Beshta muhim tashabbus — bolajonlar nigohida

Davlatimiz rahbari ilgari surgan — yoshlar ta'lim-tarbiyasi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, xotin-qizlar bandligini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni o'z ichiga olgan — besh muhim tashabbus yuzasidan joylarda jiddiy ish olib borilmoqda.

Toshkent viloyati maktabgacha ta'lim boshqarmasining 2019 yil dekabr oyidagi media rejasiga kiritilgan “Vatanni sevmoq iymondandir” mavzuidagi tadbir ham ushbu masalaga qaratilgan. Muhim tashabbus doirasida Chirchiq shahar maktabgacha ta'lim bo'limi tomonidan o'tkazilgan tadbir esa fikrimizni tasdiqlaydi.

Shahardagi 1-, 2-, 4-, 8-, 17- va 26-sonli maktabgacha ta'lim muassasalarining rassomchilikka iqtidori bo'lgan tayyorlov guruhi a'zolari Chirchiq pedagogika institutining tasviriy san'at fakultetida bo'lishdi. Bolajonlar bu yerda tarbiyachilari yordamida badiiy grafika bo'limi dotsenti Hayitboy Sultonov hamda talabalarning ijodiy ishlari bilan yaqindan tanishishdi. Ko'rgazmaga qo'yilgan turli yo'nalishdagi san'at asarlari yaratilishini o'z ko'zlari bilan ko'rdilar.

Maktabgacha ta'lim muassasalarida tarbiyalanayotgan bolakaylarga hamrohlik qilgan 15 nafar pedagog va Chirchiq shahar MTBning ma'naviy-axloqiy tarbiya bo'limi mas'ullari rasmlar ko'rgazmasi orqali bolajonlarga estetik zavq ulashdilar. Oliy dargoh talabalari rassomchilikning turli janrlarini kichkintoylarga jonli tarzda o'rgatib, birgalikda rasmlar chizdilar.

Prezidentimiz ilgari surgan beshta tashabbusning yurtimiz vorislari qalbiga murg'akligidanoq singdirilishi, ularni ona Vatanni sevib voyaga yetishlarida muhim omil bo'ladi, shubhasiz.

— Bunday tadbirlar doirasini yanada kengaytirish, oliy o'quv yurtlari, ma'naviyat dargohlarida o'tkazilishi bo'limimiz dasturiga kiritilgan, — deydi Chirchiq shahar MTB ma'naviy-axloqiy tarbiya va reablitatsiya sho''basi mudiri Zulfiya Nazarova.

Bugungi kunda Chirchiq shahri bo'yicha rassomchilikka iqtidori baland maktabga tayyorlov guruhlari bolajonlarining soni 100 nafarni tashkil etishi sohaga malakali mutaxassislar jalb etilganidan dalolat beradi.

H.Qodirov.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

thirteen + eleven =