MIBning “ayblov hukmi”

U yerda meni yana bir “syurpriz” kutayotgan ekan. Men MIBga besh oklad jarima va chiroqni yoqtirish uchun ikki oklad to'lashdan tashqari yana tuman elektr ta'minot idorasiga uch million atrofida, aniqrog'i 2 938 300 so'm jarima to'lashim lozimligini ma'lum qilishdi.

Mazkur yilning iyul oyi boshlari edi, qorong'u tushib bo'lganida biz yashaydigan xonadonimizning eshigi taqilladi. Chiqdim. Ko'cha eshigi oldida uch kishi, ulardan biri mahallamiz raisi turishar edi. Tabiiyki ularni uyga taklif qildim.

— Biz Mirobod tuman Majburiy ijro byurosidanmiz, sizga tegishli elektr hisoblagichning plombasi yo'q ekan, shunga dalolatnoma tuzish uchun keldik, — deya ulardan biri hujjatini ko'rsatdi va o'zini Abduolim Abdurizayev deb tanishtirdi.

Ma'lum bo'lishicha, MIB xodimlari kunduzi ham uyimizning biz yashaydigan qavatiga chiqishgan va zinapoya maydonchasidagi elektr hisoblagichni tekshirishib, plombasi yo'qligini aniqlashgan, mahallamiz raisini esa guvoh sifatida boshlab kelishgan ekan. Biroq, Abduolim Abdurizayev ayt­gan dalolatnoma deganlari boshimga katta tashvish keltiradi va oilamiz uchun o'ta bezovtalikka sabab bo'ladi, deb sira-sira o'ylamagan edim.

Xullas, u dalolatnoma tuzdi. So'ng:

— Xonadoningizga berilayotgan elektr energiyasi o'chiriladi, besh minimal oklad, ya'ni bir million o'n uch ming so'm miqdorida jarima va yana ikki minimal oklad, ya'ni to'rt yuz qirq ming so'm miqdorida kassamizga pul to'laganingizdan so'ng sizga elektr ulab beriladi, — dedi.

Bu gapni eshitib, kimdir boshimga qahraton qishda sovuq suv quyib yuborganday bo'ldi.

— Men nafaqadagi odamman, ayolim va besh yashar qizim bor. Buning ustiga elektr hisoblagich tashqarida turadi, kimdir uy yo'lagida ehtiyotsiz harakatlar qilganida plomba uzilib tushgandir, elektr tokidan qonunga xilof foydalanish degan narsani bilmaymiz, foydalangan elektr energiyasi uchun pulni har oyda kanda qilmay to'lab turibman, — deb tavallo qildim.

— Buning iloji yo'q, — deb Abduolim gapni qisqa qildi.

— Agar elektr energiyasidan o'g'rilik bilan foydalangan bo'lsak, isbotlab bering, aybimizga iqror bo'laylik, — dedim noiloj.

Bu gapim Abduolim Abdurizayevga mutlaqo kor qilmadi. Qandaydir qog'ozlarni qat'iyatlik bilan to'ldirdi va imzo qo'yish uchun menga uzatdi. Men u paytda Abduolim Abdurizayevni o'z sohasini bilimdoni, tajribali mutaxassis, deb o'ylaganim, hatto yaqingacha prokuraturada tergovchi bo'lib ishlaganini aytganini eshitganim, tashqarida turgan elektr hisoblagichning plombasi yo'qligiga o'zimni aybdor hisoblay boshlaganim uchun u tuzgan dalolatnomaga shartta imzo qo'yib berdim. Chunki u MIB xodimi, qonun va me'yoriy hujjatlarni mendan ko'ra yaxshi biladi, ayni shu qonun va me'yoriy hujjatlar talabidan kelib chiqib men bilan huquqiy munosabatlarga kirishmoqda, degan xulosaga kelgan edim-da. Lekin bu xulosalarim noto'g'ri ekanini, Abduolim Abdurizayev mavjud qonun va me'yoriy hujjatlardan anchayin bexabar ekanini, yoki xabardor bo'la turib qasddan meni to'qib chiqarilgan ayb bilan huquqbuzarlik sodir etganlikda ayblab, jarimaga tortganini keyinchalik bildim.

