Yangiliklar. Xabarlar. Voqealar

O'zbekiston “Yil mamlakati” maqomida

Buyuk Britaniyaning “The Economist” nashri an'anaviy tarzda har yili demokratiya sohasida eng katta yutuqlarga erishgan davlatni “Yil mamlakati” deb e'lon qiladi.

Mukofotning bu yilgi umumiy tahliliy hisobotida dunyo mamlakatlari orasida millatlar va dinlar o'rtasidagi kuchli ziddiyatlar hukmronlik qilgani qayd etilgan.

“O'zbekistonda majburiy mehnatga barham berilishi, mintaqadagi eng katta qamoqxonaning yopilishi, xorijiy jurnalistlarning mamlakatga kirishiga keng imkoniyatlar yaratilgani va qo'shni davlatlar bilan aloqani yaxshilashda qator chegara punktlarining ochilishi ushbu mamlakatning “Yil mamlakati” mukofotiga sazovor bo'lishiga asos bo'la oladi”, deyiladi “The Economist” nashrida.

Uchinchi bug'-gaz qurilmasi

Navoiy. Prezidentimizning Yaponiyaga rasmiy tashrifi doirasida ko'plab kelishuvlar imzolandi. Kunchiqar mamlakat O'zbekistondagi qator loyihalar, xususan, IESlarni modernizatsiya qilish uchun kredit ajratishi uchrashuvlar davomida aytildi.

Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe OAV uchun o'tkazilgan brifingda mamlakat Navoiydagi yangi IES qurilishi uchun ienada kredit berilishini ma'lum qildi. Ushbu kredit hisobidan «Navoiy IESni modernizatsiyalash» dasturi doirasida yuqori energiya samaradorligiga ega bo'lgan uchinchi bug'-gaz qurilmasi (Navoiy-3) barpo etiladi.

Urganchda yangi institut

Xorazm. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, Xorazm viloyati hokimligi va “O'zagrotexsanoatxolding” tarkibidagi “Urganchkormmash” aksiyadorlik jamiyatining Urganch shahrida nodavlat ta'lim xizmatlarini ko'rsatuvchi Urganch Ranch texnologiya institutini tashkil etish to'g'risidagi taklifi ma'qullanishi kutilmoqda.

Vazirlar Mahkamasining bu haqdagi tegishli qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Uchta yangi ob'yekt

Qoraqalpog'iston. Taxtako'pir tumanida qurilish va ta'mirlash ishlari olib borilgan uchta ijtimoiy infratuzilma ob'yektlarini topshirish marosimi bo'lib o'tdi.

Qurilish va ta'mirlash ishlari BMT Taraqqiyot dasturining «Orolbo'yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo'yicha ko'psheriklik fondini tashkil etish orqali Orol fojiasidan zarar ko'rgan aholining turmush sharoiti salohiyatini mustahkamlash» qo'shma dasturi ko'magida amalga oshirildi.

Loyiha doirasida Qoraoy MFY, Purxon-o'zak qishlog'ida uzunligi 1,5 kilometr bo'lgan suv quvurlari «Tuyamo'yin — Nukus — Taxtako'pir» markaziy magistraliga ulandi. Bu orqali 250 kishi toza ichimlik suvidan foydalanish imkoniga ega bo'ldi.

O'z muxbirlarimiz.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × 4 =