Narkokuryerlar qo'lga olindi

jinoiy guruh a'zolari qariyb 6 kg.ga yaqin giyohvandlik moddalarini ichiga yutishgan ekan…

Davlat bojxona qo'mitasining Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish boshqarmasi, “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi, Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan yirik miqdordagi giyohvandlik vositalari kontrabandasi fosh etildi.

Xususan, “Toshkent” xalq­aro aeroportida 4 nafar xorijlik fuqarolar — M.T., S.M., Ya.A. va N.N.larning bojxona nazoratidan o'tishi chog'idagi xatti-harakatlari, bezovtalanishi bojxona xodimlari e'tiborini tort­di. Avvaliga ularning qo'l yuklari va egnidagi kiyimlari ko'zdan kechirildi. Bir qarashda hammasi joyidadek, ammo yo'lovchilar nimadan bezovta ekanligi baribir shubhali edi.

Shundan so'ng, xorijlik yo'lovchilar aeroportdagi bojxona postiga o'rnatilgan inson tana a'zolarini skanerlovchi “Body scanning” qurilmasi or­qali ko'zdan kechirildi. Buni qarangki, ekrandagi tasvirlar e'tiborni tort­di. Qurilma ushbu yo'lovchilarning organizmida, aniqrog'i yo'g'on ichak kanallarida yot jism­lar borligini ko'rsatdi.

Mazkur holatga oydinlik kiritish maqsadida ushbu shaxslar belgilangan tartibda poytaxtimizdagi Shoshilinch tez tibbiy yordam ko'rsatish Respublika ilmiy markaziga olib kelinib, shifokorlar tomonidan xolislar ishtirokida tibbiy ko'rikdan o'tkazildi.

Ko'rik natijasida 4 nafar yo'lovchining ichki a'zolariga maxsus o'ramlar yashirilganligi aniqlandi.

Ekspertiza xulosasiga ko'ra, 4 nafar narkokuryerlarning ichki a'zolarida yashirilgan jami 268 ta o'ramlar ichida umumiy vazni 4 kg. 152,52 gm.ni tashkil etuvchi geroin giyohvandlik vositasi yashirilganligi aniqlandi.

Tezkor tadbir davomida Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi “Ayritom” chegara bojxona postida ham yana bir narkokuryer qo'lga olindi. M.M.ismli shaxsning ichki a'zolarida 67 dona ovalsimon shakldagi o'ramlarda 1 kg. 42 grammdan ortiq opiy giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi.

Shuningdek, bojxonachilar “Toshkent” xalqaro aeroporti orqali xorijga yo'l olgan S.M.ning qing'ir rejasini fosh etishdi. Gap shundaki, ushbu shaxs o'z ichki a'zolariga 35 dona ovalsimon shakldagi o'ramlarda 544,75 grammdan ortiq geroin giyohvandlik vositasini yashirgan ekan. Shundan so'ng, tezkor o'tkazilgan tadbirlar natijasida, unga mazkur giyohvandlik vositalarini yetkazib bergan jinoiy sherigi, xorijiy davlat fuqarosi Q.R. ham ushlandi.

Shunday qilib, bojxona xodimlari tomonidan umumiy og'irligi 5 kg.739 gr.dan ortiqni tashkil etuvchi geroin hamda opiy giyohvandlik vositalarini ichiga yutgan holda olib o'tmoqchi bo'lgan jami 7 nafar narkokuryerlar hamda mazkur jinoyatlarning asosiy tashkilotchilari bo'lgan 3 nafar xorijiy davlat fuqarolari qo'lga olindi.

Mazkur aniqlangan barcha holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo'zg'atilib, tergov organiga yuborildi.

Davlat bojxona qo'mitasi matbuot xizmati.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 + 6 =