Gapning ochig'i, o'sha paytda o'zim ham qo'yilgan ayb to'qib chiqarilganini va shu tufayli jarimaga tortilganimni bilmas edim. Bo'lib o'tgan voqeadan keyin shu ishga taalluqli barcha me'yoriy hujjatlarni topib o'rganib chiqdim va shuning uchun ishonch bilan aytamanki, Abduolim Abdurizayev xonadonimga asossiz ravishda kirib borgan, meni asossiz ravishda huquqbuzarlik sodir etganlikda ayblagan va asossiz ravishda jarimaga tortgan hamda asossiz ravishda xonadonimizdagi chiroqni o'chirtirgan. Nima uchun Abduolim nohaq ekanligi to'g'risida esa sal quyiroqda alohida to'xtalaman, albatta.

Xullas, Abduolim kelgan kunning ertasiga men boshqa shaharga ketishim kerak edi. Ketdim. Ketganimdan keyin ertalab MIB odamlari kelib chiroqni o'chirishgan. Ayolim va besh yoshli qizim chiroq o'chirilganidan keyin uyni qulflab qarindoshinikiga ketishga majbur bo'lishgan. Men to'rt kundan keyin, yakshanba kuni uyga keldim. Uyda chiroq yo'q. Dushanba kuni MIBga bordim.

U yerda meni yana bir “syurpriz” kutayotgan ekan. Men MIBga besh oklad jarima va chiroqni yoqtirish uchun ikki oklad to'lashdan tash­qari yana tuman elektr ta'minot idorasiga uch million atrofida, aniqrog'i 2 938 300 so'm jarima to'lashim lozimligini ma'lum qilishdi. Hisoblab ko'rdim, bitta plomba yo'qligi uchun men hammasi bo'lib to'rt yarim million jarima to'lashim kerak ekan. Men bir yarim millionga yetib-etmay pensiya olaman, demak bu jarimalar “guldasta”sini to'lashim uchun oilamiz yemay-ichmay yursak roppa-rosa uch oy kerak bo'larkan.

Bir odam menga elektr hisoblagich uyingizning ichida emas, tash­qarisida bo'lsa, siz to'lamaysiz, deb qoldi. Buni eshitib, ancha yengil tortdim. Miyam ham sal tiniqlashdi. Bu masalada kim bilan gaplashishim kerak deb so'rasam Husniddin Ruzumov degan surishtiruvchiga uchrang, deb aytishdi. Chunki huquqbuzarlikka oid ishim aynan shu surishtiruvchi Husniddinga berilgan ekan.

Husniddin Ruzumovning xonasiga kirib, xonadonimga tegishli elektr hisoblagich ichkarida emas, tashqarida, zinapoya maydonchasida joylashgan, shuning uchun meni jarimalardan ozod qilishingiz kerak, deb aytdim. Lekin, to'g'risini aytsam, aytganimga ming marta pushaymon bo'ldim. U so'zlarimni eshitib, qoshlarini chimirdi, nigohini menga qaratib, dedi:

— Elektrdan siz foydalanasizmi?

— Men!

— Televizor ko'rasizmi?

— Ko'raman!

— Xolodilnikdan (muzlatgichdan demoqchi Sh.A.) siz foydalanasizmi?

— Foydalanaman!

— “Energosbit” bilan siz shart­noma tuzganmisiz?

— Tuzganman!

— Modomiki shunday ekan, jarimalarni ham siz to'laysiz, — deb xulosa qildi u.

