Sahnada ham me'yor bo'lgani yaxshi

Biz tezkor va shiddatli davrda yashay boshladik. Axborotlar ham shu qadar ko'pki, birini hazm qilmasingdan, ijtimoiy tarmoqda yangisi chiqib turadi. Achinarlisi, bir-birimizga tosh otishdan, bir-birimizga mag'zava ag'darishdan, tuhmat qilishu nafsoniyatimizga tegishdan uyalmay qo'ydik. “Qovunchi” hokimlar safiga ayrim san'atkorlar ham qo'shilib qolayapti. Ba'zan esa ochiqlik-oshkoralikni suiiste'mol qilib had, me'yor, andisha, mulohaza degan tushunchalarni unutib qo'ydik.

Ochig'ini, aytaman, hozir biron odam bilan ikki og'iz suhbatlashishga ham cho'chiydigan bo'lib qoldik. Negaki, inson sifatida samimiylik, bir-birini himoya qi­lish o'rniga, so'z kelganda balchiqqa qorish, bilib-bilmay ijtimoiy tarmoqda haqorat qilish odatiy holga aylandi.

Abdulla Qurbonov va Jahongir Otajonov mashmashalari tugamay turib, el tanigan ayrim san'atkorlarning ijtimoiy tarmoqlardagi bepallaki, namoyishkorona chiqishlari aqli butun odamni befarq qoldirmaydi. Buning oqibatida san'atni qismat deb bilgan, mumtoz qo'shiqlar ijrochilari ham yomonotliq bo'lib qolmoqda.

Yaqinda Boysun tumanining eng chekka hududi bo'lgan “Machay” mahallasi aholisiga xonanda Nargiza Azimova bepul konsert dasturini taqdim etdi. Bu qishloq ahliga yaqin yillar davomida bironta xonanda kelib konsert bermagan ekan. Odamlarning shodligini, quvonchini so'z bilan ifodalash mushkul. Beixtiyor bo'lar ekan-ku, deging keladi.

Albatta, savob va xayr­li ishlar kimgadir maqtanish, kimdir e'tirof etishi uchun qilinmaydi. Bu barchamizning insoniy burchimiz va vijdon oldidagi vazifamiz. Qolaversa, muborak hadislarda: “Yaxshilik qilish qo'lingdan kelmasa, yomonlik ham qilma”, deyilgan.

XI asrda yashagan Kaykovusning mashhur “Qo­busnoma” asarida (“Ho­fiz va sozandalar” bobida) aynan xonandalarga ibrat bo'ladigan pand-nasihat yozib qoldirilgan: “Ey farzand, agar hofiz bo'lsang, xushfe'l, quvnoq bo'l, hamisha pok, xushro'y va xushzabon bo'lg'il va o'z ishingga mashg'ul bo'lg'il, yaramas xulq, qo'pol bashara bo'lmag'il…”.

Respublikamizda muntazam o'tkazib kelinayotgan davlat tadbirlari, katta-katta nufuzli bayram konsert tomoshalari shu paytgacha faqat fonogramma orqali ijro etilgan bo'lsa, bugun nufuzli konsert das­turlarida to'liq jonli ijroga o'tilgani erishilgan yangi muvaffaqiyat sanaladi. Endi jonli ijroda kuylay oladigan haqiqiy va mahoratli xonandalar va sozandalarga yo'l ochildi. Kuylay olmaydigani esa o'z-o'zidan sahnadan tushib qolaveradi.

Chekka-chekka tumanlardan ham yosh iste'dodlarni izlab topib, katta sahnaga tayyorlanayotgani, albatta, quvonarli holat. Keyingi uch yil mobaynida ana shunday yosh iste'dodlardan Yasmina, To'lqin Tojiyev, Kamron Mamadaliyev, Ulbo'sin O'rinboyeva, Otabek Nazirov, Bekzod Sodiqov singari iqtidorlar kashf etildi.

Shuningdek, ustoz san'atkorlarning ijro repertuaridagi mumtoz ashulalar yosh ijrochilar talqinida o'zgacha bir rangin jilolarda jaranglay boshladi. Yunus Rajabiy nomidagi “Maqomchilar” ansamblining badiiy rahbari O'zbe­kiston xalq artisti Abduhoshim Ismoilov rahbarligida milliy mumtoz ashulalarimiz yosh xonandalarga o'rgatilib, musiqalari sayqallanib, o'zgacha tarannum etil­yapti.

Prezidentimiz yangilanish jarayonini boshlab berdilar. Yangilanish degani bu — poklanish, fikrning ongu tafakkurning, aql idrokning, ruhiyatning yangilanishidir. Ochiqlik degani — qotib qolgan, muzlab qolgan fikrdan uzoqlashib, yangi hayotga ko'chish deganidir. Aslo bir-birini tahqirlash degani emas, balki fikrlar almashinuvi, tafakkurning o'sishi deganidir. Jaholat bor joyda ma'rifat bo'lmaydi. Biz ana shu nuqtai nazar bilan bugungi hayotga boqa olsak va har birimiz ma'rifat va ezgulik sari chog'lansak, turmush tutumimizda, hayot tarzimizda o'zgarish bo'ladi.

Matluba Temur qizi.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × 4 =