Bajarilgan ishlar, ictiqboldagi rejalar

Milliy matbuot markazida O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi boshqaruvi yig'ilishi bo'lib o'tdi

Unda uyushmaning boshqaruv a'zolari va kengashlar raislari, hamkor tashkilotlar vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Uyushma tomonidan 2019 yilda amalga oshirilgan ishlar hamda 2020 yil rejalari haqida O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa'dulla Hakimovning axboroti tinglandi.

O'tgan vaqt davomida uyushma a'zolarining moddiy va ma'naviy manfaatlarini, ijodiy faoliyatini qo'llab-quvvatlashga katta e'tibor qaratildi. Mulkchilik shaklidan qat'i nazar, gazeta-jurnallar, teleradiokanallar, nashriyotlar, axborot agentliklari va internet saytlarida ishlayotgan jurnalistlarning, shuningdek, erkin ijodkorlarning ijodiy hamda mualliflik huquqlarini, sha'ni va qadr-qimmatini, qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga tegishli ijodiy-uslubiy yordam va ko'mak ko'rsatish, ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yaxshilash, moddiy va ma'naviy rag'batlantirishga ko'maklashish borasida amaliy ishlar olib borildi. Bir qator tadbirlar, konferensiya va davra suhbatlari, seminar va treninglar, mediaturlar, mintaqaviy o'quv tadbirlari o'tkazildi.

— 2019 yil mamlakatimiz uchun sermazmun va muhim voqealarga boy bo'ldi, — dedi S.Hakimov. — Biz yil davomida shohid bo'lgan ishlarni “yangilanish” degan so'z bilan yaqqol ifoda etish mumkin. Yangilanayotgan O'zbekiston, yangilanayotgan jamiyat, yangilanayotgan dunyo­qarash, yangilanayotgan tafakkur.

Davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek: “Islohot — bu yangilanish, o'zgarish degani. Islohotlar ijobiy natija berishi uchun, avvalo, odamlarimiz o'zgarishi kerak. Inson o'zgarsa, jamiyat o'zgaradi”. Jurnalistlar ijodiy uyushmasi yil davomida o'z faoliyatini ana shunday zamon talablari asosida tashkil etishga harakat qildi.

G'oliblar munosib taqdirlandi

Jumladan, “Oltin qalam”, “Yilning eng faol jurnalisti”, “Eng ulug', eng aziz” kabi tanlovlarni tashkil etish va g'oliblarni munosib taqdirlash tadbirlarini yuqori saviyada o'tkazishga jiddiy e'tibor qaratildi. Bu o'rinda “Oltin qalam” milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovning nufuzi nafaqat mamlakat ichida, balki chet ellik jurnalistlar o'rtasida ham tobora ortib borayotganini alohida ta'kidlash joiz. Bu yil tanlov 14-marta o'tkazildi. Unda 520 dan ortiq mahalliy va chet ellik jurnalist 7000 ga yaqin materiali bilan ishtirok etdi. Ular orasidan Bosh milliy mukofot sohibi va 12 ta asosiy mukofot egalari, shuningdek, to'rtta rag'batlantiruvchi sovrindorlar aniqlandi. Bosh milliy mukofotga ikki jamoa — Xalqaro press- klub va “O'zbekiston-24” telekanali sazovor bo'ldi.

Birinchi navbatda, Respublika ijodkorlarini qo'llab-quvvatlashda “Ilhom” jamoat fondi va Respublika tovar xomashyo birjasining moliyaviy ko'magi mustahkam zamin yaratdi.

Tanlovda xalqaro tashkilotlar — YuNESKO, Yevropa Ittifoqining O'zbekistondagi delegatsiyasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazining filiali (RESSA), YuSAIDning Sil kasalligiga qarshi kurash dasturi, DVV International (Germaniya), “Regional dialog” (Sloveniya) kabi xalqaro tashkilotlarning O'zbekistondagi vakolatxonalari, AQSh, Turkiya, Rossiya Federatsiyasi va Xitoy Xalq Respublikasining elchixonalari, shuningdek, milliy hamkorlar — O'zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashi, Mus­taqil bosma OAV va axborot agent­liklarini qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, O'zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Atom energetikasini rivojlantirish agentligi va «Rosatom» davlat korporatsiyasi ham o'z nominatsiyalari bilan qatnashdilar.