Husniddin Ruzumovning menga bergan yuqoridagi savollari bir qarashda to'g'ri savollar, ammo u shu savollariga asoslanib, meni aybdorga chiqarmoqchi bo'lganligi noto'g'ri. Meni ayblash uchun u savollar berishi kerak emas, elektr energiyasidan foydalanishga doir huquqiy hujjatlarni ko'rsatib, mening aybdorligimni fakt va dalillar bilan isbotlab berishi kerak edi. Shunday qilganida men ham: “E, attang!” deb aybimga iqror bo'lib til tishlab qolarmidim. Bunday qilish o'rniga esa u: “Jarimalarni ham siz to'laysiz”, deb ustimdan sudya singari “hukm chiqarib” qo'yaqoldi.

MIB surishtiruvchisi Husniddin Ruzumov xonadonimizga borgani yo'q, lekin uning qo'lida Abduolim Abdurizayev tomonidan berilgan dalolatnoma va boshqa hujjatlar bor. Ulardagi ayblar, bugun bu gapni ishonch bilan aytamanki, boshdan-oyoq to'qib chiqarilgan. U ayni shu to'qib chiqarilgan ayblar bitilgan hujjatlarni o'qib, mening huquqbuzar ekanligimga yuz foiz ishonch hosil qildi va meni uzil-kesil huquqbuzarga aylantirdi-qo'ydi.

Agar u Bosh vazirning imzosi qo'yilgan va 2018 yil 12 yanvarda matbuotda e'lon qilingan 22-sonli qarorni o'qib, unga amal qilganida, albatta, butunlay boshqacha xulosaga kelgan bo'larmidi. Baxtga qarshi, u mazkur me'yoriy hujjatga mutlaqo amal qilmadi yoki amal qilishni istamadi, uning bosh maqsadi noqonuniy yo'l bilan bo'lsa ham jarimalarni to'lattirish bo'lgan.

Men Husniddindan:

— Jarimani to'lamagunimcha chiroqni yoqib bermaysizlarmi? — deb so'radim.

— Yo'q! — qat'iy javob berdi u.

Hafsalam pir bo'lib o'rnimdan turib, chiqib ketayotgan edim, Husniddin to'xtatdi.

— Agar chiroqni bironta odam topib yoqtirguday bo'lsangiz, ustingizdan jinoyat ishi ochamiz, shuni bilib qo'ying! — deya dag'dag'a qildi.

— Agar besh minimal jarima va chiroqni yoqib berish uchun ikki minimal jarimani bugun to'lasangiz, chiroqni yoqib beramiz, qolgan jarimani (u salkam uch millionni ko'zda tutayapti) o'n kunga kechiktirib turishimiz mumkin, — deb qo'shib qo'ydi.

— Men o'n kun ichida shuncha pul topa olmayman, — deb gapning po'skallasini aytdim.

— U sizning muammoingiz, — dedi Husniddin loqayd.

Shu kuni chiroqni yoqib berishlarini so'rab Mirobod tuman Majburiy ijro byurosi rahbari o'rinbosariga ham kirdim, MIB Toshkent shahar idorasiga  borib rahbarlar huzurida ham bo'ldim. Hech qanaqa o'zgarish bo'lmadi. Xullas, kechki payt bir amallab qarz qilib, besh minimal oklad va chiroqni yoqib berish uchun ikki minimal oklad miqdorida, salkam bir yarim million so'm jarimani to'lashga majbur bo'ldim. Shundan so'ng chiroq yoqildi. Chiroq yoqilgach, kompyuter yoniga o'tirib, Bosh vazir imzolagan qarorni qidira boshladim va nihoyat topdim.

