Inson erkiga qo'yilgan tuzoq

Xalqaro ekspertlarning baholashicha, dunyo bo'yicha odam savdosidan tushadigan yillik daromad juda katta miqdorni tashkil etmoqda. Har yili jahon miqyosida taxminan 2.700.000 kishi ushbu jinoyat jabrlanuvchisiga aylanmoqda.

Mamlakatimizda har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, qonunda ko'rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga ega. O'z haq-huquqlarini anglamagan yoki oson yo'l bilan pul topib, turmush kechirishni istaydiganlar turli noxush vaziyatlarga tushib qolayotir. Bu esa dunyo miqyosidagi global muammo — odam savdosi jinoyati bilan shug'ullanuvchilarga qo'l kelmoqda. So'nggi yillarda odam savdosi tufayli yuzaga kelayotgan global xavf qanchalik ortib borayotibdi. Qator mamlakatlarda unga qarshi kurashish choralari ko'rilmoqda.

Mamlakatimizda ham ushbu jinoyatga barham berish uchun yetarli huquqiy normativ baza shakllantirildi. 2008 yilning 17 aprelida “Odam savdosiga qarshi kurashish to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinishi bilan mamlakatimizda mazkur global muammoga qarshi kurashish hamda undan jabrlanganlar himoyalanishi uchun huquqiy asoslar yaratildi. Prezidentimizning joriy yil 30 iyuldagi “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi Farmoni bilan ushbu tizim yanada takomillashtirildi.

Xalqaro ekspertlarning baholashicha, dunyo bo'yicha odam savdosidan tushadigan yillik daromad juda katta miqdorni tashkil etmoqda. Har yili jahon miqyosida taxminan 2.700.000 kishi ushbu jinoyat jabrlanuvchisiga aylanmoqda. 600.000 dan 800.000 nafargacha ayollar va bolalar aldov yo'li bilan chet ellarga olib ketilib, sotib yuborilmoqda. Bunday noxush holatlar, afsuski, respublikamizda ham mavjud…

Inson yaxshi umidlar bilan yashashi kerak. Har birimizning maslagimiz halol mehnat qilib, jamiyatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo'shish, oilamizga halol luqma olib kirish bo'lganida, bu kabi jinoyatlarga o'rin qolmasdi. Ming afsus, oramizda mehnat qilmasdan o'z maqsadlariga erishish uchun har qanday qabih yo'ldan qaytmaydiganlar bor. Hatto arzimas pul uchun o'z farzandidan, zurriyodidan voz kechayotganlar ham uchrab turibdi.

Asli xorazmlik bo'lgan Nargiza Yoqubova xuddi shunday nomussiz ishga qo'l urdi. Bor-yo'g'i ming AQSh dollari uchun o'z jigarbandini niyati noma'lum kimsalar qo'liga topshirmoqchi bo'ldi. O'tgan yili 22 oktyabr kuni soat taxminan 1500larda Yashnobod tumani, “Pahlavon Mahmud” ko'chasida joylashgan “Iltifot” kafesida voyaga yetmagan (2017 yilda tug'ilgan) farzandi Sh.Mavlonbekovni olib kelib, fuqaro Sh.Rajapovaga kelishilgan mablag' evaziga sotgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan ushlandi.

Sudda u o'ziga e'lon qilingan aybga iqror bo'lib, pulga muhtojligi tufayli shunday qilishga majbur bo'lganini aytdi. Afsuski, buni hech qanday bahona bilan oqlab bo'lmaydi. Nahotki, tinch-oso­yishta yurtda birgina bolani voyaga yetkazish shunchalik mashaqqat bo'lsa?

Namanganlik Shahribonu Mirzayevaning qilmishi esa bundan-da og'ir. U avval ham to'rt marotaba sudlangan. Ammo tegishli xulosani chiqarib olmagan ekan. Gapni gapir uqqanga, deb shunga aytsalar kerak-da. Bu ayol BAAning Dubay shahridagi sheriklari bilan til biriktirib, ish izlayotgan, pulga muhtoj qizlarni topib, ularga jo'natib turgan. Yo'l va viza xarajatlarini o'zi to'lash orqali yosh qiz-juvonlarning ishonchiga kirib, “Ertaklar mamlakati”da ularni tanfurushlik qilishga majburlashgan. Shu o'rinda savol tug'iladi: o'z chirkin maqsadi yo'lida “ov”ga chiqqan bu ayol qizlarni sehr-jodu bilan jo'natganmi? Aks holda, odam savdosining ayanchli oqibatlari haqida shuncha targ'ibotu tashviqot ishlari olib borilayotgan bir payt­da yo'l va viza haqini o'zi to'lab berishini aytgach, bu ayoldan shubhalanish kerak edi-ku! Demak, yurtimizda odam savdogarlarining ko'­payishiga sabab bo'layotganlar ham begona emas, bular — yo o'ta go'l yoki tez va oson pul topsam bo'ldi, deya o'z qadr-qimmatini o'ylamaydiganlar ekani hech kimga sir emas.

Qisqasi, yurtdoshlarimizni hushyorlikka, ogohlikka da'vat etarkanmiz, bunday voqea­lar rizqni o'zga yurtdan izlayotganlarga, xususan, xotin-qizlarimizga saboq bo'lishini ham ta'kidlab o'tmoqchimiz. Qolaversa, odam savdosi bilan shug'ullanuvchi firibgarlar qonun oldida javob berib, tegishli jazoni olishdan tashqari, Yaratganning ham qahriga uchraydi. Imom Buxoriydan shunday rivoyat qilinadi: “Alloh taolo: “Uch kishi borki, qiyomat kuni men ularga xusumatchiman deydi. Bular — mening nomimdan (ahd) beradigan va keyin xiyonat qiladigan, hur kishini sotib pulini yeydigan va mardikor yollab, ishlatib, haqini bermagan kishilardir”.

Bahriddin Ikromov,

jinoyat ishlari bo'yicha Toshkent shahar

Yashnobod tuman sudining sudyasi.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × 5 =