Nominatsiyalar g'oliblarining aksariyati xorijiy mamlakatlarga ijodiy safar yo'llanmasi bilan taqdirlanganlarini alohida ta'kidlash joiz. Bunday safarlar ularning chet ellardagi kasbdoshlari bilan tanishuvlari va tajriba almashuvlariga, zamonaviy bilim-ko'nikmalari oshishiga xizmat qiladi.

Jurnalistning kasb etikasi

Shuningdek, anjumanda joriy yilning 17 iyul kuni O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining to'rtinchi konferensiyasi bo'lib o'tgani qayd etildi. Konferensiyada yigirma yildan ortiq vaqtdan beri o'z yechimini topmay kelayotgan uyushma a'zoligiga qabulni tiklash masalasi ijobiy hal etilgani, a'zolikka qabul qilish haqida nizom ishlab chiqilgani va tasdiqlangani aytildi. O'tgan konferensiyada yana bir muhim hujjat — “O'zbekiston jurnalistlarining kasb etikasi kodeksi” qabul qilindi. Uning Jamoatchilik kengashi tashkil etilgani ta'kidlandi.

Joriy yilda 34 nafar jurnalist yuksak davlat mukofotiga sazovor bo'lgan bo'lsa, 5 nafar jurnalistga Respublika Faxriylarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg'armasi tomonidan “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoni berildi.

Shu yildan e'tiboran jurnalistlarni mamlakatning turli hududlarida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoni bilan yaqindan tanishtirish maqsadida tashkil etilgan Media-tur loyihasi mutasaddi tashkilotlar tomonidan qo'llab-quvvatlanganini alohida ta'kidlash joiz. Shunday media-tur Qoraqalpog'iston Respublikasi, Sirdaryo va Farg'ona viloyatlarida tashkil etildi. Bir misol, mazkur yilning 1 avgust kuni Sirdaryo viloyatiga uyushtirilgan “Jurnalist va hayot” mavzuidagi media-turda respublika OAV dan 24 nafar jurnalist ishtirok etdi. Respublika nashrlarida 19 ta, veb-saytlarda 3 ta tahliliy maqola, fotoreportajlar e'lon qilindi, 3 ta teleko'rsatuv namoyish etildi.

Ijtimoiy ko'mak

Jurnalistlarni ijtimoiy muhofaza qilish, rag'batlantirish, ularning mehnat, turmush va dam olish sharoitlarini yaxshilash maqsadida 3 nafar jurnalistga yashab turgan uy-joy sha­roitlarini yaxshilash uchun Toshkent shahar hokimligiga xat kiritildi. Hududlarda 14 nafar jurnalistga viloyatlar hokimliklari tomonidan imtiyozli kredit asosida yangi uy-joylar berildi. 12 nafariga yer uchastkalari ajratildi.

141 nafar ehtiyojmand faxriy  jurnalistlarga moddiy yordam ko'rsatildi. Bundan tashqari, 43 nafar faxriy jurnalistning yubiley tadbirlari uyushtirildi.

Ilk bora yosh jurnalistlarning ijod namunalaridan iborat “Yosh yuraklar sadosi” to'plami nashr etildi. Undan 44 nafar yosh jurnalistning OAVda chop etilgan eng sara materiallari o'rin oldi. Kitob matbuot ahli, ayniqsa, yoshlar tomonidan iliq kutib olindi.

 Xalqaro hayot

2019 yilda uyushmaning xalq­aro aloqalar bo'limi yangi bosqichga ko'tarildi. Uyushma raisi mart oyi oxirlarida Koreya Jurna­listlar assotsiatsiyasi taklifiga ko'ra, Seulda o'tkazilgan xalq­aro anjumanda qatnashdi. Anjuman doirasida O'zbekiston Jurna­listlari ijodiy uyushmasi bilan Koreya Jurnalistlar assotsiatsiya­si o'rtasida o'zaro hamkorlik kelishuvi imzolandi.

Xuddi shunday kelishuv joriy yilning sentyabr oyida Umum­xitoy Jurnalistlar assotsia­siyasi bilan ham imzolandi. Har ikki mamlakat Jurnalistik tashkilotlari bilan do'stona aloqalar yo'lga qo'yildi.