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 22-sonli qarori “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida” deb nomlangan va u 2018 yil 12 yanvarda qabul qilingan ekan. Men ushbu qarorni sinchiklab o'qib chiqdim, ayniqsa, uning 98-bandidagi qoidalarga kelganimda ko'zim “yarq” etib ochilganday bo'ldi. Chunki Abduolim Abdurizayev dalolatnomani mutlaqo noto'g'ri, Bosh vazir imzolagan qarorga xilof ravishda tuzganini, Husniddin esa qoshlarini chimirib, ko'zlarini menga qadab butunlay yolg'on gapirganini, ularning maqsadi nima qilib bo'lsa ham mendan majburan pul undirish bo'lganini va nihoyat, chiroqni o'chirtirib qo'yib meni va oilamni ilojsiz ahvolga solib qo'yishganliklarini bildim.

Yana shuni bildimki, Majburiy ijro byurosi xodimlari besh minimal oklad miqdorida jarima va ikki minimal oklad miqdorida jarima hamda yana salkam uch million jarima, jami to'rt yarim million miqdorida jarima ta­yinlab, ustiga ustak, chiroqni o'chirib qo'yib menga nisbatan, nafaqat menga, balki ayolim va besh yoshli norasida qizimga nisbatan ham zo'ravonlik qilichini ishga soldilar. Chunki men oilam bilan yashagan xonadonda elektr majburan o'chirilgani uchun besh kun chiroq bo'lmadi. Mazkur qarorning 98-bandiga binoan tashqariga o'rnatilgan elektr hisoblagichga zarar yetkazilganda men, ya'ni iste'molchi emas, boshqa tashkilot javob berishi aniq qilib yozib qo'yilgan. Shunda bu qarorni MIBning mas'ul xodimlari Abduolim Abdurizayev ham, Husniddin Ruzumov ham o'qimagan ekan-da, shular tufayli men qasddan huquqbuzarga aylanibman, MIB idoralarida sarson-sargardon bo'lib yurgan ekanman-da, degan alamli xulosaga keldim.

22-sonli qarorning 98-bandida:

“Elektr energiyasini hisobga olish asboblari zinapoya maydonchalarida o'rnatilgan taqdirda ularning saqlanishi va butligi uchun xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati hamda tasarrufida uy-joy bo'lgan idora, tashkilot javob beradi.

Zinapoya maydonchalarida o'rnatilgan elektr energiyasini hisobga olish asboblariga zarar yetkazilganda yoki o'g'irlangan taqdirda, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati va idora, tashkilot ularni o'z hisobidan tiklashi shart.

Ko'p kvartirali uylardagi xonadonlar va xususiy xonadonlar ichida o'rnatilgan hisobga olish asboblarining saqlanishi va butunligi uchun iste'molchi javob beradi”.

Ushbu 98-bandni, baxtga qarshi, Abduolim va Husniddin kabi MIB xodimlari va yana ba'zi birovlar o'qimagan, o'qigan bo'lsa ham uqmaganlar yoki men va menga o'xshaganlarni mavjud talablarga xilof bo'lsa-da jarima to'lashga majbur qilib, o'zlarini ishbilarmon qilib ko'rsatmoqchi bo'l­gandir. Lekin nima bo'lganda ham MIB xodimlari Bosh vazirning qarorini ochiqdan ochiq, qasddan inkor qilishgani isbot talab qilinmaydigan faktdir.

Modomiki, Majburiy ijro byurosi xodimlari Bosh vazirning qarorini ochiqdan ochiq oyoq osti qilayotgan ekan, bu idora  O'zbe­kis­ton Respublikasi Bosh vaziridan ham yuqori turadimi? Yoki u ishlaydigan tashkilot O'zbekis­ton Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorini xohlasa bajaradigan, xohlamasa bajarmaydigan huquqga ega organmi?

Men bu savollarga javob topa olmayman. Lekin men Asosiy Qonunimizdan huquqiy-demokratik davlatda barcha ishlar qonunlar asosida olib borilishi lozimligini bilaman. Biroq, Abduolim va Husniddin kabi MIB xodimlari qonun va me'yoriy hujjatlarga asoslanmay, o'zboshimchalik bilan ish yuritishayotganlarining tub sabablarini bilmayman.

