahli haligacha aqliga singdirolmayapti.

Vaholanki, ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez ko'zga chalinayotgandek, ularning yutug'i, birinchi nav­batda, ta'lim tizimini isloh qilganligi, o'rta ta'lim bosqichining davlat tomonidan kafolatlanganligi va bunga rioya qilmagan har qanday shaxs keskin jazolanishi oliy ta'limni isloh qilishda muhim bosqich vazifasini o'tadi. Oliy o'quv yurtiga kirish imtihonlarini topshirish uchun kelgan abiturientning bilim darajasi imkoniyatidan yuqori bo'ldi. Shu tariqa Yaponiya, Janubiy Koreya va Indoneziya singari mamlakatlarning butunjahon bozoridan munosib o'rin egallashiga mustahkam asos yaratildi.

Agar xorij oliy ta'lim tizimini mamlakatimizdagi oliy ta'lim yo'nalishi timsolida solishtirilsa, mutlaqo bir-biriga o'xshamaydigan holat ko'zga tashlanib qoladi. Bizda, afsuski, tanish-bilishchilik, qarindosh-urug'chilik, korrupsiya masalasi oydinlashadi.

Shuning uchun ham yuqorida aytganimizdek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ish faoliyatini avvalo ta'limni isloh qilishdan boshladi. Sababi bundan uch yil avval maktabni hatto a'lo baholarga tugatgan ko'pgina o'quvchi-abiturientlarning nufuzli oliy o'quv yurtlariga kirish imtihonlarini o'z bilimi bilan topshirishi amri­mahol bo'lib qolgandi. Bilimsizlik ommalasha boshladi. Ayniqsa, test savollarining DTM tomonidan o'z istaganicha joriy etilishi istalgancha nohaqliq qilishga imkon yaratdi. Test sinovlaridagi “ot o'yinlari”ni hech kim “ko'rmadi”. Imtihonlarga sira tap tortmasdan “ro'yxat”dagi abiturientlarning test imtihon varaqlari ochiqchasiga olib chiqilib, “bunker”chilar tomonidan javoblar belgilab berilgach, yana qayta imtihon bo'layotgan auditoriyaga kiritib berish hollari odatiy holga aylangan edi.

Ne tongki, xalqimiz bardoshli, sabr-qanoatli xalq. Ammo hamma bunday “savdo”lardan bezgan, adolat, haqiqat deganlari bir kun kelib tiklanishini umid qilishdan o'zga chorasi yo'q edi. Arz qilganlar bo'ldi, albatta. Ammo ularni birov eshitdimi, axir.

Prezidentimiz tomonidan ma'qullangan supper kontraktning joriy etilgani endilikda har bir abiturientda talaba bo'lishdek o'ziga ishonch tuyg'usini uyg'otdi. Bungacha-chi? Yetti yoshdan yetmish yoshgacha ma'lum ediki, har bir oliy o'quv yurtining o'z stavkalari mavjud edi. Aytaylik, yuridik institutga kirish uchun falon pul, iqtisodiyot yo'nalishiga piston pul… zarur bo'lar edi. Bunday sharmandali ahvol necha yillar davom etmadimi?!

Yaqinda nufuzli bir oliy ta'lim dargohining rektori vazifasidan olingani e'lon qilindi. Buni eshitib, qachonki yurtimizda hali-hanuz o'zgarmagan, bugun zamon nafasini his etmaganlar nahotki, endi orqaga yo'l yo'q ekanligini, nafs balosidan xalos bo'lib, halol va vijdonan mehnat qilish davri kelganini anglashlari shunchalar qiyinmi, deb o'ylab qoldim.

Prezidentimiz O'zbekiston o'qituvchi va murrabiylariga yo'llagan bayram tabrigida shunday degan edi: “Eng muhimi, o'qituvchi chinakkam vatanparvar bo'lishi zarur. Qalbida o'z kasbiga, Vataniga mehr va sadoqat kuchli bo'lgan o'qituvchigina haqiqiy vatanparvar shaxsni tarbiyalay oladi.”

Albatta, xalqimizning boyligi, ertasi bo'lgan farzandlarimiz taqdiri ishonib topshirilgan insonlar – o'qituvchilar orasida juda-juda fidoyi, halol, vatanparvar kishilar ko'p. Ko'p emas, ularning aksariyati shunday odamlardir. Ammo ular orasida noxolislar ham yo'q emas.

Ha, oliy ta'limda muammolar yig'ilib qolgan ekan. Xo'sh, nima qilmoq kerak?

Bizningcha, ta'lim tizimida ahvolni o'nglash uchun birinchi nav­batda, ta'lim sifatini oshirish, ilg'or dunyo tajribasini kengroq va dadil qo'llash zarur. Buning uchun esa albatta bunday dargohlarda xalol va pok, vijdonli insonlar faoliyat yuritishlari lozim bo'ladi. Shundagina oliy ta'limning nufuzi, obro'si oshadi. Obro'ni esa sotib olib bo'lmaydi.

A.Pardayev.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 − 9 =