Orzulari bir olam bolalar quvonchi

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminis­tratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan “Ko'ngil ko'zi” loyihasi doirasida tashkil etilgan “Sovg'alar karvoni” xayriya aksiyasi farg'onalik o'quvchilarga quvonchli onlarni baxsh etdi. Yangi yil bayrami shukuhi kezib yurgan kunlarda o'tkazilgan tadbir mehr va e'tiborning shodiyonasi bo'ldi.

Farg'ona viloyati ko'zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatida 130 va uning Qo'qon shahar filialida 68 o'quvchi tahsil olmoqda. Ko'rishda nuqsoni bo'lgan bu o'g'il-qizlar uchun barcha sharoit yaratilgan bo'lib, ta'lim-tarbiya sifatini oshirish doimiy e'tiborda. Ular orasida iste'dodli yoshlar juda ko'p. Turli tanlovlar va sport musobaqalarida doimo faol ishtirok etib, sovrinli o'rinlarni qo'lga kiritib kelmoqda.

Maktab-internatning 10-sinf o'quvchisi Ahadxon Kimsanboyev ana shunday iqtidorli yoshlardan biri. U bolaligidan shaxmatga qiziqib, uning sir-asrorlarini astoydil o'rgandi. Tinimsiz mehnati tufayli bugun turli musobaqalarda qatnashib, g'oliblar safidan munosib o'rin egallamoqda. Ahadxon shaxmat bo'yicha besh karra O'zbekiston chempioni hamda Xalqaro shaxmat akademiyasi shug'ullanuvchisidir.

— Inson oldiga bitta maqsadni qo'yib, chin yurakdan harakat qilsa, albatta erishadi, — deydi A.Kimsanboyev. — Buni o'zimning hayotimda ham ko'rib turibman. Mag'lubiyatlarga hech qachon taslim bo'lmaslikka harakat qilaman. Shaxmatni o'rgatgan ustozlarimdan minnatdorman. Yangi yil bayrami arafasidagi bu sovg'alar esa bizlar uchun katta tuhfa bo'ldi. Bunday e'tibor bizni yangi marralar sari ruhlantiradi.

Maktab-internat o'quvchilari uchun bayram tadbiri tashkil etildi. Unda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Admi­nis­tratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agent­ligi direktori K.Allamjonov, direktor o'rinbosari S.Mirziyoyeva ishtirok etdi.

Mazkur maktab-internat o'quvchilariga agentlikning “Ko'ngil ko'zi” loyihasi doirasida tashkil etilgan “Sovg'alar karvoni” xayriya aksiyasining turli shirinliklardan iborat Yangi yil sovg'alari va Brayl alifbosida chop etilgan 38 turdagi kitoblar, audiokitoblar, zamonaviy axborot-kommunikatsiya jihozlari, sport anjomlari, musiqa asboblari tantanali topshirildi.

O'quvchilar uchun bayram dasturxoni va taniqli san'atkorlar ishtirokida bayram dasturi tashkil etildi. Maktab-internat o'quvchilari tomonidan aytilgan she'rlar, ijro etilgan qo'shiqlar bayram tadbiriga yanada shukuh ulashdi. Orzular, kelgusidagi rejalari bilan o'rtoqlashildi. Bu uchrashuv o'quvchilarga yanada kuch-quvvat, g'ayrat, shijoat hamda bayram kayfiyatini baxsh etdi.

Ma'sudjon Sulaymonov.

O'zA fotosi

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four + 16 =