MIB xodimlari tomonidan chiqarilgan qarorlar o'sha zahoti kuchga kirishi va xonadonga berilayotgan elektr energiyasi darhol o'chirilishi va belgilangan jarima to'lanmaguncha yoqib berilmasligi majburiymi? Nima uchun ularning qarorlari ijrosi uchun muddat belgilanmagan? Nima, ular suddan ham yuqori turadimi? Mamlakatimizda Ma'muriy sudlar instituti tashkil etilgan bo'lishiga qaramay nima uchun fuqarolarning ma'muriy javobgarligi masalasini ayni shu ma'muriy sudlar emas, Abduolim va Husniddin kabi MIB xodimlari hal qilishmoqda? Nega?

Oxirgi gapim shuki, MIBning hisob raqamiga men noqonuniy ravishda to'lagan jarima pulni kim qaytarib beradi? Xonadonimiz besh sutkadan ko'proq elektr energiyasini olishdan mahrum etilganimiz va boshimizga tushgan ruhiy azoblarimiz uchun ma'naviy zararni kim va qachon qoplaydi? MIBning o'zimi yoki noqonuniy tekshirish olib borgan Abduolim Abdurizayev va noqonuniy jarimani to'lashga majbur qilgan Husniddin Ruzumovmi?

Buning ustiga MIB xodimlari Mirobod tuman elektr ta'minot idorasi fuqarolik ishlari bo'yicha Mirobod tumanlararo sudiga mazkur jarimani javobgardan, ya'ni mendan undirish to'g'risida da'vo ariza kiritdi. Sudda da'vogar vakiliga so'z berilganda u bir marta emas, bir necha marta: “Xonadon ichkarisiga o'rnatilgan elektr hisoblagichning plombasi yo'qligi uchun…”, jarima belgilanganini ta'kidladi. Men: “Siz elektr hisoblagichning qaerga o'rnatilganini ko'rganmisiz?” — deb savol berganimda u: “Men o'zimga berilgan hujjatlar asosida gapirayapman”, deb javob berdi. Xullas, sud va da'vogarning vakili men yashaydigan manzilga kelishdi va elektr hisoblagich xonadon tashqarisida o'rnatilganini o'z ko'zlari bilan ko'rishdi. Shundan so'ng da'vogar vakili sudga boshqa qorasini ko'rsatmadi.

Sud qonun talabidan kelib chiqib ishni ko'rmasdan qoldirish to'g'risida ajrim chiqardi.

Men shu yil avgust oyida yuqorida nomlari tilga olingan MIB xodimlarining o'zboshimchaliklari to'g'risida O'zbekiston Respublikasi Bosh prokurori nomiga ariza yozgan edim. Oradan to'rt oydan ko'proq vaqt o'tdi, ammo nima uchundir arizamga haligacha javob berilgani yo'q. Ochig'i, bunga ham tushunmay turibman.

Yana bir gap. Mening qonimni qaynatgan ushbu voqea bo'lib o'tganidan so'ng uch-to'rt kun o'tgach, elektr hisoblagichlarni yangisiga almashtirish uchun MIB nomidan yana ikki nafar odam xonadonimizga keldi. Men elektr hisoblagichni xonadonning ichiga o'rnatib berishni iltimos qilgan edim, ular: “Yo'q, elektr hisoblagich faqat shu yerda turadi!” — deb keskin javob berishdi va yangi elektr hisoblagichni eskisining o'rniga qo'yib ketishdi.

Demak, bir kunmas bir kun yana Majburiy ijro byurosidan Abduolimga o'xshagan birontasining kelishi va Husniddinga o'xshagan yana biri meni jarimaga tortishi xavfi bartaraf etilmabdi-da, deb o'yladim.

Shohrux Akbarov,

huquqshunos-jurnalist.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 + seven =