Xususan, joriy yilning 8-13 oktyabr kunlari Koreya Jurnalistlar assotsiatsiyasi prezidenti boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizga tashrif buyurdi. Mehmonlar mamlakatimizning yetakchi OAV faoliyati bilan tanishdilar, O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining media­markazida, “Xalq so'zi” gazetasi tahririyatida uchrashuvlar o'tkazildi.

2020 yilda ham Uyushma va uning hududiy bo'limlari faoliyatini yanada takomillashtirish rejalashtirilmoqda. Yil davomida OAV sohasini rivojlantirish, qonunchilik asoslarini, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo'yicha takliflar tayyorlash, ularni tegishli tashkilotlarga taqdim etish ishlari davom ettiriladi.

“Oltin qalam” milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovni nafaqat mamlakat ichida, balki chet ellik jurnalistlar o'rtasida ham nufuzini oshirish maqsadida “Chet ellik jurnalistning O'zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun” beriladigan rag'batlantiruvchi mukofot tanlovga nominatsiya sifatida kiritilmoqda. Yangi yildan boshlab mazkur nominatsiya bo'yicha ham uchta o'rin g'oliblari taqdirlanadi.

Yil davomida oltita viloyatga media-tur (markaziy ommaviy axborot vositalari vakillarining hududlarga safarini) tashkil etish ko'zda tutilyapti. Viloyatlarda to'rtta mintaqaviy konferensiya o'tkaziladi.

“O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi yo'llanmasi bilan” rukni ostida materiallar tayyorlash uchun hududlarga xizmat safari bilan yuborish ishlari davom ettiriladi.

Kelgusi yil rejalari

Ta'kidlash joiz, 2020 yilda Uyushmamiz tomonidan mamlakat taraqqiyotini belgilaydigan tub islohotlar mazmun-mohiyatini ochib beradigan, zamonaviy qahramonlar obrazi aks ettirilgan badiiy publitsistik asar va to'plamlarni nashr etish rejalashtirilmoqda. Xususan, “Yosh yuraklar sadosi” seriyasi ostida, “Islohotlar jurnalistlar nigohida” nomli to'plamlar chop etish belgilangan. Shuningdek, “O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi yo'llanmasi bilan” rukni ostida OAVda e'lon qilingan materiallarni to'plam holida, “O'zbek jurnalistikasi xrestomatiyasi”ni nashr etish ko'zda tutilmoqda.

Uyushma muassisligidagi “Hurriyat” gazetasini moliyaviy qo'llab-quvvatlashga alohida e'tibor qaratiladi. Shuningdek, Milliy matbuot markazi faoliyatini yanada takomillashtirish, moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash chora-tadbirlari ko'riladi.

Xitoy, Rossiya, Janubiy Koreya jurnalistlar uyushmalari bilan hamkorlik memorandumlari imzolashga erishildi. 2020 yilda yurtimiz OAV larida faoliyat olib borayotgan besh nafar faol va iste'dodli jurnalistlarni Janubiy Koreyaga malaka oshirish, tajriba almashish uchun yuborish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, Rossiya va xitoylik taniqli jurnalistlarni O'zbekistonga ijodiy safarini uyushtirish ko'zda tutilmoqda. Yirik Xal­q­­aro mediatuzilmalar va taniqli OAVlar faoliyati bilan tanishuv, ular bilan o'zaro manfaatli aloqalarni yo'lga qo'yish, Polsha, Mongoliya, Turkiya, shuningdek, Qozog'iston, Tojikiston, Qirg'izis­ton kabi Markaziy Osiyo davlatlari Jurnalistlar uyushmalari bilan hamkorlik memorandumlarini imzolash ham 2020 yilgi asosiy ish rejamizga kiritilmoqda. Yosh jurnalistlarning yilda bir marta o'tkaziladigan “Umid uchqunlari” seminari ilk tadbirini tashkil etish, Markaziy Osiyo davlatlari mediatuzilmalari “I xalq­aro forumini” o'tkazish yillik rejaga kiritilgan.

Yig'ilishda uyushma faoliyatiga doir masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar, taklif va tavsiyalar bildirildi.

Jobir Xo'jaqulov

tayyorladi.

Javob qoldiring

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × 3 =